1940-yil 12-iyunda Andijon viloyati Andijon tumanida tavallud topgan.
1967-yilda Toshkent xalq xoʻjaligi institutini tamomlagan. Mehnat faoliyatini mazkur institut oʻqituvchisi sifatida boshlagan, iqtisod fanlari nomzodi.
1992–1996-yillarda Andijon muhandislik-iqtisodiyot instituti prorektori,
1996-1999-yillarda Andijon bank kolleji direktori boʻlib ishlagan.
1999-yildan buyon Oltinkoʻl iqtisodiyot kolleji rahbari.
1998-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi”,
2014-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Maʼlumki, kelajagimiz egalari yoshlarni har jihatdan barkamol qilib tarbiyalash maqsadida taʼlim tizimi bir necha marta isloh qilindi va katta umidlar bilan kollej va litseylar tashkil etilgandi. Shukurjon Mamatqulov ana shunday ezgu maqsadlar bilan ochilgan oʻquv yurtlarining biriga rahbar etib tayinlandi va mazkur oʻquv yurtida koʻplab tajribalar sinovdan oʻtib, hayotga yoʻllanma oldi. U yetakchilik qilgan Oltinkoʻl iqtisodiyot kolleji tayanch oʻquv maskanlaridan edi. Oʻz vaqtida direktor va tajribali pedagog sifatida mamlakatimizda taʼlimning oʻrta maxsus tizimini isloh qilish boʻyicha tuzilgan ishchi guruhi aʼzosi maqomida qarorlar va meʼyoriy hujjatlarni tayyorlashda faollik koʻrsatdi. Ayniqsa, texnikum va kollejlar miqyosida Davlat taʼlim standartlari, malaka talablari, tayyorlanadigan mutaxassisliklarning kasbiy malaka talablarini ishlab chiqish, oʻquv reja hamda dasturlarni tayyorlashda iqtisodiy yoʻnalish yuzasidan salmoqli takliflar kiritdi.
Direktorlik lavozimida ish boshlagan dastlabki kundanoq u kollej moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, qurilish-taʼmirlash, obodonlashtirish va ekologik muhitni yax shilashga qaratilgan ishlarga alohida eʼtibor berdi. Koʻcha va yoʻl chetida ariqlarga lotoklar oʻrnatildi, trotuarlar asfaltlandi, maydon va yoʻlaklarga monolit betonli plitkalar quyilib, qulay sharoitlar yaratildi. Gulzorlar barpo qilinib, mevali, manzarali va qurilishbop daraxtlar ekildi. Tashlandiq yer oʻzlashtirilib, yordamchi xoʻjalik binosi, 3 ta issiqxona tashkil etildi va ularda pomidor, bodring, limon yetishtirilyapti hamda teraklarning mablagʻidan chorva mollari sotib olinib, parvarish qilinmoqda. Boʻsh maydonlarga sabzavot ekib, daromad olinyapti. Bu tadbirlar kollejda moliyaviy inqirozga qarshi kurash choralarining kichik bir qismi boʻlib, samarali tadbirkorlikning dalilidir.
Kollej uzoq yillar mobaynida qatorasiga “Eng namunali taʼlim muassasasi” nomiga sazovor boʻlib keldi. 2009-yilda “Namunali obodonlashtirilgan va koʻkalamzorlashtirilgan taʼlim muassasasi” koʻrik-tanlovining respublika bosqichida 1-oʻrinni egallaganligi alohida tahsinga sazovordir.
Uning ish tajribasi viloyatdagi kasb-hunar taʼlimi tizimida “Eng yaxshi ilmiy-uslubiy qoʻllanma va koʻrgazmali qurollar tayyorlagan taʼlim muassasasi” koʻrik-tanlovida birinchi darajali diplom bilan taqdirlangan. “Iqtisodi yot asoslari”, “Tarmoqlar texnologiyasi”, “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni tashkil etish, rejalashtirish” darsligi, “Milliy istiqlol gʻoyasi”, “Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi sharoitida mehnat, ish haqi hisobi va auditi” ilmiy-uslubiy qoʻllanmalaridan respublika taʼlim muassasalarida keng foydalanilmoqda.
Hammualliflikda maxsus fanlardan 3 ta darslik. 17 ta oʻquv qoʻllanma, 14 ta metodik ishlanmalar, 29 ta ilmiy maqolalar yaratilgan va respublikada ommalashtirilgan.
Shukurjon Mamatqulov mehnat faoliyati davomida 22 nafar fan nomzodlariga ustozlik qildi.
2013-yildan buyon viloyatda oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimi direktorlar kengashi raisi sifatida faoliyat koʻrsatmoqda.
2014–2019-yillarda xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi, 2020-yildan xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputati sifatida Vatanimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yoʻlida faol ishtirok etib kelmoqda. Shukurjon Mamatqulov chuqur bilim va amaliy tajribaga ega, tashabbuskor va talabchan rahbar sifatida yangi pedagogik texnologiyalar asosida yetuk mutaxassislar tayyorlashda fidokorona mehnat qilib, el-yurt hurmatini qozongan.
Mustaqillik yillarida oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimini rivojlantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun 1991-yilda “Oliy maktab aʼlochisi” nishoni, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” unvoni bilan taqdirlangan.
Shukurjon Mamatqulov muttasil ravishda Andijon viloyatining iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishida: yangi ish oʻrinlarini yaratish, investitsiyalar jalb qilish, eksport-import balansida zamonaviy talablarni hisobga olish, byudjet, soliq boshqaruvida sektorlar faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan viloyat ijro hokimiyatiga amaliy takliflar kiritdi. Bu takliflar xalqning dilidagi gaplar boʻlib, oddiy mehnatkashning hayot tarzini yengillatishga qaratilgandir. Uning faoliyatida chinakam vatanparvar va fidoyi inson timsoli mujassam. Faqat takliflar kiritib qolmay, ularning ijrosini taʼminlash yuzasidan ham kuyib-pishib harakat qiladi.
Mehnat qilgan elda aziz, deganlaridek, ustozning soha taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi yuksak qadrlandi. Yurtimizda birinchilardan boʻlib oʻz yoʻnalishida “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoniga loyiq koʻrildi.
//
Izoh yo‘q