Ikki asr chegarasida, XIX arning so‘nggi choragi – XX asrning birinchi choragida yashab ijod etgan Xorazm adabiy-falsafiy muhitining taniqli namoyandalaridan biri ma’rifatparvar shoir Avaz O‘tar o‘g‘lidir. U 1884-yil yozining adog‘ida poytaxt Xiva shahrida tavallud topadi. Shoirning otasi Polvonniyoz O‘tar Gadoyniyoz o‘g‘li xalq orasida “usta” nomi bilan mashhur bo‘lib, sartaroshlik faoliyati bilan shug‘ullangan. Garchi oddiy bir kasb bo‘lib ko‘rinsa-da, sartaroshlik O‘rta Osiyo mintaqasida anchayin hurmat-e’tiborga loyiq, qadrlanadigan soha hisoblanardi. Avvalo, sartarosh ahli ko‘pchilik bilan muloqotda bo‘lib, zamonaning eng so‘nggi yangiliklaridan boxabar, turfa hangomalarni yaxshi biluvchi aksar odamijon insonlar bo‘lishgan. Qolaversa, eng muhim ishlardan biri, fuqaro farzandlarining “qo‘lini halollash”, ya’ni xatna marosimlarini amalga oshirishni xalq ana shunday tan olingan sartaroshlarga ishonib topshirganki, bu jihatdan ham ular hurmat-e’tiborga loyiq zotlar hisoblanishgan.
Mutaxassislar Polvonniyoz O‘tar Gadoyniyoz o‘g‘li shunchaki oddiy sartarosh emas, balki saroy sartaroshi bo‘lganligini, zamonasining mashhur shoir va san’atkorlaridan Ogahiy, Komil, Bayoniy kabilar bilan qalin do‘st bo‘lganligini yozishadi. Shunday ziyolilar davrasida yurgan inson o‘z farzandining munosib ta’lim-tarbiya olishiga alohida ahamiyat berishi tabiiy edi. Shu tariqa Avaz boshlang‘ich maktabga borib, tez orada xat-savod chiqaradi. Eski maktabni tugatgach, tahsilni Xivadagi Madamin Inoq madrasasida davom ettirganligi aytiladi. Avazning adabiyotga havasi juda erta uyg‘onib, otasining shoir do‘stlari ta’srida dastlabki she’rlarini mashq qila boshlaganligi ma’lum. Madrasada o‘qib yurgan davrida Sharq adabiyoti mumtoz vakillaridan Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Lutfiy, Alisher Navoiylarning ijodi bilan yakindan tanishdi ularga ergashib o‘z ijodiyotini takomiliga yetkaza boradi. Shoir hayotini maxsus o‘rgangan tadqiqotchilar uning 18 yoshlarida shoir sifatida xalq o‘rtasida tanilganligini qayd etishadi. Shu tariqa yosh shoir qalamiga mansub she’rlar sozanda va xonandalar tomonidan kuyga solinib aytila boshlanadi. Adabiyotlarda shoirning ustozlari Bayoniy, Tabibiy, zamondoshi Jumaniyoz Xivaqiy, do‘sti Hasanmurod Qori – Laffasiy va boshqalar uning iste’dodiga yuksak baho berganliklari qayd etiladi.
Muhammad Rahimxoni soniy (Feruz) ham shoh, ham shoir bo‘lganligi bois ijod ahliga ixlosi balandligi bilan ajralib turganligi va iste’dod egalarini saroyda jamlab, ularga har tomonlama sharoit yaratib berishga katta e’tibor qaratganligi tarixdan ma’lum. Ana shunday marhamatdan Avaz ham benasib qolmaydi. Yosh shoirning yuksak iste’dodidan xabar topgan hukmdor uni saroyga taklif qilib Tabibiyni unga ustoz etib tayinlaganligi manba va adabiyotlarda o‘z tasdig‘ini topgan. Mutaxassislar ta’biri bilan aytganda, Tabibiy juda ko‘p ilm ahliga g‘amxo‘rlik qilganidek Avazga ham axloq, ilm va she’riyat bobida ko‘p narsa o‘rgatadi. Shuning uchun shoir turli davrlarda yozilgan she’rlarida Tabibiyni o‘ziga ustoz bilib zo‘r hurmat bilan tilga oladi. Quyidagi misralarda u nazm ilmida ustozi Tabibiydek bo‘lish orzusi ekanligini, she’rlaridan bahramand bo‘lgan el ustozingga tasanno deyishlari eng katta sharaf ekanligini uqtiradi.
Ne g‘am emdi, Avaz, nazm ilmida bo‘lsang Tabibiydek,
Ki derlar, ko‘rgan el nazmingni ustodinga sallomno.
Ilmiy adabiyotlarda qayd qilinganidek, Avaz kamolotga yetgan bir paytda sil kasaliga chalinadi va davolanish uchun Kavkazga (1905-1906) boradi. Avaz O‘tar Kavkazga borayotib Bokuda bir oz muddat to‘xtaydi. Bokuda shoir ozarbayjon demokratlari bilan uchrashib do‘stlashadi va ular bilan keyin ham ijodiy aloqada bo‘ladi. Kavkaz safari Avaz ijodida alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. U safar davomida Rusiya va Kavkaz xalqlari hayoti, madaniyati, adabiyoti va boshqalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldi, ozarbayjon xalqining ilm-fan, madaniyat yangiliklari bilan qiziqdi. U rus, ozarbayjon, tatar tillarida chiqadigan gazetalarni muntazam ravishda kuzatib bordi. Toshkent va Samarqandda chop etilgan matbuot bilan bevosita aloqada bo‘lib, yozgan g‘azallaridan ba’zilarini ularda nashr ham ettirdi.
XX asr boshlarida ko‘zga tashlanayotgan milliy uyg‘onish, istiqlol g‘oyalari Avaz O‘tar ijodiga kuchli ta’sir ko‘rsatganligi shubhasiz. Garchi jadidchilik g‘oyalari ruhida oshkora faoliyat olib bormagan bo‘lsada, uning ma’rifatga yo‘g‘rilgan she’rlarida ilgari surilgan fikrlar jadidchilik g‘oyalari bilan hamohanglik kasb etishini kuzatish mumkin. Shoir ijodida shu davrda bo‘y ko‘rsatgan erkparvarlik, ozodlik, ma’rifatparvarlik g‘oyalari, turmush illatlariga qarshi qaratilgan hajvlar shunga dalolat qiladi. Bu davrda shoir ilm-ma’rifatga da’vat etuvchi she’rlari bilan bir qatorda yuksak insoniy fazilatlarni, chinakam insoniy muhabbatni tarannum etuvchi lirik she’rlar, qit’alar, ruboiylar ham yozganligi mutaxassislar tomonidan e’tirof etiladi.
Avaz O‘tar qisqa umr ko‘rishiga qaramasdan, barakali ijod etdi va avlodlarga o‘zidan salmoqli nazmiy meros qoldirdi. Sil kasali asorati bilan shoir, afsuski, 1919-yili 36 yoshida vafot etadi. Tadqiqotchilar shoir ijodi juda ham rang-barang bo‘lib, qamrovi nihoyatda keng ekanligini, u mumtoz adabiyotimizdagi g‘azal, muxammas, mustazod, musamman, murabba’, mulamma’, tarje’band, soqiynoma, ruboiy, qit’a, fard kabi janrlarda ijod qilganligini e’tirof etishadi.
Ma’rifatparvarlik g‘oyalarini keng targ‘ib etish Avaz O‘tar ijodiga xos xarakterli xususiyatlardan biri hisoblanadi. Bu davrga kelib bir paytlar butun dunyoni ilm-ma’rifat va ko‘plab kashfiyotlar bilan lol qoldirgan islom sharqi mamlakatlari, ayniqsa, O‘rta Osiyo mintaqasidagi mamlakatlar qoloqlikka yuz tutgan edi. Bu qoloqlik ko‘plab sabab va omillar bilan izohlanadi. Lekin asosiylaridan biri Yevropadagi Buyuk geografik kashfiyotlar natijasida Buyuk ipak yo‘li o‘z ahamiyatini yo‘qotib, mintaqa hududlari xalqaro savdo va madaniy yutuqlar almashinuvidan chetda qolib ketganligi bilan bog‘liq edi. Boz ustiga kechagina dunyoviy va aniq fanlar o‘qitilishiga katta o‘rin ajratgan madrasalar, endilikda adabiyot va sxolastikadan nariga o‘tolmay qolgan edi. To‘g‘ri, islom sharqi madrasalari uchun diniy fanlar o‘qitilishi shart ekanligi isbot talab qilmaydigan hodisa. Lekin dunyoviy va aniq fanlarga urg‘u bermasdan zamon bilan bo‘ylashish imkondan tashqari ekanligi hukmron sulola vakillari va ulamolarni bu paytga kelib ko‘pam qiziqtirmay qo‘ygan edi desak, bu ham adolatdan bo‘ladi. Oqibatda qoloqlik shu darajada sharmandali tus oladiki, Buxoroning mang‘it amirlaridan biri Rusiya qo‘shinlari qarorgohiga elchi yuborib, safarda olib yurib, shahvoniy ehtiyojni qondirsa bo‘ladigan sun’iy ayol ularda borligini eshitganligi va umrining asosiy qismi harbiy yurishlarda o‘tuvchi amir uchun shunday sun’iy ayoldan bittasini tuhfa etishlarini so‘ratishgacha borib yetadi.
Bularning bari ilm-ma’rifatdan uzoqlashish, jaholatning avj olishi bilan bevosita bog‘liq edi. Jahondagi o‘zgarish va taraqqiyotdan qisman bo‘lsa-da xabardor bo‘lgan ijodkor ziyolining bu masalaga shunchaki tomoshabin bo‘lib, qo‘l qovushtirib turishi mumkin emasdi. Ilm-ma’rifatga oshnolikka, xorijiy tillarni o‘rganishga da’vat uning “Til”, “Maktab” singari turkum she’rlarida yaqqol ko‘rinadi.
Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur.
G‘ayri tilini sa’y qiling bilgali, yoshlar,
Kim ilm-u hunarlar rivoji andin ayondur.
Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,
Bilmakka ani g‘ayrat eting, foydali kondur.
Ilm-u fan uyiga yuboringlar bolangizni,
Onda o‘quganlar bori yaktoyi jahondur.
Zor o‘lmasun onlar dog‘i til bilmay Avazdek,
Til bilmaganidin ani bag‘ri to‘la qondur.
Ilm-fanga oid zamonaviy ma’lumotlar rus va yevropa tillarida bitilgan bo‘lib, ularni o‘rganish uchun o‘sha kezlarda ham shu tillarni bilish talab etilardi. Mahmudxo‘ja Behbudiy singari aksariyat dunyodan xabardor mutafakkirlar, ayniqsa, yangi davrda aholi farzandlarini til o‘rganishga da’vat etib kelganligi shundan. Bu hali-hanuz davom etib kelayotgan va o‘z dolzarbligini sira yo‘qotmaydigan mangu mavzu ekanligi eng yangi davrda ham o‘zini namoyon etayotganligiga guvoh bo‘lib turibmiz. Avaz O‘tarning bu boradagi kuyunchakligini tushunish mumkin. Uning talqinida xorijiy tillarni egallash jahon bilan tillashuv, muloqot vositasidir. Xorijiy tillarni ona tilidek erkin bilishga undar ekan, shoir ota-onalarni farzandlarini ilm-fan uyiga yuborishga da’vat etib, unda o‘qiganlar jahonda ilg‘or shaxslar bo‘lib yetishishini bashorat qiladi hamda o‘zining til bilmasligidan o‘kinib, shundan bag‘ri mudom qon ekanligini, yosh avlod ham shunday kuyga tushib qolmasligi lozimligini ta’sirchan misralar orqali nazmda ifoda etadi.
Shoir qoloqlikdan, jaholatdan qutilishning birdan bir chorasi zamonaviy ta’lim, maktab-maorif ekanligiga qattiq ishonadi. Bunga nafaqat ishonadi, balki ilg‘or matbuot orqali bilganidan tashqari, zaruriy sayohati davomida bunday maktablar qanday natija berishi mumkinligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, guvohi ham bo‘lgan. Shoirning “Maktab” deb ataluvchi she’ri ushbu fikrni to‘la tasdiqlaydi.
Ochinglar, millati vayronni obod etgusi maktab,
O‘qusin yoshlarimiz, ko‘nglini shod etgusi maktab.
Dil-u jon birla el maktab ocharga ijtihod etsin,
Nedinkim bizni g‘am, qayg‘udin ozod etgusi maktab.
Ko‘ngullarning sururi, dag‘i ko‘zlar nuridur farzand,
Alarning umrini albatta obod etgusi maktab.
Ota birla onaga farz o‘qutmoq bizni majburiy,
Ki bizni yaxshilik qilmoqda mu’tod etgusi maktab.
Qayu millatga bizdek gar nasimi inqiroz yetsa,
Anga albatta mustahkamlik ijod etgusi maktab.
Bu ne navmidlikdur, maktab ochsaq, oqibat bizni
Arusi kom ila maqsudga domod etgusi maktab.
Avaz, himmatni qil oliy ocharga emdi maktabkim,
Baloyi jahlu nodonlikni barbod etgusi maktab.
Shoir o‘z millati jaholat botqog‘iga botib tanazzulga yuz tutganligini e’tirof etar ekan, jon-u dil bilan maktab ochishga bel bog‘lashga da’vat etadi. Bu paytda maktablar xususiy bo‘lgan va ularni ochish va yuritishni davlat o‘z zimmasiga olmagan. Shunday ekan, shoirning bu da’vati qalbi ziyodan xoli bo‘lmagan millat boylari, kayvonilariga qaratilganligini anglash qiyin emas. Zero, oddiy xalq istagan taqdirda ham bu murakkab vazifaning uddasidan chiqa olmasdi. Shoir ko‘ngillar sururi va ko‘zlarning nuri farzand ekanligini ta’kidlab, maktab shaksiz ularning umrini obod etishini uqtiradi. Qaysiki bir millatga xuddi bizdagi kabi inqiroz shamoli yetsa, maktab albatta unga mustahkamlik bino etishiga shoirning ishonchi komil. She’r oxirida shoir o‘ziga da’vat etib, oliy maktab ochish yo‘lida himmat kamarini bog‘lashni aytar ekan, maktab tufayli johillik va nodonlik barham topishini uqtiradi. Bu asli o‘z timsolida shoirning millat akobirlariga da’vati edi hamda bu da’vat, ayniqsa, Xorazm misolida izsiz ketmaganligini keyingi voqealar rivoji tasdiqlaganligiga tarix guvohlik berib turibdi.
Avaz O‘tar bir qator asarlarida ijtimoiy tengsizlikni va uning keskinlashib borayotganligini haqqoniy tasvirlab, ijtimoiy ruhdagi she’rlarida o‘zining ozodlik, baxtli hayot haqidagi qarashlarini bayon qilganligi, “Hurriyat”, “Sipohiylarga”, “Xalq”, “Topar ekan qachon?”, “Fidoyi xalqim”, “Ulamolarga” kabi qator asarlarida ijodkorning kelajak xususidagi fikrlari o‘z aksini topganligi soha mutaxasislari tomonidan qayd etiladi.
Xulosa o‘rnida aytish joizki, shoir ijodiga doir aksariyat tadqiqotlarda muammoga sinfiy yondashuv ruhi muayyan darajada nuqs etib, Avaz O‘tar zulm va istibdodga qarshi qalam bilan kurashgan otashin shoir sifatida talqin etiladi. Albatta, bunday qarashlar nisbiy biryoqlamalikdan xoli emas, deb o‘ylaymiz. Aslida Avaz O‘tar o‘z davri va yashagan muhitining farzandi edi. U mavjud tuzumni tubdan o‘zgartirish orzusidagi inqilobchi edi desak, ijodkorga tuhmat qilgan bo‘lamiz. Uning adabiy-falsafiy merosi o‘zining rang-barangligi, janrlar xilma-xilligi, ijtimoiy muammolarning xalq qalbiga yetib boradigan sodda va ravon uslubda nazmga solinishi, umuman ijodiyotining xalqqa yaqinligi va manzurligi bilan ajralib turadi. Jaholat va nodonlikka qarshi ilm-ma’rifatga da’vat ruhida yozilgan she’rlari esa ijodkorning dunyo ko‘rganligi, biqiq muhit qobig‘ida qolib ketmaganligi va ilg‘or fikrli inson bo‘lganligidan dalolat beradi.
Anvar YAXSHIYEV,
tarix fanlari nomzodi, dotsent
//
Izoh yo‘q