Avloniy, Abdulla (1878–1934) – XIX asr oxiri XX asr boshidagi oʻzbek milliy madaniyatining mashhur vakillaridan biri, maʼrifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, olim, davlat va jamoat arbobi. XX asr boshlarida Avloniy jadidchilik harakatiga qoʻshilib, Toshkentdagi jadidlarning faol ishtirokchilaridan biri boʻlib tanildi. U yangi usulda, yangicha maktab ochib, dars berdi va darsliklar yozdi. Maktab-maorif ishlariga yordam beruvchi “Jamiyati xayriya” ochib, yetim va boquvchisi yoʻq bolalarni oʻqitdi. Avloniy taniqli maʼrifatparvarlar bilan birgalikda “Nashriyot” (1914), “Maktab” (1916) shirkatlarini tuzdi. “Xurshid”, “Tujjor”, “Osiyo” gazetalarining maydonga kelishida bevosita ishtirok etdi. Oʻz muharrirligi ostida “Shuhrat” (1907), keyinchalik “Turon” (1917) gazetalarini chiqardi. Avloniy asos solgan yangi usul maktabi gumanistik va erkin tarbiya asosiga qurilgan, dunyoviy ilm-fanni bolalarga oʻrgatishni oʻz oldiga asosiy vazifa qilib qoʻygan, yoshlarni mamlakatning ijtimoiy-siyosiy hayotiga aralasha olish qobiliyatiga ega boʻlishni taʼminlaydigan haqiqiy xalq maktabi boʻldi.
Adib jadid maktablari uchun “Birinchi muallim”, “Ikkinchi muallim” darsliklarini tuzdi. Axloqiy-didaktik mazmundagi “Turkiy guliston yoxud axloq” darsligi (1913) XX asr boshlaridagi oʻzbek jadid maʼrifatchiligining noyob hodisalaridan edi. Unda tarbiya va axloq masalalari birinchi marotaba XX asrning talab va ehtiyojlari nuqtai nazaridan tahlil qilingan. Avloniy xulqlarni anʼanaviy yaxshi va yomonga ajratar ekan, mulohazalarini Gippokrat, Platon, Aristotel, Saʼdiy Sheroziy, Bedil fikrlari bilan asoslangan tarzda zamonaviylikni asosiy mezon qilib oladi. Mutafakkirning fikricha, axloq, bu – xulqlar majmui. Xulq esa ezgulik yoxud razillikning muayyan bir insonda namoyon boʻlish shakli. Binobarin, har bir xulq ezgulik va olijanoblikning yoki razillik va badbinlikning timsoli. Shu jihatdan ular yaxshi va yomonga boʻlinadilar. Lekin, bular kishida oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi. Ularning shakllanishi uchun maʼlum bir sharoit, tarbiya kerak. Kishilar tugʻilishdan yomon boʻlib tugʻilmaydilar. Ularni muayyan sharoit yomon yoki yaxshi qiladi. Demak, hamma narsa tarbiyaga bogʻliq. “Tarbiya yo hayot, yo mamot, yo najot – yo halokat, yo sadoqat, yo falokat masalasidur”. “Tarbiya tugʻilgan kundan boshlanadi va umrning oxiriga qadar davom etadi” kabi gʻoyani ilgari suradi. Avloniy tarbiya doirasini keng tushunadi. Uni birgina axloq bilan chegaralab qoʻymaydi. Avloniy masalaning falsafiy asosiga koʻchadi. Jism bilan ruhning uzviy birligi haqida gap ochadi: “Badan tarbiyasining fikr tarbiyasiga ham yordami bordur. Jism ila ruh ikkisi bir choponning oʻng ila tersi kabidur. Agar jism tozalik ila ziynatlanmasa, yomon xulqlardan saqlanmasa, choponning ustuni qoʻyub, astarini yuvub, ovora boʻlmoq kabidurki, har vaqt ustidagi kiri ichiga uradur”. Yana bir oʻrinda esa “Badan elak kabi koʻzlukdur” degan ibora uchraydi. Avloniy jism bilan ruh, shakl bilan mazmunning uzviy birligini taʼkidlaydi. Uning fikricha, “Aql jismning piri komili, murshidi yagonasidir”. Avloniy fazilatlarni shunchaki qayd etmaydi, ularning konkret hayotiy, amaliy ahamiyati ustida ham toʻxtab oʻtadi. Avloniyning vijdon haqidagi fikr-mulohazalari ham diqqatga sazovor. Uningcha, vijdon – aql va tafakkur mezoni. Inson odobini hayo va iffatsiz tasavvur qilish qiyin. Avloniy hayo deganda “Ishda, soʻzda adabni rioya qilmoq”ni tushunadi, uni insoniylikning muhim belgisi deb biladi. Avloniyning taʼkidlashicha, Vatan tuygʻusi eng insoniy, eng moʻtabar tuygʻulardan biri. Vatanni shunchaki sevish mumkin emas. Uning dardi bilan yashamoq, uning baxtidan quvonmoq, u bilan faxrlanmoq kerak. Vatan Onadek muqaddas. Uni qadrlash, eʼzozlash, uning shodlik va quvonchiga sherik boʻlish, gʻam-hasratini baham koʻrish farzandning burchi.
Avloniyning fikricha, tilga, madaniyatga muhabbat esa har bir kishining xalqiga boʻlgan muhabbatdir: “Har bir millatning dunyoda borligini koʻrsatadurgʻon oyinasi hayoti – til va adabiyotidir”, degan edi mutafakkir. Avloniy rostlik va toʻgʻri soʻzlikni insonning eng insoniy sifatlaridan deb uqtiradi. Adolatni, har bir millatning ozod va baxtli boʻlish huquqini dunyoning asosi deb biladi, birovga “Jabr qiluvchining yoqasi hech qachon jazo qoʻlidan qutula olmas”ligini aytadi. Adibning qarashlarida Navoiyning inson haqidagi mashhur “Inson – xilqat toji” nuqtai nazari (konsepsiyasi)ning taʼsiri yaqqol sezilib turadi. Uning fikricha, ham aql faqat insongagina nasib etgan sifatdir, jahonning ziynati oqil insonlardir. Inson aqli esa ilm va tajriba orqali boyib boradi. Darhaqiqat, ilm inson uchun gʻoyat oliy va muqaddas fazilat ekanligi adib tomonidan atroflicha asoslab berilgan. “Turkiy guliston yoxud axloq”da insonlikni belgilovchi doʻstlik, sadoqat, mehnatsevarlik, munislik va boshqa fazilatlar ham ulugʻlanib, bu sifatlarning zidi boʻlgan jaholat, yalqovlik, gʻiybat, hasad, xasislik, ikkiyuzlamachilik kabi illatlar odamiylikning dushmani sifatida talqin etilgan. Ushbu asarning ahamiyati faqat maktab doirasi bilan cheklanmadi. U adabiyot va axloq havaskori uchun ham qoʻllanma boʻlib xizmat qildi, oʻz davri ijtimoiy-pedagogik fikr taraqqiyotida alohida oʻrin egalladi. Adibning bu asarda yuz koʻrsatgan maʼnaviyatga daxldor qarashlari uning sheʼriyatida, drama va publitsistik maqolalarida davom etdi. Avloniyning ijtimoiy-siyosiy, axloqiy, estetik qarashlari bugungi kunda ham oʻz qiymatini yoʻqotmagan.
//
1 Izoh
Baxtigul Kuliyeva
11 DAYS AGO
Buyukligi ham shunda. Avloniyning rubi shod ohirati obod bolsin .