1940-yil 5-noyabrda Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanida tugʻilgan. Mehnat faoliyatini tumandagi “Namuna” jamoa xoʻjaligida boshlagan.
1977-yilda Andijon paxtachilik institutini bitirgan.
2005-yilda “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlangan.
2008-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
2006-2018-yillarda “Oltinkoʻl vodiy gulshani” fermer xoʻjaligi boshligʻi boʻlgan.
2018-yilda vafot etgan.
Ciyosatxon Abdullayeva mehnat faoliyatini Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanidagi “Namuna” jamoa xoʻjaligi ishchisi sifatida boshlagan. 1972–1978-yillarda “Namuna” jamoa xoʻjaligidagi bolalar bogʻchasida tarbiyachi, keyinchalik shu xoʻjalikda fermer, 1978–2006-yillarda “Namuna” kompaniyasida fermer pudratchi, 2006–2018-yillarda “Oltinkoʻl vodiy gulshani” fermer xoʻjaligi boshligʻi sifatida faoliyat yuritgan.
Ish jarayoni davomida paxtachilik, gʻallachilik va qishloq xoʻjaligining boshqa tarmoqlarini, fermerlik xarakatini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshdi. Mohir va tajribali agronom rahbarligidagi jamoa qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha barcha shartnoma majburiyatlarini bajarib, mamlakat miqyosida yuqori koʻrsatkichlarga erishib kelgan.
Siyosatxon Abdullayeva fermerchilik sohasida koʻp yillik tajribaga ega edi, u paxtachilikda yangi texnologiyalarni tatbiq qilish boʻyicha ekspert sifatida ham ishladi; ayni sohada oʻziga xos “Andijon maktabi”ni yaratishda faol ishtirok etgan mutaxassis dehqonlardan sanaladi. Tajribali agronom bilim va ilgʻor tajribalarga qatʼiy amal qilgani, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash borasida muayyan tadbirlarni amalga oshirib, tizimli ish olib borishi natijasida xoʻjalik ekin maydonlarining unumdorlik koʻrsatkichlari ortib borib, fermer xoʻjaligi muntazam gʻoliblar safida eʼtibor qozondi.
Siyosatxon Abdullayeva qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirishda suvdan oqilona foydalanish tizimini yoʻlga qoʻygan. “Chilla suvi tilla suvi” degan naqlga har doim amal qilib, har yili qish mavsumida gʻalla maydonlarini sugʻorishga alohida eʼtibor qaratdi. Buning natijasida don hosildorligi 65-67 sentnerni tashkil qilgan.
Fermer xoʻjaligi tasarrufida tikuvchilik hamda yogʻochni qayta ishlovchi kichik korxona tashkil etilgan boʻlib, unda 50 dan ortiq xotin-qizlar va qishloq yoshlari ish bilan taʼminlandi.
Siyosatxon Abdullayeva saxovatpeshaligi bilan ham boshqalarga ibrat edi. Ehtiyojmand oilalarni doim iqtisodiy jihatdan qoʻllab-quvvatladi, koʻchalarni obodonlashtirish, maktab taʼmiri, ariqlarni tozalash kabi ishlarda tashabbuskorlik va homiylik qildi. Tumandagi agroiqtisodiyot, sanoat kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari uning fermer xoʻjaligida xar yili amaliyot oʻtashlariga sharoit yaratdi. Bitiruvchilardan oʻndan ortigʻini ishga qabul qildi.
Siyosatxon Abdullayeva mahallalarda va oʻquv dargohlarida boʻlib oʻtadigan davra suhbatlari, muloqotlarda mustaqillik Yillarida mehnatkashlar, ayniqsa, tadbirkor va fermerlar bor imkoniyatlarini ishga solib, tashabbuskorlik bilan ish olib borishlari uchun yaratilgan keng sharoitlar, ularning afzalliklari haqida oʻz hayoti va faoliyati misolida maroq bilan gapirardi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida erishgan yutuqlari, fidoyi mehnatlari uchun Siyosatxon Abdullayeva “Doʻstlik” ordeni, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.
Mehnatsevar, olijanob, elsevar fermer Siyosatxon Abdullayeva mehnatkashligi, saxovatpeshaligi, uddaburonligi bilan yaxshi xotiralar qoldirdi. Alloh oxiratlarini obod etsin!
Insoniyat tamaddunida dehqonchilikni ayollar kashf qilgan, deyishadi. Ammo bu kasb katta kuch-iroda talab qilganidan keyinchalik erkaklarning mashgʻulotiga aylangan. Olis moziy haqiqatining goʻzal bir ifodasi shuki, respublikamizda har jihatdan ibratli koʻplab dehqon ayollar faoliyat olib borishadi. Azaldan ayol matonatiga bosh eggan keksa dunyo yana bir marta bu hikmat qarshisida taʼzimda. Nafislik va goʻzallik, onalik va murabbiylik fazilatini jasorat va mardonalikka esh qilib, oʻzidan yorqin xotiralar qoldirgan Siyosatxon aya ham yosh avlodga ibratli hayot maktabini tortiq etgan. Bu maktabning dargohi doim munavvar boʻlgay.
//
Izoh yo‘q