Buxoriy


15:05 / 23.05.2023 2045 0

Buxoriy, Muhammad ibn Ismoil (810–870) – Qur’ondan keyin turadigan moʻtabar manba – hadislarni to‘plash va ularning eng ishonchlilarini ajratib berish orqali shuhrat qozongan, dunyo xalqlari orasida eng buyuk muhaddis sifatida e’tirof etilgan alloma. Asl ismi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mug‘ira ibn Bardazbeh al-Ju’afiy al-Buxoriy 810 yil 20 iyul (hijriy hisobda 194 yil shavvol oyining 13-kuni)da Buxoro shahrida tavallud topgan. Buxoriy olimlardan farqli o‘laroq, Buxoriy tug‘ilgan sananing aniqligiga sabab shuki, uning otasi Ismoil o‘z davrining ilmli odamlaridan bo‘lib, o‘g‘lining tug‘ilgan kunini o‘z qo‘li bilan yozib ketgan. Buxoriyning otasi yoshlik chog‘ida vafot etgan bo‘lib, u asosan onasining tarbiyasida voyaga yetadi. U yoshligidan aqlidrokli, o‘tkir zehnli va ma’rifatga havasi kuchli bo‘lib, turli ilm-fanlarni, ayniqsa, hadis ilmini zo‘r qiziqish bilan egallaydi.

 

Manbalarda ko‘rsatilishicha, u o‘n yoshidan boshlab o‘z yurtidagi turli roviylardan eshitgan hadislarni, shuningdek, Abdulloh ibn al-Muborak va Vakiy ibn al-Jarroh kabi olimlarning hadis to‘plamlarini yodlagan, ustozi Shayx Doxiliy bilan hadis roviylari haqidagi qizg‘in bahslarda qatnashgan. 825 yili o‘n olti yashar Buxoriy onasi va akasi Ahmad bilan Hijozga haj ibodatini ado etish uchun yo‘l oladi. Muqaddas shaharlar Makka va Madinani ziyorat qilgach, olti yil Hijozda yashab qoladi, so‘ngra hadis ilmi borasidagi bilimini yanada oshirish maqsadida o‘sha paytdagi ilm-fan markazlari Damashq, Qohira, Basra, Kufa, Bag‘dod kabi shaharlarda yashaydi. U joylardagi mashhur olimlardan hadis va fiqh ilmidan ta’lim olib, yirik olimlar davrasida ilmiy bahslaru munozaralarda qatnashadi, ilm toliblariga dars beradi. Buxoriy hayotining ko‘p qismi musofirchilikda o‘tadi. Bu haqda uning o‘zi: Misr, Shom, Mesopotamiyaga ikki marta, Basraga to‘rt marta borganman. Hijozda olti yil yashaganman. Bag‘dod va Kufa shaharlariga necha marta borganim hisobini bilmayman”, degan ekan. U safar chog‘ida ham, bir shaharda muqim turganda ham ilmini oshirish borasida tinimsiz ishlar, to‘plagan hadislarini oqqa ko‘chirar edi. Buxoriyning yozishicha, Bag‘dodda istiqomat qilgan paytida ko‘pincha oy nurida ijod qilib, qorong‘i kechalarda sham yorug‘ida kitob yozgan.

 

Nishopurlik al-Hokimning yozishicha, Buxoriy ustozlarining soni to‘qsonta atrofida bo‘lib, ular orasida Muhammad ibn Yusuf al-Haryobiy, Ubaydulloh ibn Muso al-Abasiy, Abu Bakr Abdulloh ibn az-Zubayr al-Hamidiy, ibn Rohvayh nomi bilan mashhur bo‘lgan Imom Ishoq ibn Ibrohim, Imom Ahmad ibn Hanbal, Ali ibn al-Madiniy kabi o‘sha zamonning eng peshqadam allomalari ham bor edilar. O‘z navbatida Buxoriy ham ko‘pgina shogirdlarga ustozlik qilgan. Ishoq ibn Muhammad ar-Ramodiy, Abdulloh ibn Muhammad al-Masnadiy, Muhammad ibn Xalaf ibn Qutayb, Ibrohim al-Harbiy, Abu Iso Termiziy, Muhammad ibn Nasr Marvaziy, Muslim ibn al-Hajjoj kabi yetuk olimlar uning shogirdlaridir. Termizlik mashhur muhaddis Abu Iso Termiziy imom Buxoriyga ham shogird, ham safdosh hisoblanib, ularning o‘zaro munosabatlari nihoyatda yaqin bo‘lgan. Uzoq yillar davomida Sharqning turli-tuman mamlakatlariga safar qilgan Buxoriy umrining oxirlarida besh yil (863–868) Nishopurda yashab, madrasalarda hadis ilmidan dars beradi. O‘sha paytda Nishopur musulmon Sharqidagi eng yirik ilmiy markazlardan biriga aylanganligi sababli ko‘p mashhur olimlar shu shaharda to‘plangan edilar. Buxoriyning Termiziy bilan uchrashuvi ham aynan Nishopurda yuz berib, diyorimizdan chiqqan ikki mashhur muhaddis o‘rtasida qizg‘in ilmiy bahslar, ijodiy uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Termiziyning yozishicha, u o‘z asarlari uchun ko‘p ma’lumotlarni Buxoriy bilan bo‘lgan uchrashuvlaridan olgan. Shu bilan birga Buxoriy ham at-Termiziyning bilimini yuqori baholab: “Mening sendan ko‘rgan foydam sening mendan ko‘rgan foydangdan ortiqroq”, deb unga nisbatan chuqur hurmatini bildirgan. Arab tarixchisi Shamsuddin az-Zahabiy (1274–1347) “Tazkiratulhuffoz” (“Hofizlar haqida tazkira”) nomli asarida yozishicha, at-Termiziy o‘z ustozining vafoti tufayli qattiq qayg‘uga botib, ko‘p yig‘laganidan ko‘zlari ko‘r bo‘lib qolgan ekan. Buxoriy nafaqat yirik olim, balki o‘zining go‘zal xulq-atvori, odamoxunligi, muruvvati, himmati va beqiyos saxovati bilan ham boshqalardan tamomila ajralib turgan. U zehni o‘tkirligi va quvvai hofizasining kuchliligi bilan ham xalq orasida shuhrat qozongan. Manbalarda Buxoriyning 600 000 ga yaqin hadisni yod bilgani qayd etilgan.

 

Buxoriy xorijdan qaytgach, vatani Buxoroda ko‘plab shogirdlar va ulamolarga hadis ilmidan saboq berish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Ko‘pchilik uni hurmat qilgan, ammo Buxoro amiri Xolid ibn Ahmad az-Zuhliy bilan Buxoriyning aloqasi buzilib qoladi. Bunga sabab amir olimdan saroyga kelib “Al-Jome’ as-sahih”, “At-Tarix” kitoblaridan uning farzandlariga saboq berishni talab qilgan. Lekin Buxoriy “Men ilmni xor qilib, uni hokimlar eshigi oldiga olib bormayman, kimga ilm kerak bo‘lsa, o‘zi kelsin. Ilm bormaydi, ilmga kelinadi”, degan javobni aytgan edi. Amirga javob yoqmay, fitnachi, bo‘htonchi shaxslarning gapiga kirib, Buxoriyga shaharni tark etishni buyuradi. Shundan keyin imom Buxoriy Samarqandga qarab yo‘l oladi va birmuncha muddat shahar yaqinidagi Xartang qishlog‘ida o‘z shogirdlari va qarindosh urug‘larinikida yashaydi, so‘ngra og‘ir kasalga chalinib, 870 yil 31 avgust (hijriy 256 yil)da 60 yoshida vafot etadi va shu yerda dafn qilinadi. Buxoriy avlodlarga boy qimmatli ilmiy-ma’naviy meros qoldirgan bo‘lib, u yozgan asarlarning soni yigirma dan ortiqdir. Ulardan Al-Jome’ as-sahih”, “Al-adab al-mufrad”, At-tarix as-sag‘ir”, “At-tarix al-avsat”, At-Tarix al-kabir”, “Kitab al-ilal”. Birr ul-volidayn”, “Asmo us-sahoba”, “Kitab al-kuna” va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Buyuk allomaning muhim asari shubhasiz, Al-Jome’ as-sahih”dir. Bu asar “Sahih al-Buxoriy” nomi bilan ham mashhur bo‘lib, uning g‘oyat ahamiyatli tomoni shundaki, Buxoriygacha o‘tgan muhaddislar o‘z to‘plamlariga eshitgan barcha hadislarni tanlab o‘tirmay qatorasiga kiritaverganlar. Buxoriy esa turli roviylardan eshitgan hadislarni tabaqalarga bo‘lgan, ularning ishonchlilarini ajratib alohida kitob yaratgan.

 

Alloma ibn Salohning ta’kidlashicha, Buxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni takrorlanadiganlari bilan birga 7275 ta bo‘lib, takrorlanmaydigan hadislar esa 4000 dan iborat. Buxoriyning ushbu yirik asari dunyo yuzini ko‘rganiga taxminan 1200 yil bo‘ldi, o‘sha davrdan boshlab toki shu vaqtgacha u islom ta’limotida Qur’ondan keyin ikkinchi o‘rinda turadigan muhim manba sifatida yuqori baholanib kelmoqda. Ushbu asarning ko‘plab nusxalari dunyoning turli shaharlariga tarqalgan. Hatto o‘rta asrlarda yashagan ba’zi adib va xattotlar uchun bu asar nusxalarini ko‘chirish tirikchilik manbai ham bo‘lgan. Jumladan, taniqli adib va tarixchi an-Nuvayriy (1332 yilda vafot etgan) Buxoriyning ushbu asaridan sakkiz nusxa ko‘chirib, har birini ming dirhamdan sotgani haqida ma’lumotlar mavjud. Asarning 1325 yilda ko‘chirilgan sakkiz jilddan iborat bir nusxasi hozir Istanbulda saqlanmoqda. Al-Jome’ as-sahih”ga ko‘pdan-ko‘p sharhlar bitilgan. 1974 yili O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi tashabbusi bilan jumhuriyatimizda islom dunyosi vakillari ishtirokida allomaning 1200 yillik yubileyi nishonlangan edi. Uning shoh asarlari hisoblanmish “Al-Jome’ as-sahih” va “Al-adab al-mufrad” kitoblarining Toshkentda qaytadan nashr qilinishi Buxoriy merosini o‘rganishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Toshkentdagi diniy oliy mashadning Buxoriy nomi bilan atay boshlangani ham buyuk allomaga chuqur hurmat-e’tiborning ramzidir. O‘zbekiston hukumatining qarori bilan 1998 yilning kuzida Buxoriy tavalludining 1225 yilligi (hijriy hisobda) dunyo miqyosida keng ko‘lamda nishonlandi. Buxoriyning Samarqand yaqinidagi Xartang qishlog‘ida joylashgan maqbarasi zamonaviy – sharqona uslubda batamom qayta qurilib, musulmon olamining eng tabarruk ziyoratgohlaridan biriga aylandi.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//