Nosir Xisrav


14:02 / 03.02.2022 2890 1

“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ulug‘ allomalaridan biri – adolat, xalqparvarlik, ma’rifatparvarlik g‘oyasini dadil kuylagan, ilm-fan va ma’rifat sohasida  qator asarlar yaratgan mashhur shoir  Nosir Xisrav.

 

Nosir Xisravning to‘liq ismi Abu Mu’iniddin Nosir Xisrav al-Qubodiyoniy bo‘lib, she’rlarida “Hujjat” taxallusini qo‘llagan. Uning avlod-ajdodlari o‘z davrining obro‘li, davlatmand kishilaridan hisoblangan.

 

Nosir Xisrav 1003-yilda  Buyuk Xuroson  yerlariga tegishli Qabodiyon (hozirgi Tojikiston hududida) mintaqasida tavallud topgan. Amudaryo bilan karvon yo‘li kesishgan joydagi bu shahar O‘rta asrlarda faqat qishloq xo‘jalik mahsulotlari bilangina mashhur bo‘lmay, balki savdo-sotiq hamda hunarmandchilik ham taraqqiy topgan joy edi.

 

Nosir Xisrav boshlang‘ich ma’lumotni tug‘ilgan joyida oldi, keyinchalik Marv, Balx madrasalarida tahsilni davom ettirdi, diniy, dunyoviy bilimlarni egalladi.

 

Nosir Xisrav ma’lum muddat g‘aznaviy hukmdorlardan Sulton Mahmud G‘aznaviy va uning o‘g‘li Mas’ud saltanati saroyida mirzalik qilgan, soliq mahkamasini boshqardi. Biroq saroy muhitining ayanchli manzaralari iste’dodli shoirga manzur tushmadi. Amaldor-u mulozimlar, ruhoniylar manfaatparast shoirlarning nafs uchun past ketishlari, har qanday razilliklarga tayyor turishlari, avjiga chiqqan madhiyabozliklar Nosir Xisravning ko‘zini ochdi. Uning she’riyati va ilmiy qarashlarida tanqidning kuchayishiga zamin yaratdi. Ana shu omillar uning ma’naviy dunyosida burilish yasadi, u haqiqat izlash va xalq xizmati uchun ijodiy, fikriy izlanish bilan shug‘ullanishga kirishdi. Jumladan, davlat xizmatida o‘tgan yillar uning hayotiy tajribasini ancha oshiradi. U bir tarafdan yuqori tabaqalar hayoti, ularning mamlakat va xalqni boshqarish siyosatidan voqif bo‘lsa, ikkinchi tomondan, oddiy mehnatkash xalq turmushi, hunarmand, dehqon va boshqa kasb egalarining jamiyatdagi o‘rniga oid bevosita kuzatish va tajribalari uning asarlarida aks etgan. Nosir Xisrav 1045-yilda davlat xizmatidan bo‘shab, safarga otlanadi.

 

Nosir Xisrav 7 yil maboynida (1045–1052-yillar) Misr, Shom, Iroq, Qohira, Iskandariya, Damashq, Basra, Hijoz, Halab, Makka, Madina, Ozarbayjon, Armaniston, Falastin, Eron, Turkiston va Hindiston shaharlari bo‘ylab qilgan safarlari muhim ahamiyat kasb etdi. Uning “Safarnoma” asari shu sayohat natijasida yaratilgan. Ulkan adib qaysi shaharda bo‘lmasin, uning diqqatini o‘sha yurtning ulug‘ shaxslari, olim-u shoirlari o‘ziga jalb etgan va o‘sha donishmandlar bilan muloqotda bo‘lgan.

 

U Qohirada o‘tkazgan uch yil hayoti davomida saljuqiylarga qarshi yangi tashkil qilingan, Qohiraning markazida joylashgan xalifalik – fotimidlar tarafdoriga aylanadi.

 

Nosir Xisrav 1052-yilda Balxga qaytdi va bu yerda ismoiliylik g‘oyalarini qizg‘in targ‘ib-tashviq qila boshlaydi. Bu harakati uchun Nosir Xisrav shialik va kofirlikda ayblanib, o‘limga hukm qilinadi. Shundan so‘ng u qolgan 25 yillik umrini Badaxshonda – Hazrati Sayyid qishlog‘idagi Yumg‘on darasida o‘tkazadi. Uning salkam chorak asrlik umri shu yerda o‘tdi va o‘sha yerda 1088-yilda vafot etdi. Nosir Xisravning qabri ham shu joydadir. Keyinchalik bu tabarruk maskan shoir ijodi ixlosmandlarining ziyoratgohiga aylandi.

 

Nosir Xisravning oilaviy hayotiga doir manbalarda ma’lumotlar uchramaydi. Uning sarson-sargardonlikda o‘tgan umri, tazyiq-u ta’qib etishlar, quvg‘indagi yillar allomaning uylanishi, bola-chaqa ko‘rishiga imkon bermagan ko‘rinadi.

 

Nosir Xisrav adabiy, ilmiy, falsafiy, hikmatiy asar va risolalarini o‘sha davr an’anasiga ko‘ra, dariy va arab tillarida yaratdi. Bizgacha mutafakkirning ikkita she’rlar devoni (biri forsiy, ikkinchisi arab tilida), “Rushnoinoma”, “Saodatnoma” masnaviylari, “Zodul-musofirin”, “Xon-ul-ixvon”, “Din vajhi”, “Bo‘ston ul-uqul”, “Jome’ ul-hikmatayn” kabi ma’naviy-diniy asarlari, to‘qson ikki falsafiy, mantiqiy savollarga javob usulida yozilgan nasriy risola va mashhur “Safarnoma”si yetib kelgan.

 

Nosir Xisravning fors tilidagi she’rlar devoni diniy-mazhabiy, falsafiy, ijtimoiy-axloqiy va ishq-u oshiqlik bahsiga bag‘ishlangan qasida, g‘azal, ruboiy, farz, qit’a singari janr namunalaridan iboratdir. Devondagi she’rlar 11 ming baytni tashkil etadi.

 

Allomaning “Rushnoinoma”si ixcham masnaviy bo‘lib, 592 baytdan iborat. Asarda donishmandning diniy, falsafiy, ma’rifiy, ijtimoiy-axloqiy qarashlari rangin misralarda yuksak shoirona nazokat ila kuylanadi. Uning “Saodatnoma”si  uch yuz baytdan iborat bo‘lib, unda “Rushnoinoma”dagi ayrim masalalar takrorlangan. Shuningdek, bir qator falsafiy-axloqiy muammolar o‘z rivojini topgan.

 

Nosir Xisrav o‘zining ma’naviy hayoti, diniy-falsafiy dunyoqarashi jihatidan botiniya va ismoiliya mazhabining izdoshi va hakim-ustozlaridandir. Ismoiliya firqalari yagona-botiniya atamasi bilan yuritiladi. Mazkur diniy-falsafiy mazhab Qur’onning (ichki) ma’nosiga tarafdor. Botiniylar qarashiga ko‘ra, Qur’onni hazrati Ali ibn Abutolib va uning do‘st-u suhbatdoshlari haqiqiy ma’nosini biladilar. Mazkur mazhab ahli ta’limotiga ko‘ra, Xudo olamning mabda’i, asl vujudidir va inson aqli-la Xudoni bilib olishga qodir emas. Inson noqis jon-u aqlga ega, komillashish uchun u poklanishi lozim. Mutlaq vujudga yetishish uchun yo‘llovchi shariat, tariqat, ma’rifat va haqiqat bosqichlarini bosib o‘tib, haqiqiy abadiy olam Xudoyi taolo vasliga yeta oladi.

 

Nosir Xisrav mazkur botiniya ismoiliya mazhabining asoschilaridan hisoblanadi. U Rushnoinoma asarining Tavhid bobida o‘z aqidasini bayon etib yozadiki, Xudoyi taolo yakka-yu yagonadir, unga sherik yo‘q, uning avvali va oxiri yo‘q. Inson Xudoni fikr-u andisha ila jismoniy ko‘z hissiyotlari orqali bila olmaydi. Faqat ruhiy ko‘z, qalb ko‘zi bilangina mushohada etishi ko‘rishi mumkin.

 

U odamlarni fazilatli, xush fe’l-atvorli qilib shakllantirishda tarbiya hissasining beqiyos ekaniga urg‘u beradi. Shundan bo‘lsa kerak, alloma asarlarida axloqiy pand-u nasihatlar, hikoyat va qissalarga keng o‘rin beriladi. Insonni ikkiga ajratgan faylasuf shoir uning axloqiga ham xuddi shunday munosabatda bo‘ladi. Aslida, odamning yomoni bo‘lmaydi. Yomon tarbiya ko‘rgan, fe’l-u atvori yaxshi yoxud noloyiq insonlar bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, asosiy diqqat axloqiy tarbiya muammolariga qaratilmog‘i lozim.

 

Nosir Xisrav ma’naviy bisotida ijtimoiy hayot, davlat tuzilishi, amaldor-u hokimlar faoliyati, ularning fuqarolarga munosabati haqida ham qimmatli fikr-u mulohazalar ko‘zga tashlanadi. O‘tmishda faoliyat ko‘rsatgan talay faylasuf va mutafakkirlar singari u ham ma’rifatli, adolatparvar shoh-u hokimlar tarafdori edi. Tabiatan adolat va insof tarafdori bo‘lgan donishmand shoir “Saodatnoma” masnaviysida mehnat ahlini, xususan dehqonlarni samimiy muhabbat bilan sharaflaydi. Ular madhida otashin misralar yaratadi:

 

      Jahonning shodligin boisi dehqon,
      Uning birla ekinzor, bog‘
-u bo‘ston.
      Bu ishdin yaxshi, olamda ne bordur,
      Odam nasliga bu ish yodgordur…
      Jafokash, pahlavon mehnat chekodur,
      To‘kib ter, barchaning rizqin ekodur.

 

Nosir Xisravning ilm-fanni, insonni, mehnatni, kasb-hunarni ulug‘lovchi, adolatsizlikning har qanday ko‘rinishini qoralovchi merosi so‘nggi avlodlar ma’naviy yuksalishi uchun muhim ozuqa bo‘ldi, u xalqning sevimli shoir va mutafakkiriga aylandi.

 

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi 

Bo‘ri QODIROV tayyorladi.

 

                                                

Foydalanilgan adabiyotlar:

 

1. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2003, 6-jild.

2. Shoislom Shomuhamedov. Fors-tojik adabiyoti klassiklari. – Toshkent: 1963.

3.  Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullaev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.

5 . www.ziyo.uz.

 

 

1 Izoh

MUNISA

17 DAYS AGO

Safarnoma haqida malumot yo'qligi maqul kelmadi. Bizga asosan shu asar kerak edi

Izoh qoldirish

//