Abdurauf Fitrat


12:11 / 16.11.2023 2854 0

Abdurauf Fitrat (1886, Buxoro – 1938,4,10, Toshkent) – yozuvchi, tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, sanʼatshunos va siyosatshunos olim, davlat va jamoat arbobi. Asl ismi Abdurauf Abdurahim oʻgʻli. Birinchi oʻzbek professori (1926). “Mir Arab” madrasasida tahsil koʻrgan. 1402–03 yillarda haj safari munosabati bilan Turkiya, Hindiston va Arabiston mamlakatlarida, taxminan 1906–08 yillarda esa Markaziy Rossiyaning Moskva, Peterburg singari shaharlarida boʻlgan. Shundan keyin Fitrat oʻqishni davom ettirish istagida 1909–13 yillarda Istanbulda yashagan.

 

1917-yil fevral voqealaridan keyin jadidlarning Buxoro amirligidagi ahvoli murakkablashgach, Fitrat Samarqandga koʻchib borib, “Hurriyat” gazetasida muharrir boʻlib ishladi (1917–18). Ayrim maʼlumotlarga koʻra Fitrat shu yillarda “Ittihodi taraqqiy” tashkilotining Eski Buxoro boʻlimi raisi ham boʻlgan. Kolesov voqeasi (1918-yil mart)dan keyin esa Toshkentga koʻchib kelgan. 1919–21 yillarda Afgʻonistonning Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimonlik qilgan, “Chigʻatoy gurungi” maʼrifiy-adabiy uyushmasini, shuningdek, “Tong” jurnalini tashkil etib, yosh ziyolilar avlodini millatparvarlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga kirishgan. BXSR tashkil topishi bilan Fitrat 1921-yilda maorif, 1922-yilda xorijiya – Tashqi ishlar noziri, Xalq xoʻjaligi kengashi raisi, MIQ va Xalq nozirlari shoʻrosi raisining oʻrinbosari va boshqa lavozimlarda xizmat qildi. U shu davrda BXSR mablagʻi hisobiga 70 nafar turkistonlik istiqbolli yoshlarning Germaniyaga borib oʻqishida, Buxoroda Sharq musiqa maktabining tashkil etilishida, fan va madaniyat tarixiga doir xalq qoʻlida sochilib yotgan noyob qoʻlyozmalarni toʻplashda tashabbuskor boʻldi. Fitratning saʼy-harakati bilan Buxoro jumhuriyatida turk (oʻzbek) tili davlat tili deb eʼlon qilindi. Fitratning adabiy merosi boy va rang-barang boʻlib, badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, oʻzbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyishi, sheʼr tuzilishining isloh etilishi, realizmning teranlashishi, davr, jamiyat va xalq hayoti bilan bogʻliq muhim ijtimoiy muammolarning oʻzbek adabiyotida badiiy talqin etilishiga ulkan hissa qoʻshdi. Fitrat zullisonayn shoir boʻlib, adabiy faoliyatining dastlabki davrida asosan fors tilida ijod qilgan. Fitratning oʻzbek tilidagi sheʼrlari 1917-yil va undan keyingi davrga oid. Maʼlumki, Fevral inqilobidan keyin Turkiston xalqlarining mustaqillikka erishishlari uchun birdan-bir tarixiy imkoniyat tugʻilgan. Fitrat shu davrda xalqni mustamlakachilik kishanlarini parchalab, istiqlol uchun kurashga daʼvat etuvchi sheʼrlar yozishga kirishgan. Ammo anʼanaviy aruz vazni, uning nazarida, bunday zamonaviy gʻoyani ifodalash, xalqni safarbar etish kuchiga ega emas edi. Shuning uchun ham Fitrat turk va tatar sheʼriyatida shakllangan, oʻzbek xalq ogʻzaki sheʼriyatida ayrim unsurlari boʻlgan sochmani milliy adabiyotimizga olib kirdi. Shoir “Yurt qaygʻusi” deb nomlangan bir sheʼr va 4 ta sochma yozdi. U “Oʻzbek yosh shoirlari” (1922) sheʼriy majmuasining tuzuvchisi va asosiy muallifi. Uning sahna asari sifatida namoyish etilgan “Munozara” Fitratning nasrdagi ilk asaridir. “Munozara” ham, “Sayyohi hindi” ham Fitrat publitsistikasining yorqin namunalaridan. 1930-yilda qayta ishlangan “Qiyomat” xayoliy hikoyasi hozirgi oʻzbek adabiyotida fantastikaning tugʻilishi va shakllanishiga asos boʻldi. Fitrat 1916-yildan boshlab teatr uchun koʻplab dramatik asarlar yaratdi. Ammo uning nafaqat 1916–18 yillarda yozgan “Begijon”, “Qon”, “Abo Muslim”, “Temur sagʻanasi”, “Oʻgʻizxon” singari pyesalari, hatto 30-yillarda yozgan “Toʻlqin” opera librettosi (1934) ham bizga yetib kelmagan. “Temur sagʻanasi” pyesasida muallifning “Yurt qaygʻusi (Temur oldinda)” sochmasidagi istiqlol uchun kurash gʻoyasi badiiy ifodalangan. Fitrat ijodining shu davrdagi yetakchi motivi – bolshevizmga qarshi istiqlol uchun kurash gʻoyasi “Chin sevish” (1920) va “Hind ixtilolchilari” (1923) pyesalarida, ayniqsa, yorqin aks etgan.

 

Fitrat Moskvadalik paytida “Abulfayzxon” va “Shaytonning tangriga isyoni” (1924), ona yurtiga qaytganidan keyin esa “Arslon” (1926), “Shoʻrishi Vose” (“Vose qoʻzgʻoloni”, 1927). “Toʻlqin” pyesalarini yozdi. U 1914–16 yillardayoq “Rahbari najot” (“Najot yoʻli”), “Oila” va “Mavludi sharif yoki Murʼoti xayr ulbashar”, 1917–20 yillarda “Oʻqu” (“Oʻqi”), “Sharq siyosati” va “Yigʻla, islom”, 1925-yilda esa “Muxtasar islom tarixi” asarini eʼlon qildi. Fitratning maktab oʻquvchilariga moʻljallangan “Oʻqu” (“Oʻqi”, 1917-yil, Boku) qoʻllanmasi vatan, dunyo, tabiiyot, tibbiyot va gigiyena singari masalalar, shuningdek, oʻtmishda yashagan allomalar haqida tasavvur beradi. 1921-yilda Toshkentda boʻlib oʻtgan Til va imlo qurultoyida Fitrat oʻzbek tilining sofligini taʼminlash va rivojlantirish masalalarini oʻrtaga tashladi. U “Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrisida bir tajriba: Sarf” (Morfologiya) (1925), “Oʻzbek tili qoidalari toʻgʻrisida bir tajriba: Nahv” (Sintaksis) (1926) darsliklarini yaratdi va bu darsliklar 1930-yilga qadar bir necha marta nashr etildi. Fitrat “Eng eski turk adabiyoti namunalari” (1927), “Oʻzbek adabiyoti namunalari” (1-j., 1928) asarlarida adabiy merosimizning eng qadimgi davrdan soʻnggi davrlarga qadar yaratilgan namunalarini toʻplab, muayyan tizimga soldi. “Qutadgʻu bilig” singari noyob yodgorlikning Namangan nusxasi Fitrat tufayli qoʻlga kiritildi. “Sheʼr va shoirlik” (1919), “Adabiyot qoidalari” (1926), “Sanʼatning manshai” (1927), “Aruz haqida” (1936) singari maqola va risolalari bilan adabiyot nazariyasi faniga asos soldi.

 

Fitrat 1921-yilda Sharq musiqa maktabini tashkil etib, uning birinchi direktori boʻlgan. U shu vaqtdan boshlab “Shashmaqom” kuylarini toʻplash va notaga yozib olish ishlariga rahbarlik qildi. Fitrat tashabbusi bilan ota Jalol va ota Gʻiyosdan Buxoro shashmaqomi V.Uspenskiy tomonidan ilk bor notaga olinib nashr etildi (Shest muzikalnыx poem (maqom). Buxara-M., 1924). Fitrat “Shashmaqom”, “Oʻzbek musiqasi toʻgʻrisida” maqolalari va “Oʻzbek klassik musiqasi ham uning tarixi” (1927) risolasi bilan XX asr oʻzbek musiqashunoslik fanini boshlab berdi. 1930-yildan Fitratga siyosiy ayb qoʻyila boshlandi. U aksilshoʻroviy faoliyat yuritishda ayblanib, 1937-yili hibsga olindi. Bir yarim yillik qiynoqlardan soʻng “xalq dushmani”, “aksilinqilobchi” kabi boshqa ayblovlar bilan SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan sud qilindi va 1938-yilning 4-oktyabrida otib oʻldirildi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, 1991-yil 25-sentyabrda Fitratga (vafotidan keyin) Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mukofoti berildi. Buxoro shahrida Fitrat bogʻi va uy-muzeyi tashkil etildi, haykali oʻrnatildi. Respublikadagi bir necha maktab, koʻcha va xoʻjaliklar Fitrat nomi bilan ataladi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//