1947-yil 20-dekabrda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kegeyli tumanida tugʻilgan.
1971-yilda Toshkent qishloq xoʻjaligini irrigatsiyalash va mexanizatsiyalash muhandislari institutini tamomlagan.
2002-yildan 2020-yilga qadar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining oʻrinbosari lavozimida ishladi.
“Mehnat shuhrati”, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan quruvchi” unvoni,
2019-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.
2020-yilda vafot etgan.
Mehnat faoliyatini qurilish muhandisi lavozimidan boshlab, keyinchalik Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida katta referent, boshqarma boshligʻi, ishlar boshqaruvchisi boʻlib ishladi. Qariyb yarim asrlik faoliyati davomida ulkan rahbarlik salohiyati, boy bilim va tajribasi, maʼnaviy fazilatlari hamda Vatanimizga beqiyos muhabbati, sadoqati bilan xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi.
Qoraqalpoq diyorida keyingi yillarda yuz bergan barcha ulkan oʻzgarishlar Musa Tajetdinovich Yerniyazovning nomi va amaliy faoliyati bilan chambarchas bogʻliqdir. 1983–1989-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi uy-joy kommunal xoʻjaligi vaziri, Vazirlar Kengashi raisining oʻrinbosari, Chimboy tumani hokimi lavozimlarida el-yurt ishonchini qozondi.
Musa Yerniyazov qaysi lavozimda ishlashidan qatʼi nazar, barcha hududlarning taraqqiyotiga birdek eʼtibor qaratdi. Ayniqsa, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi raisi sifatidagi faoliyati davomida barcha sohalarda izchil islohotlar amalga oshdi. Sanoat, qishloq xoʻjaligi, turizm, ijtimoiy sohalar rivojlandi. Hududlarda qad koʻtargan qator korxonalar, kommunikatsiya obyektlari qurilishi uning tashabbusi bilan bogʻliq. Qoraqalpogʻiston Respublikasini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish, Orol boʻyidagi ekologik vaziyatni yaxshilash, aholining turmush darajasini oshirish boʻyicha ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlari amalga oshirildi.
Qoraqalpogʻistonda u chuqur oʻrganmagan soha, uning yordami va qoʻllab-quvvatlashisiz ishga tushgan obyekt, u kirib bormagan hudud yoʻq edi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi. Davlatimiz rahbarining bevosita eʼtibori tufayli Qoraqalpogʻistonning tuman va shaharlarida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, eski uylar oʻrniga yangi, milliy loyihalar asosida koʻrkam binolar, soʻlim va goʻzal xiyobonlar qurildi. Mahalla va qishloqlar “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari asosida yangi qiyofa kasb etdi. Bu ishlarni amalga oshirishda Musa Yerniyazovning xizmatlari katta boʻldi.
Musa Yerniyazov oldiga qoʻygan maqsadlari yoʻlida qatʼiyatli inson edi, toʻgʻrisoʻz va kamgapligi, insonlarni tushuna olishi, masala va muammolarga ijobiy yechim topishi, bilimdonligi va uzoqni koʻra olishi bilan ajralib turardi. Oxirgi yillarda yirik toʻqimachilik, farmatsevtika, elektrotexnika va boshqa zamonaviy sanoat korxonalari qurilishi hisobiga Qoraqalpogʻistonda ishlab chiqarish hajmi 2 barobar oʻsdi. “Nukus polimer” MCHJ, “Nukuselektroapparat” MCHJ, Qoraoʻzak tumanidagi “Qoraqalpoq sement”, “Titan sement”, Taxiatosh tumanidagi metall-konstruksiya ishlab chiqarish zavodi, Ellikqalʼa tumanidagi “Boʻston mega-tekstil”, Toʻrtkoʻl tumanidagi “Vegateks global”, Chimboy tumanidagi “Lanextrakt korxonalarida ham ishlab chiqarish yaxshi yoʻlga qoʻyildi. Nukus shahrida «Nukus Med Tex” MCHJ, Kegeyli tumanida “Kegeyli qogʻoz” MCHJ, “Lanko-miya” korxonasi, Amudaryo tumanida “Amu Shoxjaxon” MCHJ... Tumanlarning ijtimoiy iqtisodiy rivojlanishi, odamlarning ish bilan taʼminlanishi, turmush farovonligi yuksalishi, jamiyat taraqqiyotiga keng imkoniyatlar yaratgan bunday korxonalar sanogʻini yana davom ettirish mumkin.
Yangi suv tarmoqlari qurilishi natijasida aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 40 foiz dan 67 foizga yetdi 241 ta maktab, sog'liqni saqlash, madaniyat va sport obyektlari yangidan qurildi, kapital taʼmirlandi. “Buxoro – Miskin” yangi temiryoʻl liniyasi ishga tushdi. Moʻynoq tumanida amfiteatr, “Moʻynoq, porloq tekstil” tikuvchilik korxonasi, davlat xizmatlari markazi, futbol o'yingohi, “Madaniyat” va “Oq kema” bolalar sogʻlomlashtirish markazi: Nukus shahrida Markaziy Osiyoda yagona va Oʻzbekistonda birinchi “Imkon” nomli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim muassasasi foydalanishga topshirildi.
Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, mintaqa aholisining turmush sharoitini yaxshilash borasida ham kuyinchaklik bilan ishladi. Orolning qurigan tubiga choʻlga chidamli oʻsimliklar ekish, uni “Yashil qoplama” ga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan natijalarda uning hissasi beqiyosdir.
Musa Yerniyazov olimlarni, ijodkorlarni juda qadrlardi, xalq madaniy-maʼnaviy saviyasini oshirishga alohida eʼtibor qaratardi: rahbarlik yillarida qoraqalpoq ilm-fani taraqqiy etdi. Nukusda koʻplab oliy oʻquv yurtlari va filiallar tashkil etildi. Oʻzbekistondagi yangilanish jarayonlari tufayli xududda katta ishlar amalga oshirildi. I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat sanʼat muzeyining ikkinchi korpusi qurilib, xalqaro standartlar asosida jihozlandi va foydalanishga topshirildi. Qoraqalpoq davlat oʻlkashunoslik muzeyi, Ibroyim Yusupov nomidagi ijod maktabi. Amir Temur hamda “Istiqlol” nomidagi istirohat bogʻlari zamonaviy Olimpiya va milliy sport turlari boʻyicha zamonaviy Nukus oliy sport mahorati maktabi bunyod etildi Imom Eshon Muhammad jomeʼ masjidi rekonstruksiya qilinib foydalanishga topshirildi. Chimboy tumanida sevimli qoraqalpoq shoirlari Kunxoʻja, Berdaq maqbaralari qurilib, ijodiy muzeyi va xiyobon barpo etildi.
Musa Yerniyazovning goʻzal fazilati yoshlarga otalarcha mehr va gʻamxoʻrlik koʻrsatar, qoʻllab-quvvatlar edi u Nukusdagi “1-Mehribonlik uyi” tarbiyalanuvchilaridan har bayramda xabar olib, ular bilan suhbatlashib, nasihatlarini ayamadi, bolalarning iqtidori, salohiyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatladi.
Musa Tajetdinovich Yerniyazov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining oʻrinbosari sifatida mustaqilligimizni mustahkamlash, mamlakatimizda parlamentarizm tizimini rivojlantirish ishiga munosib hissa qoʻshdi, mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotida muhim boʻlgan qonunlarni ishlab chiqish amalga oshirishda faol qatnashdi.
“Mehnat shuhrati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari, “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan quruvchi” va “Oʻzbekiston Qahramoni” degan yuksak unvonlar Musa Yerniyazovning sharafli mehnatlari uchun munosib baxo boʻldi. Xalq qalbida qoldirgan yorqin xotirasi, qadrdon elining minnatdorlik tuygʻulari savoblar daryosi boʻlib, bu aziz insonning oxiratini obod etsin!
//
Izoh yo‘q