1957-yil 12-iyunda Samarqand viloyati Payariq tumanida tugʻilgan.
1979-yilda mehnat faoliyatini oddiy muhandislikdan boshlagan.
2008-yildan boshlab Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori.
2004-yilda “Doʻstlik” ordeni,
2009-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sanoat xodimi” faxriy unvoni,
2011-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni,
2015-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Navoiy kon-metallurgiya kombinati bosh direktori, Oʻzbekiston Qahramoni Quvondiq Sanaqulov bilim va mahorati, isteʼdodini sevimli kasbi, ilm-fan va munosib shogirdlarni tarbiyalashdek ezgu ishga bagʻishlab, yurt ravnaqiga xizmat qilishni hayotining mazmuni deb bilgan insonlardan biridir.
U 1979-yilda Toshkent politexnika institutining metallurgiya fakultetini tugalladi va mexnat faoliyatini oddiy muhandislikdan boshlab, “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati bosh direktori, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari geologiya, yeqilgʻi-energetika, neft-kimyo va metallurgiya majmuasi rahbari va 2008-yildan boshlab Navoiy kon-metallurgiya kombinatidek jahonga mashhur korxona bosh direktorligigacha boʻlgan sharafli yoʻlni bosib oʻtdi.
Kombinat muhandislari tomonidan olib borilgan ilmiy-tadqiqotlar natijasida Germaniyadan olingan patent asosida “ENGINEERING DOBERSEK gmbh” injiniring firmasi bilan hamkorlikda 3-gidrometallurgiya zavodida qiymati 114 million dollarlik sorbsiyalash jarayoni – chiqindilarini yuqori samarali kuydirish texnologiyasiga asoslangan yangi majmua ishga tushirildi. Bu texnologiyaning joriy etilishi bilan xomashyodan foydalanish samaradorligi 8 foizga, tayyor mahsulot ishlab chiqarish 11 foizga oshdi. Kombinatda mehnat qilayotgan 58 ming nafardan ortiq ishchi-xodimlar va muhandislarning maroqli dam olishlari, sogʻliklarini tiklashlari, sport, musiqa va sanʼat bilan shugʻullanishlarini tashkil etish maqsadida koʻplab ijtimoiy obyektlar ishga tushirilmoqdaki, bu ishlarda Quvondiq Sanaqulovning xizmatlari alohida eʼtiborga loyiq. Jumladan, keyingi yillarda qator ijtimoiy soha obyektlari – Qoʻshrabot tumanining Zarkent posyolkasida bolalar akvaparki va 44 xonadonli turar joy, “Metallurg” profilaktoriysining davolash korpusi. Nurobodda suv bilan davolash profilaktoriysi, “Farhod” madaniyat saroyining xoreografiya zali foydalanishga topshirildi. Uchquduq shahrida “Kelajak” yoshlar markazi, “Ona va bola” mintaqaviy skrining-markazi barpo etildi va “Neptun” suv havzasi toʻliq taʼmirlandi. Shuningdek, Zomin tumanida “NKMK” sanatoriysi, Uchquduq tumanida “Oltin koʻl” sunʼiy koʻli, “Yoʻlchilar” qoʻrgʻonida maktabgacha taʼlim muassasasi, Zarafshon shahrida mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari uchun Bolalar shaharchasi, favvoralar xiyoboni foydalanishga topshirildi.
Bunday oʻzgarishlarda rahbarning xalqparvarligi, ishbilarmonligi qoʻl kelgan. Bosh direktor faoliyatining ilk kunlaridanoq kabinetda oʻtirib qolishdan koʻra, zavod va boʻlinmalarda mehnat jamoalarida boʻlib, odamlarning kayfiyati va muammolarini tinglashga, ularni hal etishga eʼtibor berdi. Zavod yoki boʻlinmalardagi muloqotlarda ishchi-xodimlar bosh direktorni kamtarin va yuksak fazilatlarga ega shaxs sifatida yaqindan tanidilar. Oʻz navbatida, koʻpchilik Quvondiq Sanaqulovich ham har bir kishining mehnati, bilim saviyasi, professionallik darajasi, vazifasiga qanday munosabatda boʻlishiga qarab baho berishini, topshiriqni shunchaki, qoʻl uchida, “mendan ketguncha, egasiga yetguncha” qabilida bajaradiganlarni yoqtirmasligini tushunib yetdi. Bosh direktorning shaxsiy ibrati, qatʼiyati va amaliy faoliyati tufayli jamoada halollik va ishchanlik muhiti shakllanib, odamlarning oʻz rahbariga ishonchi va hurmati ortib bordi. Bu rahbar va uning qoʻl ostidagilarning bir-biriga shunchaki munosabati emas, aksincha, bir tanu bir jon boʻlib masʼuliyatli vazifani ado etishga kirishgan, oʻzaro doʻst, birodar, aka-ukadek, aka-singildek mehr-oqibatli odamlarning har qanday shaxsiy manfaatlardan xoli samimiy munosabati edi.
Quvondiq Sanaqulov Navoiy kon-metallurgiya kombinati rivojlanishini ilm-fan va ishlab chiqarish uygʻunligida, sohaga innovatsion loyihalarni joriy etish orqaligina amalga oshirish mumkin, degan qatʼiy xulosaga tayanadi va bu borada salmoqli natijalarga erishmoqda.
Insonning bilim va tarbiya olishida kitobning oʻrni beqiyos. Buni yaxshi bilgan Quvondiq Sanaqulov kombinat portalida korxona tasarrufida boʻlgan 11 ta kutubxonalar va Navoiy davlat konchilik instituti hamda Toshkent davlat texnika universiteti kutubxonalaridagi mavjud ilmiy-texnikaviy, badiiy kitob va jurnallar 150 mingga yaqin manbalarning elektron nusxalarini oʻzida jamlagan kutubxonani tashkil etishga bosh-qosh boʻldi. Bugungi kunda mazkur ilm xazinasidan kombinat mutaxassislari bilan bir qatorda har ikkala oliy oʻquv yurtining professor-oʻqituvchilari, magistr va talabalari ham foydalanishmoqda.
Quvondiq Sanaqulov uzoq yillar davomida mehnat faoliyati bilan birgalikda ilmiy tadqiqot ishlarini ham olib bormoqda. 2001-yilda texnika fanlari nomzodi, 2009-yilda texnika fanlari doktori ilmiy darajalari va 2017-yilga kelib professor ilmiy unvonini qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi.
Professor Sanaqulov 300 dan koʻproq ilmiy ishlarning, shu jumladan, 20 dan ortiq monografiya, darslik, oʻquv qoʻllanma va boshqa kitoblar hamda 30 dan ortiq patent va mualliflik guvohnomalarining sohibi.
Quvondiq Sanaqulovning mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish va islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi katta xizmatlari, koʻp yillik samarali mehnati munosib taqdirlangan. Oliy Majlis Senati aʼzosi sifatida ham oʻziga yuklatilgan vazifani vijdonan bajarib kelmoqda.
//
Izoh yo‘q