Onesiya Saytova


12:05 / 23.05.2024 445 0

1949-yil 1-fevralda Chimboy tumanida tavallud topgan.

1972-yili Andijon tibbiyot institutini tamomlagan.

1992–1994-yillari Qoraqalpogʻiston Respublika tugʻruqxonasining bosh shifokori,

1994–1998-yillari ginekologiya boʻlimi boshligʻi boʻlib ishlagan.

2015-yildan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy perinatal markazida patologiya boʻlimida shifokor ordinator lavozimida faoliyat olib bormoqda.

1997-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Onesiya Saytova oʻz mehnat faoliyatini 1972-yili Shumanay tumanida qishloq poliklinikasida boshlagan. Ish faoliyatining dastlabki paytlari edi. Muynoq tumanida ogʻir ahvolda yotgan ayolga tibbiy yordam koʻrsatib, uning ahvolidan koʻngli xotirjam boʻlib uyiga qaytguncha, kun ancha kech boʻlgandi. Hovlisiga yaqinlashib kelarkan, darvoza oldida “Sanaviatsiya” mashinasi turganini koʻrdi. Shumanay tumaniga – ogʻir yotgan bemorning oldiga borish kerakligini aytishdi. Onesiya uyga ham kirmasdan, mashinaga oʻtirdi. Chin shifokorning hayoti shunaqa: Onesiya Saytovnaning faoliyati davomida bu kabi voqealar necha bora takrorlanganining hisobi yoʻq.

 

Oilaviy sharoitlaridan kelib chiqib, 1974-yili Nukus shahriga koʻchib kelishgach, Onesiya shahar xotin-qizlar maslahatxonasida hududiy akusher-ginekolog shifokori lavozimida ishlay boshladi. U oʻziga biriktirilgan hududda istiqomat qiluvchi ayollarning ahvolidan doim xabar olar, ayniqsa, homilador ayollarni oʻz vaqtida aniqlab, roʻyxatga olib, ularning salomatliklarini muntazam nazorat qilib borar edi.

 

1978-yili Nukus shahar tugʻruqxonasida ordinator shifokori boʻlib ishladi. Bu yerda ham kasbiga mehr, masʼuliyat bilan yondashgani bemorlarga jonkuyarligi, iliq munosabatida namoyon boʻlardi. Ogʻir vaziyatlarda vazminlik, bilimdonlik bilan bemorlar hayotini saqlab qolishga sababchi boʻldi, xalq hurmat va eʼtiboriga erishdi.

 

1985–1987-yillari yosh mutaxassis sifatida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligida bosh mutaxassis lavozimida faoliyat olib bordi.

 

Mustabid tuzum davrida ayollar, bolalarning sogʻlom va baxtli hayoti haqida chiroyli shiorlar koʻp boʻlgan. Ammo Oʻzbekistonda ittifoqdosh respublikalar orasida onalar va bolalar oʻlimi koʻrsatkichi ancha yuqori edi. Tibbiyot tizimida ham boshqa sohalardagi kabi ahvol ayanchli edi. Ayniqsa, ayrim chekka qishlogʻu ovullar aholisi, jumladan, homiladorlar ham bitta qon tahlili oʻtkazish uchun yuzlab kilometr yoʻl bosib markazga borishlari kerak edi. “Homiladorligi asorat bilan kechayotgan ayrim ayollar transport yetishmasligi tufayli tugʻruqxonaga vaqtida yetib borolmay, noxush holatlar yuz bergan paytlar ham koʻp boʻlgan”, deb eslaydi Onesiya Saytova.

 

Shuning uchun ham shifokor oʻsha yillari Shumanay, Chimboy. Ellikqalʼa, Qoraoʻzak tumanlarining markaziy shifoxonalarida yangidan tugʻruqxonalar ochilib, ular zaruriy tibbiy anjomlar bilan jihozlanmaguncha tinib-tinchimadi. Shifokor mutaxassislarni tayyorlashga, ularga kerakli vaqtda maslahat berishga tajribali, malakali hamkasblarni jalb etdi.

 

1992–1994-yillari respublika tugʻruqxonasining bosh shifokori lavozimida ishlagan paytlari ham hali onalar va bolalar oʻlimi koʻrsatkichlari oʻzgarmagan, ayniqsa, Orolboʻyi hududlaridagi ogʻir ekologik vaziyat taʼsirida sogʻligʻini yoʻqotgan ayollarda tugʻruqdan keyin qon ketishi holatlari koʻpaygandi. Bunday holatlar va ularning ogʻir oqibatlarining oldini olish uchun oʻsha yillari respublika tugʻruqxonasida qon quyish boʻlimi tashkil etilib, plazma ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilishi qanchadan-qancha ayollarning hayoti saqlab qolinishiga sabab boʻldi. Shifoxonada reanimatsiya gematologiya brigadasi tashkil etilib, tajribali mutaxassislar kunu tun faoliyat olib bordi. Mazkur boʻlimga qanchadan-qancha ayollar ogʻir ahvolda tumanlardan kelib, Onesiya Saytova hamda uning kasbdoshlari muolajasi, malham soʻzlaridan dardlariga shifo topib ketgan.

 

Onesiya Saytova bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy perinatal markazi patologiya boʻlimida shifokor ordinator lavozimida ishlamoqda. Odatda kasalni davolashdan koʻra uning oldini olish maqsadida xotin-qizlar orasida sogʻlom turmush tarzini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratiladi. Ayollar oʻrtasida shaxsiy gigiyena talablariga rioya qilish, jismoniy mashqlar bilan sogʻliklarini mustahkamlab, toʻgʻri ovqatlanish koʻnikma-malakalarini shakllantirishning afzalliklari haqida tizimli ravishda tadbirlar oʻtkazilmoqda.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//