Xolidjon Komilov


16:05 / 15.05.2024 419 0

1945-yil 5-yanvarda Toshkent shahrida tugʻilgan.

1968-yili Toshkent davlat meditsina institutini tamomlagan.

1970-1972-yillarda Moskvadagi N.N.Burdenko nomidagi neyroxirurgiya ilmiy-tekshirish institutida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlab, Gelmgols nomidagi koʻz kasalliklari ilmiy-tekshirish institutida muvaffaqiyatli himoya qildi.

1988-yilda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining oftalmologiya kafedrasiga mudir etib tayinlandi.

2006-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni,

2012-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

2015–2019-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi boʻlgan.

 

Xolidjonning avvalo shifokorlik kasbini egallash orzusi maktabda oʻqigandayoq namoyon boʻlgan, chunki uning koʻz oldida munosib namuna bor edi. Bu – dongʻi chiqqan koʻz shifokori, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, Respublikada xizmat koʻrsatgan vrach. Ikkinchi jahon urushi ishtirokchisi. Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti koʻz kasalliklari kafedrasi mudiri, “Jasorat” medali sohibi, tibbiyot fanlari doktori, professor Mahamadjon Komilov edi.

 

Institutning toʻrtinchi kursida tahsil olar ekan. Xolidjon koʻrish nervlarini oʻrganish boʻyicha murakkab ilmiy ish mavzusini tanladi. 1972-yilda koʻz kasalliklari sohasi mutaxassisi Xolidjon Komilov tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasiga sazovor boʻldi.

 

Doktorlik tadqiqotini yoqlaganda Xolidjon oʻttiz toʻqqiz yoshda edi. Uning ilmiy ishi, tabiiyki, koʻruv nervlari faoliyatiga bagʻishlandi.

 

– Koʻz bu moʻjiza, deydi Xolidjon Komilov. Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” asarini tabdilda oʻqigandim. Navoiy bobomizdan soʻz ochganim bejiz emasligini ham aytib oʻtay. Yaqinda:

 

Qaro koʻzum, kelu mardumliq emdi fan qilgil,

Koʻzum qarosida mardum kibi vatan qilgʻil....

 

baytlarini takror oʻqidim, juda yaxshi koʻraman. Koʻz qarosidagi mardum bu koʻz gavhari. Allohning qudrati bilan ona qornida homila nishon berganda paydo boʻlgan gavhar yigirma ikki haftadan keyin koʻz ichiga kirib, oʻzining asl oʻrniga joylashib oladi, yaʼni oʻziga “vatan” qiladi... Inson oʻsha gavhar orqali dunyoni koʻradi. Juda koʻp maʼnolardan biri: shoir sen mening koʻrar koʻzimsan, koʻzimning gavharisan, koʻzimga gavhar (mardum)day joylashgil, degan fikrni bermoqchi.

 

Tibbiyot fanlari doktori, professor Xolidjon Komilov Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutining oftalmologiya kafedrasida hozirgacha ishlab kelmoqda. 223 ta ilmiy ish muallifi, shulardan 2 tasi monografiya, 5 EVM programmasiga patent, 4 ta mualliflik guvohnomasi va 8 ta uslubiy qoʻllanma muallifi. Uning ilmiy rahbarligi ostida 3 fan doktori va 23 fan nomzodi tayyorlangan.

 

Talabchan va mehribon murabbiy, tajribali mutaxassis, kamtarin inson sifatida Vatanimizda, mamlakat tibbiyot xodimlari oʻrtasida katta hurmat qozongan, xalqimiz qoʻli gul shifokor deb ardoqlaydigan Xolidjon Komilov yurt farovonligining oshishiga, tinchlik va barqarorlik, xalq sogʻligini saqlashdagi xizmatlari uchun Vatanimiz va xalqimizning ardogʻiga sazovor boʻldi.

 

Olimning donishmand padari buzrukvori Mahamadjon Komilov oʻgʻliga doimo hayotiy oʻgit va maslahatlar berardi. Mana, ayrimlari: “Ertalab uygʻondingmi, oʻrningdan tur!”, “Oʻqishga, ishga vaqtli bor, moʻljallangan ishni bitirgandan soʻnggina uyga qayt!”, “Kimga nima gapirishni oʻylab, bilib gapir!”, “Boshlagan ishingni hamisha oxiriga yetkaz!”, “Professor oʻgʻli boʻlma, professor boʻl!”

 

Professor Xolidjon Komilov aziz padari buzrukvori soʻzlarini hech qachon esdan chiqarmaydi, hamisha koʻngil tubida saqlaydi, ularga amal qiladi.

 

Respublikamizda oftalmologiya ilmining rivojiga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan, qolaversa, bu borada oʻziga xos maktab yaratgan ota-oʻgʻil Komilovlar erishgan yutuqlar, ularning boy tajribasi bugun ham amaliy faoliyatda qoʻl kelmoqda. Mahalliy sharoitda koʻrish organlarining profilaktikasi, kasalliklar tashxisi va davolanish usullari yuzasidan qayd etilgan ilmiy-amaliy xulosalar sohaning maʼnaviy xazinasiga aylanib qoldi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//