Mavlono Lutfiy


16:04 / 04.04.2022 14881 1

“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ulug‘ allomalaridan biri,  zamonasining “malik ul-kalomi”, o‘zbek shoiri, orif va mutafakkiri Lutfulloh Lutfiy 1366-yilda Hirot yaqinidagi Dehikanor qishlog‘ida dunyoga kelgan.

 

Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida guvohlik berishicha, Mavlono Lutfiy 99 yil umr ko‘rgan. U boshlang‘ich tahsildan keyin madrasalarda o‘z davrining dunyoviy va shariat bilimlarini chuqur o‘rganadi. So‘ngra esa tasavvuf bobida malaka hosil qilishga kirishadi. Bu haqda Alisher Navoiy quyidagilarni qayd etadi: “Mavlono yigitligida ulumi zohiriyni takmil qilg‘ondin so‘ngra Mavlono Shahobiddin Xiyoboniy qoshida so‘fiya tariqatida ham suluk qilg‘ondur”. Shahobiddin Xiyoboniy o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan mutasavvuf shayxlaridan bo‘lib, uning “Qur’oni Karim”ga yozgan sharhlari ham mavjud edi. Lutfiy ana shu allomadan tasavvuf ta’limini olib, keng va chuqur bilim sohibi bo‘lib yetishdi. Lutfiy asarlaridan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, u Abu Ali ibn Sinoning “Qonun” va “Ash-Shifo” asarlarini chuqur o‘zlashtirilgan.

 

Bo‘lajak shoir o‘zigacha bo‘lgan turkiy tildagi adabiyot bilan bir qatorda fors va arab adabiyotlarini ham qunt bilan o‘rganadi. Uning Hofiz, Kamol Xo‘jandiy va Nasimiy meroslariga ixlosi  ayniqsa katta edi. Amir Temur davridan boshlab Xuroson va Movarounnahrda ro‘y bergan siyosiy markazlashuv samarasi o‘laroq shakllangan adabiy muhit Lutfiyni ham o‘z maydoniga tortdi. Uning g‘azallari og‘izga tushib, mushoira kechalarida o‘qiladigan, adabiy suhbatlarning esa mavzusiga aylandi. Oddiy hayot tarziga o‘rgangan, darvishlarga xos xokisorlik bilan mo‘tabarlik kasb etgan bu shoirning g‘azallari chuqur fikrlarni sodda so‘zlar yordamida yuksak badiiy bo‘yoqlarda ifodalay olishi bilan ajralib turar va g‘azallari shu jihati bilan Navoiy va Jomiy kabi adabiyot homiylarining diqqat-e’tiborini qozongan edi

 

U garchi o‘z ona tili – turkiy tilda yaratilgan g‘azallari bilan mashhurlikka yetishgan bo‘lsa-da, forsiyda ham o‘zining shoirlik iqtidori va mahoratini namoyish eta olgan. Lutfiy she’riyat bilan tariqatni, majoz bilan haqiqatni uyg‘unlashtirgan edi. Ammo u so‘nggi nafasigacha shoirlik burchi va ilhomiga sodiq qolib, o‘zbek she’riyati xazinasini bir-biridan qimmatli nazm durdonalari bilan boyitdi. Shu bilan bir qatorda, shoirlik nechog‘lik “ma’ruf va mashhur” bo‘lmasin, “darveshlik tariqini dag‘i ilikdan” (Navoiy) chiqarmagan edi.

Lutfiyning lirikadagi serqirra ijodi haqida Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida quyidagilarni yozadi: “Mavlono Lutfiy o‘z zamonasining “malikul-kalom”i erdi. Turkiy va forsiyda benazir erdi, ammo turkiyda shuhrati ko‘proq erdi va turkcha devoni mashhur”. Shoirning forsiy tildagi asarlarini to‘plab devon tuzgani bizga ma’lum bo‘lmasa-da, uning bu tilda ham katta mahorat bilan ijod qilganini zamondoshlari e’tirof  etgan edi.

 

Alloma adabiy merosi orasida dostonlar alohida o‘rin egallaydi. Shulardan biri 1411-yilga yaratilgan “Gul va Navro‘z” dostonidir. Alisher Navoiy “Majolis un-nafois”da Lutfiyning bizgacha yetib kelmagan “Zafarnoma” deb nomlangan dostoni to‘g‘risida ma’lumot beradi va yozadi: “Mavlononing “Zafarnoma” tarjimasida o‘n ming baytdan ortiqroq masnaviysi bor. Bayozg‘a yozmog‘oni uchun shuhrat tutmadi”. Tadqiqotchilar “Zafarnoma” tarjimasining manbayi Sharafiddin Ali Yazdiyning fors tilida yaratilgan Amir Temur hayotiga oid “Zafarnoma” asari ekanligini qayd etadi. Shunday ekan, Lutfiy o‘z davrida avlodlar uchun g‘oyat ahamiyatli bo‘lgan bir mavzuga qo‘l urgan va Ali Yazdiyning tarix va xotira uslubida yozilgan asarining turkiy tildagi poetik namunasini yaratgan. Professor Y. E. Bertels shoir bu masnaviyni Firdavsiyning “Shohnoma”si uslubidagi qahramonlik asari sifatida rejalashtirgan bo‘lishi kerak, deb aytadi. Lekin qandaydir sabablarga ko‘ra uni oqqa ko‘chirmagan. Navoiy ham “oqqa ko‘chirmagani (“bayozg‘a yozmog‘oni uchun”) uchun shuhrat tutmadi” deb aytadi.

 

Manbalarda Lutfiyning axloq-odob mavzusida “Mashqun ul-haqoyiq” nomli asar yaratgani ham eslanadi. Xo‘tanlik Mulla Ismatullaning “Tarixi musiqiyun” asarida Lutfiyning musiqa tarixi bilan ham shug‘ullangani, kuylar bastalagani qayd etiladi. Qariyb yuz yil umr ko‘rgan daho shoirning ijod qamrovi ham rang-barang bo‘lgani, xususan, badiiy adabiyot sohasida ko‘p ishlarga ulgurgani shubhasizdir.

 

Shoirning ona tilidagi lirik asarlaridan iborat devoni o‘z davridayoq Xuroson va Movarounnahrdan tashqari turkiy tilda so‘zlashuvchi ko‘pgina o‘lkalarga ham kirib borgan edi. Keyin bu hudud yanada kengayib bordi. Mavlono Lutfiy XVI–XX asrlar mobaynida ko‘chirilgan turkiy devonining 33 ta qo‘lyozma nusxasi yetib kelgan bo‘lib, ular Toshkent, Dushanbe, Istanbul, Tehron, London, Parij, Sankt-Peterburg kutubxonalari va qo‘lyozma fondlarida saqlanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, Qo‘lyozmalar instituti fondlarida Lutfiy devonining o‘nlab nodir nusxalari saqlanadi.

 

Lutfiy qalamiga mansub manzumalarning umumiy miqdori 2774 bayt yoki 5548 misradan ortiq. Ularning katta qismi (2086 bayti) g‘azal janrida yozilgan.  Lutfiyning “Sensan sevarim” nomli to‘plami G‘.G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida 1987-yilda chop etilgan devonidir. Devon Sharq she’riyatining yetakchi janrlaridan bo‘lgan g‘azal, ruboiy, tuyuq, qit’a va fardlarni o‘z ichiga oladi. U, odatdagidek, hamd va na’t she’rlari bilan boshlanadi. Devonning deyarli ko‘p nusxalarida Shohrux Mirzo nomiga yozilgan qasidaga ko‘zimiz tushadi. Ayrim nusxalarda esa temuriy shahzodalar: Boysung‘ur Mirzo, Iskandar Mirzo nomiga bag‘ishlangan qasidalar ham uchraydi.

 

Lutfiy devonidan o‘rin olgan lirik asarlarning yetakchi mavzusi ishqdir. Shu ishq insonning zohiriy va botiniy olamini oyna bo‘lib aks ettiradi. Biz bu asarlarda ishqning dunyoviy talqinlarini ham yuksak san’at bilan aks ettirilganini kuzatamiz.

 

Navoiy o‘zining “Manoqibi Pahlavon Muhammad” asarida Lutfiyni “zohir ahli shuarosi”, ya’ni dunyoviy mavzular talqinida mahorat ko‘rsatgan shoir sifatida alohida ta’kidlaydi. Shoir lirikasida keng o‘rin tutgan dunyoviy mavzular, ayni paytda, diniy-tasavvufiy mavzular bilan uyg‘unlashib, biri-birini to‘ldirib keladi. Shu tarzda ular majoz va haqiqat birligini tashkil qiladi.

 

Alloh o‘zi yaratgan mavjudot va maxluqotlar orasida insonni eng mo‘tabar pog‘onaga ko‘tardi. Unga o‘z nurini berdi. Inson shuning uchun ham azizdir. U husn bobida ham “mazhari sun’i ilohdir”. Lutfiyning quyidagi baytida shu mazmunga ishora qiluvchi teran bir fikr o‘zining go‘zal badiiy ifodasini topgan:

 

Ulki husn etti bahona elni shaydo qilg‘ali,
Ko‘zgudek qildi seni o‘zini paydo qilg‘ali.

 

Lutfiy g‘azallari markazida turgan qahramon hayotining Alloh in’om etgan barcha go‘zalliklari-yu, ne’matlaridan bahramandlik tuyg‘usi bilan yashaydi. “Bari aysh birla kechsa kerak ushbu umri foni”, deb xitob qiladi. Shoir lirik qahramonini navbahor kelishi bilan chamanlarning gurkirab ketishi, gul faslining tarovati maftun etadi. U shu chamanda sarviqad guli xandonini izlaydi.

 

Yoz bo‘ldi, kerak ul buti ayyor topilsa,
Barcha topilur, bizga kerak yor topilsa.
Men kezguchi qulnung tururin siz ne so‘rarsiz!
Istang meni ul yerdaki, dildor topilsa.

 

Shoir lirikasida hayot zavqi, tabiat go‘zalliklaridan bahramand bo‘lish, shodlik ohanglari bilan birga inson qadriyati va uning orzu-umidlarini oyoqosti qiluvchi kajraftor charx, sergina falak, jaholatpesha odamlardan ozurdahollik kayfiyatlari ham yuz ko‘rsatadi. Bunday tasvirlarda shoir o‘zini o‘rab turgan hayotga har jihatdan yaqinlashib boradi. Lutfiyning hamisha yaxshilikka umidvor bo‘lgan oshiq nidolarini o‘z ichiga olgan baytlarida quyidagi talqinga ko‘zimiz tushadi.

 

Yo‘q turur yolg‘uz bu Lutfiy joniga javri raqib,
Qayda bir dono durur ul javri nodon tortadur.

 

Lutfiyning o‘ziga xos katta mahorati ham dastlab, bir tomondan qalamga olinayotgan barcha mavzularni qulay ochib beradigan poetik obrazlar vositasida tasvirlash bilan kitobxonlar qalbiga yo‘l topishidadir. Uslub soddaligi, ifodalarning xalqonaligi, she’r vaznining xalq qo‘shiqlariga yaqinligi Lutfiy lirikasining muvaffaqiyatini ta’min etgan ikkinchi muhim omildir.

 

Lutfiyning nazmiyatda xalq maqollaridan istifoda etish bobidagi san’atkorligi ayniqsa yuksakdir. Uning ruboiy, qit’a, tuyuq va fardlarida kishi ruhiy olamining rang-barang lahzalari, axloq-odob mavzularining talqinlari asosiy o‘rin tutadi. Shoirning to‘rtliklari haqida so‘z borar ekan, uning tuyuqlari alohida diqqatga sazovor. Ko‘proq turkiy tildagi she’riyatga taalluqli tajnisli (zulma’nayn) so‘zlar vositasida tuyuq yaratish san’ati Lutfiy she’riyatida yorqin ifodalangan. Uning devonidan o‘rin olgan ko‘plab tuyuqlardagi nafis ma’no tovlanishlari kitobxonni ona tilimizning boy imkoniyatlari qatlamlariga olib kiradi,  estetik zavq beradi.

 

Men sening ilkingdin, ey dil, bandamen,
Vah, qachon yetkayman ul dilbanda men,
Bevafolarg‘a meni qilding asir,
Sen manga sultonsan, ey dil, bandamen.

 

Ushbu tuyuqda uch marta goh qo‘shilib, goh alohida yozilgani holda takrorlanib kelayotgan “dilbandamen” so‘zi misralardagi o‘rinlariga ko‘ra uch ma’noni keltirib chiqarmoqda: 1) Ey, dil (ko‘ngil), men sening dastingdan qo‘l-oyog‘i bog‘lanmagan (bandamen); 2) Faryodim shuki, u ma’shuqa (dilband)ga qachon yetar ekanmen; 3) Ey, ko‘ngil (dil), sen meni vafosizlarga asir qilib qo‘yding. Bunga mening bo‘ysunib yurishdan boshqa ilojim yo‘q. Chunki sen menga podshohsan, men esa, senga banda(qaram)dirman.

 

Lutfiyning forsiy nazmiyatidagi mislsiz san’atkorligini keyingi asrlarda yashagan tazkiranavislar ham qayd etadi. Akbarshoh zamonida yashagan Abdulla Kobuliy o‘zining “Tazkirat ut-tavorix” asarida Lutfiy merosi haqida so‘z ochib, “dar forsi she’ri zebo va qasidai g‘arro dorad” (“forsiyda go‘zal she’rlari va porloq qasidalari bor”) deb aytadi.

 

Lutfiy o‘z davri adabiy hayotida ustoz sifatida katta mavqega ega edi. Keksa shoirning uyi ko‘pincha shogirdlar bilan gavjum bo‘lardi. Uning yaqin shogirdlaridan biri Alisher Navoiy edi. Navoiy o‘z ustozi haqida gapirganda ikki o‘rtadagi yaqin insoniy munosabatlarni ichki bir iftixor bilan tilga oladi. Navoiy Lutfiydan nazmiyatning sir-sinoatlari bobida ko‘p narsa o‘rgandi. Ustoz she’riyatiga bo‘lgan katta e’tiqod bilan uning “Laylatul me’rojning sharhi sochi tobindadur”, “Ko‘kdadur har dam fig‘onim ko‘rgali sen mohni”, “Ey soching shaydo ko‘ngullarning savodi a’zami” misralari bilan boshlanuvchi g‘azallariga muxammaslar bog‘ladi. Uning ustozni “Ey jamoling lahzolu bebadal husnung jamil”, “Ey qading to‘biyi jannat haddi gulgun ustina” muqaddimasiga ega g‘azallariga musaddaslari ham mavjud. Ta’kidlash kerakki, Navoiy o‘zigacha va o‘ziga zamondosh bo‘lib yashagan turkiygo‘y shoirlardan faqat Lutfiy g‘azallarigagina muxammas va musaddaslar bog‘lagan. Lutfiy g‘azallariga muxammaslar bog‘lash Munis, Ogahiy, Ravnaq va Amiriy ijodlarida ham uchraydi. Bizga zamondosh bo‘lib yashagan Charxiyning ham shu yo‘nalishda muxammaslari bor. Shoir g‘azallari maqom va xalq kuylari bilan ijro etiladi.

 

Lutfiy g‘azalnavis sifatida Sharq adabiyotida barqarorlashgan adabiy-estetik an’analar bilan xalq og‘zaki ijodiyoti tajriba tamoyili va usullarini nihoyatda mohirlik bilan muvofiqlashtirgan. Uning g‘azallarida insoniy dard, armon, qayg‘u va shodlik tasviri betakror bir ta’sirchanlik kasb etgan. Lutfiy nainki g‘azallarida, ruboiy, tuyuq, qit’a, fardlarida ham nafosat hissi shakllangan, did va saviyasi baland kishilarning-zukko va hayotsevar xalq vakillarining fikr-u tuyg‘ularini tarannum etgan.

 

Mavlono Lutfiy 1465-yilda Hirot yaqinidagi Dehikanorda vafot etgan.

 

                        Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi

Bo‘ri QODIROV tayyorladi.

 

1 Izoh

Nuriddin

2 DAYS AGO

Bõladi lekin gʻazallarni tahlili yoʻq ekan

Izoh qoldirish

//