“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ulug‘ zotlaridan biri, naqshbandiya tariqatining asoschisi Muhammad binni Muhammad Bahouddin an-Naqshband al-Buxoriy (ko‘proq Bahouddin yoki Xoja Bahouddin, Balogardon, Xo‘jayi Buzruk, Shohi Naqshband nomlari bilan mashhur). U zot 1318-yilda Buxoroning Qasri Hinduvon (keyinchalik Bahouddin Naqshband sharafiga Qasri Orifon) qishlog‘ida tavallud topgan. Chindan ham Said Jaloliddin va Bibi Orifa xonadonida tug‘ilgan farzand sharofati bilan qasri Hinduvon qishlog‘i Qasri Orifon deb shuhrat qozondi.
Bahouddinning otasi to‘quvchi hamda o‘yma naqsh soluvchi (naqshband) bo‘lgan. Uning taqdirida bobosining alohida xizmati bor. U so‘fiylar bilan yaqin aloqada edi. Shu sababli nabirasida ilohiyotga katta qiziqish uyg‘otdi. Birinchi piri – ustozi Xoja Muhammad Boboyi Samosiy edi. Keksa shayx yosh Bahouddin Naqshbandni tarbiyalashni o‘rinbosarlaridan bo‘lmish Amir Sayyid Kulolga topshiradi.
Bobo Samosiy va Amir Sayyid Kulol yosh Bahouddinga oxiratdagi abadiy hayotning ma’nolarini, bu dunyo va u dunyodagi ruhiy, ma’naviy, ilohiy qadriyatlarni tushuntirdilar. Ustozlar Bahouddinga o‘zlik olamiga chuqur kirib, undagi ilohiy fazilatlarni kamol toptirishni o‘rgatdilar.
Bahouddin Naqshband ilm istab, yassaviya tariqati shayxlarining mashhur vakillaridan bo‘lmish Qusam shayx oldiga, Naxshab hozirgi Qarshi shahriga boradi. Uch oy undan ta’lim oladi. Bahouddin Naqshbandning bu pirga ixlosi baland bo‘lgan, ayni chog‘da Qusam shayx ham uni o‘z o‘g‘lidek bilib, muridiga cheksiz hurmati tufayli umrining oxirigacha Buxoroda yashab, shu yerda vafot etadi.
Bahouddin Naqshband juda ko‘p shahar, mamlakatlarda, jumladan, Makka, Madina, Nishopur, Hirot, Marv, Samarqand, Nasafda bo‘lgan. Lekin qayerda bo‘lmasin hamma joyda Qur’oni Karim va Hadisi sharif kalomlarini xalqqa yetkazmoq, bid’atdan el ongini pokiza etmoq uchun sa’y-harakat qilgan.
Hazrat Bahouddinning xalifasi Xo‘ja Muhammad Porsoning yozishicha, o‘z piri bilan birinchi marotaba muborak haj safariga chiqqanida Marvga borgan karvon ikkiga bo‘linadi. Bir guruh Mashhad, boshqasi Hirot tomon yo‘l olib, Nishopurda yana qo‘shilmoqchi bo‘lishadi. Hazrat Bahouddin Hirotga borib mavlono Zayniddin Abu Bakr Taybodiy bilan uchrashmoqni niyat qiladi, lekin Xoja Porso esa Mashhadga qarab yo‘l oladi. Xoja Porso keyin bu ishidan bir umr afsuslanib yurgan.
Hazrat Bahouddin Mavlono Zayniddin Abu Bakr bilan uchrashadi. Mavlono hazratning ism-sharifini bilganidan so‘ng: “Biz uchun bir naqshe bog‘lang!” deb iltimos qiladi. Hazrat Bahouddin esa: “Kelibmizki, Sizdin naqshe eltgaybiz”, deb javob bergan.
Naqshbandiya ta’limoticha, “naqsh band bir dil band”, ya’ni ko‘nglingda Alloh taolo zikrini naqsh ayla demakdur. Demak, naqshbandning ma’nosi yurakda Alloh nomini naqsh aylash hisoblanadi.
Rivoyat qilinishicha, Hirot shohlaridan biri hazrat Bahouddin sharafiga ziyofat uyushtiribdi. Lekin shoh ziyofatiga qatnashgan Bahouddin dasturxondan hatto non ushog‘ini ham olib og‘iziga solmabdi. Buning sababini shoh so‘raganda: “Janoblarining kasblari ne?”, debdi. Shoh hayron bo‘lib: “Hazrat, men shahanshohmen! Kasbim shu!” deb javob berganda, Xoja Bahouddin: “Shohlik kasb emas. Dovud alayhissalom temirchilik qilib kun ko‘rgan. Sizning dasturxoningizdagi noz-ne’matlar peshona teri bilan topilganda edi, halol hisoblanardi. Uzr, bizga bu dasturxondan ovqat tanovvul qilmoq joiz ermas”, deb shoh ziyofatidan chiqib ketadi.
Darvoqe, hazrat har muridga albatta bir kasbni o‘rganishni tavsiya etar ekan.
Tasavvufning mashhur bilimdoni, atoqli sharqshunos Y. E. Bertelsning yozishicha, Naqshband ta’limotining asosida ixtiyoriy ravishdagi faqirlik yotadi... Shunga binoan, Bahouddin Naqshband umri bo‘yi dehqonchilik bilan kun kechirgan, o‘z qishlog‘ida unchalik katta bo‘lmagan yeriga bug‘doy va mosh ekar ekan. U uyida hech qanday mol-dunyo va boylik saqlamagan. Qishda qamishlar ustida, yozda esa bo‘yra ustida yotib kun kechirgan. Uning uyida hech qachon xizmatkor ham bo‘lmagan. Hazrati Naqshband butun umrini o‘z xohishi bilan faqirlik va yo‘qsillikda o‘tkazgan. U o‘z qo‘l kuchi bilan kun ko‘rishni yoqtirgan, topgan-tutganlarini yetim-yesirlarga, beva-bechoralarga in’om etgan, hukmdorlardan doimo o‘zini yiroq tutgan, ular oldida hech qachon ta’magirlik qilib yashamagan.
Naqshbandiya tariqati Qur’oni Karim va hadisi sharifdagi ta’limotga asosan shakllangan. Tariqat pirlarining asosiy maqsadi – payg‘ambar alayhissalomning sunnatlarini qayta tiriltirish. Ikkinchi vazifalari esa bid’at va xurofotga qarshi kurashish.
Bahouddin Naqshband xalq orasida “Balogardon” (ya’ni xalq orasida balo-qazoni daf qiluvchi) unvoni bilan ham mashhur. O‘z ta’limotini yaratishda Yusuf Hamadoniy va Abduholiq G‘ijduvoniy nazariyalariga asoslangan. Ta’limotining asosida “Dil-ba yor-u dast-ba kor” (“Ko‘ngil Xudoda bo‘lsin-u, qo‘l ish bilan band bo‘laversin”) degan shior yotadi.
Bahouddin Naqshband tasavvufdagi ilgarilari amalda bo‘lgan qattiq talablarni bir qadar yumshatdi, mo‘tadillashtirdi, kundalik turmushga mosladi. Uningcha, Allohga intilish ko‘ngil bilan amalga oshishi kerak. Qo‘l esa ish-mehnat bilan band bo‘laversin. Bahouddin Naqshbandning tarkidunyochilik qilmay, demakki, bu dunyo ishlaridan ochiq-oshkor qo‘l siltamay turib ham Allohga yetishish mumkinligi haqidagi g‘oyasi musulmon olamida tasavvufning juda keng aholi qatlamlari ichiga kirib borishini ta’minladi.
Hazrat Bahouddin “Hayotnoma”, “Dalelul oshiqin” nomli kitoblar muallifidir.
Hazrat Bahouddinning birinchi xalifalari Alouddin Attor, ikkinchi xalifalari Xoja Muhammad Porso (1419-yil vafot etgan) hisoblanadi. Bu zoti sharifning ismlari Muhammad ibn Muhammad al Hofiz al-Buxoriydir.
Xoja Alouddin G‘ijduvoniy uchinchi xalifalari hisoblanadi. Shayx Pirmastiy, Xoja Abul Qosim Buxoriylar Bahouddinning as’hoblaridirlar. Zamonasining ulug‘laridan bo‘lgan Mavlono Muhammad Miskinning aytishicha, Hazrat Bahouddin vafotidan bir kun oldin muridlarining hammasini Xoja Muhammad Porsoga tobe’ bo‘lishini vasiyat qilgan.
1389-yili Bahouddin Naqshband Buxoro yaqinidagi Qasri Orifonda vafot etgan.
Bahouddin Naqshband madaniy meros obyektini barpo etilishiga Abdulazizxon ibn Ubaydulloxon 1544-yilda asos solgan. Abdulazizxon buyrug‘i bilan mozor tartibga solinib, ansambl shakliga keltirilgan va 1544-1545-yillarda xonaqoh qurilgan.
XIV asrda Markaziy Osiyoda paydo bo‘lgan “Naqshbandiya” ta’limoti Afg‘oniston orqali Hindistonga va boshqa islom yurtlariga shiddat bilan tarqala boshlaydi. Naqshbandiya ta’limoti Temurning mo‘g‘ullar bosqiniga qarshi kurash, mustaqil davlat barpo etib, unda madaniy-ma’naviy rivojlanishni ta’minlashga intilishida, temuriy davri madaniy yuksalishida katta ijobiy ahamiyat kasb etadi.
Naqshbandiya tariqati XVI asrda Xoja Muhammad al-Boqiy Kobuliy (vafoti – 1605) Hindistonga borgandan so‘ng Hind tuprog‘ida ham avj oladi. Bu mashhur mutasavvuf olim afg‘on va hind yurtlarida Xoja Boqibillo nomi bilan mashhurdir. Uning shogirdi Xoja Ahmad Foruq Sirhindiy (1563–1624) esa naqshbandiya ta’limotining XVII asrda Hindistonda yoyilishida katta rol o‘ynagan.
Shunday qilib, bizning tabarruk yurtdoshimiz Hazrati Bahouddin Naqshband tomonidan asoslangan naqshbandiya ta’limoti Markaziy Osiyo, O‘rta va Yaqin Sharq xalqlarining ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-madaniy hayotida juda katta o‘rin egalladi. Bu ta’limot boshqalar mehnati bilan kun kechirishni, tekinxo‘rlikni, ijtimoiy zulm-istibdodni qat’iyan qoralaydi. Bu ta’limot tarafdorlari asketizmga (tarkidunyochilikka), boy-zodagonlarning zulm va istibdodiga qarshi bo‘lganlar, faqat o‘z qo‘l kuchi, peshona teri bilan halol mehnat qilib kun kechirishga chaqirganlar. Naqshbandiylar savdo-sotiq, dehqonchilik, hunarmandchilik, badiiy adabiyot, musiqa, ilm-ma’rifat, xattotlik, naqqoshlik, miniatyurasozlik, quruvchilik kabi barcha foydali va xayrli yumushlar bilan shug‘ullanishga da’vat etganlar. Shuning uchun ham o‘z davridagi ilm-ma’rifatning, adabiyotning yirik namoyandalari bo‘lmish Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Xushholxon Xatak, Ahmad Shoh Durroniy, Maxtumquli Firog‘iy singari yuzlab ulkan taraqqiyparvar, insonparvar shoirlar va mutafakkirlar naqshbandiya yo‘lini tanlaganlar, hayotni va insonni avji baland pardalarda kuylab, tinmay barakali ijod qilganlar.
Xoja Bahouddin Naqshbandni Markaziy Osiyo xalqlari juda yuksak qadrlaydi. Xalqimiz ul hazratga baland e’tiqod qo‘yib, “Bahouddin – balogardon!” deya behad e’zozlaydi. Hozirgi mustaqillik zamonida “Yassaviya”, “Kubraviya”, “Naqshbandiya” kabi o‘lkamizda (Turkistonda) vujudga kelgan tariqatlar endi bizda ham har tomonlama chuqur o‘rganila boshlandi.
Xoja Ahmad Yassaviy, Shayx Najmiddin Kubro va Xoja Bahouddin Naqshband singari mutasavvuf donishmandlarning poklik, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, adl-u insof, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi ilg‘or umumbashariy fikrlari davrimizga hamohang bo‘lib, kelajak uchun xizmat qiladi.
O‘zbekistonda 1993-yili Bahouddin Naqshbandning 675 yilligi o‘tkazildi. Buxorodagi Naqshband nomi bilan bog‘liq bo‘lgan yodgorliklar qaytadan tiklandi.
Bahouddin Naqshband haqida, uning ta’limoti xususida, naqshbandiy shayxlar to‘g‘risida talay asarlar yaratilgan. Birgina O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmalar xazinasining o‘zida naqshbandiyaga doir 195 ta kitob mavjud. Jumladan, Saloh ibn Muborak al-Buxoriyning “Anisu-t-toli-biyn va uddatus-solikiyn” (“Toliblar oshnasi va soliqlar rahnamosi”) asarida (1383) Naqshbandning hayot tarzi, kashf-u karomatlari va purhikmat so‘zlaridan namunalar beriladi. Bu asar “Maqomati hazrati Xojayi naqshband” nomi bilan yuritiladi. Shu muallifning 4 qismdan iborat “Manoqibi Xoja Bahouddin Naqshband” (“Xoja Bahouddin Naqshbandning ta’rif va tavsiflari”) asari ham mavjud.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017.
2. Nasafiy. Hazrat Bahouddin Naqshband. – Toshkent: “Fan”, 1993.
3. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
5. www.ziyo.uz.
//
Izoh yo‘q