Hasan Normurodov


17:04 / 26.04.2024 325 0

1939-yil 16-noyabrda Samarqand viloyati Kattaqoʻrgʻon shahrida tugʻilgan.

Samarqand davlat universitetida tahsil olgan.

1961-yili mehnat faoliyatini shahardagi 3-maktabda oʻqituvchilikdan boshlagan.

2003-yildan Samarqand viloyati “Nuroniy” jamgʻarmasi raisi boʻlgan.

2008-yili “Mehnat shuhrati” ordeni,

2012-yili “El-yurt hurmati” ordeni,

2017-yili “Doʻstlik” ordeni,

2019-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.

2015-yildan Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati boʻlgan.

2020-yildan Samarqand viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari boʻlgan.

2021-yilda vafot etdi.

 

U oddiy va olijanob insonlar orasida kamol topdi. Kattaqoʻrgʻon dalalarida bir umr dehqonchilik qilgan otasi Norbek akadan halollik va mardlik saboqlarini olgan bulsa, onasi Misqoloy opadan toʻgʻrisoʻzlik, oqibat, odamlarga mehr kabi fazilatlarni qalbiga singdirdi.

 

U yurt tarixini mehr bilan oʻrgandi. Ona Vatanga mehr uning yoʻllarini hamisha yeritib turdi. Talabalik davrida samarqandlik yoshlarning sardori sifatida yurtining haqikiy tarixi haqida rad etib boʻlmaydigan dalillar bilan maʼruza lar qilar, jurnallarda maqolalar nashr ettirar edi.

 

Uning uchun Samarqand bir tomonlama goʻzallik timsoli emas, donishmand shahar edi Hasan Normurodov Samarqandning har bir gʻishtini tanirdi. Koʻchalarining qayerida qanday gullar ochilganini, qaysi joyida bunyodkorlik ishlari borayot ganini ayta olardi.

 

U Samarqand davlat universitetini tugatgach, masʼul lavozimlarda: Samarqand viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi, Narpay tumani rahbari, turli yillarda Jomboy va Samarqand tumanlari rahbarining oʻrinbosari boʻlib ishladi. Uzoq yillar viloyat xalq taʼlimi va fan xodimlari kasaba uyushmasi rahbari sifatida faoliyat koʻrsatdi. Umrining oxirigacha Samarqand viloyati Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining oʻrinbosari lavozimida ishlab keldi.

 

Bu masʼul vazifalarda u eliga munosib xizmat qildi. Xalq dardini tinglay bildi. Uning rahbarlik davrida oddiy odamlardan doʻstlari koʻpaydi. Choʻponlar, dehqonlar, fermerlar, ishlab chiqaruvchilar, quruvchilar uning suhbatdoshi, olimlar, ilm-fan namoyandalari maslahatgoʻylari edi. Turgʻunlik yillarida, paxta yakkahokimligi davrini, “oʻzbeklar ishi”. “paxta ishi” kabi el boshiga yogʻilgan tuhmat balolarini koʻrgan bardoshli inson yuragida oʻsha armonli, achchiq kunlar yodi muhrlanib qolgan edi. Hasan aka mustaqillikni yigʻlab kutganlardan biri boʻlgandi.

 

Yorugʻ kelajakka ishonch bilan mehnat qilish unga nurli tonglarni sovgʻa qildi. Yaxshilik yerda qolmas ekan, uni yurtida koʻpchilik yaxshi bilardi, dono maslahatlari yoshlarga asqatadi. Shuningdek, xizmatlari ham munosib taqdirlandi. Hasan Normurodov “Mehnat shuhrati”, “Doʻstlik”, “El-yurt hurmati” ordenlari bilan taqdirlandi. Hammasidan ham qimmatlisi – yurtdoshlarining mehri. Viloyatning har bir fuqarosi uni oʻz xonadonida, dasturxonining toʻrida koʻrishni xohlardi. Bir odamga elning mehri shunchalar boʻlar-da!

 

Oqsoqolning hayot tajribasi, koʻrgan-kechirganlaridan orttirgan xulosalarining qaymogʻi yillar osha jamoatchilikka dasturulamaldek naf keltiraveradi. Hasan ota boshlagan ezgu ishlar davom etaveradi.

 

Xususan, “Nuroniy” jamgʻarmasi qoshida tajribali qishloq xoʻjaligi faxriylaridan tashkil etilgan “Madad” guruhi fermerlarga oʻz tavsiya va maslahatlarini berib kelmoqda. Shuningdek, “Faol faxriy ayollar” va “Yoshlar bilan ishlash” guruhlari aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, diniy ekstremizm gʻoyalariga qarshi kurash, oilalar tinchlik va totuvligini mustahkamlash, ijtimoiy muhitni yanada yaxshilash masalalariga hissa qoʻshmoqda.

 

Bundan tashqari, Hasan Norbekovichning saʼy-harakatlari bilan 2017-yilda keksa avlod vakillari uchun barcha shart-sharoitlarga ega zamonaviy va koʻrkam 16 ta “Nuroniylar maskani” barpo etilgan edi. Majmualardagi boy kitob fondiga ega kutubxona, dam olish xonalari, maxsus sport anjomlari bilan jihozlangan davolash-jismoniy tarbiya zallari nuroniylarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishlariga moʻljallangan.

 

“Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni sohibi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi boʻlgan bu aziz inson yoshlarimizning donishmand ustozi, barcha ezgu niyatli yurtdoshlarimizning faxri va iftixori boʻlib qalblarda yashab qoladi.

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//