Kamoliddin Behzod


12:00 / 30.03.2022 4743 0

“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi vakili  buyuk miniatyurachi musavvir, Sharq uyg‘onish davrining  yetuk san’atkori, G‘arbda “Sharq Rafaeli” deb tan olingan Kamoliddin Behzod 1455-yilda Hirotda hunarmand oilasida dunyoga kelgan. U ota-onasidan erta yetim qoldi. Hirotning mashhur musavviri Amir Ruhillo (Mirak Naqqosh)  uni o‘z tarbiyasiga olib, har tomonlama ilmli qilib voyaga yetkazdi. Yosh rassom uning Hirotdagi Nigoristonida (San’at akademiyasida) naqqoshlik va miniatyura san’atining sir-asrorlarini o‘rgandi.

 

Ulug‘ shoir Alisher Navoiyning nazariga tushib, uning homiyligida kamolga yetgani Kamoliddinning buyuk musavvir bo‘lib, dunyoga tanitdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Inchunin, hazrat Navoiyning do‘sti, Sulton Husayn Boyqaroning Kamoliddin Behzodga saroydan alohida joy ajratib, ijod bilan shug‘ullanishi uchun barcha shart-sharoitlarni muhayyo qilib bergani fikrimizni tasdiqlaydi.

 

1487-yilda musavvir Sulton Husayn Boyqaroning farmoni bilan Hirotdagi saltanat kitobxonasiga boshliq etib tayinlandi. XV asr oxirlariga kelib poytaxti Hirot bo‘lgan temuriylar saltanati toj-u taxt uchun o‘zaro jang-u jadallar tufayli yemirila boshlaydi. Kamoliddin Behzodning eng ishonchli homiysi – Abdurahmon Jomiy (1492-yil), so‘ng ustozi Alisher Navoiy (1501-yil) birin-ketin olamdan o‘tadi. 1506-yilda Hirotdagi temuriylar sulolasining so‘nggi vakili Sulton Husayn Boyqaro vafot etadi. Shahzodalar saltanatni halokat yoqasiga olib keladilar.

 

1507-yilda Shayboniyxon boshchiligida ko‘chmanchi o‘zbek qabilalari Hirot taxtini osonlik ila ishg‘ol etadi. Toj-u taxt, saltanat uchun kurashlar sharoitida ham rassom Hirotda qolib,  faoliyatini davom ettiradi. Uch yilcha Hirotda, Shayboniyxon saroyida ish olib borarkan, Behzod san’atiga tan bergan hukmdor ulug‘ musavvirga ishlashi uchun qulay shart-sharoit yaratib beradi. Behzod Shayboniyxonning tasvirini ayni o‘sha yillari chizgan bo‘lishi kerak.