Shosh (Toshkent) IX–XII asrlarda adabiyot, tilshunoslik, mantiq fanlari qatorida hadis va fiqh ilmlari ham rivojlangan markazlardan biri bo‘lgan. “Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi conida esa ulug‘ allomalaridan biri Qaffol ash-Shoshiy haqida so‘z yuritamiz.
Qaffol ash-Shoshiyning to‘liq ismi Abu Bakr ibn Ali Ismoil Qaffol ash-Shoshiy al Kabirdir. U ulug‘ zot shofi’iylik mazhabining yetakchilaridan biri bo‘lish bilan birga muhaddis, faqih, tilshunos, shoir hamdir. Qaffol ash-Shoshiy 903-yilda Shosh (Toshkent)da dunyoga kelgan. Alloma mohir hunarmand bo‘lib, qulfsozlikda shuhrat qozongan. Shu sababdan u zot “Qaffol” – qulfsoz deb mashhur bo‘lgan.
Qaffol ash-Shoshiy dastlabki ta’limni o‘z yurtida, keyinchalik Markaziy Osiyoda mavjud ma’rifat o‘choqlarida oladi. Samarqand, Buxoro, Termiz kabi shaharlarni kezadi. Bu yerlarda undan sal oldinroq o‘tgan va anchagina meros qoldirgan Imom Ismoil al-Buxoriy (810–870), Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824–892) kabi yirik mutafakkir olimlar merosi bilan tanishadi, ulardan bahramand bo‘ladi. U birmuncha vaqt Samarqandda yashab, u yerda ta’lim oldi. Qaffol ash-Shoshiy qattiq kirishib, fiqhshunoslikni o‘rganadi. Zero, bu fan musulmon Sharq o‘lkalarida juda keng tarqalgan va ijtimoiy hayotda muhim ahamiyatga ega bo‘lib, bu fanni egallagan kishilar hamma joyda qadrlanar, ularga zarurat ham katta, chunki ijtimoiy hayotda qonunshunoslikka talab katta bo‘lib turishi tabiiy edi. Qaffol ash-Shoshiy fiqh ilmi bilan birga falsafa, mantiq, adabiyot sohalarini ham puxta egallagan, bu sohalarda eng bilimdonlar bilan munozara qila oladigan qudratga ega bo‘lgan bir zot edi. Doimo ilm-ma’rifat istagida qo‘nim topmay, bir o‘lkadan ikkinchisiga ilm chashmalaridan bahramand bo‘lish niyatida Yaqin va O‘rta Sharq mamlakatlarini kezadi, Hijoz, Bag‘dod, Damashq kabi shaharlarga boradi, u yerlarda zamonasining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan ilm-ma’rifat o‘rganadi.
Qaffol ash-Shoshiyning ustozlariga qarab ham uning qanday fanlar o‘rganganligi haqida ma’lum xulosaga kelish mumkin. Tarixiy manbalarning shohidlik berishicha, Shoshiyning fiqhshunoslik va tarix sohasidagi ustozi mashhur olim va tarixchi at-Tabariy (839–923) edi. Ma’lumki, Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy Sharq mamlakatlarining eng yirik tarixchisi bo‘lib, ko‘p jildli asarlar yozgan. Asli u kishi Tabaristondan bo‘lib, ilm-hikmat talabida Ray, Bag‘dod, Basra, Kufa, Hijoz, Damashq, Qohira kabi shaharlarni kezib, ularda ta’lim olgan. U Sharq tarixchilari orasida mashhur bo‘lgan “Elchilar va podshohlar tarixi” kitobining muallifi edi. Bu asar bizga to‘la holida yetib kelmagan, qisqargan nusxasigina mavjud. Lekin undan keyin yashagan Ibn Miskaveyx (1030-yilda vafot etgan), Ibn al-Asr (1234-yilda vafot etgan) kabi tarixchilar o‘zining umumiy tarixiga oid ko‘p jildli asarlarini yozishda undan to‘la foydalanganlar. Uning “Tarix ar-rijol” (“Yirik kishilar tarixi”), “Jom’ al-bayon” tarjimasi kabi asarlari ham bo‘lgan.
Qaffol ash-Shoshiyning ikkinchi ustozi Abul-Hasan ibn Abu Musa al-Ash’ariy (873–941) edi. Bu kishi Sharqda kalomchilar oqimining asoschisi bo‘lib, bu to‘g‘rida anchagina asarlar yozgan va Sharqda ash’ariya oqimining asoschisi sifatida mashhur. Arab olimi Tojiddin as-Sabkiyning yozishicha, ilm talabida bo‘lgan “Qaffol Shoshiy al-Ash’ariydan kalom ilmini o‘rganar ekan, o‘z navbatida, al-Ash’ariy undan fiqhshunoslikni o‘rgandi”.
Qaffol ash-Shoshiyning uchinchi ustozi Abul-Abbos Ahmad ibn Umar ibn So‘rayj (861–928) ham zamonasining yirik olimi bo‘lib, to‘rt yuzdan ortiq asarlar ta’lif qilgan mashhur alloma edi.
Qaffol ash-Shoshiy ko‘plab mamlakatlarga sayohat qilib, qaysi mamlakatlarda kuchli olim bo‘lsa, ulardan bilganlarini o‘rganishga intilardi. Arab olimi Ibn Xallikon (1211–1182) o‘zining “Vafayod-al-a’yon” (“Ulug‘ kishilar vafoti”) asarida Qaffol Shoshiy haqida shularni yozadi: “Qaffol Shoshiy hadis ilmini bilgan, tilshunos, shoir edi. O‘sha vaqtda Movarounnahrda u kishiga teng keladigan olim yo‘q edi. Bu kishi Xuroson, Iroq, Hijoz, Shom va boshqa o‘lkalarga sayohat qilib, hamma yerda ham nom taratdi… u kishining ko‘p asarlari bo‘lgan”.
Qaffol ash-Shoshiy “Adab al-qozi” (“Qozi fe’l-atvori”) degan asar yozgan. Shu bilan birga u “Odob al-bahs” (“Bahs odobi”) degan asar muallifi hamdir. Bu haqida arab olimi Ibn Xallikon shularni yozadi: “Qonunshunoslardan dastlab chiqib “Husni Jadal” (“Dialektika husni”) degan asar yozgan kishi ham shu Qaffol Shoshiy edi”.
Qaffol ash-Shoshiy Bag‘dodga kelgach, Muhammad al-Xorazmiy asos solgan “Hikmat donish” (“Baytul hikma”)da ilmga mashg‘ul bo‘ladi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, o‘zidagi favqulodda iste’dod va chuqur bilimi bilan allomalar orasida shuhrat qozonadi. Ayniqsa, fiqhshunoslik ilmiga qattiq kirishadi. Zero, fiqh ilmi musulmon olamida keng tarqalgan va ijtimoiy hayotda muhim ahamiyat kasb etgan fanlardan biri edi. U fiqh ilmini egallash bilan birga falsafa, mantiq, adabiyot kabi fanlarni ham puxta o‘zlashtirgan edi. U arab, lotin va hind tillarini o‘z ona tilidek bilardi. Binobarin, mazkur tillarga oid mukammal lug‘atlar yozgan.
Fiqh ilmida (shariat qonunshunosligi) Qaffol ash-Shoshiy o‘z zamonasida – Bag‘dodda yagona alloma bo‘lgan. U ko‘p muddatlar “Baytul hikma”ga rahbarlik qilgan. Qaffol ash-Shoshiyning dovrug‘i xalifa qulog‘iga yetib, uni saroyga taklif etib, vaziri a’zamlik lavozimiga tayinlaydi. Qaffol ash-Shoshiy bir necha yillar vazirlik mansabida adolatni mezon qilib siyosat yuritdi.
Davrimizgacha saqlanib qolgan she’riy ijodlaridan biri Tojiddin as-Sabkiy asariga kirib qolgan manzumasidir. Vizantiya imperatori Bag‘dod xalifasiga she’r bilan xat yozadi. Xat Vizantiya hukmdoridan hoshimiylar xonadonidan bo‘lgan va hukmronlik o‘rnida o‘tirgan xalifaga deb yozilgan. “Biz sherdek otilib o‘z yerlarimizni fath etdik, Damashq bo‘lsa ota-bobomiz maskani edi, biz bu diyor mol-mulkiga ega bo‘lamiz. Misrni ham qilichimiz bilan egallaymiz. Hijoz, Bag‘dod, Sheroz, Ray, Xuroson, Kuddus, Sharqu G‘arb hammasini fath etamiz”, deb xalifa va uning sarkardalariga dag‘dag‘a soladi, ularni qo‘rqitmoqchi bo‘ladi. Mana shu paytda Qaffol Shoshiy Bag‘dodda bo‘ladi. Xalifalikda, saroy a’yonlari o‘rtasida yaxshi qonunshunos, zabardast olim, iqtidorli arabiynavis shoir sifatida tanilgan bo‘ladi. Vizantiya hukmdorining lashkarboshisi Tag‘fur (arab manbalarida – Taqfur) xatiga javob yozishni xalifalik nomidan Qaffol ash-Shoshiyga topshiradi.
Qaffol ash-Shoshiy maktubni ko‘rib, o‘sha maktub vaznida va o‘sha tarzdagi qofiyada davom etdirib Tag‘furga arab tilida javob yozadi. Bu javobning yetmish to‘rt bayti (148 yo‘l) as-Sabkiyning yuqorida zikr qilingan asari ichida saqlanib qolgan. As-Sabkiyning yozishicha, Qaffol ash-Shoshiyning bu javob she’rini o‘qigan Vizantiya a’yonlari taajjubda qolishibdi, keyin ular bir-birlaridan so‘rashibdi: “Buni yozgan kishi kim o‘zi, qaysi yurtdan ekan, xalifalikda biz bunday zot borligini bilmas edik-ku?”
Vizantiya lashkarboshilarini Qaffol ash-Shoshiyning diplomatiya tarzida yozilgan javob maktubi esankiratib qo‘yadi. Voqeaning nima bilan tugashining bugungi kunda ahamiyati yo‘q, lekin bu birgina misol orqali Qaffol ash-Shoshiyning zabradast davlat arbobi, hozirjavob shoir ekanligi ma’lum bo‘ladi. Qaffol ash-Shoshiy shunday ulug‘vor va dovyurak shoir, ajoyib bir shaxs bo‘lgan.
Ahli sunna val-jamoaning peshvolaridan bo‘lmish Qaffol ash-Shoshiyning huquqshunoslikka doir “Kitob fi usulil fiqh” asari o‘z davrida Islom dunyosida keng qo‘llanilgan. Qaffol ash-Shoshiy nomini butun musulmon olamiga mashhur qilgan narsa yozib qoldirgan durdona asarlari hisoblanadi. U kishi tafsir, hadis, kalom, fiqh, usul ul-fiqh, she’riyat va tilshunoslik ilmlari bo‘yicha qomusiy olim edi. Uning asarlariga oid ma’lumotlar bir qator arab manbalarida qayd etilgan. Tarixchi Abu Sa’d Abdulkarim Sam’oniyning ta’kidlashicha, Qaffol ash-Shoshiy “Daloilun nubuvvat” (“Payg‘ambarlik dalillari”), “Mahosinush sharia” (“Shariat go‘zalliklari”) kitoblarini ham ta’lif etgan.
“Javomi’ul kalim” (“Hikmatli iboralar to‘plami”), “Adabul qozi” (“Qozining odobi”) kabi asarlari borligi haqida ham manbalarda qayd etilgan.
Hazrat Qaffol ash-Shoshiy asarlaridan birortasi mamlakatimiz kitob xazinalarida mavjud emas. Faqatgina marhum muftiy Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon 1970-yili Suriyaning Damashq shahridagi “Zohiriya” kutubxonasida saqlanayotgan “Javomi’ul kalim” asari qo‘lyozmasining fotonusxasini olib kelganlar, xolos. Hozir u O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasining qo‘lyozmalar xazinasida saqlanyapti.
Qaffol ash-Shoshiy 976-yili Toshkentda vafot etgan va shu yerda dafn qilingan. Hamshaharlari uni ilm-u donish, adolatli va fuqaroparvarligi tufayli e’zozlab, unga maqbara bunyod etadilar. Hozir Toshkentning xalq orasida “Hastimom” deb ataladigan joy shu mo‘tabar zotga nisbatan aytiladigan nom “Hazrati imom”ning qisqargani bo‘ladi. Aslida, bu joyning nomi Hazrati Imom Qaffol ash-Shoshiydir. U kishining qabrlari tegrasida Toshkentda mashhur bo‘lgan mo‘tabar zotlar dafn etilgan.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004, 9-jild.
2. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
3. www.ziyo.uz
//
Izoh yo‘q