Alouddin al-Usmandiy as-Samarqandiy


15:03 / 17.03.2022 1770 0

Movarounnahr tarixi, madaniyati va ma’naviyatini yuksak darajaga ko‘tarishda samarqandlik allomalarning o‘rni beqiyos bo‘lgan. Bu sohada nafaqat Samarqand shahri, balki unga tutash qishloqlardan yetishib chiqqan muhaddis, faqih, mutakallimlarni ham tilga olib o‘tish mumkin. Shunday allomalardan biri o‘z davrining mashhur faqihi va mutakallimi Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy Samarqandiydir. U o‘zidan aslo dolzarbligini yo‘qotmaydigan ulkan ilmiy meros qoldirdi. “Lubob ul-kalom” (“Kalom ilmining javhari”), “Tariqat ul-xilof fil fiqh baynal aimmat al-aslof” (“O‘tgan ulamolar o‘rtasida fiqh ilmidagi ixtilof yo‘llari”), “Bazl an-nazari fil usul” (“Fiqh asoslariga chuqur nazar”) va “Miyzon fi usul al-fiqh” (“Usuli fiqhda mezon”) kabi asarlari bizgacha yetib kelgan. Asosan Turkiya, Misr va Ummon tadqiqotchilari tomonidan batafsil o‘rganilib, nashr etilgan.

 

Allomaning to‘liq ismi Abulfath Alouddin Muhammad ibn Abdulhamid ibn Umar ibn Hasan ibn Husayn Usmandiy Samarqandiy bo‘lib, manbalarda u zot 1095-yili Samarqand qishloqlaridan biri – Usmandda tug‘ilib, 1157-yili 64 yoshida shu yerda vafot etgani aytiladi.

 

Yozma manbalarda alloma tug‘ilib o‘sgan joyning “Asmand” yoki “Usmand” deb nomlanishi bilan bog‘liq ko‘pgina ixtiloflar mavjudligi keltirilgan.

 

“Usmand” atamasi vaqt o‘tishi bilan tovush o‘zgarishi natijasida “Usmat”ga aylangan. Buni viloyat markazidan yetmish kilometr uzoqlikda joylashgan shu nomli shaharcha hamda tuman markazida, Qo‘rg‘ontepa poyida “O‘smat ota” ziyoratgohi mavjudligi ham tasdiqlaydi. Shuningdek, baxmallik yozuvchi Sayyid Azim tarixchi olimlar Olimjon Jo‘payev va Jaloliddin Jo‘payev fikriga tayanib, O‘smat ota qabrini o‘smatlik mashhur faqih, o‘z davrida shariat qonunlarining yirik bilimdoni hisoblangan Abulfath Muhammad ibn Abdulhamid Usmandiy Samarqandiy nomi bilan bog‘laydi.

 

Alouddin Usmandiy qator islomiy ilmlar, ayniqsa, fiqh, hadis va kalom ilmi, shuningdek, turli mazhablar o‘rtasidagi ixtiloflarni o‘rganadigan ilm al-xilof (munozara ilmi) bo‘yicha yetuk olim hisoblangan. U ilm ahli orasida kechadigan bahs-munozaralarda chuqup bilimi, benazip iqtidopi va favqulodda salohiyati bilan ajpalib tupgan. Shuning uchun ham ilm ahli opasida “Olamning ustuni”, “Ustun”, “Dinning ustuni” kabi yuksak unvonlar bilan mashhur bo‘lgan. Alloma o‘zidan ulkan ilmiy-ma’naviy meros qoldirgan bo‘lib, hammasi arab tilida yozilgan. Manbalarda alloma hayoti davomida islomning kalom, munozara ilmi, tafsir va usuli fiqh sohalariga oid o‘n uchta noyob asar yozgani bayon etiladi. Bizgacha oltita asari yetib kelgan bo‘lib, nusxalari jahon qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda.

 

Allomaning moturidiya kalom maktabi qarashlarini o‘zida aks ettirgan “Lubob ul-kalom” nomli shoh asarining ikki qo‘lyozma nusxasi saqlanib qolgan. Ulardan biri Istanbuldagi Sulaymoniya kutubxonasining Qora Chalabiyzoda bo‘limida saqlanadi. Bu asarning eng qadimiy nusxasi bo‘lib, u arab harflari bilan nuqtalarsiz, nasta’liq xatida yozilgan. Kitob Ali ibn Najmuddin nomli xattot tomonidan 1303-yilda – alloma vafotidan qariyb bir yarim asr o‘tgach ko‘chirilgan. Asar turkiyalik olim doktor Muhammad Said Uzervarli tomonidan tadqiq etilib, 2005 va 2019-yillarda nashr etildi.

 

Asarning ikkinchi qo‘lyozma nusxasi esa Sulaymoniya kutubxonasi Shahid Ali Posho bo‘limida saqlanadi. Bu nusxa xattot Yusuf ibn Bayrambek ibn Ismoil ibn Iso tomonidan 1412-yili nasta’liq xatida ko‘chirilgan.

 

Hanafiya mazhabi moturidiya e’tiqodiga asoslangan mazkur asar muqaddimasida muallif uni yozishdan ko‘zlangan maqsad e’tiqodni sog‘lomlashtirish va tuzatish ekanini bildirib o‘tadi. Ko‘plab bo‘limlardan tashkil topgan “Lubob ul-kalom”da, eng avvalo, ilm turlari, inson hayoti va jamiyatdagi o‘rni haqida qimmatli fikrlar bildirib o‘tiladi. Ushbu asarda, to‘g‘ri ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun olamni bilish kerak, deyiladi. Besh sezgi a’zosi, ishonchli xabarlar beruvchi manbalar (Qur’oni karim va hadisi shariflar) hamda insonning aql-idroki va salohiyati muhim vazifa kasb etishi alohida ta’kidlanadi.

 

“Lubob ul-kalom” asari Imom Moturidiyning “Tavhid” va “Ta’vilot ul-Qur’on”, Abu Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” asarlarida o‘z aksini topgan ahli sunna val jamoa aqidasini keng targ‘ib etishda o‘ziga xos manbadir. Mazkur asarlarda ilgari surilgan mavzularning “Lubob al-kalom”da ham o‘z ifodasini topgani fikrimiz dalilidir. Zero, bu asar muallif aytganidek, e’tiqodni tuzatishni boshlovchi kishilar uchun hidoyat manbayi bo‘lsin, degan maqsadda yozilgan.

 

Usmandiyning “Lubob ul-kalom” asari hozirgi g‘oyalar kurashi avj olgan bir davrda yoshlarimizga muqaddas dinimizning asl mazmun-mohiyatini tushuntirish, ularda mafkuraviy immunitet hosil qilish uchun muhim manba hisoblanadi. Ayniqsa, botil da’volarni ilgari surayotgan oqimlarga qarshi g‘oyaviy zarba berishda qo‘l keladigan omillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

 

Alouddin Usmandiyning Movarounnahrda moturidiya ta’limotining keng yoyilishiga qo‘shgan hissasini inobatga olib, Baxmal tumanidagi O‘smat ota ziyoratgohini ziyorat turizmi obyektiga aylantirish maqsadga muvofiq.

 

Otabek MUHAMMADIYEV,

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

direktori o‘rinbosari

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//