Burhoniddin Marg‘inoniy


02:07 / 12.07.2023 2114 0

Marg‘inoniy, Burhoniddin (1123 yilda tug‘ilgan) – Sharq Uyg‘onish davri qomusiy allomalaridan biri, jahon madaniyati va ilm-faniga qo‘shgan hissasi butun dunyoda e’tirof etilgan buyuk siymo – Abul-Hasan Ali ibn Abu Bakr ibn Abdul Jalil al-Farg‘oniy ar-Rishdoniy Marg‘inoniy. Uni “Burhon ud-din va-l-milla” degan nom bilan ham atashgan. “Milla” olimni ulug‘lab, uni musulmon dunyosidagi xalqlar hamda islom dinining dalili, isboti deb madh etishdan kelib chiqqan. Burhoniddin Marg‘inoniyning tug‘ilgan Vatani bugungi O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysidagi Rishton qishlog‘i bo‘lib, Marg‘ilonning Pirsiddiq mahallasida ham 13 yil yashagan va shu yerda o‘zining mashhur “Hidoya” kitobining birinchi qismini yozib tugatgan. Umrining so‘nggi yillarini Samarqandda o‘tkazib, ushbu kitobni 1178 (hijriy 573) yilda yozib bitirgan. Shomiy “Radul muxtor”da yozishicha, Marg‘inoniy 400 ga yaqin Muhammad nomli faqihlar dafn etilgan Samarqand shahrining Muhammadiylar qabristoni (“Turbatul-Muham madiyin”) yonida dafn etilgan. Marg‘inoniy yoshlik chog‘laridayoq Qur’oni Karimni yod olib, hadislarni chuqur o‘rganadi va 1149 (hijriy 544) yilda muqaddas haj safariga boradi. Ilmga qiziqish Marg‘inoniyni uzoq safarlarga borib, o‘sha davrning asosiy fanlari bo‘yicha yetuk allomalardan ta’lim olishga undagan edi. Ana shu intilish uni islom olamining hanafiy mazhabi bo‘yicha buyuk faqihi va huquqshunos allomasi darjasiga ko‘targan edi. Marg‘inoniy yashagan zamon – Sharq Uyg‘onish davrining birinchi bosqichi bo‘lmish X–XII asrlarda Movarounnahr zaminida ilmu fan gurkirab rivojlangan, jamiyat taraqqiyoti uchun islom huquqini to‘g‘ri anglash va amal qilish muhim ijtimoiy zaruratga aylangan edi. Burhoniddin Marg‘inoniy esa o‘z asarlarida o‘sha zamonlarda mo‘min-musulmonlar duch keladigan dolzarb hayotiy masalalar, jumladan, oilaviy va ijtimoiy munosabatlar, mulkchilik, savdo-sotiq, jinoyat va jazo, insonning burch va mas’uliyatlariga taalluqli ko‘p-ko‘p murakkab muammolarni islomiy huquq nuqtai nazaridan hal etib bergan edi.

 

Fiqh ilmi bo‘yicha, u yozgan asarlar, ayniqsa, “Hidoya” kitobi, o‘sha davrda mavjud hamda katta amaliy ahamiyatga molik bo‘lgan ko‘plab huquqiy muammolarni yechib berishga qaratilgan va bu yo‘nalishdagi o‘ziga xos qulayliklari bilan barchaning e’tirofiga sazovor bo‘lgan edi. Kotib Chalabiy, Muhammad Abdulhay Laknaviy, “Hidoya”ning ayrim sharhlovchilari, shuningdek “Islom Qomusi” mualliflari tomonidan berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Marg‘inoniy fiqh masalalariga oid yana o‘ndan ziyod mukammal asarlar yaratgan. Uning bizga qadar quyidagi asarlari yetib kelganligi manbalarda qayd etiladi: “Nashrul mazhab” (“Mazhabning tarqalishi”); “Kitob al-manosakul-haj” (“Haj marosimlari haqida kitob”); “Kitobun-filfaroiz” (“Meros huquqi bo‘yicha kitob”); “Kitob-attajniysu valma ziyd” (“Ilmni ziyoda qiluvchi kitob”); “Muxtorotun navozil” (“Majmu’ un-navozil”) – (“Nozil bo‘lgan narsalar majmuasi”); “Kitob ul-mashoyix” (“Shayxlar haqidagi kitob”); “Maziydun fi furu’il-hanafiya” (“Hanafiy mazhabiga qo‘shimchalar”); “Sharh al-Jomiy-al-Kabir Muhammad ash-Shayboniy” (“Ash-Shayboniyning “Jomi’ul-kabiyr” asariga sharh”); “Bidoyat ul-mubtadi’” (“Boshlovchilar uchun dastlabki ta’lim”); “Kifoyatul-muntahiy” (“Yakunlovchilar uchun tugal ta’lim”). “Bidoyat ul-mubtadi’” asari uchun yozilgan 8 jildlik sharh; “Hidoya” (“Kifoyatul-muntahiy” asari uchun yozilgan 4 jildlik sharh). Lekin o‘rta asr faqihlarining ko‘pgina asarlari kabi, Burhoniddin Marg‘inoniyning ham asarlarining hammasi bizgacha to‘liq yetib kelmagan. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti Qo‘lyozmalar xazinasida allomaning bir qator asarlari qo‘lyozma nusxalari bor: “Bidoyatul-mubtadi’” – tartib raqami 3895, “Majma’ muxtorot an-navozil” – 4624, “Hidoya fi al-fiqh” – 11497 (4 nusxa), “al-Kifoya fiy sharh Hidoya” – 3618, “Hidoya fi al-furu’” – 11046 (33 nusxa). Sharqda “Hidoya” nomi ostida asarlar yaratish an’anasi mavjud bo‘lgan. “Al-hidoya” arabcha so‘z bo‘lib, “To‘g‘ri yo‘ldan olib boorish”, “Ishonchli qo‘llanma” ma’nosidadir. Marg‘inoniy nazarda tutgan huquqiy masalalarni yoritish uchun fiqhning asosiy manbalari, undan keyin Imomi A’zam Abu Hanifa, imom Molik, imom Shofe’iy, imom Ahmad ibn Hanbalning asarlari, Shayboniyning “Zohirur-rivoya” deb atalgan kitoblari (“Mabsut”, “Ziyodot”, “Jomi’us-sag‘iyr”, “Jomi’ul-kabiyr”, “Siyar us-sag‘iyr”, “Siyar ul-kabiyr”), Abu Yusufning “Kitob ul-xiroj”, “Adab ul-qoziy”, Abu Hanifa va ibn Laylo orasidagi ixtiloflar, Avzo’iy, Anas ibn Molikning ayrim huquqiy masalalar bo‘yicha bildirgan fikrlarga yozilgan rad kitoblari, imom Zufar, Shayxul-islom ibn Taymiya ibnul-Javziy asarlari, shuningdek ulardan keyin islom huquqining asosiy sohalarida, turli mazhablar bo‘yicha juda ko‘p asarlar yozgan yirik fiqh ilmi mutaxassis olimlari qoldirgan son-sanoqsiz kitoblar va to‘plamlarni varaqlab chiqib, ularda bildirilgan fikru mulohazalarni bir-biri bilan solishtirib, eng to‘g‘ri, ma’qul hamda hayotga mos keladigan xulosalarni chiqarish talab etilar edi. “Hidoya” to‘rt jilddan iborat bo‘lib, uning har bir jildi turli muammolarning huquqiy yechimiga bag‘ishlangan. Marg‘inoniyning “Hidoya” asari esa ana shu tuyg‘ularning to‘g‘ri parvozi uchun yo‘l ochib, o‘z davriga oid huquqiy masalalarni ixcham, tushunarli, sodda va eng muhimi har qanday tabaqadagi odamning anglashi oson bo‘lgan uslubda hamda juda keng miqyosda tadqiq etishi bilan ajralib turgan. Huquqiy masalalardagi ayrim muammolar bo‘yicha yechimlar bo‘lmagan yoki ularni yechishning murakkab uslublari amal qilgan va bu murakkablik nafaqat oddiy aholi balki ilmdan yaxshi xabardor odamlar uchun ham qiyinchilik tug‘dirgan bir zamonda Marg‘inoniyning “Hidoya” asari barchaning ayni muddaosi sifatida maydonga kelgan va juda tez tarqalgan edi. Shu jihatdan ham uning nafaqat Markaziy Osiyo balki butun musulmon olami ma’naviyatining rivojlanishiga ta’siri katta bo‘lgan.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//