Abdulxoliq Gʻijduvoniy


14:12 / 29.12.2023 2094 0

Gʻijduvoniy, Abdulxoliq (1103–1179) – umuminsoniy maʼnaviyat rivojida oʻchmas iz qoldirgan mutafakkir, Oʻrta Osiyo va butun musulmon olamida keng tarqalgan “xojagon” tariqatining asoschilaridan biri. U 1103-yilda Gʻijduvon shahrida dunyoga kelgan. Gʻijduvoniy oʻsha davrning yirik mutasavvifi Xoja Yusuf al-Hamadoniyning shogirdi, xalifasidir. Xoja Yusuf al-Hamadoniy Xoja Ahmad Yassaviy va Gʻijduvoniyning murshidi, piri boʻlib, ularni tasavvuf tariqati vakillari sifatida voyaga yetkazadi. Uning, shu kabi Xoja Hasan Andoqiy va Abdulloh Barraqiy kabi shogirdlari ham islom olamida mashhur allomalar sifatida qayd etiladi. Xoja Yusuf Hamadoniy zikri xufiya, yaʼni ovoz chiqarmasdan dilida zikr qilish tarafdori edi. Abdulxoliq Gʻijduvoniy Yusuf Hamadoniy bilan birga Balh, Marv, Samarqand, Isfahon, Bagʻdod shaharlariga safar qiladi. 1179-yilda Gʻijduvonda vafot etadi. Maʼlumki, Hamadoniy solik (tariqat yoʻliga kirgan)lar amal qilishi zarur boʻlgan toʻrtta xulq-odob qoidasini ishlab chiqqan edi. Bular “xush dar dam”, “nazar dar qadam”, “safar dar vatan”, “xilvat dar anjuman”dir. Gʻijduvoniy oʻz ustozi ishlab chiqqan qoidalar tizimiga yana 4 ta qoida kiritgan edi. Bular “yodkard”, “bozgasht”, “nigohdosht” va “yoddosht”, deb atalgan qoidalardan iborat edi. Gʻijduvoniy Xoja Yusuf Hamadoniy shakllantirgan tariqat yoʻlini “xojagon tariqati” taʼlimoti sifatida elga tanitdi. Mazkur taʼlimot keyinchalik naqshbandiylik taʼlimotining kamol topishiga katta taʼsir koʻrsatadi. Oʻz navbatida Bahouddin Naqshband Yusuf Hamadoniy va Gʻijduvoniy ilgari surgan 8 ta qoidaga yana 3 ta qoida kiritadi. Bu qoidalar “vuqufi zamoniy”, “vuqufi adadiy” va “vuqufi qalbiy” nomi bilan yuritiladi. Gʻijduvoniy bir necha asarlarning muallifidir. Shulardan biri “Odobi tariqat” (“Tariqat odobi”) yoki “Risolayi vasoyo” (“Nasihatlar risolasi”) deyiladi. Ushbu risola Abdulxoliq Gʻijduvoniyning xalifasi Xoja Avliyo Kabirga bagʻishlangan. Abdulxoliq Gʻijduvoniyning yana bir asari “Maqomati Xoja Yusuf Hamadoniy” (“Xoja Yusuf Hamadoniyning tutgan oʻrni”) yoki “Risolayi sohibiyya” (“Doʻstlik haqida risola”) deb ataladi. Mutasavvifning yana bir asari “Az guftori Abdulxoliq Gʻijduvoniy” (“Abdulxoliq Gʻijduvoniyning aytganlari”) nomi bilan yuritilgan. Bulardan tashqari, uning hayoti, ijodiy faoliyati haqida maʼlumotlar manoqib, maqomat va tazkiralarda ham koʻp uchraydi.

 

Gʻijduvoniy oʻz asarlarida bilim egallash, insoniy fazilat va xulq odobi qoidalarini kasb qilish, poklanish, saxiy va kamtar boʻlish, nafsni jilovlash, halollik, odamiylik, mehr-shafqat, oʻzgalarga yordam berish, odobli va xushmuomalali boʻlish haqida soʻz yuritadi. Baxillik, boylikka ruju qoʻyish, ochkoʻzlik, hasad, harom-xarish ishlarga berilish, kibr va manmanlik kabi yaramas va tuban illatlarni qoralaydi. Alloma inson maʼnaviyatining olamni anglash bilan bogʻliq jihatlari haqida fikr yuritar ekan, “koinot (borliq) ojizdir, chunki u sizning xizmatingizga topshirilgan. Siz ham ojiz va hojatmandsiz. Foydayu manfaatga, yaroqli narsalarga muhtoj boʻlganingiz uchun dunyo sizlarga boʻysundirildi. Koinotning qadr-qimmati va ustunligi ochiq-oydin maʼlum. Zero, u siz uchun foydalidir. Sizning koinotdagi ustunligingiz ham ochiq-oydin ravshan. Chunki uning foydali va zavqli jihatlaridan foydalanishingiz mumkin. Shu bois koinot bir tomondan ojiz boʻlsa, bir tomondan sayyid-xojadir. Siz ham bir jihatdan borliqni boshqaruvchisiz, ikkinchi jihatdan esa ojizu muhtojsiz. Koinotning ojizligi sizga muhtoj boʻlgani sabablidir. Ustunligi esa koinot va uning xizmati tufayli hayot kechirasiz, xullas, hayotingizni davom ettirmoq uchun barcha aʼzolaringiz bilan dunyo va koinotdan foydalaning”, degan fikrlarni aytgan edi.

 

Mutafakkir fikricha, ziyraklik, hushyorlik toqati miqdorida uni tasarruf etsa va tabiat, xilqat bahramand boʻladigan darajada idora etsa, ular odam yaratilishi va tabiati toqati yetadigan meʼyorda boʻlsa, foydalari benihoyadir. Biroq, sabru toqat chegarasidan tajovuz qilsa (chiqsa), insonni tamoman halok etadi va kattayu kichik barcha narsalarni yoʻq qiladi. Holbuki, inson xizmatidagi bu narsalarni boshqaruvchisidir. Bu ishning chorasi va yoʻli muvonazatni saqlash, oʻlchov doirasida harakat qilish, haddan oshmaslikdir. Bu holatda yashash, borliqni davom ettirish va barqarorligini saqlash, boqiy va davom etish (yashash) uchun foydalisini olib, zararlisini tark etishga imkon beradi. Natijada, inson yashaydi. Shunda tasarrufi ostida boʻlgan narsalar undan parvardigoriga shikoyat qilmaydi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//