Zamahshariy, Mahmud (1075–1143) – toʻliq nomi Abul-Qosim Mahmud ibn Umar ibn Muhammad az-Zamahshariy boʻlib, tilshunoslik, lugʻatshunoslik, jugʻrofiya, hadis, fiqh, tafsir, mantiq, aruz falsafa, ahloq va adabiyot sohasida barakali ijod qilgan. Zamahshariyning “Navobigʻ ul-kalim” (“Nozik iboralar”), “Atvoq uz-zahab” (“Oltin shodalar”), “Al-foiq fi gʻarib ilhadis” (“Gʻarib hadislar haqida ajoyib asar”), “Maqomoti az-Zamahshariy” (“Az-Zamahshariy maqomlari”), “Al-Kashshof” (“Qurʼoni Karimga yozilgan tafsir”) kabi risolalari bizgacha yetib kelgan boʻlib Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng allomaning ijodiy merosini oʻrganishga keng yoʻl ochildi. Hozirgi vaqtda Zamahshariy asarlaridagi ayrim aforizmlar M.Oqilov, “Navobigʻ ul-kalim” (“Nozik iboralar”) risolasi esa U.Uvatov tomonidan arabchadan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan.
Zamahshariyning inson maʼnaviyati va axloqiy qarashlarining asosini moʻtazila mazhabi gʻoyalari tashkil qiladi. Allomaning fikricha, “har qanday mushkul ish aql egalari tufayli isloh qilinur, chunonchi yeru koʻk faqat oʻz tegrasi qutblari atrofida aylanur”. Insonning oʻz xatti-harakatida aql amriga qarab ish tutishi, aql-idrok va tafakkurning oʻrni, ayniqsa, ilmni egallash, taʼlim-tarbiyaga oid fikrlarida yaqqol koʻzga tashlanadi. “Yoki ilmiy boʻl, yoki ilmga tayanib ish tutadigan boʻl, loaqal ilmni tinglab eshitadigan boʻl, biroq toʻrtinchisi boʻlma, chunki kasodga uchrab halok boʻlasan (juvonmarg boʻlasan)”, deydi olim. Zamahshariy ilmning jamiyatdagi oʻrni, barkamol va komil insonlarni tarbiyalashdagi ahamiyatini ochib bergan. Zamahshariy oʻz risolalarida nodonlik, johillik va savodsizlikni qattiq tanqid qiladi, ularni insonning eng tuban illatlaridan hisoblaydi. “Ilmli boʻlish bir baland toqqa chiqish kabi koʻp mashaqqatlidir, lekin undan tushish osondir, johilligu nodonlik bulogʻi chuqur chashma misoli boʻlsa-da, biroq u koʻp qiyinchiligu azoblarga giriftor qiladi”.
Donishmand insonlarga halol mehnat qilib, shuning evaziga kun koʻrish lozimligini uqtiradi. Uning zamondoshi – mashhur shoir Rashiduddin al-Vatvot “hatto oʻziga zarar boʻlsa-da, u doimo adolat yuzasidan ish tutar edi”, deb aytgan edi. Zamahshariy tilshunos sifatida, nutq madaniyati va oʻzaro muomala qoidasiga katta eʼtibor beradi. Uning odamlarga qoʻygan birinchi talabi koʻp soʻzlamaslikdir, zeroki, mahmadonalik oʻzgalarga yoqmaydi. Zamahshariy toʻgʻrilik va poklikni ulugʻlaydi, ularni insonning eng yaxshi fazilatlari sirasiga kiritadi. U Muhammad alayhissalomni dunyodagi eng toʻgʻri va pok inson deb, kishilarni Allohga va unga iymon keltirishga undaydi. Halollik va poklik inson xulqini bezashini aytib, ular insonni kamolot sari yetaklashi, “halol, pokiza kishi doimo xotirjam va tinchlikda boʻlishi, birovga xiyonatu yomonlik qiladigan kishi esa halokatga giriftor”ligini taʼkidlaydi. Zamahshariy sayohatlarda koʻp boʻlib, oʻzga mamlakatlarni kezgan, yaxshiyu yomonni koʻrib, doʻstu dushmanni ajrata bilgan. Shuning uchun mutafakkir haqiqiy sodiq doʻstni yuksak qadrlagan. “Ogoh boʻlingizki, – deb taʼkidlaydi u, – karim va hurmatli, vafodor odamni yoʻqotish er kishiga vafotdan ham ogʻirroqdir”. Uning “Navobigʻ ul-kalim” risolasida ilm-hunar egallash, goʻzal fazilatli hulq-odobli, barkamol insonni tarbiyalash toʻgʻrisida fikrlar koʻp. U insondagi salbiy illatlarni qoraladi.
Olimning fikricha, “Odamning botiniyu zohiri, diliyu tili bir boʻlishi kerak, shundagina u saxiy va salim boʻladi. Odamlar ichidagi eng yaramasi xasisidir, ularning ichidagi eng yalqovi – pastkashidir”, “Takabburlik hech bir kimsaning qadr-qimmati va ulugʻvorligini ziyoda qilmaydi, u bor-yoʻgʻi dovul ichidagi shamoldan boshqa narsa emas”, – deydi mutafakkir. Ayniqsa, Zamahshariy nopok, gerdaygan, bilimsiz takabbur odamlarni tanqid ostiga oladi. “Ezgulik, xayrli ishlarga astoydil kirish, ularni paysalga solib, keyin qilarman, degan oʻylardan voz kech, shayton yoʻldan uradigan shoshma-shosharlik bilan emas, tafakkur va idrok bilan ish tut”, – deb ularni savob va solih ishlarni qilishga undaydi.
//
Izoh yo‘q