1958-yil 9-martda Fargʻona viloyati Oltiariq tumanida tugʻilgan.
2004-yili “Nurli obod” fermer xoʻjaligini tashkil etib, shu xoʻjalikni boshqarib kelgan.
2004-yili “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi” unvoni,
2013-yili “El-yurt hurmati” ordeni,
2017-yili “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni,
2019-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
2022-yilda vafot etgan.
Murotova Lola Neʼmatovna qishloq xoʻjaligi soxasida yarim asrdan ortiq mehnat qilib, gʻalla yetishtirish sirlarini puxta oʻzlashtirgan tajribali dehqon sifatida respublikaga tanilgan. U yoshligidanoq gʻayratli, shijoatli, shoʻx-shaddod, texnikaga oʻch edi. Ayniqsa, paxta terimi mavsumlarida hosilni kechiktirmay yigʻib-terib olishni oʻylab, tushlariga paxta terish mashinalari kirib chiqardi. Oʻrta maktabni bitirgach, mehnat faoliyatini xoʻjalikda traktorchilikdan boshladi: oddiy ishchi, mexanik, tabelchi, brigadir, boʻlim boshligʻi, xoʻjalik raisi – bu vazifalarni bajarish asnosida kasb sirlarini oʻrganib qolmay, yurtdoshlari qalbiga quloq tutish, ularning quvonchu tashvishlari bilan yashash – bir soʻz bilan aytganda, hayot sinovlaridan ezgu niyatlar, mehnatu iroda bilan oʻtishni, odamiylik fanini ham tinmay oʻqidi.
1980-yili Toshkentning Qoʻyliq mavzesidagi industrial texnikumni, keyinchalik oliy oʻquv yurtini sirtdan bitirgan Lola traktorchilik qildi, paxta terish mashinasida mavsumda 130 tonnagacha paxta terib, elning nazariga tushdi, 22 yoshida viloyat kengashi deputatligiga saylandi. Shundan keyin tuman rahbarlari unga yillar davomida rejani bajara olmagan, yerlari qarovsiz holga kelgan brigadaga yetakchilik qilishni topshirishdi. 30 nafar yoshlar bilan bu joylarni unumdor, fayzu barakotli dalalarga aylantirdi. Qatʼiyatli, tirishqoq Lola Murotova boshchiligida 56 gektar tashlandiq yerlar hosildor, boʻliq paykallarga aylandi. Paxtachilikdagi muvaffaqiyatlari tuman boʻyicha ommalashtirildi. Qayta-qayta viloyat Kengashi deputatligiga saylandi. Uning haqiqatparastligi, ish borasida hech kimni ayamasligi, yerga muhabbati, halolligi, sodda-samimiyligi odamlarning unga yurak-yurakdan bogʻlanib qolishiga sabab boʻldi.
Endi nafas rostlash, mehnatlari mevasidan bahramand boʻlish fursatlari yaqinlashganday edi... Lolani Markaziy Fargʻona choʻlining qoq oʻrtasida joylashgan sovxozga boʻlim boshligʻi etib tayinlashdi. Uchma qumlar koʻchib yuradigan, choʻl oʻrtasidagi gʻarib dala shiyponidan boshqa hech narsasi boʻlmagan bu joyda mehnat qilayotganlarning yashashi uchun sharoit yaratish, suvsiz, shoʻrlagan yerlarning “tilini topib mehrini qozongun-cha”, eh-he... Endi bu gaplar aytishga oson: bahorgi achchiq izgʻirinlar, jala aralash uvullagan shamolda boshini quyi egib, muz aralash tomchilar ayovsiz qamchilagan, sovuq barglarini qilichday tilgan gʻoʻzalar... kechasi bilan boʻronlar barxanlarni surib toʻsib qoʻygan yoʻllardan zoʻrgʻa oʻtib borganda, bir kun oldin shonalab gullay boshlagan, gurkirab turgan gʻoʻzalar oʻrnida qup-quruq soʻppaygan choʻplarni koʻrib, necha bora “Endi nima qilamiz?” degan ogʻir oʻy-tashvishda qolgan. Bunday paytlarda Lola avvalo Allohning muruvvatiga ishonch-eʼtiqodi, qolaver sa, urush maydonlarida hayot-mamot sinovlarini koʻrgan otasining “Qoʻrqma, qizim, hech bir ishning osoni yoʻq. Shaxt qilsang, ishning uddasidan chiqasan. Senga ishonaman” degan nasihatlaridan kuch-quvvat olib adashmadi.
“Ish quroling soz boʻlsa, mashaqqating oz bular”, deyiladi xalq maqolida. U butun faoliyati davomida rahbarligidagi jamoaning mehnatlaridan topilgan daromadni birinchi navbatda aʼzolarining turmush farovonligini oshirish va yashash sharoitlarini yaxshilashga, ularning mehnati unumli boʻlishi uchun barcha zaruriy texnika vositalari xizmatini namunali yoʻlga qoʻyishga intildi. Oʻzining biror marta boʻlsin, falon tadbirga alohida tayyorgarlik koʻrib, oynaga qarab yuziga oro berganini, ipakka burkanganini hech kim koʻrmagan. Hamisha egnida paxta ipidan toʻqilgan odmi gulli chit koʻylak, boshida koʻnglidek oppoq oddiy chit roʻmol, oyogʻida kirza etik, belida chit durra. Umrining bezagi elu yurtni toʻydiradigan, mehnatkashni siylaydigan ona yerga muhabbati. “Kim nima desa desin, ammo yer soxtalikni, koʻzboʻyamachilikni, aldovni yoqtirmaydi. Yer mehnatkash, fidoyi dehqonni, albatta, siylaydi” u mana shu eʼtiqodiga sadoqat bilan yashab, ishlab kelmoqda.
“Lolaxon choʻlning qayerida dehqonchilik qilmasin, yerni zahardek boʻgʻadigan, shoʻrlatadigan suvlardan zada boʻlib, yillar davomida Markaziy Fargʻona kanalining suvini olib kelish uchun qanchadan-qancha idoralarning eshigini qoqmagan”, deydi yarim asrdan ortiq umri miroblik bilan oʻtgan Tojiali ota Tojidavlatov.
Lola Murotovaning markaziy Fargʻona choʻllarining qoq oʻrtasida joylashgan “Nurli obod” fermer xoʻjaligi yerlari bugungi kunda 400 gektardan ziyodni tashkil etadi. Sarson qumlar doimiy koʻchib yuradigan choʻl bagʻridagi bu xoʻjalik hozirda dehqonchilik, obodonchilik, bilim va mehr, tajriba va yurtga sadoqatning ajoyib namunasi sifatida nafaqat viloyatda, balki respublikada ibrat maktabiga aylangan.
Oʻzbekiston xalq shoiri Enaxon Siddiqova shunday xotirlaydi: “2018-yili Mustaqillik bayrami arafasida Muhtaram Prezidentimizning paxtachilik zarshunosi, dala akademigi Lola Murotovaga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni berganlari toʻgʻrisidagi xabarni eshitdim-u, hammaga suyunchiladim. Keyin sim qoqdim. Telefon goʻshagidan Lolaning horgʻin ovozi eshitildi.
Qayerdasiz, Lola?
– Ayrim paykallarga qora shira oralabdi. Shunga diqqatim oshib, yerning ichida oʻzimga kelolmay turibman.
Qoq peshinda, kunning shunday issigʻida-ya?
– Chumchuqdan qoʻrqqan tariq ekmaydi... Lolaxon, uvatga oʻtiring-da, bir yaxshilab quvonchdan yigʻlab oling!
Tinchlikmi, ishqilib?!
Tinchlik, tinchlik. Bugun siz uchun eng baxtli kun. Zahmatli mehnatlaringiz yuksak baholandi. Muhtaram Prezidentimiz sizga “Oʻzbekiston Qahramoni” unvonini beribdilar. Tabriklayman!...
Biroz jimlikdan keyin uning ovozi uzilib-uzilib eshitildi:
– Allohga beadad shukr! Meni ardoqlagan xalqimga. Prezidentimga mingdan-ming rahmat!
Shu kuni Lolaning choʻlning qoq oʻrtasidagi shiyponiga odamlar oqib keldi. Barchaning tilida deyarli bir gap: “Haqiqat bor ekan! Sizning mehnatlaringizni bilgan, qadrlagan Yurtboshimizga rahmat! Ularning qoʻlidan unvonni olayotganingizda, bu mukofot uchun bizning minnatdorligimizni aytishni ham unutmang!”
U butun umrini, qalb haroratini, mehrini dalaga berdi. Taqdiri ufqlarga singib ketgan paxtazorlarga, qismati ona zaminga tutashdi. Hammamiz yaralgan, barchaga rizq-nasiba berguvchi va oxir-oqibat oʻz bagʻriga olguvchi muqaddas tuproq bandalardan ham buyuk va otashin muhabbat kutadi. Lolaxon quyoshdek haroratli qalb saxovatini ona yerga bagʻishladi va bu bilan oʻzini baxtli hisoblaydi. Uning himmatidan koʻplab yurtdoshlari bahramand boʻldi, elning toʻkin, farovon yashashi uchun oʻz gʻayrat-shijoatidan rizq-nasiba yaratdi. Shu bilan ona zaminning, Vatanning suyukli qiziga aylandi.
//
Izoh yo‘q