1937-yil 27-dekabrda Toshkent shahrida tugʻilgan.
1961-yilda hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti filologiya fakultetini bitirgan.
1961–1982-yillarda – Davlat badiiy adabiyot nashriyoti muharriri, bosh muharrir oʻrinbosari, 1982–1995-yillarda “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasi bosh muharriri oʻrinbosari boʻlib ishlagan.
1995–2006-yillarda – “Milliy tiklanish” gazetasi bosh muharriri va Oʻzbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi.
1997–2005-yillarda – Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, Matbuot va axborot qoʻmitasi raisi oʻrinbosari.
1995-yilda “Doʻstlik”, 2007-yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari,
2017-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi sanʼat arbobi” faxriy unvoni berilgan.
2021-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoniga sazovor boʻldi.
Ibrohim Gʻafurov koʻp yillardan buyon adabiyotshunoslik, badiiy ijod va adabiy tarjima yoʻnalishlarida samarali faoliyat koʻrsatib, zamonaviy oʻzbek adabiyoti ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan yirik olim, mahoratli ijodkordir.
Dastlab oʻzining hikoya va maqolalari bilan tanilgan adib mumtoz adabiyotimiz namunalarida umuminsoniy qadriyatlarning aks ettirilishi, zamonaviy adabiyotimizda yuz berayotgan ijodiy jarayonlar yuzasidan jiddiy tadqiqotlarga ham qoʻl urdi. 1963-yilda uning adabiy tanqidga bagʻishlangan “Goʻzallikning olmos qirralari” nomli ilk kitobi nashr etildi.
Toʻplamga zamondosh ijodkorlar asarlariga bagʻishlangan ilmiy-badiiy taqrizlar kiritilgan boʻlib, muallif ularni teran tahlil etadi, jahon badiiyatining yuksak mezonlari hamda universal umuminsoniy tamoyillardan kelib chiqib baholaydi va oʻz munosabatini bildiradi. Mulohazalar oʻsha paytda asosiy mezon boʻlgan sosrealizm qoliplaridan xoli, sof adabiy-estetik qadriyatlarga asoslanganligi bilan ham ahamiyatli edi. Adabiy tanqidshunosilikdagi bunday yondashuv oʻziga xos yangilik sifatida eʼtirof etildi.
Olimning keyinchalik olib borgan izlanishlari natijasida “Joziba”, “Yonar soʻz”. “Yam-yashil daraxt”. “Sheʼriyat izlanish demak” singari kitoblari nashr etildi. Ibrohim Gʻafurovning adabiyotshunoslikdagi bunday dadil qadamlari munosib taqdirlandi u Oʻzbekiston yoshlar mukofotiga sazovor boʻldi.
Filologiya fanlari nomzodi Ibrohim Gʻafurovning faoliyati bilan yaqindan tanish boʻlgan kishi uning nafaqat adabiyotshunos, balki yozuvchi, shoir, tarixnavis, publitsist va tarjimon sifatida salmoqli asarlar yaratganiga guvoh boʻladi. Shu bois ham uni zamondoshlari mehnatkash, zahmatkash, sermahsul ziyoli sifatida qadrlaydi.
Bir paytning oʻzida ketma-ket chop etilgan “Dil erkinligi”. “Hayo – xaloskor”, “Mangu latofat” deb nomlangan kitoblaridan joy olgan mansuralar borliqqa oʻtkir shoir nazari bilan boqqan qalb sohibining koʻngil evrilishlarini aks ettiradi. Esselar esa quruq adabiy dalillarning yuzaki talqini yoki sharhidan farq qilib, janrni badiiy unsurlar bilan boyitgan ravon va latif goʻzallikka yoʻgʻrilgan. Risola va badialarda jahon adabiyoti namunalarini milliy maʼnaviy qadriyatlarimiz bilan muqoyasa qilib, yutuq va kamchiliklari haqida jonkuyarlik bilan fikr bildirilgan.
Olimning XX asr hamda zamonaviy oʻzbek adabiyotining Usmon Nosir, Maqsud Shayxzoda, Mirtemir, Zulfiya, Said Ahmad, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov singari yirik dargʻalari asarlarini chuqur tadqiq qilib yaratgan adabiy portretlari oʻzbek milliy adabiyotini oʻrganishda muhim manba vazifasini oʻtamoqda.
Kitobxonlar Ibrohim Gʻafurovni eng sermahsul va mohir tarjimon sifatida ham yaxshi taniydi. Xususan, jahon adabiyotining yirik namoyandalari E.Xemengueyning “Chol va dengiz”, “Alvido, qurol”, Mopassanning “Azizim”, F.Dostoyevskiyning “Telba”, “Jinoyat va jazo”, “Qimorboz”, “Iblislar”, “Aka-uka Karamazovlar”, Ch.Aytmatovning “Qiyomat”, “Chingizxonning oq buluti”, G.Markesning “Buzrukning kuzi”, J.Joysning “Uliss” singari asarlarini oʻzbek tiliga oʻgirib, keng jamoatchilikni dunyo adabiyotining nodir durdonalari bilan tanitishga, ulardan bahra olishga katta hissa qoʻshdi. Shuningdek, olim yaratgan tarjimashunoslikka doir “Tarjimonlik mutaxassisligiga kirish”, “Tarjima nazariyasi” (hammualliflikda) darsliklari ushbu yoʻnalishdagi tayanch manbalar hisoblanadi. Ibrohim Gʻafurov bugungi kunda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining nasr, adabiy tanqid, badiiy tarjima ijodiy kengashlari ishida faol qatnashib, isteʼdodli yoshlarni tarbiyalashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda. Adib hamon joʻshqin ijodiy jarayon ogʻushida. “Sharq” nashriyot-matbaa uyi yirik yozuvchilar turkumida uning ham “Saylanma”sini chop etdi. Yaqinda uning “Ayyub nidosi”, “Oltin qoziq” kitoblari bosmadan chiqdi.
Ibrohim Gʻafurov oʻzbek adabiyoti va adabiyotshunosligi, milliy tarjima sanʼatini rivojlantirishdagi alohida xizmatlari hamda serqirra ijtimoiy faoliyati uchun Vatanimizning eng yuksak mukofoti “Oʻzbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlandi.
//
Izoh yo‘q