Jaloliddin Manguberdi (1198–1231) – buyuk xorazmshohlar davlatining so‘nggi vakili, xorazmshoh Alouddin Muhammadning to‘ng‘ich farzandi, mustaqillik uchun fidokorona kurashi, ajoyib sarkardalik faoliyati, shaxsiy jasorati, Vatanga muhabbati bilan tarixdan munosib o‘rin olgan davlat arbobi. Uning mo‘g‘illar istilosiga qarshi kurashi o‘sha davr tarixchilari – Ibn al-Asirning “Al-komil fi-t-tarix” (1230 yili yozilgan), Shihobuddin Muhammad an-Nasaviyning “Siyrat as-sulton Jaloliddin Mangberdi” va “Nafatul masdur” (1234 yili yozilgan), Alouddin Atomalik Juvayniyning “Tarixi jahongushoy” (1260 yili yozilgan), Rashididdin Fazlullohning “Jome’-ut tavorix” (1302–1311) asarlarida yoritilgan. Shihobuddin Muhammad an-Nasaviy “Siyrat as-sulton Jaloliddin Mangberdi” nomli asarida Jaloliddin Manguberdini quyidagicha tasvirlaydi: “U bug‘doyrang, o‘rta bo‘yli, turkiy qiyofali va turkiyda gapiradigan odam edi. Shu bilan birga forsiyda ham so‘zlasha olardi. Uning mardligi, jasurligiga kelsak, yuqorida hikoya qilganim janglardagi faoliyatini eslab o‘tish kifoya qiladi. U sherlar orasida eng zo‘r sher edi, qo‘rqmas chavandoz, lashkarlar orasida eng botir edi. U yuvosh, muloyim odam edi, jahldor emasdi. U nihoyatda jiddiy edi, kulmasdi, faqat jilmayib qo‘yardi, kam gapirardi. U haqgo‘ylikni, adolatni ulug‘lardi, ammo u yashagan davrdagi g‘alayonlar, alg‘ov-dalg‘ovlar fe’l-atvorini o‘zgartirdi. U qo‘l ostidagi odamlarning og‘ir hayotini yengilashtirishni xohlardi, ammo u yashagan davr qonunlari uni zulm qilishga majbur etardi”.
Jaloliddin Manguberdi Alouddin Muhammad va uning turkman kanizagi Oychechakdan (1198 yili) tug‘ilgan. U 1215 yilda Gʻazna, Bomiyon, o‘ur, Bust, Takinobod, Zamindovar, Shimoliy Hindiston yerlariga hokim va taxt vorisi etib tayinlangan. Momosi Turkon xotun va qipchoq amirlarining noroziligi sababli ukasi Qutbiddin O‘zloqshoh foydasiga vorislikdan mahrum etildi. Alouddin Muhammad farzandlarini 1220 yili to‘plab, o‘limi oldidan Jaloliddin Manguberdi Xorazm hukmdori deb e’lon qildi. Urganch mudofaasi uchun yetib kelgan Jaloliddin Manguberdi bu yerda Tukon xotunning akasi Xumor Teginning sulton deb e’lon qilinganligini va unga suiqasd uyushtirilayotganini sezib, uch yuzta suvoriysi bilan Urganchni tark etib, Xuroson tomonga qarab yo‘lga chiqadi. Nishopur yaqinida o‘zidan ikki barobar ko‘proq bo‘lgan dushman qo‘shinini yengib, shaharga kiradi. Bu yerda qo‘shin to‘plab Kandahorni qamal qilib turgan mo‘g‘illar ustiga yurish qilib, ularni tor-mor etadi. 1221 yilda Gʻaznaga yetib kelgan Jaloliddin Manguberdiga oldin qo‘shilgan qaynotasi, Hirot voliysi Aminalmulkdan tashqari halaj qabilasi boshlig‘i Sayfiddin Ig‘roq, Balx voliysi A’zam Malik, afg‘onlar sardori Muzaffar Malik, qorluqlar boshlig‘i Hasan Qorluq o‘z askarlari bilan qo‘shildilar.
Jaloliddin Manguberdi Valiyon qal’asini qamal qilayotgan ko‘psonli mo‘g‘illar ustidan birinchi katta g‘alabani qo‘lga kiritdi. Bu xabarni eshitgan Chingizxon Shiki Xutuhu boshliq 45 000 qo‘shinini Jaloliddin Manguberdiga qarshi jo‘natadi. Gʻazna yaqinidagi Parvon dashtida bo‘lgan bu jangda Jaloliddin Manguberdi g‘alabani qo‘lga kiritgan. Lekin o‘lja ustidagi janjal sabab Aminalmulkdan boshqa sarkardalar Jaloliddin Manguberdini tark etishadi. Bu vaziyatdan xabar topgan Chingizxon ning shaxsan o‘zi Jaloliddin Manguberdiga qarshi otlanadi. 1221 yil 25 noyabrda Sind daryosi bo‘yidagi mash’um jangda jasorat va shijoat bilan kurashgan Jaloliddin Manguberdi mag‘lub bo‘lsa ham dushmani – Chingizxon e’tiboriga sazovor bo‘ldi. 1224 yilgacha shimoliy Hindiston hududida davlatni mustahkamlash uchun olib borgan kurashlari mo‘g‘illarning Hindistonga yo‘lini berkitib turdi. Lekin mahalliy hokimlarning o‘rinsiz qarshiliklari Jaloliddin Manguberdining Iroqqa yuz tutishiga sabab bo‘ldi. Bu yerda Kirmon, Isfahon hokimlari va ukasi Gʻiyosiddin Pirshoh amirlari Jaloliddin Manguberdi hokimiyatini tan oldilar. 1225–1230 yillarda Jaloliddin Manguberdi Ozarbayjon, Gruziya, Iroq hududlaridagi mahalliy hokimlarni bo‘ysundirib, bu hududga bostirib kirgan mo‘g‘il qo‘shin larini bir necha bor (1227– 1228–30) tor-mor etdi. Ko‘niya sultoni Alouddin Kayqubod muholif kuchlarni Jaloliddin Manguberdiga qarshi birlashtirdi. Bu holat Jaloliddin Manguberdi ning ikkita dushman orasida qolishiga olib keldi. Ahillik va birlikning yo‘qligi, aldov va xoinliklar chet el bosqinchilariga qarshi ozodlik bayrog‘ini yuksakka ko‘targan Jaloliddin Manguberdining tinkasini quritdi va 1231 yilda u Kurdiston tog‘larida fojiali ravishda halok bo‘ldi. 1999 yil noyabrida yurtimizda Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800 yilligi keng nishonlandi va Xorazmda xalqimizning bu qahramon farzandiga ulug‘vor haykal o‘rnatildi.
//
Izoh yo‘q