1960-yil 26-noyabrda Andijon viloyati Buloqboshi tumanida tugʻilgan.
1980-yilda “Maqom” ansambli xonandasi sifatida faoliyatini boshlagan.
1985-yilda Toshkent davlat konservatoriyasini tamomlagan.
1982–2014 yillarda M.Qoriyoqubov nomidagi Akademik va xalq badiiy jamoalari direksiyasida yakkaxon xonanda boʻlib faoliyat koʻrsatdi.
2014-yildan Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi anʼanaviy ijrochilik kafedrasi mudiri vazifasini bajarmoqda.
1990-yilda “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist”, 1994-yilda “Oʻzbekiston Respublikasi xalq artisti” faxriy unvonlari berildi.
1998-yilda “El-yurt hurmati”, 2004-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun”, 2011-yilda “Buyuk xizmatlari uchun”, 2019-yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan.
2021-yilda “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoniga sazovor boʻldi.
Munojatxon Yoʻlchiyeva oʻzining butun faoliyati davomida oʻzbek mumtoz maqom sanʼatini rivojlantirish, uni jahonga tanitish va keng targʻib qilishga salmoqli hissa qoʻshib kelayotgan isteʼdodli sanʼatkorlardan.
Uning oʻziga xos noyob ovozi va ijro mahorati nafaqat mamlakatimiz, balki xorijiy mamlakatlarda ham mutaxassislar va sanʼat muxlislari eʼtirofiga sazovor boʻlib kelmoqda. Xonanda ijrosidagi “Sarahbori navo”, “Sarahbori dugoh”, “Mustazodi navo”, “Moʻgʻulchai navo”, “Munojot”, “Ushshoq”, “Gʻuncha yangligʻ”, “Tanovar”, “Izlayman” kabi oʻnlab ashulalar sanʼat shinavandalari qalbidan chuqur joy olgan.
Munojatxon Yoʻlchiyeva respublika va xalqaro miqyosdagi koʻplab yirik va nufuzli tadbirlarda, festivallar, koʻrik-tanlovlarda ishtirok etib kelmoqda. 2000-yilda “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining gʻolibi boʻlgan. 2000–2004-yillarda UNESСO tashkiloti soʻrovnomasi bilan “Insoniyatning nomoddiy merosini saqlash” tashkiloti hayʼat aʼzoligiga qabul qilindi.
1991-yili Amerikada “Osiyo jamiyati” mashhur sozanda. Oʻzbekiston xalq artisti Turgʻun Alimatov va Munojat Yoʻlchiyeva ijro etgan kuy va qoʻshiqlar audio-kassetasini, 1995-yili Fransiyaning “Okora” firmasi xonanda ashulalari yozilgan kompakt diskini, 1997-yilda Olmoniyaning “Netvork” firmasi uning ikkinchi kompakt diskini chiqardi.
Mustaqillik sanʼatkorlarga oʻzbek sanʼati, madaniyatini dunyoga keng yoyish imkonini berdi. Munojat Yoʻlchiyeva ham oʻz professional ijrolari bilan xorijiy yurtlar tomoshabinlari olqishiga takror-takror sazovor boʻldi. Belgiya, Germaniya, Gollandiya, Ispaniya, Marokash, Italiya, Fransiya, Korsika, Ozarbayjon, Turkmaniston, Buyuk Britaniya, Avstriya, Xitoy, Hindiston, Turkiya, Tunis, Rossiya, Italiya kabi yer kurrasining koʻplab davlatlarida ijodiy safarlarda boʻldi. Xonanda oʻzining betakror ijrolari bilan oʻzbek anʼanaviy sanʼati sehru jozibasini millionlab qalblarga olib kirmoqda, ularning olqishiga sazovor boʻlmoqda, milliy sanʼatimiz va boy madaniy merosimizni dunyo xalqlari oʻrtasida keng targʻib etmoqda.
Munojatxon Yoʻlchiyeva 2014-yildan buyon Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi anʼanaviy ijrochilik kafedrasi mudiri lavozimida samarali faoliyat koʻrsatib, yoshlarga milliy maqomchilik sanʼati sirlaridan saboq berib kelmoqda. Ayniqsa, keyingi yillarda respublikamizda ushbu mumtoz sanʼatimiz rivoji, iqtidorli yoshlarning ayni sohadagi qobiliyat va intilishlarini qoʻllab-quvvatlash, oʻzbek Maqomi shuhratini dunyoga keng yoyish yoʻlida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar mutaxassislar oldiga yanada dolzarb vazifalarni qoʻymoqda. Munojatxon Yoʻlchiyeva ham talaba-shogirdlariga Buxoro, Xorazm, Fargʻona, Toshkent maqom yoʻllari, ijrochilik qonuniyatlari va oʻziga xos ifoda vositalarini chuqur oʻrgatmoqda. Soʻnggi uch yilda uning 20 dan ortiq shogirdlari respublika va xalqaro miqyosdagi nufuzli tanlovlar gʻolibi boʻlib, mumtoz sanʼatimiz umriga umr qoʻshmoqdalar.
Munojatxon Yoʻlchiyeva betakror isteʼdodi, oʻzbek maqom sanʼatini rivojlantirish, yosh avlodni ona Vatanga, xalqqa, milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga qoʻshayotgan salmoqli hissasi tufayli el orasida katta hurmat qozongan. U respublikamizning turli hududlarida oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar va uchrashuvlarda ham faol ishtirok etmoqda.
Respublikamiz Prezidentining Farmoni bilan noyob ovoz va iqtidor sohibasi, mumtoz sanʼatimiz rivojiga katta hissa qoʻshib kelayotgan olima, yoshlar ustozi, xalqimizning suyukli xonandasi Munojatxon Yoʻlchiyeva mustaqilligimizning 30-yillik toʻyi arafasida “Oʻzbekiston Qahramoni” yuksak unvoni bilan taqdirlandi.
//
Izoh yo‘q