Tavakkal Topvoldiyev


19:05 / 10.05.2024 381 0

1934-yil 10-sentabr Andijon viloyati Shahrixon tumanida tugʻilgan.

1957-yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini Andijon viloyati sugʻorish tarmoqlari boshqarmasida muhandis sifatida boshlagan.

1960-yildan tuman suv tarmoqlari boshqarmasi bosh muhandisi, boshligʻi,

1990-yildan Andijon viloyati jamoa xoʻjaliklararo kengashi raisining oʻrinbosari,

1996-2016 respublika “Nuroniy” jamgʻarmasining Andijon viloyati boʻlimi raisi vazifalarida ishlagan.

2015-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Qaysi lavozimda ishlamasin, oʻz hayoti misolida cheklash va kamsitishlarga guvoh boʻlardi. Shunda uning koʻnglidan erkinlik tuygʻusi, mustaqillik orzusi kechardi. Taqdir bu kunni ham nasib qildi va Tavakkal Topvoldiyev mustaqil yurt farzandiga aylandi. Endi bir gayratiga oʻn gʻayrat qoʻshib, yana ham shijoat bilan yaratish, bunyodkorlik ishlariga kirishdi. Viloyat jamoa xoʻjaliklararo kengashi raisi sifatida boshqarish tizimini tinimsiz isloh qilib borishga intildi. Endi mustaqillik sharoitida ixcham va samarali boshqaruv lozimligini tajribasida his qildi 1996-yilgacha Andijon viloyati jamoa xoʻjaliklararo kengashi raisining oʻrinbosari boʻlib faoliyat yuritdi. Shu yili unga ishonch bildirishib, respublika “Nuroniy” jamgʻarmasining Andijon viloyati boʻlimi raisi lavozimiga oʻtkazdilar. Bu vazifada yigirma yil samarali mehnat qildi.

 

Tavakkal Temirovich mehnat faoliyatining eng samarali yillarini nuroniylarning ijtimoiy muhofazasini taʼminlash, salomatligini tiklash, yosh avlodni vatanparvarlik va milliy istiqlol gʻoyasiga sodiqlik ruhida tarbiyalash borasida ibratli ishlarni amalga oshirishga safarbar qildi.

 

Koʻp yillik tajribaga ega fidoyi rahbar sifatida viloyat miqyosida oʻtkazilgan turli tadbirlarda muntazam qatnashib, ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonida aholining faol ishtirokini taʼminlash hamda hududlarni iqtisodiy rivojlantirishga oid dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish ishlarida tashabbus koʻrsatdi. Uning bevosita rahbarligida viloyatdagi 198 ming nafardan ziyod nuroniylar, shu jumladan, 187 nafar Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va 5,8 ming nafar urush orti mehnat faxriylari ijtimoiy himoyaga olingan edi. Mahalla fuqarolar yigʻinlari faollari bilan hamkorlikda ehtiyojmand faxriylardan manzilli ravishda xabar olish, ularga zarur moddiy, maʼnaviy va tibbiy yordam koʻrsatish ishlari tizimli yoʻlga qoʻyildi.

 

Tavakkal ota 2006–2011-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 25-avgustda qabul qilgan “Milliy gʻoya targʻiboti va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida viloyatda dastlab “Bir ziyoli oʻn oilaga maʼnaviy homiy”, keyinchalik “Bir ziyoli besh oilaga maʼnaviy homiy” maʼrifatparvarlik harakatini yoʻlga qoʻyish hamda uni respublika miqyosida ommalashtirishda tashabbuskor boʻldi. Mazkur harakat orqali qator ijtimoiy muammolar yechimi yengillashdi Aholi vakillarining maʼnaviy huquqiy savodxonligini yanada yuksaltirish boʻyicha ommabop tadbirlar koʻplab uyushtirildi. Kam taʼminlangan oilalarning iqtisodiy holatini yaxshilash borasida homiylik harakatiga keng yoʻl berildi. Yoshlarni milliy gʻoya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning siyosiy, huquqiy va ijtimoiy bilim hamda madaniyatini oshirish, mamlakatimizda qabul qilinayotgan qonun hujjatlaridan xabardor qilish, kelajagimiz egalarida turli xil yot gʻoyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish borasida samarali usullar amaliyotga tatbiq qilindi.

 

Tavakkal Topvoldiyev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Nuroniylar maslahati yoshlar kamoloti” guruhi hozir ham mamlakatimizda mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini aholi oʻrtasida keng targʻib qilish orqali maʼnaviy barkamol avlodni tarbiyalash ishlarida samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Bundan tashqari “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi qoshida tashkil etilgan qishloq xoʻjaligi sohasida mehnat qilgan faxriylardan iborat “Tajriba” guruhi yosh fermerlarga muntazam ravishda tavsiya va maslahatlar berib kelishmoqda.

 

2012–2014-yillarda uning tashabbusi bilan 7 ta tumanda jami 16 gektarlik “Nuroniylar bogʻi”, 2 ta “Otalar choyxonasi” tashkil etilgan, 12 ta ziyoratgohda obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi, 39 ming tup mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekilgan. Shu davrda 2 ming nafardan ziyod faxriylarga tibbiy-reabilitatsiya vositalari olib berilgan, homiylar yordamida 2.2 mingdan ziyod faxriylarning xonadonlari taʼmirlangan, 3.8 ming nafardan ziyod keksalarning Samarqand, Buxoro. Xiva, Toshkent shaharlariga sayohati tashkil etilgan.

 

Tavakkal Topvoldiyevning urush va mehnat faxriylarini eʼzozlash, ularga moddiy-maʼnaviy koʻmak berish hamda sogʻliklarini mustahkamlash ishlarini yanada yaxshilash borasidagi tashabbusi qoʻllab-quvvatlanib, 2014-yilda mamlakatimiz boʻyicha 1941–1945-yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini asrab-avaylash, ular haqida gʻamxoʻrlikni kuchaytirish chora-tadbirlari yuzasidan muhim dasturlar qabul qilingan, bu boradagi ishlar kuchaytirilgan edi.

 

El oqsoqoli Tavakkal ota xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputati sifatida viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, hududlarni obodonlashtirish ishlarida faol qatnashish bilan birga, mustaqillik yillarida mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy va bunyodkorlik sohalarida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlar va ularning amaliy samaralarini aholi oʻrtasida doim targʻib qilar edi. Uning “Istiqlol bizning taqdirimizda”, “El-yurt xizmatida”, “Keksalar duosi – el muddaosi”, “Hamisha yelkama-yelka”, “Ijtimoiy himoya markazida faxriylar”, “Samimiyat sohibi” kabi maqolalari respublika gazeta va jurnallarida chop etilgan.

 

Topvoldiyev Tavakkal Temirovichning Vatanimiz baxt-saodati, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yoʻlida qilgan xizmatlari munosib baholanib, “Doʻstlik”, “El-yurt hurmati” ordenlari, “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//