“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ulug‘ allomalaridan biri o‘zbek shoiri, adabiyotshunos va davlat arbobi Davlatshoh Samarqandiy bo‘lib, uning to‘liq ismi Davlatshoh ibn Alouddavla Baxtishoh al-G‘oziy as-Samarqandiy.
Davlatshoh Samarqandiyning tug‘ilgan yili aniq bo‘lmasa-da, u o‘zininig “Tazkirat ush-shuaro” (“Shoirlar tazkirasi”) asarini 50 yoshga kirganida yoza boshlaganini ma’lum qiladi. Bizga esa asar 1486-1487-yillarda yozib tugatilgani ma’lum. Demak, bu asarni yozish uchun taxminan 2-3 yil vaqt sarflangan bo‘lsa, Davlatshoh 1435-1436-yillarda tug‘ilgan deb taxmin qilish mumkin.
Davlatshoh Samarqandiy asli samarqandlik bo‘lib, Sulton Husayn Boyqaro (1469–1506) zamonida Hirotda yashagan. Uning otasi Baxtishoh G‘oziy Shohruhning (1409–1447) amirlaridan bo‘lib, ko‘pgina urushlarda qatnashgani va bahodirliklar ko‘rsatgani uchun “G‘oziy” laqabini olgan.
Davlatshoh yoshligida ilmni Samarqandda olib, unga mashhur olim va shoir Fazlulloh Samarqandiy Abu-l-Laysiy ustozlik qilgan. U o‘qimishli kishi bo‘lib yetishishiga qaramay, ilm-fan bilan umrining oxirgi yillaridagina shug‘ullangan. Davlatshoh ota-bobolari kabi saroy xizmatiga, harbiy ishlarga jalb qilinadi. Husayn Boyqaro olib borgan ko‘pgina urushlarda qatnashadi. U so‘nggi marta Sulton Husayn bilan Sulton Mahmud (Abu Sa’idning o‘g‘li) o‘rtasida Chakmansaroy degan joyda bo‘lgan jangda qatnashgan. Bu urush 1471-yilda (Xondamirning yozishicha) bo‘lganini nazarda tutsak, Davlatshoh 1471-yillargacha harbiy ish bilan band bo‘lgan.
Davlatshoh Samarqandiy umrining oxirlarida saroy xizmatini tark etib, mushkul, ammo xayrli ishga, o‘zidan ilgari o‘tgan va zamondosh shoirlar haqida kitob yozishga bel bog‘ladi. Bu kitobning nomi “Tazkirat ush-shuaro” (“Shoirlar tazkirasi”) bo‘lib, u muqaddima, yetti bob va xotimadan iborat.
Muallif asarni yozishda ko‘plab manbalardan, o‘zidan oldin yozilgan tazkiralardan, xususan, Abu Tohir Xotuniyning “Manoqib ush-shuaro”, Avfiyning “Lubob ul-albob” kitoblaridan, tarixiy va geografik asarlardan, Istahriyning “Kitob masolik ul-mamolik”, Gardiziyning “Zayn ul-axbor”, Abulfazl Bayhaqiyning “Tarixi oli Mahmud” va boshqalardan, shuningdek, tazkirada qayd etilgan shoir va adiblarning asarlaridan keng foydalangan. Tazkirada VII–XV asrlarda yashab ijod etgan 155 nafar shoir haqida qisqacha, lekin nihoyatda qimmatli ma’lumotlar keltirilgan. To‘g‘ri, guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi Davlatshoh Samarqandiy tazkirasi ham ayrim juz’iy kamchiliklardan xoli emas. Masalan, ayrim hollarda sanalar, u yoki bu shoirning tug‘ilgan joyi noto‘g‘ri berilgan, ayrim hollarda ma’lumotlar chalkashib ketgan. Shunga qaramay, bu asar juda katta davr – qariyb sakkiz yuz yil mobaynida Eron va Markaziy Osiyoda yashab ijod etgan shoir va adiblar faoliyatini qamrab olgani bilan qimmatlidir.
Muqaddimada asarning yozilish sabablari, VII–X asrning birinchi yarmida yashab o‘tgan arab shoirlardan Labid (VII asr), Abu Nuvos (vafoti taxminan – 814), Abu Tayyib al-Mutanabbiy (vafoti – 963), Abu A’lo Al-Marriy (973–1058) va boshqalar haqida ma’lumot keltirilgan.
Birinchi va ikkinchi qism X-XI asrlarda Eron va Markaziy Osiyoda yashab o‘tgan 21 nafar yirik shoirning qisqacha tarjimayi holi va ijodiga bag‘ishlangan. Uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi qismlarda xorazmshohlar – anushteginiylar (1077–1231), elxoniylar (1258–1349) va muzaffariylar (1315–1393) zamonida ijod etgan 54 ta shoir haqida ma’lumot bor.
So‘nggi ikki bobi Amir Temur va temuriylar zamonida Movarounnahr, Eron va Iroqda yashagan 41 shoir ijodiga bag‘ishlangan. Xotimada esa muallif o‘zi bilan zamondosh mashhur shoirlar Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Xoja Afzaliddin Muhammad, Amir Ahmad Suhayliy, Xoja Shahobiddin Abdulloh Marvarid hamda Xoja Osafiy haqida ma’lumotlar bergan. Davlatshoh Samarqandiy tazkirasida jamlangan shoirlarning asarlari Sharq mumtoz adabiyotining umumiy yo‘nalishi, uning taraqqiyot yo‘llari, Sharq she’riyatida keng qo‘llanilgan ruboiy, qasida, g‘azal, hajv janrlarining paydo bo‘lishi va takomillashuvi, tarsi’, tajnis, tarji’band, murabba’ singari she’riy shakllarni o‘rganish hamda tadqiq etishda muhim rol o‘ynaydi.
Qolaversa, ular orasida Javhariy Zargar, Xoja Kirmoniy, Jalol Tabib, Xoja Ismatullo Buxoriy, Aminiddin Nuzulobodiy singari dostonchilik janrining yetuk namoyandalari, nazm va nasrga oid “Tarjimon al-balog‘a” (“Notiqlikni tushuntirib beruvchi kitob”) asari bilan mashhur Farruxiy (vafoti taxminan – 1037-1038), “Chahor maqola” kitobi bilan shuhrat topgan Nizomiy Aruziy Samarqandiy (XII asr), fors tilining izohli lug‘atini tuzgan ibn Mansur Termiziy (XII asr), “Nigoriston” asari muallifi Muiniddin Juvayniy, “Shabistoni xayol” kitobi muallifi Yahyo Sebak Nishopuriy, “Javohir ul-asror” (“Sirlar javohiri”) asarini butun Sharqqa manzur eta olgan Shayx Ozariy (1382–1462), musiqa ilmining mashhur namoyandalaridan Sohib Balxiy, xat va xattotlik ilmining piri Simiy Nishopuriy ham borki, bular ijodi mumtoz adabiyot hamda O‘rta asr Sharq fani taraqqiyoti tarixida muhim o‘rin egallaydi. Kitobda ta’rifi keltirilgan shoirlardan aksariyati davrining malik ush-shuarosi bo‘lgan. Ularning ko‘pchiligi keyinchalik shohlar saroyini tark etgan. Avhadiddin Anvariy (XII asr), Rashididdin Vatvot, Buxoroda mulammah (bir she’rni ikki tilda yozish) an’anasini boshlab bergan, hajv janri rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Xoja Ismatullo Buxoriy (1365–1426) ana shunday shoirlar jumlasidandir.
Tazkirada jahonga mashhur faylasuf shoir va olim Nosir Xusrav (1004–1088), Sharq mumtoz she’riyati daholaridan va musiqashunos Xusrav Dehlaviy (1253–1325), shoir va tarixchi olim Faxriddin Banokatiy (vafoti –1329), Kamol Xo‘jandiy (1318–1401), Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy bilan birga oddiy xalq orasidan chiqqan nozimlar ham qayd etiladi. Nizomiy Ganjaviyning “Mahzan ul-asror”iga ming baytdan iborat javob yozgan Jamoliddin ibn Ja’far Farraxoniy bir umr qo‘sh qo‘shib, dehqonchilik qilgan, g‘azalni ketmon dastasiga bitib yurgan ko‘histonlik Muhammad Hisomiddin; avomunnos (oddiy xalq) dan chiqib, shoirlik, xattotlik va naqqoshlikda nom chiqargan Simiy Nishopuriy; bo‘yra to‘qib kun kechirgan samarqandlik Bisotiy haqidagi ma’lumotlar shular jumlasidandir. Shuningdek, tazkirada o‘z she’rlari bilan shohlar va hokimlar, noiblar va qozilar kirdikorlarini fosh etgan Yaminiddin Faryumadiy va uning o‘g‘li Amir Mahmud (Ibn Yamin), Ubayd Zokoniy, Burunduk Buxoriy hamda Bobo Savdoyi Abivardiy kabi shoirlar zikri ham keltirilganki, bu asar qimmatini yanada oshiradi.
Davlatshoh Samarqandiy asarining yana bir fazilati unda ayrim muhim tarixiy voqealar bayonining ham keltirilganidir. Chunonchi, Markaziy Osiyo, Afg‘oniston, Eron xalqlarining sulton Jaloliddin Manguberdi (Mangiburni) boshchiligida 1221–1232-yillari mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi olib borgan kurashi tarixidan ayrim lavhalar; 1337-yili Xurosonda bo‘lgan sarbadorlar qo‘zg‘oloni hamda qo‘zg‘olon natijasi o‘laroq Xurosonning kattagina qismida bunyod topgan sarbadorlar davlatining (1337–1381) qisqacha tarixi ham asarda aks ettirilgan. Shuningdek, kitobda keltirilgan Xuroson va Markaziy Osiyo janubiy qismining XV asr 40-yillaridagi siyosiy hayoti bilan bog‘liq tafsilotlar, yirik tarixiy shaxslar – vazir va olim Nizomulmulk, ulug‘ shoir va olim Umar Hayyom, ismoiliylar tariqati asoschisi Hasan Sabboh, buyuk munajjim Mirzo Ulug‘bek hayotiga oid voqealar ham alohida qimmatga ega.
Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro”si Hindiston (1887–1924), Angliya (1901), Tehron (1958–1960) da to‘liq nashr etilgan. Ayrim qismlari rus, ingliz, fransuz, nemis, turk tillariga tarjima qilinib, chop etilgan.
Davlatshoh Samarqandiyning “Tazkirat ush-shuaro” asari 1900-yili birinchi bor Xivada Muhammad Rafe tomonidan eski o‘zbek tiliga (Xorazm shevasida) ag‘darilgan. 1967-yili Bo‘riboy Ahmedov “Tazkirat ush-shuaro”dan Movarounnahr va xurosonlik 32 nafar hamda 1981-yili 50 dan ortiq shoir hayoti va ijodiga oid parchalarni o‘zbek tiliga tarjima qilib, “Davlatshoh Samarqandiy” nomli kitobiga ilova qilgan. Bu katta asarni atroflicha ilmiy tadqiq etib, o‘zbek tiliga o‘girib, keng kitobxonlar ommasiga taqdim etish bugungi olimlarimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir.
Davlatshoh Samarqandiy 60 yilga yaqin umr ko‘rib, 1495-yili vafot etgan.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Ahmedov B. Davlatshoh Samarqandiy. – T.: Fan, 1967. – B. 6;
2. O‘zbekiston – buyuk allomalar yurti. O‘rinboev A. Davlatshoh Samarqandiy. – T.: Ma’naviyat, 2010. – B. 343-346;
3. Abdullaev I., Hikmatullayev H. Samarqandlik olimlar. – T.: Fan, 1969. – B. 72;
4. www.ziyo.uz
//
Izoh yo‘q