Tasavvuf ta’limotining XIV asr oxiridagi nazariyotchilaridan biri, Xojagon-Naqshbandiya tariqatining yirik vakili Xoja Muhammad Porso nomi bilan mashhur bo‘lgan Muhammad bin Muhammad bin Mahmud al-Hofiziy al-Buxoriy ilmiy merosi va qarashlarini o‘rganish nafaqat Naqshbandiya tariqati asoslari, balki umuman, islom falsafiy tafakkuri, uning bag‘rida vujudga kelgan tasavvuf ta’limoti hamda tasavvuf tarkibida ming yildan ko‘proq davr davomida shakllangan irfon falsafasining asl mazmun-mohiyatini yanada chuqurroq o‘rganishimiz uchun imkon beradi.
“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning ushbu qismida Muhammad bin Mahmud al-Hofiziy al-Buxoriy haqida so‘z yuritiladi. 1345 yilda Buxoroda tug‘ilgan Xoja Muhammad Porso shu yerdagi madrasalarda o‘qib, Qur’oni karim, hadis ilmlarini chuqur o‘rganib, zamonasining zabardast allomalaridan biri bo‘lib yetishdi. Bahouddin Naqshbanddan keyin islom olamida naqshbandiya oqimining eng yirik vakili hamda targ‘ibotchisi sifatida mashhur bo‘ldi.
Xoja Muhammad Porso Movarounnahr hukmdori Xalil Sulton bilan muloqotda bo‘lgan, Shohruh Mirzo bilan turli masalalar bo‘yicha yozishmalar olib borgan. Mirzo Ulug‘bek saroyi (Samarqand va Buxoro)dagi ilmiy munozaralarda qatnashgan.
Xoja Muhammadga “Porso” (taqvodor, dindor) degan sharafli nomni hazrat Bahouddin Naqshband bergan. Xoja Muhammad Porsoning Bahouddin Naqshband bilan munosabatlari shu davrda yashagan Muhammad Boqirning “Maqomoti Xoja Bahouddin Naqshband” nomli asarida mukammal bayon qilingan. “Tuhfat uz-zoirin” kitobida ko‘rsatilishicha, Xoja Muhammad Porso Bahouddin Naqshbandning ikkinchi xalifasi edi. Ulug‘ mutasavvif bu shogirdiga katta umid bilan qaragan va uning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor qaratgan. Faxruddin Ali Safiyning “Rashahot” asarida Xoja Muhammad Porsoning quyidagi hikoyasi keltiriladi: “Hijoz yo‘lida Xojai Buzrug (Bahouddin) kasalga chalindilar va vasiyat qildilar. Shu asnoda do‘stlar huzurida bu majlisga yuzlanib: “Xojagonlar xonadonining xalifalaridan bu zaifga nimaiki yetgan bo‘lsa va bu yo‘lda nimaniki topgan bo‘lsa, bu omonatlarning barini senga topshirdim. Bu omonatlarning barini Haq subhonahu xalqiga yetkiz”, dedilar. Hijoz safaridan qaytganimizda do‘stlar huzurida: “Bizda nimaiki bo‘lsa, sen hammasini to‘liq olding”, dedilar. Hayotlarining oxirida esa: “Bizning vujudga kelishimizning sababi Muhammad (Porso)ning zuhuri edi,”dedilar.”
Bahouddin Naqshband vafoti oldidan Xoja Muhammad Porsoni o‘z o‘rniga tayin qilganligini uning yaqinlaridan bo‘lgan Xoja Ali Domod quyidagicha tavsiflaydi: “Hazrati Xoja Bahovuddin oxirgi bemorliklari paytida hozirgi jasadlari yotgan qabrni kovlashga buyurdilar. Qabrni kovlab bo‘lib, ularning huzurlariga keldim. O‘zlaridan so‘ng irshod ishiga kimni buyurar ekanlar, degan fikr ko‘nglimdan o‘tdi. Ular to‘satdan menga o‘girilib: “Hijoz yo‘lida aytgan gapim gapdir, kimki bizni orzu qilsa, Xoja Muhammad Porsoga nazar qilsin”, dedilar”.
Mazkur misollar Xoja Bahouddin Naqshbandning shogirdiga nisbatan katta hurmat va e’tiqodining dalilidir. Xoja Muhammad Porso o‘z ustozi kabi moʻminlar ahvoli haqida qayg‘urib, podshohlar ishiga ham aralashib turgan. “Rashahot”da keltirilgan bir hikoya avvalida Xoja Muhammad Porsodagi karomat quvvatining kuchliligidan dalolat qilinsa, so‘ng davr ulamolari hamda podshohning ilmu fanning sof bo‘lishi borasida qayg‘urganliklari ko‘rsatiladi.
“Rashahot” muallifi Ali Safiyning yozishicha, Xoja Muhammad Porso kuchli karomat sohibi bo‘lsa-da, biroq buni iloji boricha yashirishga harakat qilgan. Ammo, qattiq zarurat tug‘ilgandagina uni oshkor qilishga majbur bo‘lgan. Shunday voqealardan birining tafsiloti quyidagicha: “Hadischi olimlarning peshvosi shayx Shamsuddin Muhammad ibn Muhammad al-Jazariy alayhi rahmat Mirzo Ulug‘bek zamonida Samarqandga kelgan edilar. Ba’zi g‘arazgo‘y kishilar: “Hazrati Xoja Muhammad Porso Buxoroda ko‘p hadislarni naql qiladilar, ularning asnodlari to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi hech kimga ma’lum emas. Hazrati shayx buni tekshirib ko‘rsalar yomon bo‘lmas edi”, dedilar. Hazrati shayx bu ishning payiga tushdilar. Mirzo Ulug‘bekni ham bunga ko‘ndirib, Buxoroga odam yubordilar va Hazrati Xoja (Muhammad Porso)ni Samarqandga kelishlarini iltimos qildilar. Shunday qilib, shayx Samarqandning shayxulislomi bo‘lgan Xoja Isomiddin hamda ulamolarning eng ulug‘lari bilan birga katta majlis tashkil qildilar. Xoja Muhammad ham majlisga yetib keldilar. Shayx undan iltimos qilib, asnodi bilan birgalikda bir hadis aytishni so‘radilar. Xoja Muhammad aytgach, shayx: “Bu hadisning to‘g‘riligiga shubha yo‘q, biroq uning asnodi bizga ma’lum emas, dedilar. Bu so‘zdan hasadchilar xursand bo‘lib, bir-birlariga ko‘z qisdilar. Xoja Muhammad esa bu hadisning ikkinchi asnodini ham aytib berdilar. Shayx yana o‘zining yuqoridagi so‘zini takrorladi. Xoja Muhammad qancha asnod aytsa ham so‘zi bu yerda maqbul bo‘lmasligini fahmladilar. So‘ng bir lahza muroqabaga berildilar, biroz sukutdan keyin shShayxga qarab: “Siz falon hadis kitobini tan olasizmi va undagi asnodlarni moʻtabar deb hisoblaysizmi?-dedilar. Shayx: “Ha, u kitobdagi asnodlarning hammasi e’tiborli va ishonchga loyiqdir. Hadis fanini tahqiq etuvchilardan hech kim unga shubha qilmaydi, agar siz aytgan asnodlar shu kitobdan bo‘lsa, u paytda bizning hech qanday e’tirozimiz yo‘q”, dedilar.
Hazrati Xoja (Muhammad Porso) Xoja Isomiddinga qarab: “Sizning kutubxonangizda falon tokchada, falon kitobning tagida, falon jildli kitob bor, unda biz aytgan asnod falon sahifada batafsil keltirilgan, iltifot qilib, xodimlaringizdan bir kishini yuborsangiz, uni tezda olib kelsa, dedilar. Xoja Isomiddin, bu asnod o‘sha yerda bormi-yo‘qmi, deb ikkilanib turardi. Majlisdagilar esa hangu mang bo‘lib o‘yga tolgan edilar. Hazrati Xojaning bu shaxsiy kutubxonada bo‘lmaganliklari hammaga ma’lum edi. Shunday qilib, Xoja Isomiddin o‘z yaqinlaridan birini zudlik bilan uyiga yuborib, agar aytilgan narsalar o‘sha yerda bo‘lsa, olib kelishni buyurdi. U kishi aytilgan belgilar bo‘yicha kitob va asnodni topib, majlisga keltirdi. Aytilgan hadis o‘sha asnodlar bilan o‘sha sahifada hech bir tafovutsiz mavjud edi. Buni eshitgan majlis ahlidan hayrat ovozlari baland ko‘tarildi. Shayx va boshqa ulamolar taajjub ichida qoldilar. Ayniqsa, Xoja Isomiddining hayrati boshqalarnikidan ziyoda edi, chunki u bu asnodli kitobning o‘z uyida borligidan bexabar edi. Bu qissani eshitgan Mirzo Ulug‘bek hazrati Xojani chaqirtirganidan xijolat bo‘ldi. Hazrati Xojadan yuz bergan bu karomat odamlar orasida ularga nisbatan aqidalarini mustahkamladi.
“Rashahot”da Xoja Muhammad Porsoning o‘sha davrdagi siyosiy voqealarga ham aloqador bo‘lgani haqida ma’lumotlar keltirilgan. Uning faoliyatidan Amir Temurning farzandi Muhammad Jahongirning o‘g‘li Xalil Mirzo, shuningdek, Xuroson shohi Shohrux Mirzo yaxshi xabardor bo‘lgan. Porso Shohrux Mirzo bilan turli masalalar bo‘yicha yozishmalar ham olib borganligi manbalarda qayd etilgan. O‘zbekiston FA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida Xoja Muhammad Porsoning quyidagi asarlari saqlanmoqda:
1.“Risolai qudsiya (“Xoja Bahouddinning qudsiy kalimalari haqida risola”).
2.“Az anfozi qudsiyai mashoyihi tariqat” (“Tariqat mashoyixlarining qudsiy kalimalaridan”).
3.”E’tiqodot” (“E’tiqod haqida risola”).
4.”Tahqiqot” (“Tasavvuf istilohlari haqida risola”).
5.”Tafsiri Quron” (“Kuron tafsiri”).
6.”Al-hadis ul-arba’una” (“Qirq hadis”).
7.”Risola dar odobi murid” (“Murid odoblari haqida risola”).
8. ”Risolai kashfiya” (“Karomatlar haqida risola”).
9. ”Risolai mahbubiya” (“Do‘stlik haqida risola”).
10.”Sharhi “Fiqhi Kaydoniy” (“Fiqhi Kaydoniy” asarining sharhi”).
11.”Fasl ul-xitob bi-vusuli-ahbob”(“Do‘stlar visoliga yetishishda oq ila qorani ajratuvchi kitob”).
12.”Muxtasari ta’rixi Makka” (“Makka shahrining qisqacha tarixi”).
13.”Fusuli sitta” (“Olti fasl”).
14.”Maktubi Xoja Muhammad Porso va Mavlono Zaynuddin” (“Xoja Muhammad Porsoning Mavlono Zaynuddinga maktubi”).
15.”Maqomoti Xoja Alouddin Attor” (“Alouddin Attor maqomoti”).
16.”Maqomati Xoja Bahouddin Naqshband” (“Xoja Bahouddin Naqshband maqomoti”).
17.”Muqaddima li-jomi’ ul-kalim” (“Jomi’ ul-kalim” kitobiga muqaddima”).
18.”Haftodu du firqa” (“Yetmish ikki firqa”).
Muhammad Porsoning “Risolai qudsiya” asari Xoja Bahouddin Naqshband qudsiy kalimalarining sharhi hisoblanadi. Bu kalimalar Bahouddin Naqshbandning o‘z og‘zidan eshitilgan bo‘lib, Muhammad Porso ularni jamlab yurgan. Bu haqda uning o‘zi shunday deydi: “Bu so‘zlar (ularning) muborak og‘izlaridan chiqqan so‘zlardan bir tomchisigina bo‘lib, bu zaif banda... bu qudsiy kalimalardan ba’zilarini sadoqat va irodat yuzasidan tabarrukona va irshod sifatida qalamga olib yurardi”. Muhammad Porso o‘zining bu asarida ustozining qudsiy kalimlarini keltiribgina qolmay, ularni sharhlab ham beradi. Asar Bahouddin Naqshband hayoti, uning xizmatlari va ma’naviy olamini ochib berish hamda Naqshbandiya sulukining asoslari haqida chuqur ma’lumotlarni o‘z ichiga olganligi bilan nihoyatda qimmatlidir.
Muhammad Porsoning shariat va tariqat masalalariga bag‘ishlangan va unga katta shuhrat keltirgan asari “Fasl un-xitob bi-vusuli-l-ahbob” (“Do‘stlar visoliga yetishda oq ila qorani ajratuvchi kitob”) nomli asaridir. Katta hajmga ega bo‘lgan bu kitob islom ulamolari orasida qo‘llanma sifatida foydalanilgan. Asar bir necha marta chop etilgan. Shariat, tariqat va firqalar to‘g‘risida qandaydir bahs tug‘ilib qolsa, albatta, “Fasl un-xitob”ga murojaat qilib, Porsoning fikrini hujjat sifatida ko‘rganlar va unga suyanganlar. Asar 494 ta masalaga bag‘ishlangan bo‘lib, ularning hammasi islomda bahsli hisoblangan va Porso bu masalalarni turli asarlarga suyangan holda yechib bergan.
Xoja Muhammad Porso ikki marta haj amalini ado etgan. Dastlab Bahouddin Naqshband bilan, keyin 1419 yili Buxorodan Termiz, Balx va Hirot orqali Nishopurga, undan esa Madinaga borgan. Haj ziyoratini amalga oshirgach, kasalga chalinib, 72 yoshida 1419 yilda Madinada vafot etadi. Amir al-moʻminin Abbos maqbarasi yoniga dafn etilgan.
Bo‘ri QODIROV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
//
Izoh yo‘q