1947-yil 5-dekabrda Xorazm viloyatining Xiva shahrida tugʻilgan.
1972-yili Samarqand davlat tibbiyot institutini tugatgan.
1997-yil “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi” faxriy unvoni,
2007-yili Oʻzbekiston Respublikasining Fan va texnika sohasidagi birinchi darajali davlat mukofotiga sazovor boʻlgan.
2010-yili “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni,
2016-yili “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Qurbonov Ravshanbek Davlatovich kardiologiya sohasidagi koʻp yillik izlanishlari, fidoyi mehnatlari bilan elga tanildi, obroʻ-eʼtibor qozondi.
1972-yili Samarqand davlat tibbiyot institutini tugatgach, ona shahri Xivada toʻrt yil davolovchi shifokor boʻlib ishladi. Soʻngra kardiologiyani chuqurroq oʻrganish orzusida Moskva shahridagi Kardiologiya ilmiy markazida professor N.A.Mazur va akademik N.A.Chazov rahbarligida klinik ordinatura, aspirantura, doktoranturani oʻtadi. Ayni shu markazda yurak yetishmovchiligini tahlil qilish va davolash boʻyicha izlanishlar olib bordi, nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi.
Yosh olim Vatanga qaytgach, Markaziy Osiyo va Oʻzbekistonda birinchi boʻlib Respublika kardiologi ilmiy tadqiqot institutida yangi yoʻnalish aritmologiyaga asos soldi. Izlanishlar keng doirada olib borildi. U armiyani aniqlash maqsadida miokard infarktining dastlabki kunlarida maxsus ishlab chiqilgan jismoniy sinama oʻtkazishni yoʻlga qoʻydi, bu ham Markaziy Osiyoda va sobiq ittifoqda katta yangilik edi. Olimning 1990-yillardan boshlab “Miokard infarktini boshidan kechirgan bemorlarda toʻsatdan oʻlimga sabab boʻladigan omillarni aniqlash va oldini olish”, “Miokard infarktini oʻtkazgan bemorlar hayotiga xavf soluvchi yurak aritmiyalarini qiyosiy (differensial) davolashni takomillashtirish”, “Miokard infarktini oʻtkazgan bemorlarda toʻsatdan oʻlim roʻy bermasligi uchun birlamchi choralarni ishlab chiqish” boʻyicha izlanishlari va amaliy faoliyati yuzlab bemorlarning bu ogʻir xastaliklardan davo topishiga sababchi boʻldi.
Oʻtgan asrning 80-yillarida yurtimizning kimyogar olimlari tomonidan aritmiya va boshqa yurak kasalliklarini davolash uchun oʻnlab dorilar kashf qilindi: Ravshanbek Qurbonov ularni sinab koʻrgach, qator tajribalar asosida allapininning afzalligini aniqladi. Allapinin jahon farmatsevtik bozorida munosib oʻrin egalladi.
2007-yilning 24-avgustida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga koʻra bir guruh olimlarga, jumladan, Ravshanbek Davlatovich Qurbonovga “Yangi antiaritmik taʼsirga ega boʻlgan «allapinin” dori preparati asoslarini ishlab chiqish va yaratish, tibbiyot amaliyotiga tatbiq etish hamda yirik hajmlarda ishlab chiqishni tashkil etish» mavzusidagi ishi uchun respublikaning Fan va texnika sohasidagi birinchi darajali davlat mukofoti berildi.
Mijozlar oʻrtasida allapinin tabletkalari yaxshi baho oldi. Allapenin 1 S toifali antiritmik preparat boʻlib, yurak muskul toʻqimalari qisqaruvchanligini faollashtiradi, tomirlarni kengaytiradi, eng muhimi, ogʻriqsiz taʼsir etadi, asorat qoldirmaydi. Shu jihatlari bilan bu xildagi boshqa xapdorilardan ustunligi bor. Eʼtiborli tomoni shundaki, allapininni sintezlashda Ravshanbek Qurbonov faol ishtirok etdi, uning asosiy mualliflaridan boʻldi. Doridan naf koʻrgan bemorlar mualliflarga koʻplab minnatdorlik xatlari yoʻllashdi. Ravshanbek Davlatovich shunday xatlarning birini oʻqituvchisi, Oʻzbekiston Qahramoni Vera Pakdan oldi.
Kardiolog olim respublika bosh terapevti sifatida aholi salomatligini saqlash ishlariga munosib hissa qoʻshdi. Birinchi Toshkent davlat tibbiyot institutining Urganch boʻlimi rektori lavozimida soha uchun hududiy kadrlar tayyorlash, oʻquv maskani faoliyatini rivojlantirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi ishlarga bosh-qosh boʻldi.
Ravshanbek Qurbonov 1997-yilda respublika Kardiologiya ilmiy-tekshirish institutiga direktor etib tayinlandi. Keyinroq, 2003-yilda, institut Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya markazi (RIKM) sifatida qayta tashkil etilgach, kuniga 150 nafar mijozga xizmat qiladigan maslahat poliklinikasi, 185 oʻrinli statsionar ishga tushirildi. Klinika tarkibida Markaziy Osiyoda birinchi marta 8 yoʻnalishga ixtisoslashtirilgan boʻlim ochildi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlandi. Ravshanbek Qurbonov tashabbusi bilan 2008-yildan boshlab Markaziy Osiyoda ilk bor baʼzi turdagi yurak aritmiyalarini jarrohlik maxsus radiochastotali toʻlqinlarni qoʻllashga asoslangan usulda davolash yoʻlga qoʻyildi.
Ravshanbek Qurbonov kardiologiya sohasidagi 5 ta monografiya, 34 ta uslubiy qoʻllanma va 300 dan ziyod ilmiy maqolalar muallifi Olim respublikada kardiologiyani yanada rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshmoqda.
Uning rahbarligida Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlar kardiologiya dispanserlari malakali kadrlar va uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlandi. Davolash va profilaktika ishlarida ularga muntazam amaliy koʻmak beriladi. Uning tashabbusi bilan 2003-yilda markaz qoshida arterial gipertoniya va yurak aritmiyalari boʻyicha kardiologlar maktabi tashkil qilindi.
Ravshanbek Qurbonov nafaqat respublikamizda, balki jahonda kardiologiya sohasining yetuk olimlaridan hisoblanadi. U kardiologiyaga oid xalqaro miqyosdagi turli jurnallarning tahrir hayʼati aʼzosi. “Yevroaziya” kardiologiya jurnali bosh muharririning oʻrinbosari.
Shifokor olimning hayot yoʻli haqida “Urib turgin, yurak” nomli hujjatli film yaratilgan.
Ayni kunda Ravshanbek Qurbonov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi sifatida ham samarali faoliyat olib bormoqda.
//
Izoh yo‘q