Mirxond


15:04 / 06.04.2022 4028 0

“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi olimlaridan biri, O‘rta asrlarning buyuk tarixchisi Mir Muhammad ibn Sayid Burhonuddin Xovandshoh ibn Kamoliddin Mahmud al-Balxiy – Mirxond.

 

Mirxond 1433-yili Balxda tug‘ilgan. Uning ota-bobolari asli buxorolik bo‘lib, fiqh ilmida mashhur edi. Ulardan Mahmud ibn Ahmad al-Mahbubiy fiqh ilmida peshqadam olim bo‘lgani uchun “toj ash-shari’a” (shariat toji) nomi bilan nom chiqargan va Sharqning mashhur fiqh olimi Sayyid Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asariga “Viqoya ur-rivoyat fi masoil ul-Hidoya” (“Hidoya masalalarini himoya qiluvchi rivoyatlar”) nomli sharh yozgan. Ubaydulloh ibn Mas’ud al-Mahbubiy “toj ash-shari’a soniy” (ikkinchi shariat toji) nomi bilan tanilgan va “Sharh ul-viqoya”, “An-nihoya muxtasar ul-viqoya” nomli mashhur kitoblar yozib qoldirgan. Mirxondning otasi Sayyid Burhoniddin Xovandshoh ham o‘z davrining bilimdon kishilaridan bo‘lgan.

 

Mirxond Buxoroda madrasani tugatib, otasi vafotidan keyin Hirotga kelgan. Uning hayoti va ilmiy faoliyatiga oid ma’lumotlar juda kam bo‘lishiga qaramay, nabirasi Xondamir “Xulosat ul-axbor” kitobida bobosi haqida quyidagilarni yozadi: “Padarpanoh janob amir Xovand Muhammad yigitlik chog‘larida turli ilmlarni tahsil etish va nafis fazilatlarni kamolga yetkazish yo‘lida tirishqoqlik va zo‘r mehnat qildi. Qisqa vaqt ichida bilimdonlikda zamon fozillarining peshqadami bo‘lib oldi. U (ko‘proq) tarix ilmini kasb qildi va jahon ahvolini hamda osori atiqalarini tahqiq qilishga kirishdi. Olijanob xotirani tez fursat ichida bu fanni egallashdan forig‘ qildi, ammo fe’l-u atvori maishat ahdi bilan qo‘shilishga yo‘l bermadi, zavq-u shavqqa berilmadi. Dars berish va amr-u ma’rifatga ishtiyoq uning ravshan xotirida aslo ko‘rinmadi. Ammo (bu hol)  orzu va omonlikning qiblagohi, ya’ni olijanob Sulton (Husayn) hazratlari yaqin do‘sti (Amir Alisher Navoiy)ning huzurlariga borgunicha va uning har turli navozish, marhamat, iltifot hamda muruvvatlarini topmagunlaricha davom etdi”.

 

Sharq xalqlari tarixini o‘rganish, tadqiq etishda Tabariy, Narshaxiy, Bayhaqiy, Juvayniy, Sharafiddin Ali Yazdiy, Nizomiddin Shomiy, Ibn Arabshoh, Abdurazzoq Samarqandiy singari olim va mutafakkirlar qoldirgan durdonalar katta ahamiyat kasb etadi. Ana shunday bebaho tarixiy asarlardan biri Mirxondning “Ravzat us-safo fi siyratul-anbiyo val-muluk val xulafo” (“Payg‘ambarlar, podsholar va xalifalarning tarjimayi holi haqida jannat bog‘i”) asaridir. Bu asar Alisher Navoiyning iltimosiga binoan yozilgan bo‘lib,  Navoiy Mirxondga Xalosiya xonaqohida joy, maosh tayinlab, o‘zining boy kutubxonasidan foydalanish uchun imkon yaratadi. Mirxond shu yerda 1494-yilgacha 7 jildli “Ravzat us-safo fi siyratul-anbiyo val-muluk valxulafo” (“Payg‘ambarlar, podsholar va xalifalarning tarjimayi holi haqida jannat bog‘i”) asarining 6 jildini yozib tugatadi. “Ravzat us-safo”ning mazmuni quyidagichadir:

 

1-jild  (daftar) – dunyoning yaratilishidan sosoniylar sulolasi inqirozigacha;

2-jild  – Muhammad (s.a.v) va to‘rt xalifa tarixi;

3-jild – Umaviy va Abbosiy xalifalari tarixi;

4-jild – Umaviy va abbosiylar davrida O‘rta Osiyo;

5-jild  – Chingizxon va chingiziylar tarixi;

6-jild  – Amir Temurdan Abu Said vafotigacha bo‘lgan davr tarixi;

7-jild – Sulton Husayn va uning avlodi davri tarixi. Bu jildning davomini nabirasi Xondamir (bobosi vafotidan keyin) yozib tugatadi.

 

Dastlabki 6 jild matni Alisher Navoiy tahriridan o‘tadi. Asar  Bombay (1845, 1848), Tehron 1850–1856, 1860; va Lakhnav 1874, 1883, 1890-yillar)da chop etilgan; o‘zbekcha tarjimasi Muhammad Rahimxon Feruz davri (1865–1873) da amalga oshirilgan.

 

Mirxondning “Ravzat us-safo fi siyratul-anbiyo val-muluk val xulafo” asari jozibali tilda, sodda va ravon uslubda yozilgan bo‘lib, ilk sahifalaridanoq o‘quvchining e’tiborini o‘ziga tortadi. U juda ko‘p ibratli, ta’sirli, qiziqarli voqealarni o‘z ichiga oladi. Asar tili va uslubiga ko‘ra, o‘z davrining bebaho adabiy yodgorligi hisoblanadi. Fransuz, lotin, shved, nemis va boshqa bir qator tillarga mazkur asardan parchalar tarjima qilingan. Uzoq vaqt davomida ushbu asar yevropaliklar uchun Sharq tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib hisoblangan.

 

Asarning nodir qo‘lyozmalaridan biri Sankt-Peterburgda, D 203 raqami ostida Rossiya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari institutida saqlanmoqda. 1608-yilda ko‘chirilgan, 233 varaqdan iborat bu qo‘lyozmaning ayrim sahifalariga oltin suvi yugurtirilgan. Mazkur kitobda tohiriylar davridan to sohibqiron Amir Temurning davlat tepasiga kelishiga qadar bo‘lgan voqealar (820–1370-yillar) tarixi bitilgan.

 

Mirxondning bu asari juda ko‘p mamlakatlar tarixini o‘rganishda qimmatli manba bo‘lib xizmat qiladi. Kitobning faksimile nusxasi ko‘pgina tadqiqotchilar uchun Markaziy Osiyo tarixi, xususan, temuriylar davrini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.

 

Ulug‘ muarrix Mirxond 1498-yil 22-iyunda vafot etgan.

 

                      Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi

Bo‘ri QODIROV tayyorladi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

 

1.  Ahmedov B. “O‘zbekiston tarixi manbalari”, T., 2001;

2. “Ma’naviyat  yulduzlari” (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001;

3. “Buyuk ajdodlarimiz.” (mas’ul muharrir: M.Aminov, F.Xasanov). – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2001;

4.  www.ziyo.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//