Choʻlpon


21:12 / 04.12.2023 2337 1

Choʻlpon, Abdulhamid (1898, Andijon – 1938.4.10, Toshkent) – taxallusi; asl ismi Abdulhamid Sulaymon oʻgʻli Yunusov. Shoir, yozuvchi, dramaturg, tarjimon, tanqidchi va jamoat arbobi. Dastlab madrasada (1908–12), soʻngra rustuzem maktabida (1912–14) oʻqigan. Choʻlpon 1914-yil “Sadoi Turkiston” gazeti bilan hamkorlik qilgan. “Chigʻatoy gurungi” nomli adabiy-maʼrifiy, ilmiy-madaniy tashkilotning faol aʼzosi (1919–1920), “Yangi Sharq”, “Ishtirokiyun” (1920-yildan Qizil bayroq», 1922-yildan “Turkiston”) gazetida adabiy xodim (1919–23), Xalq maorif komissarligi qoshidagi Ilmiy kengash (1921-yildan Oʻlka oʻzbek bilim hayʼati, 1922-yildan Ilmiy xayʼat)da rais (1920–23), “Buxoro axbori” gazetida muharrir (1921–22), “Turon” teatrida direktor (1921; 1922–23), “Mushtum” jurnal va “Darxon” gazetida texnik muharrir, adabiy xodim (1922–23), Oʻzbek drama studiyasi (Moskva. 1924–27) va Oʻzbek davlat drama teatrida adabiy emakdosh (1927–31), SSSR XKS va Sharq xalqlari markaziy nashriyotida tarjimon (Moskva, 1931–34), “Mushtum” va “Guliston” jurnallari hamda “Teatru” gazetida adabiy xodim (jamoatchilik asosida, 1935–37). 1914-yil Toshkentda M.Abdurashidxonov va U.Xoʻjayev bilan tanishish Choʻlponning milliy uygʻonish harakati namoyandasi sifatida shakllanishida muhim omil boʻlgan. Choʻlpon “Sadoi Turkiston” gazetida dastlabki “Turkistonli qardosh larimizga” sheʼri, “Qurboni jaholat”, “Doʻxtir Muhammadyor”) hikoyalari va “Adabiyot nadir” maqolasini eʼlon qilib (1914), shu davr adabiyoti namoyandalari safidan oʻrin egallagan. Turkiston aholisining iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy qoloqlik sharoitida yashayotganining asosiy sababini Rossiyaning mustamlakachilik siyosatida koʻrgan Choʻlpon, boshqa jadidlar qatori, oʻz asarlari bilan xalqning madaniy va maʼrifiy saviyasini koʻtarishga kirishgan. 1917-yil fevral inqilobidan soʻng Choʻlpon Turkiston muxtoriyat hukumatining barpo etilishida faol ishtirok etib, muxtoriyatni sharaflovchi “Ozod turk bayrami” sheʼrini yozdi va bu sheʼr oʻzbek davlatchiligi tarixida ilk madhiya boʻldi. Choʻlpon bu davrda Z.Validiy chorlovi bilan Orenburgga borib, Boshqirdiston muxtoriyat hukumatining tashkil etilishida ham ishtirok etdi.

 

Turkiston muxtoriyati tugatilgach, Choʻlpon “Ilmiy kengash”, “Chigʻatoy gurungi”, “Nashri maorif” tashkilotlari va “Turon” teatrida adabiy, ilmiy-maʼrifiy ishlar bilan mashgʻul boʻldi. Respublika madaniyat xodimlarining 2-qurultoyi (1927)dan keyin Choʻlponga qarshi boshlangan kurash uni siyosiy faoliyatdan uzoqlashishga, hatto 1931–35 yillarda Moskvaga qochib borib, musofirlikda yashashga majbur etdi. Choʻlpon 1937-yil 14-iyul kuni hibsga olinib, koʻp oʻtmay, otib tashlandi. Choʻlponning adabiy merosi sheʼriyat, nasr, dramaturgiya, publitsistik va adabiy-tanqidiy maqolalar hamda tarjimadan iborat. Choʻlponning sheʼriy asarlari “Oʻzbek yosh shoirlari”, “Uygʻonish” (1922), “Buloqlar” (1923), “Tong sirlari” (1926) va “Soz” (1935) toʻplamlarida, shuningdek, turli gazeta va jurnallarda eʼlon qilingan. Ular gʻoyaviy-tematik yoʻnalishiga koʻra 2 guruhga ajraladi: sof lirika va ijtimoiy-siyosiy lirika. Choʻlpon sheʼriyati jahon lirik sheʼriyatining mumtoz vakillari darajasiga koʻtarilgan. “Goʻzal”, “Sezgi”, “Sirlardan”, “Men shoirmi?” singari sheʼrlari bilan 20 yillarning boshlaridayoq barmoq vazniga asoslangan yangi oʻzbek sheʼriyatini yuksak taraqqiyot bosqichiga olib chiqdi. Uning 20-yillarda yozgan “Oydin kechalarda”, “Qor qoʻynida lola”, “Novvoy qiz” singari hikoyalari oʻzbek adabiyotidagi nasr janrining dastlabki mumtoz namunalaridir. Choʻlpon bu hikoyalarida oʻzbek xotin-qizlarining ayanchli taqdirini turli badiiy rejada tadqiq etardi. Umuman, oʻzbek xotin-qizlarining mustamlakachilik sharoitidagi taqdiri tasviri Choʻlpon sheʼriy ijodining ham, kichik epik asarlarining ham, “Kecha va kunduz” (1936) romanining ham asosiy gʻoyaviy yoʻnalishini belgilab bergan. Choʻlpon nasriy ijodining muhim qismini publitsistika tashkil etadi. U “Yoʻl esdaligi”, “Vayronalar orasidan” kabi qator ocherk va publitsistik maqolalarida 20-yillardagi mustamlaka oʻlka hayotining mudhish manzaralarini tasvirlagan.

 

Choʻlpon Abdulla Qodiriy bilan birga oʻzbek adabiyotida realistik roman va hikoya janrlarining taraqqiyot tamoyillarini belgilab berdi. Choʻlponning dramaturgiya sohasidagi dastlabki izlanishlari 1919-yilga oid. U shu yili “Temirchi”, “Gunoh”, “Choʻrining isyoni” singari kichik sahna asarlarini yozdi. 20-yillarning boshlarida esa Choʻlponning “Yorqinoy”, “Xalil farang”, “Oʻldiruvchi” (1921), “Sevgi va saltanat”, “Choʻpon sevgisi” (1922) pyesalari maydonga keldi (bu asarlarning aksari bizgacha yetib kelmagan). Choʻlpon “Turon” teatriga direktorlik qilgan yillarida sahna sanʼati va dramaturgiya “sir”larini, shuningdek, rus tilini puxta egallagani tufayli 1924-yil Moskvada tashkil etilgan oʻzbek drama studiyasiga adabiy emakdosh etib yuborildi. Oʻzi ham studiyachilar uchun sahna asarlari (“Yorqinoy”, “Yana uylanaman”. “Qorovul uyqusi” (L.Sverdlin bilan hamkorlikda), “Uzun quloq bobo”)ni yozdi. Rus va yevropa dramaturglaridan K.Gossining “Malikai Turondot”, N.V.Gogolning “Tergovchi”, V.N.Bill-Belotserkovskiyning “Labbay”, Molyerning “Xasis” pyesalarini oʻzbek tiliga tarjima qilib berdi.

 

Choʻlpon 1927-yilda Moskva va Boku drama studiyalari qatnashchilari bazasida Oʻzbek davlat namuna truppasi (1929-yildan Oʻzbek davlat teatri) tashkil etilgach, mazkur truppa (teatr)ning adabiy emakdoshi sifatida faoliyat olib bordi. Shu davrda uning kishilar va jamiyat hayotidagi nuqsonlarni hajv etuvchi “Mushtumzoʻr”, “Hujum” (V.Yan bilan hamkorlikda, 1928), “Oʻrtoq Qarshiboyev” (1929) kabi pyesalari sahna yuzini koʻrdi. Choʻlpon ayni paytda teatr tarjimoni sifatida ham samarali ijod qilib K.Goldonining “Ikki boyga bir qarol”, Lope de Veganing “Qoʻzi buloq”, U.Shekspirnnng “Hamlet”, F.Shillerning “Bosmachilar”, Bill-Belotserkovskiyning “Poʻrtana”, S.Levitinaning “Hukm”, A.Faykoning “Portfelli kishi”, V.Tregyak ovning “Naʼrangni tort, Xitoy!”, V.Ivanovning “14–69 raqamli zirhli poyezd” pyesalarini oʻzbek tiliga oʻgirdi. Choʻlpon adabiy emakdosh, dramaturg va tarjimon sifatida M.Uygʻur bilan birga professional oʻzbek teatrining tamal toshini qoʻydi. Choʻlpon adabiy merosining salmoqli qismini tarjima asarlar tashkil etadi. Choʻlpon A.S.Pushkin (“Boris Godunov”, “Dubrovskiy”). N.V.Gogol (“Tergovchi”), I.S.Turgenev (“Choʻri qiz”), I.Franko (“Million”, “Feruza”), L.Andreyev (“Gubernator”, “Osilgan yetti kishining hikoyasi”). A.P.Chexov (“Qochoq”). A.M.Gorkiy (“Ilgaklar”, “Ona”) singari rus va boshqa xalqlar adabiyotining mumtoz asarlarini ham katta mahorat bilan tarjima qilib, zamonaviy milliy tarjima maktabiga asos soldi. Choʻlpon tarjimasidagi V.Shekspirning “Hamlet” tragediyasi oʻzbek tarjima sanʼatining shoh namunasidir. Choʻlponga Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mukofoti (1991) va “Mustaqillik” ordeni (1999) berildi. 1997-yil Choʻlponning 100-yilligi keng nishonlanib, Andijonda Choʻlpon uy-muzeyi tashkil etildi, viloyatdagi Tillar pedagogika instituti, shuningdek, litseylardan biri Choʻlpon nomi bilan ataladi.

1 Izoh

Sevinch

2 DAYS AGO

Juda yaxshi maʼlumotlar keltirilgan mavzu yaxshi yoritilgan

Izoh qoldirish

//