Achilbay Ramatov


17:05 / 14.05.2024 426 0

1962-yil 20-avgustda Xorazm viloyatining Shovot tumanida tugʻilgan.

1988-yili Toshkent temiryoʻl muhandislari institutini tugallagan.

2000-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni,

2007-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni,

2011-yilda “El-yurt hurmati” ordeni,

2013-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Bundan qirq yillar avval Urganch lokomotiv deposiga oʻn sakkiz yoshli yigit teplovoz mashinisti yordamchisi boʻlib ishlash uchun ariza bilan murojaat etdi.

 

Oʻshanda ilk bor mashinist oʻrindigʻiga oʻtirganida uning qalbi cheksiz hayrat va gʻururga toʻldi hamda uning hayoti temiryoʻllar bilan bir umrga bogʻlandi.

 

Bu – yillar osha ulgʻayib, mustaqil Oʻzbekiston temiryoʻllarining rivojiga munosib hissa qoʻshgan soha fidoyilaridan biri, taniqli davlat va jamoat arbobiga aylangan Achilbay Ramatov edi.

 

Achilbay Jumaniyazovich Ramatov Toshkent temiryoʻl muhandislari institutini tugatib, muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega boʻldi. U shu yildan boshlab, Toshkent teplovozlarni taʼmirlash zavodiga ishga kirib, master, seh boshligʻi oʻrinbosari, seh boshligʻi lavozimlarida ishladi. 1995-yilda “Oʻztemiryoʻlmashtaʼmir” UK bosh direktori lavozimiga tayinlandi.

 

Yosh rahbar korxonaning barqaror faoliyatini taʼminlash, mehnat unumdorligini oshirish, ishchi xodimlarning turmush farovonligini yanada yaxshilashni oʻzining asosiy vazifasi deb bildi va bu borada sezilarli yutuqlarga erishdi.

 

2001-yilda Achilbay Jumaniyazovich “Oʻzbekiston temiryoʻllari” DATK bosh menejeri-bosh muhandisi, 2002-yilda esa boshqaruv raisi lavozimiga tayinlandi. Oʻzbekiston Respublikasining mustaqil temiryoʻl tizimini yaratish va davlatimiz iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega loyihalar bevosita Achilbay Ramatov rahbarligida amalga oshirildi.

 

Amudaryo uzra qurilgan temiryoʻl va avtomobil yoʻllarini birlashtiruvchi koʻprik, “Toshguzar – Boysun – Qumqoʻrgʻon”. “Navoiy – Uchquduq – Sulton Uvaystor – Nukus” va “Angren Pop” yangi temiryoʻl liniyalari shular jumlasiga kiradi.

 

Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida birinchi boʻlib Toshkent shahridan Buxoro, Samarqand va Qarshi shaharlari boʻylab yuqori tezlikda harakatlanuvchi zamonaviy poyezdlar qatnovi Achilbay Jumaniyazovichning bevosita rahbarligida yoʻlga qoʻyildi.

 

Vodiyni respublikamizning boshqa hududlari bilan bogʻlovchi “Angren-Pop” elektrlashtirilgan temiryoʻli va uning tarkibida dunyoda uzunligi jihatidan (19,2 km) 13-oʻrinni va murakkabligi boʻycha 8-oʻrinni egallagan Qamchiq tunneli bunyod etildi. 10 dan ziyod yangi temiryoʻl vokzallari qurilib, mavjudlari qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy koʻrinishga keltirildi.

 

Mamlakatimiz temiryoʻllarining 50 foizdan ortigʻi elektrlashtirildi. Soha sanoat korxonalarida ogʻir mashinasozlik asoslari yaratilib, yangi yoʻlovchi va yuk vagonlari ishlab chiqarila boshlandi hamda harakatdagi tarkibni taʼmirlash va modernizatsiyalash uchun quyuv ishlab chiqarishi yoʻlga qoʻyildi.

 

Sohada barpo etilayotgan inshootlar tannarxini kamaytirish maqsadida zarur mashina, mexanizm va texnikalar bilan jihozlangan ikkita qurilish tresti tashkil etildi. Ular nafaqat sohaviy, balki respublika boʻylab ijtimoiy va iqtisodiy obyektlarni barpo etishda faol ishtirok etmoqdalar.

 

Respublika rahbariyati tomonidan shahar aholisi va poytaxtga tashrif buyuruvchi sayyohlarga sifatli transport xizmatlarini koʻrsatish va qulayliklar yaratish maqsadida Toshkent metropoliteni jamiyat tarkibiga kiritildi. Metropolitenning Yunusobod yer osti liniyasi qurilishi, shuningdek, yer usti halqa metrosining birinchi pogʻonasi qurilishi tugatildi va Sirgʻali liniyasining qurilishi yakunlanmoqda.

 

Uning rahbarligida mamlakatimiz transport tarmogʻini yanada rivojlantirish yoʻlida qator ishlar amalga oshirildi, minglab yangi ish joylari yaratilib, 100 ming nafar ishchi-xodim doimiy ish bilan taʼminlandi. Achilbay Ramatov koʻplab shogirdlar tarbiyalab yetishtirdi, barcha kasbdoshlariga gʻamxoʻrlik koʻrsatdi.

 

Achilbay Ramatovning mamlakat siyosiy hayoti, qonunchiligi va jamoatchilik ishlaridagi faolligini alohida qayd etish lozim. U 1999-yilda Toshkent shahri 2-Oqtepa saylov okrugidan 2-chaqiriq Oliy Majlisi deputatligiga saylanib, 2004-yilgacha Oliy Majlis tomonidan chiqarilgan qonunlarning mukammalligini taʼminlashga oʻz hissasini qoʻshdi.

 

Achilbay Jumaniyazovichning halol mehnati respublika rahbariyati tomonidan munosib baholandi va “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni, “Fidokorona xizmatlari uchun”, “El-yurt hurmati” ordenlari va “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.

 

“Bugun Vatanimiz ulkan bunyodkorlik maydoniga aylandi. Eng muhimi, har kim oʻziga topshirilgan vazifani sidqidildan, halol bajarishida. Xalqimiz ishonchini oqlashida”, ­ deydi Oʻzbekiston Qahramoni Achilboy Ramatov.

 

Ha. Qahramonimizning bu soʻzlari hammamizni ona Vatanga sadoqat va fidoyilik bilan xizmat qilishga chorlaydi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//