Marat Zokirov


11:05 / 20.05.2024 534 0

1939-yil 21-martda Jizzax (hozirgi Sharof Rashidov) tumanida tugʻilgan.

1961-yilda Samarqand davlat universitetini fizika mutaxassisligi boʻyicha tamomlab, Hamid Olimjon nomli oʻrta maktabda oʻqituvchilik qilgan.

1981-yilda Samarqand qishloq xoʻjaligi institutini agronom mutaxassisligi boʻyicha tugatgan.

1995-yildan Jizzax pedagogika instituti qoshidagi iqtidorli bolalar litseyi direktori,

2007-yildan boshlab 2-akademik litsey direktori vazifalarida ishlagan.

1990-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi”,

2002-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2020-yilda vafot etgan.

 

Tarbiya har qanday jamiyat va mamlakat hayotida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Shuni unutmasligimiz kerakki, ertangi kunimiz farzandlarimizning han day taʼlim va tarbiya olishiga bogʻliqdir. Bizning qahramonimiz Marat Zokirovning hayot yoʻli bevosita taʼlim-tarbiya bilan bogʻliq.

 

Marat Zokirov Jizzax tumanidagi Hamid Olimjon nomli 16-oʻrta maktabda fizika va matematikadan dars berib yurgan payti fizika kabinetini jihozlash va oʻqish samaradorligini oshirish boʻyicha salmoqli ishlarni amalga oshirdi. Tumanda birinchi boʻlib fizika xonasini texnika vositalari bilan jihozlab, taʼlimda yangi texnologiyalar joriy etdi.

 

Marat Zokirov pedagogik va jamoatchilik faoliyati davomida tuman maktablarining qurilishiga, ularda chet tillari oʻqitilishiga alohida eʼtibor berdi. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda bir qator ishlarni amalga oshirdi, jumladan, otish tirlarining qurilishiga bosh-qosh boʻldi. Bolalarning sogʻlom va baquvvat oʻsishlari uchun tumandagi qirqdan ortiq maktablarda gimnastika maydonchalari qurilib, foydalanishga topshirilishida jonbozlik koʻrsatdi.

 

U 1984-yili Jizzax tumanidagi Zokir Normatov nomli umumtaʼlim maktabiga direktor lavozimiga tayinlandi. Uning rahbarligida maktab, oila va jamoatchilik hamkorligi yaxshilandi. Respublikada yagona boʻlgan pult bilan boshqariladigan fizika kabineti yaratildi.

 

1989-yilda oʻtkazilgan “Yil maktabi” tanlovining respublika bosqichida maktab II oʻrinni egalladi. 1990–1991-yillarda fizika va biologiya fanlari boʻyicha respublika olimpiadalari ham shu maktabda oʻtkazildi. U rahbarlik qilgan bilim dargohi respublikada namuna tayanch maktabiga aylantirildi. Bu muvaffaqiyat zamirida qahramonimizning mehnati va izlanishlari yotadi.

 

Marat Zokirov bu xizmatlari uchun “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi” unvoniga sazovor boʻldi.

 

Mohir ustoz 1995-yilda viloyatdagi Iqtidorli bolalar litseyiga direktorlik lavozimiga oʻtkazildi. Bu davrda viloyat boʻyicha iqtidorli bolalar tanlab olinib, ularga beriladigan taʼlim va tarbiya ishlari yangicha yoʻnalish kasb etdi. Litseyda 2500 dan ortiq iqtidorli bolalar hayotga yoʻl oldi. 2007-yil sentyabr oyidan boshlab 2-akademik litseyiga aylantirildi.

 

Taʼlim sohasini rivojlantirishdagi mehnatlari uchun Marat Zokirov “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.

 

Akademik litseyning oʻn nafar oʻquvchisi: Sayyora Murodova, Dilfuza Rajabova, Gulrux Muxtorova, Dilfuza Mahkamova Maʼmura Yoqubova, Yulduz Zoirova, Baxtijon Isroilova, Mohira Abdullayeva, Aziza Shokirova va Zuhra Yoʻlchiyevalar Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga sazovor boʻldilar. Sohiba Qoʻldosheva va Maʼmura Yoqubovalar respublika yoshlar tanlovida gʻolib deb topildi.

 

– 2004-yili maktabning 9-sinfini yakunlab. Jizzax davlat pedagogika instituti qoshidagi Iqtidorli bolalar (oʻsha paytda) litseyiga oʻqishga qabul qilindim, – deydi Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori Dilfuza Mahkamova. – Litsey direktori Oʻzbekiston Qahramoni Marat Zokirov ushbu maskanda tahsil oladigan har bir oʻgʻil-qizning qiziqishi va intilishlariga qanot boʻlib, kelajakda jamiyat hayotida oʻz oʻrniga ega boʻlishi uchun yordamini hech qachon ayamagan.

 

Litseydagi ijodiy muhit, jamoaning mehnati, ayniqsa, Marat Zokirovning eʼtibori va talabchanligining samarasi sifatida boʻy koʻrsatdi.

 

Eʼtiborli jihati shundaki, ustoz litseyda faoliyat yuritayotgan har bir pedagog-xodim hamda tahsil olayotgan oʻquvchilarni qiynayotgan muammolarga oʻzining tashvishidek qarar, uning yechimi uchun kurashishdan tolmasdi. Ota-ona bilan taʼlim muassasasi oʻrtasidagi hamkorlik uzviy ravishda amalga oshirilardi. Mustaqillik yillarida “Barhayot siymolar”. “Ustoz otangdek ulugʻ”, “Otam”, “Inson xotirasi aziz”, “Maʼrifiy saboqlar”, yozuvchi Turob Maqsud bilan hamkorlikda 5 “Yurakka qasida” va “Muallim ishqi” nomli kitoblar. Respublika taʼlim markazi bilan birgalikda koʻplab ilmiy-uslubiy-qoʻllanmalar yaratdi. Atoqli davlat arbobi va yozuvchi Sharof Rashidov tavalludining 100-yilligiga bagʻishlab “Koʻhna zaminning buyuk farzandi” asarini yozdi.

 

2019-yili “І darajali mehnat faxriysi” deb eʼtirof etildi.

 

Marat Zokirov turmush oʻrtogʻi Moʻtabar aya bilan 5 oʻgʻil, 5 qizni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. Ularning barchasi bugungi kunda yetuk kadrlar boʻlib, xalqimizga xizmat qilishmoqda. Ustoz Marat Zokirovning yosh avlod taʼlim-tarbiyasi yoʻlida qilgan necha yillik mehnati, jonkuyar, fidoyi pedagog sifatida yurtimiz taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi barchamizga oʻrnakdir.

 

Marat Zokirovning ezgu ishlarini shogirdlari davom ettirmoqda. Yoshlarimiz bunday fidoyi, vatanparvar, ziyoli insonning xalqparvarlik yoʻlida koʻrsatgan samarali mehnatlari, jonbozliklarini unutmaydi. Zero, ular yodini, “Elim deb, yurtim deb yonib yashagan” ulugʻ insonlar xotirasini eʼzozlashning oʻzi ham yuksak maʼnaviyat va axloqiylik timsolidir. U tarqatgan ilm ziyosi yosh avlod qalbida aslo soʻnmagay.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//