Islom Abdug‘aniyevich o‘z hayoti va faoliyatining mazmuni bo‘lgan “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!” degan ezgu g‘oyani ilgari surdilar va bu da’vat barchamizning qalbimizdan chuqur joy oldi.
Shavkat MIRZIYOYEV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
1938-yil 30-yanvarda Samarqand shahrida tug‘ilgan.
O‘rta Osiyo politexnika instituti, Toshkent xalq xo‘jaligi institutini tamomlagan.
1983 – 1986-yillarda moliya vaziri,
1986-yilda Ministrlar Kengashi raisi o‘rinbosari hamda O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasi raisi bo‘lgan.
1990 – 2016-yillar O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti sifatida faoliyat yuritgan.
1994-yili “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni,
1996-yili “Mustaqillik” ordeni,
1997-yili “Amir Temur” ordeni bilan taqdirlangan.
2016-yilda vafot etgan.
Islom Abdug‘aniyevich Karimovning bolaligi Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi yillarga to‘g‘ri keldi. 1955 – 1960-yillarda O‘rta Osiyo politexnika institutida o‘qidi. Mehnat faoliyatini “Toshselmash” zavodida boshladi. 1961-yilda Toshkent aviatsiya zavodida muhandis lavozimiga tayinlandi, shu yillarda Toshkent xalq xo‘jaligi institutining kechki bo‘limida o‘qidi. 1973-yilda “O‘zbekiston sanoatining tarmoq tuzilishi va uni takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1994-yilda unga iqtisod fanlari doktori ilmiy darajasi, makroiqtisodiyot bo‘yicha professor ilmiy unvoni berildi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zoligiga saylandi.
1966-yildan e’tiboran Islom Abdug‘aniyevich O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasida fan bo‘limi bosh mutaxassisligidan qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi. 1983-yilda Moliya vaziri, 1986-yilda Ministrlar Kengashi raisi o‘rinbosari – O‘zbekiston Davlat reja qo‘mitasi raisi bo‘ldi.
O‘sha yillarda sobiq ittifoqda global siyosiy jarayonlar boshlangandi. Islom Karimovning Qashqadaryo viloyati rahbari sifatidagi faoliyati shu davrga to‘g‘ri keldi. “Paxta ishi”, “o‘zbeklar ishi” degan soxta ayblovlar bilan ko‘plab begunoh vatandoshlarimiz jazoga tortilgandi. Islom Karimov jabrdiyda xalq qalbiga malham bo‘ldi, uning qat’iyati bilan nafaqat qashqadaryolik, keyinchalik respublikamiz bo‘yicha minglab nohaq qamalganlar oilalariga qaytdi. Viloyatdagi uch yillik faoliyati uning taqdirida burilish yasadi: dala mehnatkashlarining haqiqiy hayoti bilan yaqindan tanishdi va chinakam yetakchi sifatida xalqimiz manfaatini himoya qilish, hududni har tomonlama rivojlantirishni o‘z faoliyatining bosh maqsadi deb bildi.
1989-yil 23-iyun kuni I.A.Karimov O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi birinchi kotibi etib saylandi. O‘sha paytda keskin ijtimoiy-siyosiy muammolar yuzaga chiqqan, iqtisodiyot chuqur inqirozga uchrab, respublika jar yoqasiga kelib qolgandi. Shunday murakkab va tahlikali sharoitda mamlakatga rahbarlik qilish Islom Karimov zimmasiga tushdi. U Vatanining jonkuyar farzandi sifatida xalqi baxtli va farovon turmush kechirishi uchun fidoyilik bilan bilim, tajriba, kuch-quvvatini safarbar qildi.
1989-yilning oktyabrida uzoq yillar ikkinchi darajali bo‘lgan o‘zbek tiliga davlat tili maqomini bergan “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. 1990-yili O‘zbekistonda Prezidentlik boshqaruvi joriy qilindi.
1991-yil 31-avgust kuni Islom Abdug‘aniyevich Karimov O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qildi va butun hayotini ona Vatanimiz, uning taraqqiyoti va kelajagi uchun bag‘ishladi, chorak asr O‘zbekistonga rahbarlik qildi.
O‘sha davr uchun eng muhim vazifalar: O‘zbekistonning suveren, mustaqil davlat sifatida e’tirof etilishiga erishish, mamlakat xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ektiga aylanishi zarur edi. Prezident Islom Karimov hozirjavob ichki va tashqi siyosiy faoliyatini boshladi. 1992-yil 8-dekabrda uning bevosita rahbarligida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ishlab chiqildi va qabul qilindi.
1992-yil 2-mart kuni O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotiga qabul qilinishi Vatanimiz taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi, faol xalqaro iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy hamkorlik uchun imkoniyatlar yaratildi. O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi ishlab chiqildi. Bu hujjat mohiyatini tinchliksevarlik va boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, har qanday ziddiyat va nizolarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal qilish tashkil etdi.
O‘zbekistonda keng ko‘lamli yangilanishlar boshlandi. Zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yangi sanoat tarmoqlari barpo etildi. Yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bunyod etildi. Xalqning yerga, mulkka egalik huquqi qaytdi, fermerlik harakatiga asos solindi, tadbirkorlik rivojlandi. Zamonaviy milliy armiya barpo etildi. Ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas dinimiz, bebaho tarixiy merosimizni asrab-avaylash va rivojlantirishga katta e’tibor qaratildi. U butun faoliyati davomida “Xalqimizga tinchlik va xotirjamlik kerak. Bu – O‘zbekiston xalqi xohishi, maqsadi, qarori” degan shiorga qat’iy amal qildi.
Islom Karimovning vafoti respublikamiz fuqarolarini og‘ir qayg‘uga soldi.
Islom Karimov nomini abadiylashtirish maqsadida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Toshkent, Samarqand, Qarshi shaharlarida haykallari bunyod etildi. Samarqand shahrida Islom Karimov dafn etilgan manzilda sharqona an’analar asosida maqbara qurilib, ziyoratgohga aylantirildi. Vatanimiz mustaqilligining me’mori, O‘zbekiston Qahramoni Islom Karimovning porloq xotirasi hamisha qalblarimizda yashaydi.
//
Izoh yo‘q