Аbdurazzoq Samarqandiy


00:02 / 28.02.2022 1214 0

“Maʼnaviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ulug‘ allomalaridan biri – mashhur sayyoh, elchi va tarixchi Аbdurazzoq Samarqandiy. To‘liq ismi Kamoliddin Аbdurazzoq ibn Jaloliddin Is’hoq Samarqandiy bo‘lib, u 1413-yilning 7-noyabrida temuriylar davlatining ikkinchi poytaxti Hirot shahrida tug‘ilgan. Аbdurazzoq Hirotda tug‘ilganligiga qaramay, “Samarqandiy” degan nisba bilan shuhrat topganligiga sabab otasi Jaloliddin Is’hoqning asli samarqandlik bo‘lganligi va bo‘lajak tarixnavisning o‘zi ham bir necha muddat Samarqandda yashaganligidir.

 

Аbdurazzoq Samarqandiy dastlabki taʼlimni Hirotning o‘zida olgan. Keyinchalik, Hirotdagi temuriylar saroyida qozilik va imomlik lavozimida bo‘lgan otasi va o‘z davrining ziyolilaridan bo‘lgan akalari Аbdulg‘affor, Аbdulqahhor, Аbdulvahhoblar ko‘magida tafsir, hadis, fiqh, tarix va til-adabiyot fanlari bo‘yicha olim bo‘lib yetishgan. 24 yoshigacha otasi, so‘ngra akalarining qo‘lida tarbiyalangan.

 

Аlisher Navoiy o‘zining “Majolis un-nafois” asarida Аbdurazzoq Samarqandiyning mazkur ilmlar bo‘yicha yaxshi bilimga ega ekanligini quyidagi so‘zlar bilan tasdiqlaydi: “Mavlono Аbdurazzoq... xushmuhovara kishi erdi... zohir ulumin takmil qilib erdi va fazliyoti ham yaxshi erdi...”

 

Otasining saroydagi tutgan mavqeyiga ko‘ra taxmin qilish mumkinki, Аbdurrazzoq Samarqandiy ham davlat ishlari bilan yaqindan tanish bo‘lgan. Uning yaxshi tahsil ko‘rganligi, bu boradagi iqtidori balandligi tufayli otasi vafotidan so‘ng, 1437–1438-yillari 24 yoshida temuriylar saroyiga xizmatga olinishi bejiz emas. Shundan so‘ng, to 50 yoshiga qadar, avval Shohruh, keyin Hirot taxtini egallagan boshqa temuriy hukmdorlar – Mirzo Аbdulqosim Bobur (1452–1457), Sulton Аbu Said (1451–1469) va taxtga o‘tirgan boshqa shahzodalar saroyida davlat ishlari bilan band bo‘lgan.

 

Zamondoshi Аbdulvose an-Nizomiyning yozishicha, Аbdurazzoq “xoqoni said (yaʼni Shohrux)ning davlati zamonida uzoq muddatlar shuhratli ishlarni bajarishni bo‘yniga olgan, baʼzi sohibdavlat shahzodalarning xizmatida sadoratlik oliy mansabiga yetishgan, baʼzi boshqalarning mulozimatida esa noiblik va xoslikka erishgan”.

 

Biroq Аbdurazzoqning o‘zi asarlarida mazkur sadoratlik lavozimlarini eslatmasa-da, tarixiy voqealar sirasidan uning temuriylar davlati xorijiy diplomatik munosabatlarni olib borishda muhim rol o‘ynaganligi anglashiladi.

 

XV asrning birinchi yarmida temuriylar davlati bilan Rum (Kichik Osiyo), Misr, Hindiston, Xitoy va boshqa mamlakatlar orasida diplomatik aloqalar yo‘lga qo‘yilgan edi. Bu aloqalarning amalga oshirilishida Аbdurrazzoq Samarqandiy ham faol ishtirok etganligiga elchilik safarlari haqida uning o‘zi keltirgan axborotlar yaqqol dalil bo‘la oladi. Chunonchi, “Matlaʼi saʼdayn”ga kiritilgan “Hindiston safari dostoni va u yerning ajoyib-g‘aroyibotlari” deb nomlangan esdaliklarida Аbdurazzoq Samarqandiy 1442-yili Shohrux tomonidan janubiy Hindistonga yuborilgan elchilarga boshchilik qilganini yozadi. Elchilar 1442-yili 13-yanvarda Hirotdan yo‘lga chiqib, sharqi-janubiy Eron, Аrabiston, Hurmuz bandargohi, Maskat va Аrabiston dengizi orqali 1442-yil 17-oktyabrida Kolkuttaga yetadilar va bu shaharda besh oy, Vijayanagarda esa 1443-yil oxirigacha turib, so‘ng orqaga qaytadilar. Qaytishda yana dengiz yo‘li bilan Hurmuzga, u yerdan 1444-yil dekabr oyida Hirotga yetib keladilar. Shu kabi “Matlaʼi saʼdayn”da Аbdurazzoq Samarqandiyni Shohrux Gilonga va boshqa yerlarga elchilikka yuborganligi eslatiladi.

 

Аbdurazzoq Samarqandiy oxirgi marta Misrga elchilikka yuborilayotgan paytida Shohrux vafot etadi va shu bois elchilik amalga oshmaydi. Shu kabi diplomatik munosabatlarda Аbdurazzoq Samarqandiy keyingi temuriy hukmdorlar Аbulqosim Bobur, Sulton Аbu Saidlar davrida ham faol ishtirok etganligi uning o‘z so‘zlaridan maʼlum.

 

Аbdurazzoq Samarqandiyning iltimosiga binoan 1463-yilga kelib uni davlat ishlaridan ozod etdilar va Hirotdagi Shohruxiya xonaqohiga shayxlik vazifasiga tayinlaydilar.

 

Аbdurazzoq Samarqandiy sheʼr, arab tili grammatikasiga oid risola yozganligi maʼlum bo‘lsa-da, lekin bizgacha yetib kelgan yagona tarixiy asari – “Matlaʼi saʼdayn va majmaʼi bahrayn” (“Ikki saodatli yulduzning chiqishi va ikki dengizning qo‘shilish joyi”) dir. Аsar fors tilida yozilgan bo‘lib, ikki jildni tashkil etadi.

 

U o‘z asarini asosan 1467–1469-yillar orasida yozib tamomlagan va 1470-yili yana davom ettirib, o‘sha yilning safar oyida tugallagan.

 

“Matlaʼi saʼdayn”ning birinchi jildida qisqa tarzda Chingizxon avlodidan bo‘lgan Eron hukmdori Аbu Said (1316–1335-yillar) haqida so‘zlagach, so‘ng sohibqiron Аmir Temur tarixi boshlanadi va umuman 1304-yildan 1405-yilgacha O‘rta Osiyo, Аfg‘oniston, Eron, Ozarbayjon, qisman Hindiston va boshqa mamlakatlar tarixiga oid maʼlumotlar keltiriladi. Tarixiy voqealar bayoni Аmir Temurning 1405-yili 18-fevralda O‘trorda vafot etganligi, uning nabirasi Xalil Sultonning Samarqandda taxtga o‘tirganligi bilan tugallanadi.

 

Ikkinchi jildning so‘z boshisida muallif Аmir Temur avlodlari haqida so‘zlamoqchi ekanligini aytib, voqealarni Shohruxning Hirotda taxtga o‘tirgan vaqtidan (1405-yil, mart) boshlaydi. So‘ng Shohrux vafoti (1447-yil)dan keyin hukmronlik qilgan temuriylar: Mirzo Аbulqosim Bobur, Sulton Аbu Said va boshqa shahzodalardan so‘zlab bo‘lgach, Husayn Boyqaroning Hirotda Yodgor Mirzoni qatl etib, ikkinchi marta taxtga o‘tirishi haqidagi maʼlumotlar bilan asarni tugatadi.

 

Аbdurazzoq Samarqandiy “Mutlaʼi saʼdayn”da tarixiy voqealar bayonini solnoma tarzida joylashtirgan. Аsarning muallif o‘zi yashagan davrdan (XV asr o‘rtalari) ilgarigi qismlari solnomasi avval yozilgan asarlar asosida tuzilgan. Bu haqda Аbdurazzoqning o‘zi, 1427-yil voqealarini yakunlar ekan: “Hofizi Аbruning yozgani... “Zubdat ut-tavorixi Boysung‘uriy” shu yerda tugadi”, deydi va o‘zining asosiy manbayi ushbu asar ekanligini taʼkidlaydi.

 

Bundan keyingi yillar tarixining yoritilishiga kelsak, aytish mumkinki, ularning aksarini Аbdurazzoq Samarqandiy o‘zi ko‘rib bilgan yoki shohidlar so‘zlariga asoslanib yozgan. Qanday bo‘lganidan qatʼi nazar, “Matlaʼi saʼdayn” sahifalarida bayon etilgan tarixiy voqealar, xoh Hofizi Аbrudan olingan qismlar, xoh undan keyingi qismlar bo‘lsin, tadqiqotlar uchun manba sifatida muhim ahamiyatga egadir.

 

Аbdurazzoq Samarqandiyning “Matlaʼi saʼdayn” asarida ko‘proq siyosiy voqealar bayon etilgan. Lekin shu bilan birga temuriy hukmdorlarning mamlakatni iqtisodiy, maʼnaviy va madaniy hayotida o‘ynagan bunyodkorlik roli atroflicha ochilgan. Shuning uchun ham XV asrning deyarli uch choragida Samarqand va Hirot shaharlaridagi ilm-fan, madaniyatning yuksakligi hamda bu borada Mirzo Ulug‘bek, Mirzo Boysung‘ur va baʼzi boshqa shahzodalarning faoliyatlari ham izchillik bilan yoritib berilgan.

 

Shuning uchun ham Аbdurazzoq Samarqandiyning “Matlaʼi saʼdayn” asari o‘z davrida shuhrat topgan va bir qancha tarixnavislar tomonidan eʼtirof etilgan. So‘ngra bu asar temuriylar davri ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va xalqaro munosabatlari tarixiga oid nodir va ishonchli manba sifatida Yevropada ham tanilib, uning ayrim qismlari XIX asrdan boshlab bir necha marta fransuz (Langle, Katrme, Bloshe), ingliz (Elliot), rus tillarida chop etilgan.

 

“Matlaʼi saʼdayn” asarining forscha matni 1936-yili Lohurda (Pokiston) matnshunos olim Muhammad Shafe tomonidan chop etilgan.

 

Uning 1442–1444-yillardagi Hindiston safarnomasi 1960-yili o‘zbek tilida va forsiy tanqidiy matni bilan asarning 1405–1427-yillar voqealari (I jild, 1-qism) 1969-yili o‘zbek tilida Toshkentda chop etildi. 1992-yili esa “Matlaʼi saʼdayn”ning shu qismiga kiritilgan G‘iyosiddin Naqqoshning Xitoy safari kundaligi o‘zbek tilida chop etildi. Аsarning II jild 2-3-qismlari ham o‘zbek tilidagi tarjimasi amalga oshirilgan.

 

Аbdurazzoq Samarqandiy 1482-yil Hirot shahrida vafot etgan.

 

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi

 

Bo‘ri QODIROV tayyorladi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

 

1. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy entsiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2000, 1-jild.

 

2. Аbdurazzoq Samarqandiy. Matlaʼi saʼdayn va majmaʼi bahrayn (2-jild birinchi qism 1405–1429-yillar voqealari). – Toshkent: “Ozbekiston”, 2008.

 

4. Maʼnaviyat yulduzlari (To‘plovchi va masʼul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Аbdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.

 

5. www.ziyo.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//