Yusuf Xos Hojib


16:02 / 07.02.2022 28565 2

“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi qismida ulug‘ turkigo‘y shoir, mutafakkir, davlat arbobi Yusuf Xos Hojib haqida so‘z yuritamiz.

 

Yusuf Bolasog‘uniy Yettisuv o‘lkasidagi Kuzo‘rda (Bolasog‘un) shahrida 1021-yilda dunyoga keladi.  Bolasog‘un  hozirgi Qirg‘iziston hududidagi Chu daryosi vodiysida, aniqrog‘i hozirgi Bishkek (qadimda Pishpek – A.N.) shahridan taxminan 150-200 km janubi-sharq, Issiqko‘lning g‘arbiy sohilidan 100-150 km shimoli-g‘arb tomonida joylashgan.

 

O‘sha davrda Yettisuv va Sharqiy Turkiston o‘lkalari turkiy qarluq qabilasidan chiqqan qoraxoniylar sulolasi qo‘l ostida edi. Bu sulola VI-IX asrlarda hukm surgan Buyuk Turk xoqonligining davomchilari bo‘lib, IX asr o‘rtalaridan boshlab davlatni boshqarib keldilar. X asr boshlarida Abdulkarim Sotuq Bug‘raxon (924-955) islom dinini qabul qildi va shu bilan turkiy elatlar ham uzil-kesil islom mintaqa madaniyatiga qo‘shildi. X asr oxiriga kelib, somoniylar tanazzulga yuz tutgach, qoraxoniylar Movarounnahrni to‘liq egalladi. Qoraxoniylar poytaxti dastlab Koshg‘ar bo‘lib, keyinchalik u Bolasog‘un, keyin O‘zgan va yana Koshg‘arga ko‘chganligi tarixiy  ma’lumotlarda qayd etilgan.

 

Yusuf Xos Hojib haqida ma’lumotlar ko‘p emas. U “Qutadg‘u bilig” asarini 50 yoshlarida, 1070-yilda yozib tugatgan. Muallif o‘zi haqida  mazkur asar muqaddimasida shunday ma’lumot beradi: “Bu kitobni tartib beruvchi Balasog‘unda tug‘ilgan, sabr-qanoatli kishidir. Ammo bu kitobni Koshg‘arda tugal qilib, Mashriq maliki Tavg‘achxon dargohiga keltiribdir. Malik uni yorlaqab, ulug‘lab, o‘z saroyida Xos Hojiblik lavozimini beribdi. Shuning uchun Yusuf Ulug‘ Xos Hojib deb mashhur nomi tarqalibdi”. Kitobda nomi tilga olingan xoqon Nasriddin Tavg‘ach ulug‘ Bug‘ro Qoraxon Abu Ali Hasan Xorunxon binni Arslonxon bo‘lib, 1070–1103-yillar davomida qoraxoniylar davlatini boshqargan.

 

Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga yo‘llovchi bilim”) asari islomiy turkiy adabiyotni boshlabgina bermay, uni yangi tadrijiy bosqichga ko‘tardi. U nafaqat turkiy xalqlar adabiyoti an’analari, balki qardosh xalqlar, jumladan, forsiy adabiyot tajribalarini ham ijodiy o‘zlashtirgan holda yaratilgan.

 

Asar mazmuni, tili va uslubidan kelib chiqib aytish mumkinki, Yusuf Xos Hojib arab va fors tillarini mukammal bilgan, bu tillardagi diniy, ilmiy, badiiy adabiyot bilan chuqur tanish bo‘lgan. Bundan tashqari, shoir qadim turk yozma adabiyoti, turkiy xalklar og‘zaki ijodini ham yaxshi bilgan, shu muhitda tarbiya topgan. Shoir turkiy elatlarning qadimiy qo‘shnilari xitoy, mo‘g‘ul, hind, eroniy xalqlar madaniyati, yunon falsafasi va  o‘sha davr ma’naviy hayotining boshqa jihatlari haqida mukammal ma’lumotga ega bo‘lgan. Afsuski, bizgacha shoirning yagona dostonidan boshqa asari yetib kelmagan. Ammo aniq aytish mumkinki, hech qaysi ijodkor ilk ijodini 6,5 ming baytga yaqin yirik doston yozishdan boshlamaydi. Masalan, Amir Xisrav Dehlaviy birinchi yirik dostonini boshlaganda ikki devon tuzgan va ular tarkibida bir qator kichik masnaviylari bor edi.

 

Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga yo‘llovchi bilim”) asarining bizning qo‘limizga yetib kelgan nusxasi oxirgi tahrir bo‘lib, u xoqonga taqdim etilgan.

 

Asosiy qism oxirida (6261-6286-baytlar) shoir kitobning yozilish yili, nima maqsadda yozilgani, o‘quvchiga murojaat, Allohga munojot, Payg‘ambar va chahoryorlarga salomlar bilan asarni xotimalaydi va alohida xotima qismga hojat qoldirmaydi. Ammo bundan so‘ng yana 2 qasida (yigitlikka achinib, qarilikdan shikoyat qilish – 44 bayt va zamon buzuqligi, do‘stlar jafosidan yozg‘irish – 40 bayt) qo‘shilib, yana 1 masnaviy bobda muallif o‘ziga o‘zi nasihat qiladi (37 bayt), asarning turkcha yozilganligi, tugallanish sanasi, yana munojot va salomlar qaytariladi. Shulardan bilinadiki, xotima qismiga ham 2 qasida qo‘shilib, qayta tahrir qilingan paytda yozilgan. Asosiy qism mazmuni va mundarijasiga ko‘ra “Qutadg‘u bilig” dostoni mintaqa adabiyoti shakllanishining birinchi bosqichida turkiy tilda yaratilgan islom ma’naviyatining badiiy-falsafiy, ijtimoiy-axloqiy qomusi deb baralla aytsak arziydi.

 

Bu asar mag‘ziga VIII-IX asrlarda yashagan Abdulhamid al-Kotib, Ibn al-Muqaffa (720-756), Adib Ahmad Yugnakiy, al-Johiz (775-868) kabi yirik adiblar asos solgan adab ilmi, Abu Nasr al-Forobiyning ijtimoiy-axloqiy falsafasi, “Shohnoma” va turk xoqonlarining yodnomalari, mintaqa xalqlarining boy ma’naviy merosi singdirilgan. Eng asosiysi, bu kitob islom mintaqa ma’naviyatining qomusi bo‘ldi.

 

Firdavsiy “Shohnoma”si mintaqa xalqlarining o‘tmish tarixini badiiy obrazlarda aks ettirsa, Yusuf Xos Hojib asari davr holatini badiiy tafakkur qonuniyatlari asosida mujassam etdi. Muallif o‘z asarini “Shohnomayi turkiy” deb shuhrat topganini aytadi. Bu qiyos shu ma’noda to‘g‘riki, o‘tmishda mintaqa eroniy hukmdorlar – Kayoniy va Sosoniylar qo‘l ostida bo‘lgan bo‘lsa, Yusuf davrida sosoniylar mulki turkiy hukmdorlar itoatiga o‘tgan edi. Bolasog‘undan Bag‘dodgacha turkiy sulolalar hukm surar edilar. Shu sababli endi sulolalar tarixi emas, davlat boshqarish odobi muhim edi. Asarning yana boshqa shuhrat topgan nomlari “Adab ul-Muluk” (“Hukmdorlar odobi”) va “Oyin ul-mamlakat” (“Mamlakatni idora etish qoidalari”) xuddi shu jihatlarni aks ettirar edi.

 

Asar qahramonlari – Elig – Kuntug‘di – adolatli, insofli hukmdor, Oyto‘ldi – donishmand, tadbirli, tarjibali alloma, murakkab xarakterli shaxs, yurt, jamiyatga foydasi tegishini o‘ylab poytaxtga keladi va musofirparvar Ko‘salish yordamida Eligning Xos Hojibi Ersig bilan tanishib, u tufayli Kuntug‘di saroyiga kirib boradi. Elig bilan tanishadi. Elig va Oyto‘ldi orasida ko‘p suhbatlar bo‘lib o‘tadi. Ular bir-birining botiniy qiyofasi, fe’l-atvorlarini yaxshi o‘rganib, asta-sekin umumiy til topishadi, orada ba’zi ginaxonliklar ham bo‘lib o‘tadi. Oyto‘ldining xastaligi va o‘limi, unga Elig va O‘gdulmishning qayg‘urishi, hamdardligi juda tabiiy, hayotiy kechinmalarda tasvirlanadi.

 

O‘gdulmish Aql timsoli bo‘lgani bilan, u avval o‘zini yosh yigitlarga xos tutadi. Elig unga qancha pand-nasihatlar beradi, tarbiyalaydi. O‘zg‘urmish bilan bo‘lgan keyingi suhbatlar ta’sirida O‘gdulmishning ongi o‘zgarib, rivojlanib boradi. U ma’lum vaqt O‘zg‘urmish ta’sirida tavba-tazarruga berilib, moddiy dunyo tashvishlaridan o‘zini olib qochmoqchi bo‘ladi. Ammo O‘zg‘urmish va Kunto‘ldi uni bu niyatdan qaytaradi, el-yurt tashvishi bilan yashashga undaydi. Shoir Aql va Bilimni el-yurt, xalq farovonligi yo‘lida xizmat ettirishni asosiy burch deb hisoblaydi. Aql avvalo Adolatga himoyachi va maslahatgo‘y bo‘lmog‘i talab etiladi. O‘zg‘urmish shaxsi tarkidunyo etgan, zohidlik va taqvoni yashash tarziga aylantirgan so‘fiylarni eslatadi.

 

Yusuf Xos Hojib tasavvuf g‘oyalari, amaliyotidan chuqur xabardor ekanligini ushbu qahramoni tavsifida ayon etgan. Tasavvuf, taqvo, zohidlik va faqir shoir nazdida avvalo qanoatning timsolidir. Qanoat Oqibatni o‘ylash bilan bo‘ladi, u insonga Ofiyat (ruhiy osoyishtalik, qoniqish) keltiradi. Adolat qanoatsiz bo‘lmaydi. Hukmdor so‘fiyning, zohidning suhbatidan bahramand bo‘lib turishi kerak. So‘fiy hukmdorni qidirib kelmaydi, hukmdor uni o‘zi qidirishi, suhbatiga intiq bo‘lishi kerak. Kuntug‘di maktub bilan O‘gdulmishni O‘zg‘urmishga uch marta jo‘natadi. Shoir fikricha, agar hukmdor e’tibor ko‘rsatsa va mayl bildirsa, so‘fiy ham suhbatdan bosh tortmasligi kerak. Albatta, zohid O‘zg‘urmish saroy a’yoniga aylanmaydi, u ma’lum vaqt Elig bilan suhbatlar qurib, yana o‘z kulbasiga qaytib ketadi, hayot tarzini o‘zgartirmaydi.

 

Yusuf Xos Hojib tasavvuf g‘oyalariga, haqiqiy taqvo egalariga yuksak ehtirom bilan qaraydi. Ammo jamiyat, xalq baxti uchun, Adolat tantanasi uchun o‘z umrini bag‘ishlash uning bosh yo‘nalishi bo‘lib qoladi. Uning suyukli qahramoni O‘gdulmish – Aql va Bilim egasi, umrini Adolat xizmatiga bag‘ishlagan shaxsdir.

 

 “Qutadg‘u bilig”da o‘sha davr hayotining barcha qirralari, ikir-chikiri, ziddiyatlari o‘z ifodasini topgan. Yusuf Xos Hojib o‘zining yuksak o‘y-xayollarini ajoyib timsollarda ifodalar ekan, hayotdan bir zum uzilmaydi. Davr ziddiyatlaridan ko‘z yummaydi, jamiyatdagi barcha tabaqa, toifalarga xos fazilat, qusurlar, ijtimoiy ahvolni aniq idrok qiladi. Uni ba’zan feodal-saroy qarashlariga tobe qilib ko‘rsatishadi. Aslida bunday tasavvur Yusuf Xos Hojibning zukkoligi, ijtimoiy aqli, tadbirkorligini noto‘g‘ri talqin qilish oqibatidir.

 

 “Qutadg‘u bilig” kitobi avom xalq uchun emas, birinchi navbatda, xoqon va beklar, ya’ni yurtning hukmdorlariga atab yozilgan. Turkiy sulolalar bugun islom mintaqasida hukmfarmo bo‘layotgan bir paytda, ijtimoiy jihatdan “Shohnoma”dan ko‘ra “Qutadg‘u bilig”, ya’ni “Hukmdorlar adabnomasi” ko‘proq zarur va bu kitob aynan turkiy tilda yozilmog‘i kerak edi. Yusuf Xos Hojib ushbu ijtimoiy zaruratni  o‘z vaqtida anglab yetdi; unga yuksak saviyada javob bera oldi. Uning asarini turkiy hukmdorlar qay darajada o‘qidi va o‘zlashtirdi, bu boshqa masala. Abu Ali Hasan Xorunxon uni yaxshi qabul qilgani, shoirni munosib taqdirlagani Kuntug‘di va Oyto‘ldi timsollari hayotiy haqiqatga ancha muvofiq kelganini ko‘rsatadi.


Sharq adabiyotining tengsiz yozma obidasi “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) asarining yaratilganiga 952 yil to‘ldi. “Qutadg‘u bilig” – ota-bobolarimizning komil inson haqidagi qarashlari, davlat va jamiyat boshqaruvi, bilim o‘rganishning ahamiyati, axloq va odob masalalari, falsafiy qarashlari, o‘g‘il-qiz tarbiyasi, kishining ichki ma’naviy olami, uning fazilatlari to‘g‘risidagi kuzatuvlarini o‘zida jamlagan noyob asar. U qadimgi turkiy yozma adabiyotining bebaho yodgorligidir. O‘rta asrlarda uning ta’sirida turkiy adabiyotdagina emas, butun musulmon sharq adabiyotida ko‘plab asarlar yaratilgan. “Qutadg‘u bilig” dunyo olimlarining doimiy e’tiborida bo‘lib, o‘zbek, turk, rus, qozoq, qirg‘iz, ozarbayjon, turkman, uyg‘ur, ingliz, nemis tillarida ilmiy tarjimalari va tadqiqotlari nashr etilgan. 2019-yilni YUNESKO tomonidan “Xalqaro “Qutadg‘u bilig” yili” deb e’lon qilindi.

 

2020-yil 27-28-noyabrda Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida ushbu buyuk yozma yodgorlikning 950 yilligi munosabati bilan “Jahon turkologiyasining buyuk obidasi “Qutadg‘u bilig” va uni o‘rganishning dolzarb masalalari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

 

Baytlar

Xulq go‘zal bo‘lsa, barcha xalq sevadi,
Xulqi to‘g‘ri bo‘lgan kishi to‘rga chiqadi.

* * *

Bolaga otaning mehnati singgan bo‘lsa,
So‘ng u bolaning xulq-atvorida bilinadi.
* * *

Har kim odob surmasidan tortsa hayo ko‘ziga,
Maqsad kelinin ko‘rar qarshisida behijob.

***
Ota bolani kichikligidan bebosh qilib qo‘ysa,
Bolada gunoh yo‘q, barcha jafo otada

***

O‘g‘il-qizga bilim, hunar o‘rgatish kerak,
Toki bu hunarlar bilan fe’l-atvori go‘zal bo‘lsin.
* * *

Yaxshi qiliq oq sut bilan kirsa,
O‘lim kelib tutmaguncha o‘zgarmaydi.

     

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi 

Bo‘ri QODIROV tayyorladi.

 

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

 

1. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2003, 8-jild.

2. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.

3. Mallayev N., O‘zbek adabiyoti tarixi .– Toshkent: 1976

4. Homidiy H., Ko‘hna Sharq darg‘alari. – Toshkent: 1999

5. www.ziyo.uz

2 Izohlar

Hasan

22 DAYS AGO

Yaxshi ma'lumot

Gulsanam

-7 DAY AGO

Yaxshi ma'lumot keltirilgan 🙂👏🏻

Izoh qoldirish

//