“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ulug‘ siymolaridan biri Sayyid Sharif Jurjoniydir. Bu zotning to‘liq ismi Ali ibn Muhammad ibn Ali Husayn Jurjoniy, laqabi Sayid Sharif deb ataladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, allomaning nasablari imom Husayn ibn Ali roziyallohu anhuga borib tutashadi.
Alloma 1340-yil mart oyida Astrobod viloyatiga qarashli Togu qishlog‘ida tavallud topgan. Yoshlik davridan boshlab barcha fanlar qatori falsafa, mantiq va til sohalariga nihoyatda qiziqqan. Jurjoniy 1365-yilda Hirotga, mashhur faylasuf Qutbiddin Muhammad ar-Roziy at-Taxtoniydan ta’lim olish uchun boradi. Taxtoniy o‘zining keksayib qolganini aytib, Misrdagi shogirdi Muborakshoh oldiga borishni maslahat beradi. Lekin Sayyid Sharif Jurjoniy 1368-yilgacha Hirotda bo‘lgan. So‘ngra turk faylasufi Muhammad Oqsaroiydan ta’lim olish maqsadida Qoramon shahriga jo‘nagan. Ammo u borgan vaqtda Oqsaroiy ham dunyodan o‘tganligi bois, bo‘lg‘usi alloma uning shogirdi, mashhur faylasuf va mantiqshunos Muhammad Mullo Fanoriy bilan uchrashadi. Ular bir-birlari bilan do‘st tutinib, birgalikda 1370-yilda Misrga jo‘nashadi.
Sayyid Sharif Jurjoniy Qohirada to‘rt yil davomida mashhur mantiqshunos Muborakshoh va Akmaliddin al-Bobartiylar huzurida o‘z bilimini oshirgach, 1374-yilda Istambulga qaytib, ilmiy izlanishlarini davom ettirdi. Olim taxminan 1374-yillarda Sheroz shahriga kelgan, shahar 1387-yilda Amir Temur tomonidan egallangach, Samarqandga kelib, 20 yilga yaqin sohibqiron Amir Temur saroyida ijod qilgan.
Jurjoniy umri davomida 50 dan ortiq asar yozib, bu asarlar deyarli barcha fanlarni qamrab olgan. Ammo Ulug‘bekka bevosita ta’sir etgani, shubhasiz, uning XII–XIII asrlarda Xorazmda yashab o‘tgan Mahmud al-Chag‘miniyning astronomiyaga oid asariga yozgan “Sharh mulahhas al-haya” (“Astronomiyaga oid saylanmaga sharh”) va Nasiriddin Tusiy asariga bag‘ishlangan “Sharhe tazkiratul Nasiriyat” (“Astronomiya haqida eslatmaga sharh”) asarlaridir.
Jurjoniy bilish nazariyasi va mantiqqa doir “At-ta’rifot” (“Ta’riflar”), “Usuli mantiqiya” (“Mantiq usuli”) va ilmiy bahs faniga bag‘ishlangan “Odob ul-munozara” (“Munozara olib borish qoidalari haqida risola”) kabi asarlarning muallifi hisoblanadi. Bundan tashqari, Jurjoniyning fors tilida yozilgan mantiqqa oid bir necha asarlari ham bizgacha yetib kelgan. “Sug‘ro” (“Kichik dalil bo‘la oladigan hukm”), “Kubro” (“Katta dalil bo‘la oladigan hukm”), “Avsat dar mantiq” (“Mantiqda o‘rta xulosa”) va boshqalar shular jumlasidandir. Allomaning “Sharhe faroize Sarojiya” (“Meros bo‘lish majburiyatlarining Sarojiy ta’rifiga sharh”) asari huquqshunoslikka bag‘ishlangan bo‘lib, faqih Sajovandiy asarlariga javob tariqasida yozilgan.
Jurjoniy XIV asr faylasufi Eziddin Abdurahmon al-Ijiy (1300–1356)ning “Muvoqif fi ilm al-kalom” (“Kalom ilmidagi manzillar”) asariga yozgan “Sharhe mavoqif fi ilm al-kalom” sharhi uning zamondoshlari va undan keyingi avlod olimlari uchun falsafa va mantiq ilmida o‘ziga xos qomus maqomida edi. Ulardan tashqari Jurjoniy juda ko‘p falsafiy asarlarga sharhlar yozdi. Jumladan, Abu Ali ibn Sinoning “Ishorat” (“Ko‘rsatmalar”) asariga, Nasiriddin Tusiyning “Tajvid” (“Abstraksiya”) asariga hamda shayx Shamsuddin Mahmud Isfahoniy (1294–1349)ga javob tariqasida yozilgan sharhlar diqqatga sazovordir.
Jurjoniy dunyoqarashi, undan oldin o‘tgan salaflarinikidek, o‘rta asrlardagi butun falsafiy masalalarni, borliq haqidagi ta’limot, koinot jumboqlari, modda va uning shakllari, jonsiz va jonli dunyoning xususiyatlari, jismoniy va ruhiy munosabatlar, bilish muammolari, mantiqiy fikrlash ta’limoti, til va tafakkur aloqalari va boshqalarni o‘z ichiga oladi. U koinot, inson va aqlni qamrab oluvchi dunyoning umumiy manzarasini yaratishga harakat qildi. Jurjoniy aqidasiga xos bo‘lgan narsa borliq manzarasini bosqichma-bosqich tushuntirishdan iborat edi. Muallifning besh bobdan iborat “Dunyoni aks ettiruvchi ko‘zgu” risolasining birinchi bobi vojib ul-vujud va mumkin ul-vujud mavjud ekanligini asoslashga bag‘ishlangan. Jurjoniy bunga quyidagicha ta’rif beradi: “Yo‘q bo‘lishi mumkin bo‘lmagan, bor bo‘lishi esa zarur bo‘lgan narsa vojib ul-vujud deb ataladi. Masalan, xoliqning o‘zligi kabi tushuncha. Borlig‘i ham, yo‘qligi ham zarur bo‘lmagan narsa esa mumkin ul-vujud deb ataladi”.
Olim fikricha, vojib ul-vujud Xudo bo‘lib, mumkin ul-vujud moddiy olamdir. U borliqning birinchi sababi sifatida vojib ul-vujudni, ya’ni Xudoning borligini tan oladi. Jurjoniy tabiatdagi hech bir hodisa sababsiz kelib chiqmaydi, deb ta’kidlaydi. Hamma mavjud ashyolardagi butun harakat va o‘zgarishlar faqat makon va zamondagina ro‘y beradi. Jurjoniy dunyoqarashiga xos xususiyat, uning butun borliqni bir-biriga qonuniy ravishda bog‘langan bo‘lakchalardan iborat yagona tana sifatida ta’riflashdir. Uning fikricha, moddiy dunyoni tashkil etgan narsalar asosida to‘rt unsur, ya’ni olov, havo, suv va tuproq yotadi. Uch unsurdan iborat boshqa jismlar, ya’ni metallar, o‘simliklar va hayvonlar esa yuqorida aytilgan to‘rt unsurning bir-birlari bilan qorishishining hosilasi sifatida kelib chiqqandir. To‘rt unsur doimo harakatda ekanligidan o‘zgaruvchan bo‘lib, biri ikkinchisiga aylanib qolishi mumkin. Havo suvga, suv tuproqqa va hokazo.
Sayyid Sharif Jurjoniy falsafasida moddiylik g‘oyalarigina emas, balki dialektik dunyoqarash mavjud. Uning fikricha, moddiylikdan xoli bo‘lgan bo‘sh joy yo‘q. Bu haqda u shunday yozadi: “Samoviy gumbaz buyuk doiradir. U barcha jismlarni qamrab olgan bo‘lib, moddiy dunyoni chegaralab turadi. Ammo u bo‘shliq emas, chunki uni moddadan tashqarida bo‘lgan tushuncha yoki biror o‘lchov bilan tushuntirib bo‘lmaydi. Bundan tashqari, bir-biri bilan o‘zaro yopishib, ayni vaqtda boshqa jism bilan ham bog‘lanib turgan narsaning o‘zi bo‘lishi mumkin emas. Har bir atrofdagi dunyo, o‘zi turgan narsaga tegib turishi zarur va bir-birining ketidan yuqoridagidek tartibda joylashishi lozim, chunki bo‘shliqning bo‘lishi mumkin emas. Mana shunday jismlar, unsurlar, samoaviy doiralar, butun sayyoralar va moddiy bo‘lakchalarning tarkibiy majmuasi olam deb ataladi”.
Sayyid Sharif Jurjoniy o‘z ijodida mantiqni falsafadan ajratmagan holda, uning ko‘proq huquq va til sohalarida qo‘llanilishini ta’minladi.
Uning ta’kidlashicha, nazariy bilimlar hayotiy tajribada hosil qilingan boshlang‘ich bilimlar va ular to‘g‘risida fikrlash yo‘li bilan kiritiladi. Bunday fikrlash jarayonini u xulosa deb ataydi va uning uch turini ko‘rsatib o‘tadi. Bular: qiyos (sillogizm), esteqro (induksiya – bo‘lakdan butunga tomon hukm yuritish) va hads (analogiya – o‘xshatish). Bulardan qiyos xulosaning bosh turi hisoblanib, nazariy bilimlar hosil qilishning asosiy vositasi bo‘lib maydonga chiqadi. Sayyid Sharif Jurjoniy to‘la bo‘lmagan induksiya faqat taxminiy mulohazagagina olib keladi, deb o‘ylaydi va uning ko‘rsatishicha, biz olovning ayrim xususiy holatlarini kuzatsak, har qanday olov issiqlik chiqaradi, degan ayrim xususiyatga ega bo‘lgan bilimdan, ya’ni deduktiv (butundan bo‘lakka o‘tadigan) holatga o‘tadigan xulosa kelib chiqishi mumkin. Shu bilan birga, induktiv yo‘l bilan hosil qilingan bilimlar hamma vaqt ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermaydi. Chunki inson tajribasi hech vaqt to‘la mukammallikni bermaydi. Uning induktiv va deduktiv xulosalar haqidagi fikri Arastu va uning Sharqdagi izdoshlari fikrini eslatadi. Ammo bu fikrga noyob xulosalar qo‘shilib, takomillashtirilgan.
Olimning ilmiy faoliyati tufayli mantiq temuriylar davrida inson bilimlarining barchasiga qo‘llaniladigan qoida va mezon qonuniga aylandi. U har bir yuritilayotgan hukmning to‘g‘riligini tortuvchi fanlarning tosh-u tarozisi sifatida namoyon bo‘ldi. Natijada, tez orada vujudga kelgan Ulug‘bek rasadxonasining ilmiy tadqiqotlarida keng qo‘llanildi.
Sayyid Sharif Jurjoniy 1413-yili Sherozda vafot etgan. Hozirgi kunda O‘zbekistonda Sayyid Sharif Jurjoniy ilmiy va ijodiy merosini o‘rganishga e’tibor kuchayib bormoqda.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017;
2. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001;
3. www.ziyo.uz
//
Izoh yo‘q