Beruniy Abu Rayhon (973– 1048) – Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy – buyuk qomusiy olim va mashhur mutafakkir. Beruniy ilm-fanning deyarli barcha sohalari bilan shugʻullangan allomadir. U Yaqin va Oʻrta Sharqning boy fan-madaniyatini puxta oʻrganib, qadimgi yunon mumtoz ilmi bilan ham chuqur tanishib, yirik alloma boʻlib yetishdi. U shoir, adabiyotshunos olim ham edi. Ona tili boʻlmish Xorazm tilidan tashqari yana arab, soʻgʻdiy, forsiy, suryoniy, yunon, qadimgi yahudiy hamda keyinchalik Hindistonda sanskrit tillarini oʻrgandi.
Beruniy ilm-fanning hamma sohalarida samarali ijod etib, 162 kitob va risolalar qoldirdi. Shulardan atigi 28 tasi bizgacha yetib kelgan. Hozirgi paytda allomaning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Geodeziya”, “Maʼdanshunoslik”, “Masʼud qonuni”, “Munajjimlik sanʼatidan boshlangʻich tushunchalar”, “Ibn Sino bilan savol-javoblar”i nashr etilib, turli tillarga tarjima qilindi. Abu Rayhon Beruniyning tabiiy-ilmiy qarashlari muhim ahamiyatga ega. U astronomik kuzatishlar orqali Oy va quyoshning tutilishi, ularning Yerdagi hayotga taʼsiri, gidrogeologiya, iqlim, kalendar (taqvim), saqlanish kabi oʻta murakkab muammolarni yangi ilgʻor uslub va tamoyillar koʻmagida hal etishga eʼtibor qaratdi. Aholi manzillari, maʼdan va metallar solishtirma ogʻirligini belgilash, tabiiy va sunʼiy tanlanish gʻoyalari, olamlarning xilma-xilligi haqidagi bashoratlar, tajriba, sinov, kuzatuvga izchil munosabat Beruniy dahosining serjilo qirralari boʻlib, uning buyuk qomusiy olim va mashhur mutafakkir ekanligini koʻrsatib turibdi. Olim kishilarning tabiatda uchraydigan har qanday gʻaroyib hodisalarning sabablarini uqtirib berishdan qochishlari, ularni tangri donishmandligi, karomatiga havola qilish bilangina chegaralanishlaridan kuladi. “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida shunday yozadi: “Hisob ilmidan xabarsiz kishi vodiy yoʻlini bir tekisda toʻgʻri yoki ozgina nishab deb oʻylasa, albatta, u kishi aytib oʻtilgan ariqni yuqorilab ketadi deb xayol qiladi. Bunday kishilar yerning baland-pastligini oʻlchash, tekislash, anhor qazish va kanallar oʻtqazish qurollarini ishlatishni yaxshi bilmaganlaricha ularning dillaridan shak-shubhani ketkazish mumkin emas”. Beruniyning borliq toʻgʻrisidagi gʻoyalari uning tabiiy-ilmiy qarashlari bilan uzviy bogʻlangan.
Mutafakkirning jamiyat va inson toʻgʻrisidagi qarashlari ham oʻziga xosdir. Inson Allohning yaratuvchilik faoliyati tufayli paydo boʻlgan. U Alloh buyukligi va donishmandligining nishonasidir. Unga inʼom etilgan sezgi aʼzolari, aql, yaʼni barcha nafsiy va aqliy quvvatlar behudaga berilmagan. Ular orqali inson Allohning amr-farmonini eshitadi, his etadi, moʻjizalarni mushohada qilib, bular orqali uning yagonaligidan, qudratli, dono va mehribon ekanligidan xabardor boʻladi. Beruniyning taʼkidlashicha, jugʻrofiy omil inson hayotida muhim ahamiyat kasb etadi. Inson tanasining rangi, tashqi koʻrinishi, tabiiy xossalari va xususiyatlaridagi farq uning kelib chiqishiga aloqador boʻlibgina qolmasdan, balki turar joylardagi tuproq, suv, havo, joyning farqiga ham bogʻliqdir. Odamlarning bir-birlari bilan birlashishi, jamiyatning paydo boʻlishi moddiy ehtiyoj natijasidir. Inson ortiqcha jismoniy kuch va qudratdan mahrum ekanligi, unda oʻz-oʻzini muhofaza qilish vositalarining yoʻqligi, boshqalar tomonidan tashkil etilgan xurujlarga duch kelishi oqibatida uni himoya qiladigan va ehtiyojlarini qondirishini taʼminlay oladigan narsaga doimiy zaruriyat sezadi. Aynan shu zaruriyat ularni birlashishga daʼvat etadi. Kishilarning ehtiyojlari koʻp va xilmaxildir. Buning uchun ular shaharlar qurishga ehtiyoj sezadilar, natijada jamiyat vujudga keladi.
Har bir insonning haqiqiy bahosi uning oʻzi qodir boʻlgan hunar, ishni vijdonan yuksak mahorat bilan bajarishidir. Pul muomalasi mehnatning ayirboshlashi rivoji bilan bogʻlangan. Beruniyning fikricha, pullar, jumladan, oltin, kumush oʻzicha hech qanday qadr-qimmatga ega emas. Ular mahsulotlarni almashtirish jarayonidagina umumiy mezon sifatida ahamiyat kasb etadi, oʻz vazifasini bajaradi. Puldan nooʻrin foydalanish yomon oqibatga olib keladigan boyliklar yaratdi. Natijada pul zoʻravonlikka, majburiy mehnatga olib keldi. Beruniyda ijtimoiy utopik qarashlar ham rivoj topgan, deyish mumkin. Uning idealiga koʻra, jamiyatni boshqarish oʻz mohiyatiga qaraganda, amaldorlardan oʻz huzur-halovatidan maʼlum muddat mahrum boʻlishni, zoʻravonlardan jabr koʻrganlarning huquqlarini tiklash, aybdorlarni esa jazolashdan iborat boʻlmogʻi lozimligini taqozo qiladi. Uning hikoya qilishiga qaraganda, Magʻribda jamiyatni boshqarish demokratik tarzda olib borilar ekan. Jamiyatni idora qilish “yuqori toifa kishilari va dehqonlar” orasida navbatma-navbat amalga oshirilar ekan. Idora qilish muddati tugagach, hukmdor masʼuliyatli vazifani sogʻ-salomat oʻz zimmasidan soqit qilganligiga atab fuqarolarga ziyofat berar, kishilarga sovgʻalar hadya qilar ekan. Odil hukmdorning asosiy vazifasi yuqori va quyi tabaqa vakillari oʻrtasida adolat oʻrnatish, kuchli va ojizlar oʻrtasidagi tenglikni barqaror etishdan iboratdir. Shuning uchun u Hindistonda hukmron boʻlgan tabaqachilik (kastachilik) tartibini qoraladi. “Tenglik hukmronlik qilgan joyda qaygʻu-alam va ochofatlik oʻz-oʻzidan yoʻq boʻlib ketadi”, degan gʻoyani ilgari surdi. Beruniyning taʼkidlashicha, jamiyat hayotida dehqonchilik bilan band aholining oʻrni alohida eʼtiborlidir. Shuning uchun dehqonlar hol-ahvolidan doimo xabardor boʻlib turish, ularga gʻamxoʻrlik qilish hukmdorning bosh vazifasi boʻlmogʻi shartdir. Beruniyning axloq-odobga oid gʻoyalari ham behad darajada qiziqarli va foydadan xoli emas.
Shaxsning axloqi jamiyat oldidagi burchini sidqidillik bilan bajarishiga xizmat qilmogʻi lozim. Insonning tashqi qiyofasi tabiat inʼomidir, uni oʻzgartirishning imkoniyati yoʻq. Biroq, axloqiy qiyofasini oʻzgartirish insonning oʻz qoʻlida. Demak, uni yomon xulqdan yaxshi fazilatlar tomon aylantirish imkoniyatlari cheksiz. Buning uchun shaxs oʻz xulq-atvori, his-tuygʻulari ustidan hukmron boʻlmogʻi, ruhini tarbiyalab borishi, uni axloqiy jarrohlik vositasida davolashi, axloq-odob borasidagi kitoblarda taʼkidlangan usullar bilan kamchiliklaridan qutulmogʻi lozim. Ana shundagina, u oʻzining salbiy odatlaridan xoli boʻlib, yuksak axloqiy fazilatlar sohibiga aylanadi.
//
Izoh yo‘q