“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi qismida o‘rta asrlarning buyuk tarixchisi Xondamir haqida so‘z yuritamiz.
Xondamirning to‘liq ismi Gʻiyosiddin Muhammad ibn Xoja Humomuddin ibn Xoja Jaloliddin Muhammad ibn Burhoniddin Muhammad Sheroziy bo‘lib, u 1473-1476 yillar orasida Hirot shahrida tug‘ilgan. Xondamir “Ravzat us-safo”(“Musaffolik bog‘i”) asari muallifi, mashhur tarixchi Mirxondning nabirasi hisoblanadi. Otasi Xoja Xumomuddin Muhammad ibn Xoja Jaloluddin Muhammad ibn Xoja Burhonuddin Muhammad Sheroziy zamonasining ziyolilaridan biri bo‘lib, temuriylardan Sulton Mahmud Mirzoning vaziri bo‘lgan. Bo‘lg‘usi muarrix zamonasining ko‘pgina bilimlarida peshqadam bo‘lib, keyinchalik bobosi Mirxondning ishini davom ettirdi.
Xondamirning olim sifatida shakllanishida ulug‘ mutafakkir shoir Mir Alisher Navoiyning o‘rni katta bo‘lib, u bo‘lajak olimga, o‘zining boy kutubxonasidan foydalanishga ruxsat bergan, shu bilan birga ilmiy ishlariga rahbarlik qilgan. U yoshlik chog‘idayoq Alisher Navoiy qo‘liga kelgan, dastlab uning kutubxonasida kutubxonachi, keyinroq esa mudir bo‘lib ishlagan.
Alisher Navoiy vafotidan so‘ng, Xondamir dastlab Balxda, Sulton Husayn Boyqaroning to‘ng‘ich o‘g‘li Badiuzzamon Mirzo saroyida xizmat qiladi. Ayni shu paytda Badiuzzamonning Qunduz hokimi Xisravshohdan Shayboniyxonga (1500-1510 yillar) qarshi urushda ishtirok etishni so‘rab yuborgan elchilari qatorida Xondamir ham bor edi. Shu davrda unga “sadr” unvoni berilgan. Xondamir biroz fursatdan so‘ng yana Badiuzzamon topshirig‘iga binoan Shayboniyxonga qarshi tuzilgan ittifoqqa Kandahor hokimini jalb etish maqsadida u yerga jo‘natildi. Ammo Badiuzzamon qizining vafoti tufayli Xondamir safarni to‘xtatib, Hirotga qaytadi. U 1506 yilda Shayboniyxonning Hirotni zabt etishiga shohid bo‘lgan.
Sulolalar hukmronligi o‘zgargandan so‘ng, Xondamir temuriylar tarafdori bo‘lganligi bois, Hirotdan ketishga qaror qiladi. 1507 yildan 1510 yilgacha Shimoliy Afg‘onistondagi Basht qishlog‘ida ijod bilan shug‘ullanadi. Hirot taxtiga Safaviylar vakili Shoh Ismoil (1407-1424 yillar) kelgach, Xondamir yana Hirotga qaytadi. Shoh Ismoil vafotidan so‘ng (1527 yil) Hirotni butunlay tark etib Qandahorga, 1528 yilda esa Boburiylar poytaxtiؘ – Agraga (Hindiston), Zahiriddin Muhammad Bobur huzuriga boradi.
Xondamir Agrada Boburning yaqin mulozimlari qatoridan joy oladi. 1529 yili Boburning Bengaliya va Gang daryosi sohiliga qilgan yurishida kuzatib boradi. Bobur vafotidan so‘ng, uning vorisi Humoyunning (1530-1556 yillar) xizmatida bo‘lib, 1534 yili u bilan birga Gvaliorda bo‘ladi va Gujoratga qilgan yurishida qatnashadi. Ayni vaqtda, u “Humoyunnoma” asarini yozadi. Bu xizmati uchun “Amir al-muarrixin” (“Tarixchilar amiri”) unvoniga sazovor bo‘ladi.
Xondamirning Amir Mahmud va Sayyid Abdulxon nomli ikkita farzandi bo‘lgan. Amir Mahmud Shoh Ismoil va Shoh Taxmasp (1524-1576 yillar) hukmronlik qilgan davr tarixini yoritgan asar muallifidir. Ushbu asar “Ravzat us-Safaviya”(“Safaviylar bog‘i”)da keltirilgan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘sha davr olimlari orasida katta e’tibor qozongan. Xondamir butun umri davomida, o‘n uchta asar yozgan bo‘lsa, bizgacha sakkiztasi yetib kelgan:
1.”Ma’osir ul muluk” (“Hamasr podshohlarning tarixi”) (1498-1499 yillar);
2. “Xulosat ul axbor fi bayon ul ahvol ul axyor” (“Xayrli kishilar ahvolini bayon etish borasida xabarlar xulosasi”) (1498-1500 yillar).
3. “Makorim ul axloq” (“Oliyjanob xulqlar”) (1501 yil).
4. “Dastur ul vuzaro” (“Vazirlar uchun qo‘llanma”) (1500-1501 yillar).
5. “Nomai nomi” (“Atoqli nomalar”) yoki “Inshoi Gʻiyosiddin”, “Inshoi Gʻiyosiy” (1522-1523 yillar).
6. Mirxondning “Ravzat us-safo” asariga Xondamir tomonidan qo‘shilgan ilova -7 jild va “Geografik qo‘shimcha” (1522-1523 yillar).
7. “Habib us-siyar fi axbor afrod ulbashar” (“Inson zoti xabarlari va do‘stning tarjimai holi”) (1520-1524 yillar).
8. “Humoyunnoma”(1534 yil).
Muarrixning “Humoyunnoma” asari “Qonuni Humoyun” nomi bilan ham mashhur bo‘lib, Hindiston podshohi Boburiy Humoyun Mirzoga bag‘ishlangan va 1535 yili yozib tamomlangan. Asardagi Humoyun Boburiylar davlatida hukmronlik qilgan davrda joriy etilgan yangiliklar, aholini uch tabaqaga, hokimiyatni esa to‘rt idora usuliga bo‘linishi va Humoyunning me’morchilik faoliyati haqidagi ma’lumotlar diqqatga sazovordir. Xondamirning qolgan 5 ta asarining nomlari ma’lum, xolos:
1.“Osor ul muluk val anbiyo” (“Podshoh va payg‘ambarlar haqida hikoyalar”) (1524-1525 yillar).
2.“Axbor ul axyor” (“Yaxshi insonlar haqida xabarlar”).
3.“Muntaxabi tarixi Vassof” (“Vassof tarixidan saylanma”).
4.“Javohir ul axbor” (“Xabarlar gavharlari”).
5.“Gʻaroyib ul asror” (“Qiziqarli sirlar”).
Alisher Navoiy asarlaridan ma’lumki, Xondamir “Naqiy” taxallusi bilan g‘azallar ham bitgan. Ular bizgacha yetib kelmagan bo‘lsa-da, ayrim parchalar “Humoyunnoma”, “Makorim ul-axloq” va boshqa asarlarda uchraydi. Hech shubhasiz, Xondamirning Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Hindiston tarixiga oid asarlari jahon tarixi xazinasiga qo‘shilgan munosib hissadir.
Xondamir 1534 yili Hindistonda vafot etadi. Alloma o‘z vasiyatiga ko‘ra, Dehlidagi qabristonga – Nizomiddin Avliyo va shoir Xusrav Dehlaviy yoniga dafn etilgan.
Bo‘ri QODIROV,
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Ahmedov B., O‘zbekiston tarixi manbalari, T., 2001
2. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
3. Buyuk ajdodlarimiz (mas’ul muharrir: M.Aminov, F.Hasanov). – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2001.
4.Xondamir. “Makorim ul-axloq”dan (Alisher Navoiy haqida) . Muloqot.-1991.-№3.-B.22.
5. www.ziyo.uz.
//
Izoh yo‘q