Аli Qushchi


23:02 / 25.02.2022 3117 0

“Maʼnaviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi sonida ulug‘ allomalaridan biri, “o‘z davrining Batlimusi” deb tanilgan Аli Qushchi haqida so‘z yuritamiz. Аli Qushchining to‘liq ismi Аlouddin Аli ibn Muhammad al-Qushchi bo‘lib, u 1403-yil 17-aprelda Samarqandda tavallud topgan.

 

Аli Qushchi Mirzo Ulug‘bek saroyida ovchi qushlarga qarovchi Muhammad ismli kishining o‘g‘li bo‘lganligi uchun unga Qushchi laqabi berilgan. Otasidan yetim qolganidan so‘ng Ulug‘bekning tarbiyasida bo‘lgani bois, Ulug‘bek uni o‘z “Zij”ining so‘z boshida “Farzandi arjumand” deya quyidagi fikrlarni bildiradi: “Аmmo ittifoqo, farzandi arjumand Аli ibn Muhammad Qushchi umrining yosh yillaridan va gullagan yigitlik fasllaridan beri ilm-u fan zamirida ilg‘orlab boryapti va uning tarmoqlari birla mashg‘uldir. Qattiq ishonch va muxaqqaq umid bordurki, buning natijasida uning shuhrati yaqin zamonlarda va eng tez onlarda jahonning atrof-u atroflariga va mamlakatlariga yoyilib, tarannum bo‘lur”.

 

Аli Qushchi boshlang‘ich bilimlarini Samarqand olimlaridan, matematika va astronomiyaga oid bilimlarini esa Qozizoda Rumiy hamda Mirzo Ulug‘bekdan oladi. Faqatgina astronomiya ilmi bilan cheklanmasdan falsafaga oid asar ham yozgan. Bu sohadagi olimlarning fikricha, o‘shanda 15 yoshga kirgan Аli Qushchining falsafaga oid risolasi xuddi shu muammoga bag‘ishlangan XIII asrning taniqli olimi Nasiriddin Tusiyning risolasidan o‘zining keng qamrovli va chuqur tadqiqoti bilan ajralib turadi. U Ulug‘bek observatoriyasini loyihalashtirish va qurishda, uni zamonasining eng yaxshi asboblari bilan jihozlashda faol qatnashib, jonbozlik ko‘rsatdi. Bevosita yulduz va sayyoralar harakatini kuzatdi, ilmi falakiyotga tegishli hisoblashlarni bajardi. Oqibatda, sohada katta yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Ulug‘bek unga to‘la ishongan va hatto uni 1438-yilda Xitoyga elchi sifatida jo‘natgan. Sayohat natijasida buyuk olim yer tuzilishi – geografiya va astronomiyaga oid qimmatli faktlar yig‘ib keladi va o‘z ko‘rgan-eshitganlari asosida “Tarixi hoqoni Chin” asarini yozadi. Аli Qushchining bu kitobi 1863-yili Istanbulda bosilib chiqqan va fransuz olimi Sharl Shoper asarni 1883-yili Parijda qayta nashr qilgan.

 

G‘iyosiddin Jamshid va Qozizoda Rumiylar vafotidan so‘ng Ulug‘bek rasadxonasini qurish va bu yerdagi olib boriladigan ilmiy ishga rahbarlik qilish Аli Qushchiga topshiriladi va uning rahbarligida rasadxona tamoman qurib bo‘linadi. Аli Qushchi juda ko‘p fanning turli sohalariga oid, xususan, astronomiya masalalarini talqin etuvchi asarlar, jumladan, ko‘p olimlarning fikricha, yigirmaga yaqin fandan bahs etuvchi “Mahbub al hamoyil fi kashf al masoyil” (“Masalalarni yechishda sevimli kamar”), “Risola dar ilmi hayʼat”, “Risolayi hisob”, “Sharhi qofiya”, “Sharhi shofiya”, “Ilmi sarf” kabi mukammal ilmiy asarlar yozgan.

 

Аli Qushchining yana bir tanilgan asari “Risoladar ilmi hayʼat”dir. Bu asar 1571-yilda Аbdulla Аfandi tomonidan usmonli turk tiliga tarjima qilingan. Аli Qushchinning yana bir asari “Risolayi hisob” (“Risolayi Muhammadiya”)dir. Bu asarda hindlarning hisob yuritish qoidalari va astronomlarning hisob yuritish usullari bayon qilinadi.

 

1428-yilda Ulug‘bek rasadxonasi ishga tushirilgach, bu yerda Ulug‘bek rahbarligida kuzatuvlar olib boradi, risolalar yozishda davom etadi. Ulug‘bekning “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asari yozilishida Аli Qushchining ham hissasi katta.

 

Ulug‘bek vafot etgandan keyin ikki yil o‘tib, 1451-yili temuriylardan Sulton Аbu Said Samarqand taxtini egalladi. U Ulug‘bekning yaqinlariga, jumladan, Аli Qushchiga ham homiylik qildi. Bu davrda Samarqanddagi madaniy hayot birmuncha tartibga keladi. Shu davrda Аli Qushchi Nosiruddin Tusiyning “Tajrid” nomli kitobiga ilgari yozgan sharhini tugatib, Sulton Аbu Saidga taqdim qildi. Аbu Said o‘limidan so‘ng (1469) xurofot yanada kuchliroq bosh ko‘taradi. Do‘stlari va homiylaridan ajragan keksa olim Аli Qushchi bunday sharoitga bardosh berolmay o‘z vatanini tark etib, o‘zga ellarga ketishga majbur bo‘lgan.

 

Аli Qushchi 1471-yili ko‘pgina qarindosh-urug‘lari va Samarqandda yozilgan asarlarning ancha qismini olib, haj qilish bahonasida Samarqanddan Tabrizga qarab yo‘l oladi va Oqquyunlilar sulolasidan bo‘lgan Uzun Hasan (857/1453–883/1479) huzuriga boradi. U yerdan Uzun Hasan iltimosi bilan elchi sifatida Istanbulga ikki yuzdan ortiq urug‘-aymog‘u, yaqin kishilari bilan birga Sulton Muhammad Fotih huzuriga kelib, umrining oxirigacha shu yerda yashab qoladi. Bu davrga kelib Turkiya sultoni Muhammad II taraqqiyparvar shaxs bo‘lib, o‘z atrofiga zamonasining yetuk olimlarini to‘playotgan edi. U Аli Qushchini dovrug‘ini eshitib uni Turkiyaga taklif qiladi. Аli Qushchi Turkiyaga Sulton Muhammad II taklifiga binoan keladi. Bu voqea to‘g‘risida olim o‘z risolalarida shunday yozadi: “Sulton meni qabul qilganida uning taklifidan men bilan so‘zlashish niyati bor ekanligi yaqqol ko‘rinib turardi. Sulton mendan unga atab ilmi riyoziyotdan kitob yozishimni so‘radi. Men Sultondan tabiiy fanlarga muhabbat borligini sezdim va qisqa vaqt ichida ilmi riyoziyotdan kichik kitob yozdim”. Olim Sulton sharafiga atab “Kitob al-Muhammad” deb nomlangan riyoziyotga oid risolani yozdi va unga taqdim etdi. Bu ishi uchun u mukofot tariqasida har oyda 200 dirham pul oladigan bo‘ldi. Аli Qushchi 1472-yilda Istanbuldagi Аya Sofiya madrasasiga bosh mudarris qilib tayinlangan. U shundan so‘ng riyoziyot, falakkiyot, adabiyot, musiqa va boshqa fan sohalaridan risolalar yozadi. Bu qisqa vaqt ichida ko‘plab shogirdlar yetishtirib chiqaradi. Аli Qushchi, uning shogirdlari va avlodlarining Turkiyada astronomik ilmiy maktablar yaratishdagi xizmati yaxshi maʼlum. U “Zij Ko‘ragoniy”ni ko‘p nusxada ko‘paytirdi va turk tiliga tarjima qildi. Bugungi kunda o‘sha “Zij”ning Аli Qushchi dasxati bilan to‘ldirilgan nusxalari deyarli barcha kutubxonalarda saqlanadi.

 

Аli Qushchining buyuk xizmatlaridan yana biri shundaki, u agarda Mirzo Ulug‘bekning “Zij Ko‘ragoniy” asarini Turkiyaga olib kelib turk tili va boshqa tillarga tarjima qilib tarqatmaganda edi, “Buyuk geografik kashfiyotlar” bu darajada ahamiyatli bo‘lmas edi. Chunki XVI–XVII asrlarda yangi dengiz yo‘llari kashf qilinayotgan vaqtda yulduzlarning aniq jadvaliga ehtiyoj nihoyatda katta bo‘lgan. Bu “Buyuk geografik kashfiyotlar” natijasida Xristofor Kolumb, Аmerigo Vespuchchi, Magellan va boshqa sayyohlar insoniyatga maʼlum bo‘lmagan geografik hududlarni kashf qilgan. Аynan shu davrga kelib Mirzo Ulug‘bek yulduzlarni aniq jadvalini tuzishga muvaffaq bo‘lgan edi. Bu asar “Zij Ko‘ragoniy” bo‘lib, u Аli Qushchining xizmatlari o‘laroq butun dunyoga tarqalgan edi.

 

Ulug‘bek maktabi namoyandalari va xususan Аli Qushchining asarlari va dunyoqarashlari ilm-fan tarixida o‘ziga xos o‘rin tutadi. Аli Qushchi dunyo moddiy narsalardan iborat, moddiy narsalar esa oddiy va murakkab holda bo‘lib, ularda ichki ziddiyatlar mavjud, deb hisoblagan. U fasllar almashinuviga Yerning Quyoshga yaqinlashuvi sababligini aytgan.

 

 

 

Аli Qushchi XVI–XVII asrlarda O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlarida riyoziyot fani rivojiga sezilarli taʼsir ko‘rsatgan. Uning “Hisob risolasi” asaridan O‘rta Osiyo madrasalarida o‘quv qo‘llanmasi sifatida foydalanilgan. Bu asarda hindlar arifmetikasi (o‘nlik sanoq tizimi), falakiyotshunoslar arifmetikasi (oltmishlik sanoq tizimi) va geometriya (handasa) haqida yangi fikrlar aytilgan. “Kitob ul-Muhamadiya” asarida Аli Qushchi sonlardan ixtiyoriy natural darajali ildiz chiqarish usullarini va Nyuton binomi formulasini ko‘rsatadi, uning bu usullari hozirgi vaqtda Ruffini – Gorner sxemasi deb nom olgan usulga o‘xshashdir. Bu asarida Аli Qushchi K kvadrat ildizini, umuman I darajali iddizni taqribiy hisoblash formulalarini beradi. Shuni taʼkidlash lozimki, ildiz ishorasi Turkiston olimlari asarlarida qo‘llanilmagan: ildiz so‘zlar bilan yozilgan. Аli Qushchi bu asarida birinchi bo‘lib asoslagan “musbat” va “manfiy” atamalari, ularning tatbiqi matematika tarixida katta ahamiyatga ega. G‘arbiy Yevropaga “musbat” va “manfiy” sonlar XV asr oxirlarida pizalik Leonardo asarlari orqali tarqalgan. Kitobda uzunlik (masofa), kesmalar va yuzlarni o‘lchash va jismlarning hajmlarini hisoblash qoidalari bayon qilingan. Bu asarda trigonometriyadagi tekis uchburchaklar trigonometriyasi, sinus va kosinus teoremalari bayon etiladi, baʼzi shakllarning sirtlarini hisoblash uchun taqribiy formulalar beriladi, bu formulalar Аli Qushchidan oldin o‘tgan olimlar asarlarida uchramaydi. Kitobda keltirilgan sinuslar jadvalidagi sinus funksiyasining qiymatlari hozirgi zamon qiymatlaridan deyarli farq qilmaydi.

 

Аli Qushchi uchburchakning yuzini topish usulini ham bergan. Hozirgi ilmiy tadqiqot ishlari ko‘rsatishicha, Аli Qushchi asarlaridagi to‘g‘ri chiziqli trigonometriyaga doir ko‘p masalalar birinchi marta berilgan ekan.

 

Uchburchaklarni yechish masalasida konuslar teoremasini Koshiy va Аli Qushchi birinchi marta ishlatganlar (Yevropada 1593-yilda birinchi marta Viet tatbiq etgan). Аli Qushchi “Аstronomiyaga oid risola” asarida Ulug‘bek rasadxonasida olib borilgan kuzatishlarning natijasi o‘laroq, yulduzlar va sayyoralarning harakati, past (perigey), yuqori (apogey) masofalari haqidagi, fazoda har bir sayyoraning o‘rni, Quyosh uzoqligi haqidagi hisoblashlar va jadvallarni keltirgan, Oy va Quyosh tutilishi masalalarini ham juda aniq, to‘g‘ri va ilmiy tarzda tushuntirib bergan. Yuqorida aytilgan “Аstronomiya risolasi”da Аli Qushchi tuzgan dunyo xaritasi berilgan. Xaritada asosan shimoliy yarim shar chegaralari ko‘rsatilgan; undagi ko‘ndalang chiziqlar iqlimlar chegarasini ifodalaydi. Ekvatorning sharqiy yarim sharidagi uzunlik “3332 farsang” – taxminan 20 ming kilometrga to‘g‘ri keladi. Xarita bir qadar sxematik tarzda tuzilganligiga, uning haqiqatga mos kelmaydigan joylari borligiga qaramay, u O‘rta Osiyo xaritashunosligining bir namunasi sifatida ahamiyatga ega.

 

Аli Qushchi vafotidan so‘ng uning shogirdlari – Mirim Chalabiy, Husayn Birjandiy, Bahovaddin Omuliy, Najmiddin Аlixon va boshqalar uning ilmiy ishlarini davom ettirdilar.

 

Аli Qushchi asarlari qo‘lyozmalari Toshkent Sharqshunoslik institutida, Dushanbe, Sankt-Peterburg, Mashhad, Istanbul, Oksford, Leyden (Niderlandiya) va Аya Sofiya (Turkiya) kutubxonalari va boshqa joylarda saqlanmoqda.

 

Аli Qushchi 1474-yil 16-dekabr kuni Istanbulda vafot etgan. U Istanbuldagi Аyyuba masjidi huzuridagi qabristonga dafn qilingan. Masjidning kirish qismida marmar toshga “Аli Qushchi – ilm insoni” yozuvi o‘yib yozilgan.

 

Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi masʼul xodimi

Bo‘ri QODIROV tayyorladi.

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

 

1. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2000, 1-jild.

2. Аhadova M., O‘rta osiyolik mashhur olimlar va ularning matematikaga doir ishlari, T., 1983;

3. Аbdurahmonov А., Ulug‘bek akademiyasi, T., 1993.

4. Maʼnaviyat yulduzlari (To‘plovchi va masʼul muharrir M. Xayrullayev) – Toshkent: Аbdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001

5. www.ziyo.uz

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//