Taftazoniy


16:04 / 12.04.2022 3329 0

“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi qomusiy olimlaridan biri Taftazoniy haqida so‘z yuritamiz. Taftazoniyning to‘liq ismi Muhammad ibn Umar Sa’diddin at-Taftazoniy bo‘lib, u 1322-yili Xurosonning Taftazon qishlog‘ida tug‘ilgan.

 

Taftazoniy yoshligidan o‘ta zehnli, aql-idrok sohibi, islomiy va dunyoviy ilmlarga tashnaligi bilan o‘z tengqurlaridan ajralib turgan. Dastlabki bilimni Xurosonning yirik ilmiy markazlari Hirot, Sheroz, Balx, Saraxs shaharlarida oladi. Keyinroq o‘z davrining yirik olimlari, jumladan, Azudiddin al-Iyjiy, Qutbiddin Muhammad ar-Roziy, Nasimuddin Abu Abdulloh, Ziyouddin ibn Usmon al-Qazviniy, Ahmad ibn Abdulvahob al-Qo‘siy kabi olimlardan ta’lim olib, o‘sha davrda keng tarqalgan kalom, mantiq, ilm al-usul, fiqh, astronomiya, matematika ilmlari sohasida yetuk alloma darajasiga erishadi. Manbalarda yozilishicha, Sa’duddin Taftazoniyning ilmiy-ijodiy faoliyati o‘n besh-o‘n olti yoshlaridan boshlangan. Shuni ham aytish kerakki, Taftazoniy hayotining aksar qismi Xurosonning yuqorida zikr etilgan shaharlari bilan bir qatorda Movarounnahrda Samarqand, Xorazm, Buxoro, G‘ijduvonda o‘tganligi haqida ham yozma manbalarda qayd etilgan.

 

U umrining 30 yilga yaqin davrini jahongashtalikda o‘tkazadi, Movaraunnahrning turli madrasalarida dars beradi. Hirot va G‘ijduvonda ishlaydi. Jonibek xonning taklifi bilan, Shoh Shujo saroyida Sherozda ishlaydi.

 

Sohibqiron Amir Temur Markaziy Osiyo va unga qo‘shni bo‘lgan yurtlarni birlashtirib, feodal tarqoqlikka barham bergach, Samarqandga barcha mintaqa va viloyatlardan mashhur olim va hunarmandlarni to‘play boshlagan. Uning maqsadi IX-X asrlarda bo‘lgani kabi islom dunyosining ilmiy markazlari sifatida tanilgan Xorazm, Buxoro va Bag‘doddagi “Bayt ul-hikma” ilmiy maktablari an’analarini Samarqandda tiklash bo‘lgan. Poytaxtda olimlarga ijod qilishlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Saroyda Amir Temur xuzurida erkin ilmiy bahslar bo‘lib, sinovdan o‘tgan yirik olimlar yangi qurilgan madrasalarga mudarrislikka yuborilgan. Ilm-fanga, ma’rifatga e’tibor balandligi bois o‘sha zamonning ko‘pgina olimlari Samarqandga borishni o‘zlari uchun sharaf deb bilishgan. Taftazoniy ham Amir Temurning da’vatiga binoan Samarqandga kelib, umrining oxirigacha shu shaharda ijod etib, ko‘plab ilmiy bahslarda faol qatnashgan. Manbalarda qayd etilishicha, Samarqandda yashagan mashhur faylasuf Mir Sayyid Sharif Jurjoniy va Taftazoniy o‘rtasidagi ilmiy bahslar juda keskin va qiziqarli o‘tgan.

 

Taftazoniyning islom falsafasi, kalom, mantiq, handasa, she’riyat va arab tili grammatikasi sohasidagi katta asarlari Movarounnahr va Xuroson shaharlarida keng tarqalgan. Ma’lumotlarga qaraganda, uning ilmiy-ma’naviy merosiga mansub asarlarning soni o‘ttiztaga yetadi. Ulardan “Al-arba’in fil hadis”, “Al-fatova al-hanafiyya”, “Al-miftoh”, “Irshod al-hodiy”, “Tahziyb al-mantiq val kalom”, “Al-mutavval ala at-talxis” va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Asarlarining aksariyati arab tilida, qisman esa fors tilida yaratilgan, olim faoliyatida turk va fors tillariga qilingan tarjimalar ham zikr qilinadi. Uning ilmiy-ijodiy faoliyatida yurtimizdan chiqqan yirik olimlarning qimmatli asarlariga sharhlar bitish ham yetakchi o‘rin egallaydi. Jumladan, u nasaflik taniqli olim Najmiddin Umar Abu Hafs an-Nasafiyning (1068–1142) aqida masalalariga bag‘ishlangan g‘oyatda muhim “Al-Aqoid” nomli asariga (bu asar atigi 12 sahifadan iborat) keng ko‘lamda sharh yozgan bo‘lib, uning 2000-yilda Qohirada chop etilgan nashri 162 sahifadan iborat. Hajm nuqtayi-nazaridan g‘oyatda kichik bu risolada iymon-e’tiqod masalalari ahli sunna va jamoat aqidasiga muvofiq aniq va ishonchli tarzda bayon qilinganki, u o‘z davridan to hozirgi paytgacha musulmon davlatlaridagi dorulfunun va madrasalarda, jumladan, al-Azhar universitetining o‘quv muassasalarida sunniy aqida bo‘yicha asosiy qo‘llanma – dasturlardan biri sifatida o‘qitib kelinmoqda. Asarning katta amaliy ahamiyatidan kelib chiqib, ko‘plab olimlar unga sharhlar bitganlar. Jumladan, Sa’duddin Taftazoniy ham bu asarga mukammal sharh yozgan mualliflardan hisoblanadi.

 

Taftazoniy tomonidan xorazmlik buyuk alloma Mahmud az-Zamaxshariy (1075–1144) qalamiga mansub “Al- Kashshof” nomli Qur’oni karim tafsiriga batafsil hoshiya ham bitilgan. Shuningdek, az-Zamaxshariyning odob-axloq va tarbiyaviy masalalarga oid “Navobig‘ al-kalim” (“Nozik iboralar”) nomli asariga yozgan mufassal sharhi ham dunyo ilm ahllariga yaxshi ma’lum.

 

Bu asarlardan XIV–XVI asrning ikkinchi yarmigacha Movarounnahrdagi madrasalarda o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanilgan. Taftazoniy o‘z falsafiy qarashlarida tabiat hodisalari o‘rtasida sabab-oqibat munosabatlari mavjudligiga shubha qilmay, borliqning ana shunday munosabatlarini diqqat bilan tahlil etib, sabab va oqibatning muayyan turlarini ajratib ko‘rsatadi. “Sabab bu shunday narsaki, narsaning mavjud bo‘lishi unga bog‘liqdir. Sabab ichki va tashki ko‘rinishlarga ega. Agar sababning muayyan belgilari oqibatga ko‘chib o‘tsa, unda ichki sabab namoyon bo‘lgan bo‘ladi, agarda buning aksi bo‘lsa, unda tashqi sabab o‘zligini ko‘rsatgan bo‘ladi”. Taftazoniy o‘zining “Tahzib al-mantiq val-kalom” asarida insonning xulq-atvoridagi iroda erkinligi masalasiga kengroq to‘xtaladi. Uning fikricha, har qanday olijanoblik va xayrli ishlar o‘z tabiatiga ko‘ra xudoning mohiyatidan kelib chiqadi va u hamma narsaning xoliqi sifatida xayr va sharofatning yaratilganligi sababdan insonlarni yomon xulq-atvordan tiyilib turishga chorlaydi. Yomon xulqlar, gunohlar insonga xos xislatlar bo‘lmasdan, ular faqat kishilarni sinash uchun yaratilgan. Shunday qilib, uning fikricha, xudo o‘z bandalariga ikki yo‘lni “taklif” etadi, ya’ni sharafli, xayrli faoliyat ko‘rsatishni yoki nomatlub mashg‘ulotlar bilan gunohga botishni, gunohga botish esa jazoga tortilishni keltirib chiqaradi. Mutafakkirning ta’kidlashicha, xudo tomonidan insonlarga xayrli ishlar qilish buyurilgan, g‘ayrishar’iy ishlar insonning o‘z irodasiga bog‘liqdir. Shuning uchun xudo yomon xulq-atvorli insonlarni jazolaydi.

 

Bilish nazariyasida Taftazoniyning qarashlari ibn Sinonikidan farq qiladi. Ibn Sino narsa, hodisalar haqidagi ma’lumotlarni bilim deb qabul etgan bo‘lsa, Taftazoniy ularni alohida his-tuyg‘u va bilim o‘rtasidagi vositaviy bosqich deb tushunadi. His-tuyg‘uni esa tashqi hissiyot deb atab, ichki his-tuyg‘u ham tashqi hissiyot asosida paydo bo‘lishini ta’kidlaydi. Narsalar to‘g‘risida biror tushuncha hosil qilish his-tuyg‘u uyg‘otgan qiyofa orqali amalga oshishini qo‘rsatib o‘tadi. Ashyolar va hodisalar mavjudligi tufayli ular uyg‘otgan his-tuyg‘u shakllaridan bilim shakllanadi. Chunki hissiyot moddadan, uning zaruriy sifatlari va aloqalari bilan birgalikda tashqi qiyofasinigina qabul qilib oladi. Shu sababdan mutafakkirning fiqricha, hissiy tasavvurga ega bo‘lish uchun moddaning bo‘lishi shartdir. Lekin aqliy, mantiqiy bilish esa moddiy asosdan ancha uzoqlashgan bo‘lib, hissiy bilimlarga qaraganda yuqoriroq bosqichda hosil bo‘ladi.

 

Taftazoniy fikricha, mantiq tafakkurdagi xatoliklardan xalos qiladigan vosita bo‘lib, yangi bilimlar hosil qilish uchun zamindir. Mantiqiy bilish shakllari tasavvur va tasdiqdir. Biror ashyo yoki hodisani tasavvur etish va u to‘g‘risida hukm chiqarishda asosiy o‘rinni til bajaradi. Ong va uning belgisi nutq bilan bevosita bog‘langandir. Biror ashyo yoki hodisa belgisi bo‘lgan so‘zlar, biror-bir mazmun tufayligina qandaydir ma’no kasb etadi. Taftazoniy fikricha, mantiq fani mavhum mantiqiy ong bilan bog‘langan bo‘lib, tushuncha va hukmni ifodalovchi so‘zlar va gaplarni tahlil etadi.

 

Aql quroli orqali ashyolarni aks ettiradigan tushunchalarni ta’riflab, Taftazoniy o‘z oldiga shunday savol qo‘yadi: Tushunchalar qanday kelib chiqadi va shakllanadi? Taftazoniy aqlning tahliliy xulosaviy qobiliyati (tahlilot) va shuuriy iste’dodi (mafhumot) tushunchalar shakllanishi uchun asosiy yo‘l deb hisoblaydi. Uning ta’kidlashicha: “Faqat tahlilot va mafhumot vositasidagina ashyolar haqida muayyan tushunchalar hosil etish mumkin”.

 

Taftazoniy tomonidan yozilgan “Sharhu alaqodi Nasafiya” asarining kalom ilmidagi ahamiyati hali yetarli darajada o‘rganilmagan. Ayniqsa, bu asarning tarkibiy tuzilishi, unda ko‘tarilgan aqidaviy masalalarning tarixiy jarayonlar bilan uzviy bog‘liqligi tahlil qilinmagan. Asarning O‘zbekistonda va xorijda saqlanayotgan qo‘lyozma nusxalari kompleks tarzda o‘rganilib to‘laligicha tavsif qilinmagan. Sa’duddin Taftazoniyning mazkur asari qariyb besh asr mobaynida Movarounnahr va unga qo‘shni hududlar madrasalarida asosiy darslik sifatida o‘qitilgan. Biroq, uning ta’lim dasturidagi ahamiyati va o‘rni to‘laligacha o‘rganilmagan.

 

Taftazoniyning “Sharhu alaqodi Nasafiya” asarini tadqiq qilish va undagi aqidaviy masalalarni ilmiy asosda tahlil qilish kalomga oid masalalarga aniqlik kiritadi. Shuningdek, xalqimizga islom dinining asl mohiyatini to‘g‘ri yetkazishda bu asarning ahamiyati nihoyatda kattadir. Shu bilan birga hozirgi kunda mavjud turli xildagi diniy-siyosiy guruhlar va buzg‘unchi mafkuralarga qarshi kurashda mazkur asardan g‘oyaviy qurol sifatida foydalanish mumkinligini ham aytish zarur.

 

Umuman olganda, mazkur asarni o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjimasini amalga oshirish beqiyos ahamiyatga ega bo‘lib, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni chin insoniy fazilatlar sohibi etib tarbiyalash, ular qalbida ajdodlarga munosib bo‘lish hamda turli buzg‘unchi, adashgan oqimlarga qarshi raddiyalar berish ko‘nikmasi shakllanishida muhim manba bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz. Taftazoniyning ilmiy merosini o‘rganish tafakkurimiz tarixining zarhal sahifalarini boyitish imkonini beradi.

 

Taftazoniy 1392-yilning 12-avgustida Samarqandda vafot etgan.

 

Bo‘ri QODIROV,

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi

mas’ul xodimi 

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. 8-jild, O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti. – T.; 2004.

2.  Islom ensiklopediyasi. – T.; O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi Davlat ilmiy nashriyoti, 2004.

3. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M.Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.

4.  www.ziyo.uz.

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//