Najmiddin Kubro


16:02 / 09.02.2022 5303 0

 

Ko‘hna Xorazm azaldan ilm-u irfon beshigi, fan va madaniyat, ma’naviyat va ma’rifat markazi bo‘lgan. Ushbu zaminda o‘tgan buyuk insonlarning nomlarini ulug‘lash, ularning bebaho merosini har tomonlama o‘rganish va targ‘ib etish ma’naviy qudratimizga qudrat qo‘shishi shubhasiz.

 

“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning ushbu qismida mashhur tasavvuf shayxlaridan biri, kubraviya tariqatining asoschisi Najmiddin Kubro haqida so‘z yuritamiz. Shayx Najmiddin Kubroning to‘liq ismlari Ahmad ibn Umar ibn Muhammad al-Xevaqiy al-Xorazmiy bo‘lib, “Najmiddin”, “Kubro”, “Abuljannob”, “Valiytarosh” – u zotga berilgan laqab, unvon va kuniya hisoblanadi.

 

Ali Akbar Dehxudoning mashhur “Lug‘atnoma”sida keltirilishi-cha, “u kishining Kubro deb atalishlariga sabab shuki, behad ziyrakliklari va tuganmas zakovatlari tufayli har qanday muammoli masala so‘ralganda hal qilib berar edilar va har kim u kishi bilan bahs-munozara qilsa, g‘olib chiqar edilar”. Shuningdek, u kishini Tammatul Kubro, ya’ni buyuk balo va qazolarning oldini oluvchi, xaloskor deb ham atashgan. Abul-Jannob deb atalishlariga sabab esa u kishining dunyoviy ikir-chikirlardan uzoq turganliklaridir. Ul zotni “Valitarosh” (valiylarni parvarishlab yetishtiruvchi) deb ham atashgan. Chunki umrlari davomida o‘n ikki kishini o‘z muridliklariga qabul qilganlar va ularning barchasini shayx darajasiga yetkazganlar. Ular qatorida mashhur shayxlardan Farididdin Attorning otasi Majididdin Bag‘dodiy (vafoti 1219) va Jaloliddin Rumiyning otasi Bahouddin Valad, Najmiddin Doya Roziy, Sa’diddin Hamaviy, Sayfiddin Boharziy va boshqalar.

 

Abdurahmon Jomiyning “Nafahotul uns” asarida qayd etilishicha, Ahmad yoshligidan ilm-donishga qiziqqan qobiliyatli kishi bo‘lgan ekan. U islom asoslari, shariat ilmlarini juda tez o‘zlashtirib olib, Xorazmning manman degan ulamolaridan  o‘zib ketadi va ilmiy bahslarda barchadan g‘olib chiqadi. Shu bois unga “Tammatul kubaro”, ya’ni ulamolarning yetugi, ulug‘vori va ilm balosi degan laqabni oladi. Buning yoniga “Najmiddin” – “dinning yulduzi” degan martaba-unvon qo‘shilib, Ahmad bin Umar shundan keyin Najmiddin Kubro nomi bilan mashhur bo‘lib ketadi.

 

Najmiddin Kubro milodiy 1145-yilda Xiva shahrida dunyoga kelgan. U Xorazmda madrasani tugatgach, o‘n olti yoshlarida o‘z bilimini oshirish maqsadida zamonasining katta ilm-ma’rifat markaziga aylangan Eron, Misr, Shom va Iroq mamlakatlarida bo‘lib, hadis va fiqh ilmi bilimdonlaridan kerakli bilimlarni oladi. Alloma qalbida ruhiy ma’naviy kamolotga, g‘ayb asrori, karomat va kashf-u hol ilmi hisoblanmish tasavvuf ta’limotiga ishtiyoq zo‘r edi. Shu bois u shariat ilmlarini o‘rganish barobarida tariqatdan ham xabardor bo‘lishga intilib, qator shayxlar, darveshlar suhbatida bo‘ladi, xonaqolarda xilvat o‘ltirib, riyozat bilan mashg‘ul bo‘ladi.

 

U Misrda Sharq falsafasi bilan shug‘ullanadi va uning sirlarini o‘rganadi. Nishopurda Abul Makkorim Lubon va Abu Jafar Samdloniy, Tabrizda Abu Mansur Haft, Makkai Mukarramada Abu Muhammad Tabbeh va Iskandariyada Abu Tohir Salafiy xizmatlarida bo‘lib, ulardan hadis ilmlarini o‘rganadi.

 

Najmiddin Kubroning tariqat yo‘lidagi pirlari shayx Ro‘zbehon Misriy, Shayx Ammor Yosir va Shayx Ismoil Qasriy hisoblanadi. Ularning ustozi Shayx Abulnajib Suhravardiy bo‘lib, Jomiyning yozishicha, zohiriy va botiniy ilmlarda barkamol kishi bo‘lgan, talay risola va kitoblar yozib so‘fiylik nisbatida Shayx Ahmad G‘azzoliyga borib tutashadi. Suhravardiy faqirlik bilan futuvvatni (javonmardlik) birga olib tushuntiradi. Faqirlik uning talqinida faqat qashshoqlik, bechoralik emas, “faqirlik – xudo oldida talabkorlik, ojizlik, ammo bandalari oldida adolat va saxovat posboni bo‘lish, hammaga har yerda yordam ko‘rsatishdir”.

 

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vassalamning “Beruvchi qo‘l oluvchi qo‘ldan afzaldir”, degan muborak hadisi shariflariga muvofiq, “bag‘ishlovchi qo‘l – faqir eshigini ochuvchidir”, degan fikrlarni bayon qilgan Suhravardiy boylikni qoralamaydi, balki zulm-u sitamni va talonchilikni, haromxo‘rlikni va xasislikni mazammat etadi. Abulnajib Suhravardiy shogirdlari bo‘lgan shayx Ro‘zbehon Misriy, Shayx Ammor Yosir va Shayx Ismoil Qasriylarda qalb saxovati bilan birga murid tarbiyasida qattiqqo‘l bo‘lish, botiniy ko‘z bilan muridning xayollarini, ruhiyatini uqib olish va unga ruhiy ta’sir o‘tkazish qobiliyati yaxshi rivojlangan edi. Masalan, Shayx Ammor Yosir solikning “noqislarni takmil etish va muridlarni tarbiyalashda, ularning tushlari va fikrlarini ta’bir etishda, ikkilanishlarni bartaraf etishda shuhrat qozongan” bo‘lsa, Shayx Ro‘zbehon Misriy “aksar vaqt istig‘roq maqomida bo‘lib”, vajd va ilhom ichida yurar, ilohiy ma’rifatdan zavqi toshib, bu holatni muridlariga yuqtirardi. Shayx Ismoil Qasriy bo‘lsa, raqsu samo’, imo-ishoralar yo‘li bilan murid qalbini rom etib, o‘zini poklash va shu orqali ilohiyotga muhabbatni singdirishda mashhur bo‘lgan. Har uchala shayx ham tariqatni shariatdan tashqari deb tasavvur qilmaganlar. O‘zlarini sunniy mazhabining izchil tarafdorlari hisoblanganlar.

 

Alloma 1185-yilda Xorazmga qaytib keladi. Bu vaqtda u qirq yashar bo‘lib, yigirma besh yildan ortiq umrini ilm tahliliga bag‘ishlagan edi. U katta xonaqoh qurdirib, tariqatda yangi bir maktab – yo‘nalish hisoblanmish kubraviya silsilasiga asos soldi. Uning qo‘l ostida yuzlab odamlar tarbiyalanib, islom ma’rifatidan, ilohiy irfondan bahramand bo‘ldi. Najmiddin kishilarni ezgulikka, ilmga, saxovat va mardlikka da’vat etdi.

 

Insoniyat ma’naviy olamida eng yetuk va eng murakkab ta’limot tasavvuf ilmiy ta’limotidir. Tasavvuf ta’limoti Ollohga intilish bo‘lib, o‘zligini anglab, qalbining ochilmagan imkoniyatlarini ishga solish, bu bilan Ollohning karomat nuridan bahramand bo‘lish uchun o‘z kamoloti sari yo‘l tutib, o‘z ruhini Ollohga yaqinlashtiradi. Ma’rifat ilmi avliyolarning o‘zini anglab yetishi sari yo‘l tutishi, nafsni tiyishi, o‘zlikni yo‘qotishidir. Haqiqat ilmi esa o‘z ruhini Tangri qudrati bilan bog‘lashdir.

 

Kubroviya tariqati ham Qur’oni karim va Hadisi sharifdagi ta’limot asosida shakllangandir. Komil insonni tarbiyalash bu tariqatning asosiy vazifasi bo‘lib, Shayxning hayoti katta saboq, ulkan maktabdir. Kubroviya tariqatida talab, sadoqat, ishq, muhabbat, oshiqlikning inson uchun naqadar zarur ekanligi ta’kidlanadi.

 

Najmiddin Kubro o‘z ta’limotida inson omilini birinchi o‘ringa qo‘yadi. U inson tafakkuri kuchiga yuksak baho berib shunday deydi: “Valiylik inson bolasiga azaldan nasibadir, chunki odam Ollohning suygan maxluqi, parvardigor odamga ong-aql bergan, botiniy nur bergan, uni barcha mavjudotdan afzal qilib yaratgan”.

 

Shayx Najmiddin Kubroning “Fi-odobus solikin” (“Soliklar odobi haqida”), “Risola attul xayf ul-xoim an lavmat il-loim” (“Qo‘rquvchi ovvoralar va malomat etuvchi malomatiylar haqida”), “Favoyihul jamol”(“Go‘zallikni egallash”), “Ruboiylar to‘plami”, “Favoyihul jamol va favotihul jalol” (“Jamol xushbo‘yliklari va jalolning kashfi”), “Al-usul al –ashara” (“O‘nta usul”), “Risola at-turuq” nomli asarlarida Ollohni tanish, halollik va mardlikni ulug‘lab, ilm olish va ilm berish savobi barcha mo‘min musulmonning burchidir degan fikrlar oldinga surilgan. Uning tasavvufdagi yana bir xizmatlari – javonmardlik g‘oyalarini tariqatga joriy etish bo‘ldi. Natijada, mardlik va poklik, qahramonlik va fidoyilik, ma’rifat va jismoniy-ruhiy qudrat birlashtirildi, inson kamolotida axloqiy yuksaklik, vatanparvarlik g‘oyalari qo‘shilib ifodalandi.

 

Ba’zi bir tadqiqotchilar Najmiddin Kubroning “Ruboiylar” kitobi ham mavjudligi to‘g‘risida ma’lumot bergan bo‘lsalar-da, bu to‘plam hali topilgan emas. Atoqli sharqshunos Y.E.Bertels tomonidan Kubro qalamiga mansubligi taxmin qilinib, turli tazkira va bayozlardan tanlab olingan va olimning “Tasavvuf va tasavvuf adabiyoti” kitobida keltirilgan 25 ta ruboiysigagina egamiz. Eronda nashr etilgan “Ruboiynoma” to‘plamida ham shayx-shoirning 8 ta ruboiysi keltirilgan bo‘lib, ulardan faqat bittasi Y.E. Bertels keltirgan ruboiylar orasida uchramaydi. Demak, hozirgacha bizga buyuk vatandoshimiz ijodiga tegishli 26 ta ruboiy ma’lum. Bu ruboiylar nisbatan qisqa fursat ichida uch marta o‘zbek tiliga o‘girildi. Dastlab Jamol Kamol ularni an’anaviy vazni va mumtoz uslubini saqlagan holda o‘zbekchalashtirdi. Keyin Najmiddin Kubro tavalludining 850 yilligi munosabati bilan Matnazar Abdulhakim bu ruboiylarning yangi tarjimasini amalga oshirdi. Najmiddin Kubro qalamiga mansub ruboiylar, asosan, tasavvuf dunyoqarashi targ‘ibiga – Haqiqatni izlash, Ollohga bo‘lgan ishqni kuylash, Haq yo‘liga da’vat qilish, Olloh muhabbatini qozonish maqsadida tariqatga kirgan solikning hol va maqomotning turli bosqichlaridagi o‘y va kechinmalari, ranju iztiroblarini tasvirlash, so‘fiy-darveshlarni ulug‘lash, Haqning mazhari bo‘lmish ma’shuqa go‘zalligini ta’rif-tavsif etish, goh visol umidi, goh hijron azobidagi oshiq holatini ifodalashga bag‘ishlangan.

 

Yurmoq uchun Haq yo‘liga yetmoq shart,
Boshqasidan ko‘zni yumib ketmoq shart,
Elga shifo baxsh etu, och ko‘zlarni
Olam hama-ul, unga nazar etmoq shart.

 

Kubroviya tariqatidan keyinchalik bir qancha shahobchalar ajralib chiqib, butun dunyoda tasavvufning eng ko‘p tarqalgan yo‘llaridan biriga aylandi. Bular Najmiddin Kubroning shogirdlari tomonidan tarqatilgan bo‘lib, shu kunimizgacha ayrim mamlakatlarda turli xil ko‘rinishlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Hindistonda Firdavsiya, Bag‘dodda Nuriya, Xurosonda Rukniya, Kashmirda Hamadoniya Eron va ayrim g‘arb mamlakatlarida Amerika, Angliyada “Ne’matullohiya” va boshqalarni misol qilib ko‘rsatish mumkin.

 

Chingizxon boshchiligidagi mo‘g‘ul qo‘shinlarining bosqinchilik yurishlari natijasida  1218–1221-yilarda  xorazmshohlar davlati bosib olindi. Mo‘g‘ullar qurgan tuzoqlarga bir necha marta tushib, o‘z harbiy kuchlarining (O‘trorda 60 ming, Xo‘jandda 10 ming, Samarqandda 110 ming, Buxoroda 50 ming) anchagina qismidan ajralgan Xorazmshoh Muhammad o‘z yurtini, poytaxti Gurganch shahrini tashlab ketadi. Shahar aholisi himoyasiz, yetakchilik qiladigan sardorsiz qoladi. Shunday og‘ir vaziyatda 76 yoshli Najmiddin Kubro shaharni himoya qilishni o‘z zimmasiga oladi. Shayx muridlarini jamlab, ularga qarab bunday deydi: “Mashriqdan kelgan bu balo Mashriq-u Mag‘ribni yakson etadi, yondirib kul qiladi. Sizlar har biringiz o‘z yurtingizga boring, o‘z joningizni asrash payida bo‘ling” As’hob shayxga iltimos qilib dedilar: – “Ot-ulovlar tayyor, agar shayx biz bilan hamroh ketishni ixtiyor etsalar, yaxshi bo‘lardi”. Bunga javoban shayx Najmiddin Kubro deydi: – “Men bu yerda shahid bo‘laman, menga Xorazmni tark etishga ruxsat yo‘q” deydi. Shayx shahar mudofaasini tashkil etish bilangina cheklanmay, qo‘liga qilich olib jang qiladi. Ancha vaqtgacha mo‘g‘ullar shahar himoyachilarining qarshiligini yenga olmaydilar. Shunda ular hiyla-nayrang ishlatish, sotqinlar ko‘magidan foydalanish yo‘liga o‘tadilar va biladilarki shahar mudofaasi boshida shayx turibdi, darrov shayxni oldiga elchilar jo‘natib biz tomonga o‘ting sizga omonlik va boylik ato qilamiz deydilar.

 

Amir Temurning nevarasi Ulug‘bek Mirzo ibn Shohrux Mirzo o‘zining “Tarixi arba’ ulus” (“To‘rt ulus tarixi”, 1425) nomli tarixiy asarida Shayx Najmiddin Kubro janoblarini sharhlab bunday deb yozadi: “Mana yetmish yildirki, Xorazm xalqi bilan yashab kelmoqdaman. Bugungi kunda qazoyi ilohiy balo jazosini yubordi. Ularning kallasida muruvvat degan narsa bo‘lmaydiki, orasidan qochib o‘zimni bir chekkaga olsam. Balki ular bilan birga beg‘amona yag‘moga duchor bo‘lganim tuzukroq bo‘lar. Balolarga ham ular bilan yor bo‘lsam!”

 

Najmiddin Kubro shahar himoyachilariga qarata iltijo bilan “Yo Vatan, yo sharafli o‘lim!” deb xitob qiladi. Mo‘g‘ullar hali biron yerda bunchalik qattiq qarshilikka duch kelmagan edi, hali biron joyda mo‘g‘ul askarlari bunchalik ko‘p qirg‘in qilinmagan edi. Dahshatli qirg‘inbarot Gurganch fojiasi yetti oy davom etadi. Son jihatdan ustun bo‘lgan dushman mashaqqatlar va hisobsiz qurbonlar evaziga g‘alabaga erishadi. Qo‘lida qurol ushlashga majoli qolmagan gurganchliklar ilojsizlikdan taslim bo‘ladi. Jarohatlangan Shayx Najmiddin Kubro o‘limi oldidan tug‘ tutgan mo‘g‘ul sarboziga tashlanib, bir qo‘li bilan uni qatl etayotgan mo‘g‘ul yalovining uchini ushlab turgan. Oxiri qo‘lini qirqib tug‘ni olganlar.

 

Gurganch taslim bo‘lgach yondiriladi, hamma tirik jon qilichdan o‘tkaziladi, boyliklar talanadi. Juvayniyning ma’lumotlariga qaraganda, 100 ming nafar hunarmand, kosib, rassomlar asirga olinib Mo‘g‘ulistonga jo‘natilgan. Mo‘g‘ullar vahshiylikning bor usullarini ishga solganlar, yo‘qlarini esa o‘ylab topganlar. Mo‘g‘ullar shaharning kulini ko‘kka sovurish bilan bir qatorda Gurganjdan nom-nishon qoldirmaslik uchun Amudaryodagi to‘g‘onni buzib, suvni shaharga burib yuboradilar. Barcha ulkan tarixiy obidalar, ilm-ma’rifat manbalari suvga bostiriladi. Natijada uzoq muddat davomida barpo etilgan bu ulkan qadimiy madaniyat va ma’muriy markazda hayot to‘xtaydi. Juvayniyning iborasi bilan aytganda, “Gurganj qashqir makoni bo‘lib qoldi va bu yerda boyo‘g‘li va burgut in qurdi”.

 

Shunday qilib, Xorazmning buyuk farzandi o‘z ona Vatanini dushmanlardan himoya qila turib o‘lim topdi. Najmiddin Kubro 1221-yilda o‘zi muallimlik qilgan xonaqohga dafn etildi. Keyinchalik Oltin O‘rdaga bo‘ysunuvchi o‘lka hukmdori Qutlug‘ Temur tomonidan XIV asrda Gurganj shahrida buyuk olim, tasavvuf ta’limotining asoschilaridan biri, vatanparvar shayx Najmiddin Kubro nomiga maqbara tiklangan. Hozirgi vaqtda Najmiddin Kubroning qabri Turkmaniston Respublikasining Toshhovuz viloyati, Ko‘hna Urganch shahridadir. Shayx Najmiddin Kubro insoniyat tarixidagi eng e’tiborli siymolardan biridir, uning nomi Sharqda asrlardan buyon vatanparvarlik timsoli bo‘lib kelmoqda.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi 

Bo‘ri QODIROV tayyorladi.

                    

Foydalanilgan adabiyotlar:

 

1. Zamira Is’hoqova. Najmiddin Kubro.–Toshkent: “ABU MATBUOT-KONSALT ”, 2011.

2.  Solijon Hasanov. Xorazm ma’naviyati darg‘alari. – Toshkent: “Adolat”, 2001. B.65-66.

3.  Ozod Masharipov, Alisher Masharipov. Xorazmnoma.– Toshkent: “Istiqlol nuri” nashriyoti, 2014. B. 227-236.

4.  Ma’naviyat  yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullaev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.

5. Jumaboy Rahimov. Mardlik va jasorat timsoli.–Toshkent: Yoshlar mediaprint, 2021, B.6-35.



 

 

 

Izoh yo‘q

Izoh qoldirish

//