1939-yil 8-mayda Fargʻona viloyati Toshloq tumanida tugʻilgan.
1989-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan paxtakor” faxriy unvoni,
1995-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
2014-yilda vafot etgan.
Oʻtgan asrning qirqinchi yillari bahori, mulla Mamajonning qarori qatʼiy edi: “Birinchilardan boʻlib oilam bilan choʻlga koʻchib boraman! Xalqimiz ne-ne orzular, qiyinchiliklar bilan katta Fargʻona kanalini qurdi. Dilbar vodiydagi bu chipta yamoq boʻlgan choʻlga suv keltirish, yerlarni oʻzlashtirish orzusi amalga oshganda endi u yerga borib ishlovchilar yoʻq. Kimdir birovni boʻlishi kerak-da!” Toshloqning Tojik qishlogʻilik savodxon, marosimlarga bosh-qosh boʻlib yuradigan Mamajon akaning choʻlga otlanganidan koʻpchilik hangu mang edi. Uning rejalari kurdoshlari Qurbonali, Oraimat, Abdullajon, Mirzaolim, Usmonaliga ham maʼqul boʻlib, kim yakkabosh, baʼzilari oilasi bilan Nayman choʻliga otlanishdi.
Ularning sardori mulla Mamajon bilan turmush oʻrtogʻi Xolinisoning oʻgʻli Komiljon endigina atak-chechak qilayotgandi. Shuning uchun ham uni toshloqliklar “Choʻl bolasi” deyishardi. Bu iborada Komiljon akaning alpomishkelbati, yirik kaftlarini ishqab doimo kulib turishi, bolalarga xos samimiyati, yaxshi niyat yoʻlida har narsaga koʻnikuvchanligi ham mujassam boʻlsa, ajabmas. “Men shu tepalarga emaklab chiqib yurishni oʻrganganman, hali-hali labimdan arzik tuproqning dudmal taʼmi ketmaydi”, derdi u kengliklarga cheksiz muhabbat bilan qarab.
Komiljon aka “Atoqli yozuvchi Said Ahmadning “Ufq” trilogiyasidagi voqealar bizning qishloqda kechgan”, deb aytishni yaxshi koʻrardi, yoshligidanoq hisob-kitobga puxta edi. Shuning uchun oʻrta maktabni bitirishi bilanoq brigada boshligʻi Odiljon aka yigitchani darhol yoniga oldi. Bir-ikki sinab koʻrib, hisob-kitob ishlarini unga topshirib qoʻydi. Oʻsha yili choʻlda oʻrtacha 40 sentnerdan, Toshloq tumani boʻyicha esa 35 sentnerdan paxta olindi. Bu yuksak natija tuman rahbarlaridan ikki kishi Xorunboy Ermatov va Turgʻunboy Dadajonov koʻksiga “yulduz” qadadi. Oʻzi tugʻilib oʻsgan tumanning qoʻsh rahbari bir vaqtda qoʻsh qahramon boʻlganini eshitgan Komiljon bu sharafga oʻzi erishganday quvongan va qalbida ezgu orzular uygʻongan edi. Qarang, oʻsmirlikdagi yaxshi niyati butun umr yoʻlini yoritib turganday Komiljon Mamajonov oʻzbek dehqonlari orasida birinchi boʻlib “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor boʻldi.
Qahramonlik yoʻli, bu – otasidan meros mehnatsevarligi, bir ishni oxiriga yetkazmaguncha tinib-tinchimasligi, har narsaga qiziquvchanligi, tarixni yaxshi bilishi va bu bilimu iqtidorini mustaqil Vatan taraqqiyotiga safarbar etishdan baxtiyorlik. Hayotni chiroyli, mazmunli, samarali qiladigan yangilikni eshitib qolsa, unga qiziqish bilan yondashish onasi Xoliniso xoladan “yuqqan”.
– 1967-yil yozi edi, deb eslaydi Komiljon aka. Kutilmaganda uyimizga rais Xolmatjon aka kelib, otamni olib chiqib ketdi. Keyin birga qaytib kelishganda otam raisga yuzlanib: “Roziman, lekin Xolmatjon, siz ham Komiljonni qoʻllab-quvvatlab tursangiz, roziman”, dedi. Oʻsha kuni kechqurun dala shiyponida brigada aʼzolarining umumiy yigʻilishida raisning taklifi bilan Komiljon brigada boshligʻi qilib saylandi. U bu ishdan hayron, chunki dehqonchilik, paxta ilmini tuzuk-quruq bilmasdi. Ammo tirishqoqligi, tinib-tinchimasligi, oriyati balandligi. bilmaganini soʻrab oʻrganishdan tortinmasligi ishonchni oqlashida unga madad, qanot boʻldi. Brigada aʼzolarining hamjihat mehnati bilan oʻsha yiliyoq gektaridan rejadagi 23 oʻrniga 30 sentnerdan hosil olishdi.
Traktorchidan chiqqan brigadir yer ilmini, dehqonchilik sirlarini ham oʻzlashtirib oldi. Hamma sohada tartib-intizom, hisob-kitobni yaxshi koʻrardi. Paxtachilikda qanday ilgʻor texnologiya boʻlsa, birinchilardan boʻlib uning dalasida qoʻllanishi odat tusiga kirdi. Boshqalar chigitni pushtaga ekishga hadiksirab turganda, Komiljon aka brigadasida barcha maydonlarga 90sm.ga keng qatorlab urugʻ tashlashdi. Har gektar yerga 25 kilogrammdan urugʻ sarflanganda, koʻpchilik “uddaburon” adashdi, deb oʻylashgandi. Lekin yer obi-tobida tayyorlanib, chigit agrotexnik muddatlarda ekilgani uchun bexato unib chiqdi. Gʻoʻza yaganasi uchun sarflanadigan xarajatlar tejaldi. Roʻza chekankasi faqat mexanizmlar yordamida amalga oshirilib, zamonaviy biovositalardan unumli foydalanilgani uchun oʻn yillar davomida hasharotlarga qarshi zaharli kimyoviy vositalar ishlatilmadi. Mutaxassislar buni viloyatdagi eng yaxshi tajriba, yuqori natijalardan, deb eʼtirof etdilar.
Komiljon aka salkam yarim asrlik umrini oʻziga qadrli joylarga tutash mavzeda oʻtkazdi. Sekin-asta odamlar xoʻjalikning markaziy qoʻrgʻoniga koʻchib ketishdi. Komiljon aka choʻlda oilasi bilan oʻn yildan ortiq yashagandan keyin qishloq markaziga koʻchib oʻtishga arang koʻndirishdi. Va bu yerga koʻchib kelishi bilanoq uni mahalla oqsoqoli etib saylashdi. Daladagi yumushlardan ortib bu vazifani ham sidqidildan bajardi. Tumanda birinchilardan boʻlib Xonariqda choyxona, sartaroshxona. qassoblik doʻkoni, novvoyxona, etikdoʻzlik doʻkonlarini oʻz ichiga olgan guzar tashkil qildi. Mahalla ayollarining taklifi bilan tikuvchilik sehini ochdi.
Komiljon Mamajonov katta – xonadonning boshligʻi edi. Oʻzi koʻngil qoʻyib uylangan Qoratepa qishlogʻilik ayoli Oyimchaxon opa taqdiridan minnatdorlik bilan soʻzlaydi: “Baʼzilar omadi yurishib yuqoriroq lavozimga koʻtarilsa, darrov yurish-turishi oʻzgaradi. Izzattalab boʻlib qoladi. Bolalarimning otasi hayoti davomida koʻp lavozimu unvonlar, ordenlar oldi. Lekin oʻsha-oʻsha oddiy va kamtarin, bolalarday qiziquvchan va ishonuvchan inson boʻlib qoldi. Toʻngʻich qizimiz Olmaxon uy bekasi, Lolaxon bolalar bogʻchasida tarbiyachi, Otikaxon esa hamshira”.
Komiljon aka har doim bemorlar holidan xabar olar, ehtiyojmand oilalarni qoʻllab-quvvatlardi. Hamqishloqlari uning “hamma yerda hoziru nozir boʻlgan”iga koʻp misol keltirishadi.
1995-yil 25-avgust kuni ham odaticha bomdod namozidan soʻng dalaga otlandi. Tong gʻira-shirasini yengilgina chaqmoqlar tigʻi yorib oʻtdi. Komiljon akaning xayoli yogʻin-sochinga qoldirmay hosilni nobudsiz yigʻib olishda edi. Xonadonlardagi radio, teleekranlardan Komiljon Mamajonovga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berilgani haqidagi xushxabar chaqmoq nuriday bir zumda qishloq, tuman, viloyat, vodiyga yoyildi. Uni birinchi boʻlib oliy unvon bilan tabriklaganlar oʻttiz yillik hamkasblari xuddi oʻzlari bu sharafga erishgan kabi xursand edilar.
Hayotu faoliyatingdan jigarlaring, mahalladosh, elu yurtdoshlar rozi, minnatdor boʻlsa; insoniy burch deb sidqidildan qilgan ishlaring Vatanning eng yuksak unvoniga sazovor boʻlsa, bundan ortiq baxt bormi?!
//
Izoh yo‘q