“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi sonida O‘rta asrlarning ulug‘ siymolaridan yana biri Mahmud az-Zamaxshariy haqida so‘z yuritamiz. U zotning to‘liq ismi Abul Qosim Mahmud ibn Umar az-Zamaxshariydir.
Mahmud az-Zamaxshariy hijriy 467-yil rajab oyining 27-kuni (1075-yil 19-mart) da Xorazmning Zamaxshar qishlog‘ida tavallud topgan. Otasi zamonasining ilmli, taqvodor, diyonatli kishisi bo‘lgan va aksar vaqtini Qur’on tilovati, namoz-u ibodatda o‘tkazib, Zamaxshardagi masjidda imomlik ham qilgan.
Mahmud az-Zamaxshariyning yoshligida bir oyog‘i sinib, nogiron bo‘lib qoladi va yog‘och oyoqda yuradi. Otasi endi og‘ir mehnatga yaramaydi, deb uni tikuvchiga shogirdlikka bermoqchi bo‘ladi. Biroq yoshligidan ilmga havasmand Mahmud otasidan madrasaga o‘qishga yuborishini so‘raydi. O‘g‘lidagi ilmga bo‘lgan zo‘r ixlos va havasni sezgan otasi uni Gurganjdagi madrasaga beradi.
U madrasada o‘qitiladigan barcha ilmlarni, ayniqsa, arab tili va adabiyoti, diniy yo‘nalishdagi ilmlarni qunt bilan egallashga kirishadi. O‘sha davrda ilm ahli orasida qadrlangan xattotlik san’atini ham mukammal egallab, o‘z tirikchiligini bir qadar o‘nglab oladi. Keyinchalik Mahmud az-Zamaxshariy bilimini yanada oshirish maqsadida Buxoroga yo‘l oladi. Mashhur olim Abu Mansur as-Saolibiyning (961–1138) iborasi bilan aytganda “Buxoro somoniylar davridan boshlab shon-shuhrat makoni, saltanat ka’basi va zamonasining ilg‘or kishilari jamlangan, yer yuzi adiblarining yulduzlari porlagan va o‘z davrining fozil kishilari yig‘ilgan (joy) edi”. U Buxoroda tahsilni tugallagach, bir necha yillar Xorazmshohlar xizmatida munshiylik bilan shug‘ullanadi, hukmdorlar bilan yaqinlashishga urinadi. Biroq qobiliyati, ilmi, fazilatiga yarasha munosib e’tibor ko‘rmagach, o‘zga yurtlarga safar qiladi.
Allomaning o‘z davri ilmlarini to‘liq egallashga, olimlik darajasiga yetishishida, shubhasiz, ustozlarining xizmati benihoya katta bo‘lgan. Mana shunday ustozlardan biri – til, lug‘at va adabiyot sohasida mashhur olim Abu Mudar Mahmud ibn Jariyr al-Dabbiy al-Isfahoniydir (1113-yili Marvda vafot etgan). Al-Isfahoniy Xorazmda ham bir qancha muddat yashagan. Bu o‘lkada mutaziliylar ta’limotining joriy bo‘lishi ham shu al-Isfahoniy nomi bilan bog‘liqdir. Mahmud az-Zamaxshariy Bag‘dodda shayx ul-islom Abu Mansur Nasr al-Xorisiy, Abu Saad ash-Shaqqoniy, Abul Xattab ibn Abul Batar kabi mashhur olimlardan hadis ilmidan saboq oldi. Makkada esa nahv va fiqh bo‘yicha ilmni Abu Bakr Abdulloh ibn Talxat ibn Muhammad ibn Abdulloh al-Yabiriy al-Andalusiy, ash-shayx as-Sadiyd al-Xayyatiy, lug‘at ilmini esa Abu Mansur Mavhub ibn al-Xadar al-Javoliqiy kabi mashhur olimlardan o‘rgandi.
Buyuk alloma hayoti davomida Marv, Nishopur, Isfahon, Shom, Bag‘dod va Hijozda yashadi, ikki marta Makkada bo‘ldi. Olim bu yerda ilmiy ishlarini davom ettirdi, arab tili sarf va nahvi (grammatikasi) va lug‘atini hamda mahalliy qabilalarning lahjalari, maqollari, urf-odatlarini chuqur o‘rgandi, mintaqa jug‘rofiyasiga oid qimmatli ma’lumotlarni to‘pladi.
Biron-bir allomaga nasib etmagan yuksak maqomga — Jorulloh (“Allohning qo‘shnisi”) degan laqabga faqat buyuk vatandoshimiz Mahmud az-Zamaxshariy musharraf bo‘la olgan. Alloma talay asarlarini Makkadaligida yaratadi. O‘sha davrda Mahmud az-Zamaxshariy ko‘p vaqtini Baytulloh (al-Haram) da o‘tkazib, hamisha uning atrofini adab ilmining toliblari, she’riyat ixlosmandlari o‘rab olib, undan saboq olganliklarini arab olimi ash-Shayx Muhammad Abu Zahro alohida ta’kidlab o‘tgan. Uning ustozlari-yu shogirdlari turli elat va millatlarga mansub insonlar bo‘lgan. Chunonchi, unga bevosita shogird bo‘lib olimdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saboq olgan shogirdlari Zamaxshardan, Xorazmdan, Tabaristondan, Abivarddan, Samarqanddan, Bag‘doddan yoki Damashqdan bo‘lib qolmay, balki yetuk asarlari orqali undan saboq olib, o‘zini g‘oyibona Mahmud az-Zamaxshariyning shogirdiman, deganlar ham musulmon dunyosining turli burchaklarida ko‘plab topilardi.
Mahmud az-Zamaxshariy oxirgi marta Makkadan qaytib, Xorazmda bir necha yil umrguzaronlik qilib, xastalik tufayli 1144-yil 14-aprelda vafot etadi.
Alloma ijodida arab tilshunosligi va grammatikasining turli jihatlariga oid asarlar salmoqli o‘rin egallaydi. Jumladan, arab tili grammatikasiga oid “Al-Mufassal” (1121-yil) nomli asarini u Makkada yashagan paytida, bir yarim yil davomida yozgan. “Al-Mufassal” arab tili nahvu sarfini o‘rganishda muhim qo‘llanma sifatida azaldan Sharqda ham, G‘arbda ham shuhrat topgan asarlardan hisoblanadi. Ko‘pchilik olimlar ilmiy qimmati jihatidan bu asarni atoqli arab tilshunosi Sibavayhning (796-yili vafot etgan) arab grammatikasiga oid kitobidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi, deb ta’kidlaganlar. O‘sha davrning o‘zidayoq arablar orasida ham bu asar katta e’tibor qozongan va arab tilini o‘rganishda asosiy qo‘llanmalardan biri sifatida keng tarqalgan. Ushbu asarning bitta qo‘lyozma nusxasi Toshkentda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanadi.
Mahmud az-Zamaxshariyning xorazmshoh Alouddavla Abulmuzaffar Otsizga bag‘ishlab yozilgan “Muqaddimat ul-adab” asari alohida ahamiyatga egadir. Ta’kidlash kerakki, xorazmshohlar davrida ilm-fan, madaniyat ancha taraqqiy etgan edi. Hukmdorlar, ayniqsa, xorazmshoh Otsiz olimlar, shoir-u adiblarga hurmat bilan qarar, o‘zi ham ma’rifatparvar, adabiyotga ixlosmand odam edi. Uning davrida ilm-fan taraqqiyoti yo‘lida bir qancha xayrli ishlar amalga oshirilgan. Shu sababdan bo‘lsa kerak, Mahmud az-Zamaxshariy “Muqaddimat ul-adab” ni unga bag‘ishlab yozgan. Asar besh katta qismdan iborat bo‘lib otlar, fe’llar, bog‘lovchilar, ot o‘zgarishlari va fe’l o‘zgarishlari haqida bahs yuritadi.
Alloma mazkur asarida arab tilining o‘sha davrda iste’molda bo‘lgan barcha so‘zlari, iboralarini qamrashga intilgan, ularning etimologiyasiga e’tibor qaratgan. Shu boisdan ham Mahmud az-Zamaxshariyning bu yirik asarini mazkur yo‘nalishdagi dastlabki asarlardan deyishga haqlimiz. “Muqaddimat ul-adab” arabchadan fors, chig‘atoy, mo‘g‘ul va turk tillariga tarjima qilingan. Asarning chig‘atoy tilidagi tarjimasi muallifning o‘zi tomonidan amalga oshirilgan. Buni xorazmshoh Otsizning bemalol tushunishi uchun asarning arabcha matni bilan birgalikda chig‘atoy tilidagi tarjimasi ham yaratilgan, deb anglamoq joizdir. Asar bir necha asrlar davomida olimlar, tadqiqotchilar diqqat-e’tiborini o‘ziga tortib kelayotir. U birinchi marta 1706-yili Xo‘ja Is’hoq Afandi tomonidan usmonli turk tiliga tarjima etilgan. So‘ngra Yevropaning bir qancha tillariga (fransuz, nemis) o‘girilgan. Parij, Leypsig, Vena, Qozon shaharlarida, Norvegiya, Misr va Hindistonda bir necha marta chop etilgan. Asarning chig‘atoy tilidagi tarjimasi o‘zbek tili tarixini o‘rganuvchilar uchun muhim ahamiyatga egadir. Bu haqda Sadriddin Ayniy 1921-yili “Mehnatkashlar tovushi” gazetasida chop etilgan maqolasida “Az-Zamaxshariyning “Muqaddimat ul-adab” asari o‘zbek tili uchun butun dunyoning xazinasi bilan barobardir”, deb yozgan edi.
Mahmud az-Zamaxshariy Makka amiri, olim va adib Abul Hasan Ali ibn Hamza ibn Vahhos as-Sulaymon bilan yaqin do‘st edi. Ibn Vahhos o‘z mamlakati jug‘rofiyasi bilimdoni edi. Alloma ibn Vahhos ma’lumotlariga tayanib, Hijoz safaridan olgan kuzatishlari asosida yozgan “Kitob al-jibol va-l-amkina va-l-miyoh” (“Tog‘lar, joylar va suvlar haqida kitob”) nomli asarida jug‘rofiy nomlar, tog‘lar va dengizlarga doir qimmatbaho ma’lumotlar keltiriladi.
Mashhur arab olimi va sayyohi Yoqut al-Hamaviy (1179–1229) ham o‘zining jahonga mashhur “Mu’jam al-buldon” (“Mamlakatlar qomusi”) kitobini Mahmud az-Zamaxshariyning ushbu asariga tayanib yozgan. Yoqut al-Hamaviyning bu asari 1856-yili gollandiyalik arabshunos olim Salverda de Grave tomonidan mukammal tadqiq qilingan holda lotinchada nashr etilgan.
Ulug‘ bobokalonimiz adabiyot, tafsir, hadis, fiqh ilmlariga oid ko‘plab asarlar yaratgan bo‘lib, uning “Asos al-balog‘at” (“Notiqlik asoslari”) asari asosan lug‘atshunoslikka bag‘ishlangan. Olim ushbu kitobida arab tilining fasohati, mukammalligi haqida so‘z yuritar ekan, fikrni chiroyli ibora va so‘zlar bilan ifodalash, so‘z boyligidan ustalik bilan foydalanish uchun kishi fasohat, balog‘at ilmlaridan yaxshi xabardor bo‘lishi kerak, deydi. Buning uchun so‘zni to‘g‘ri, o‘z o‘rnida ishlatish, qoidaga muvofiq so‘zlash va yozish kerak bo‘lgan.
Olim “Atvoq uz-zahab fi-l-mavoi’z va-l-xutab” (“Xutbalar va va’zlar bayonida oltin shodalar”) asarida ma’rifiy va axloqiy-didaktik masalalarga to‘xtaladi. Asarda “Insonning asl otasi — bu uning adabidir. Balki adab bebosh farzand uchun otadan ham yaxshi tarbiyachidir. Parhezkorlik esa insonning asl onasidir. Balki onadan ham dilkashroqdir. O‘zingni shu ikki mehribon murabbiy bag‘riga topshir va ulardan zinhor ayrilma”. Demak, insoniylik, mardlik, kamtarlik, xushxulqlik, ota-onalar va kattalarning ibratli nasihatlari hamda tanbehlari bola shaxsiyati kamolotida muhim ahamiyatga egadir.
Olimning “Rabi’ ul-abror va nusus ul-axyar” (“Ezgular bahori va yaxshilar bayoni”) asarida adabiyot, tarix va boshqa fanlarga oid hikoyalar, latifalar, sara suhbatlar jamlangan, 97 bobdan iborat bu asarning bitta qo‘lyozma nusxasi Toshkentda, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik institutida saqlanadi. Bundan tashqari, Leyden, Berlin kutubxonalarida ham uning qo‘lyozmalari mavjud.
“Al-Kustos fi-l-aruz” (“Aruzda o‘lchov (mezon)”) asarida olim aruz vazni haqida bahs yuritadi. Alifbo tartibida jamlangan arab maqollari, masallariga bag‘ishlangan boshqa bir asari “Al-Mustaqso fi-l-amsol” (“Nihoyasiga yetgan masallar”) deb nomlanadi. “Maqomat” (“Maqomlar”) — ellikta maqomdan iborat bo‘lib, qofiyali nasr-saj’ uslubining inja namunalarini o‘zida mujassam etgan. “Devon ush-she’r” kitobi ham diqqatga sazovor asarlardan sanaladi.
Yuksak did va fasohat bilan yozilgan “Navobig‘ ul-kalim” (“Nozik iboralar”) asari esa arab lug‘atlarini o‘rganishga bag‘ishlangan. Asar dastlab fransuz tiliga tarjima qilinib, asl nusxasi bilan birgaliqda 1876-yili Parijda, 1870-yili Qohirada, 1884-yili Bayrutda, 1896-yili esa Qozonda nashr etilgan.
Mahmud az-Zamaxshariyning g‘oyatda mashhur “Al-Kashshof an haqoiq it-tanziyl va uyun ilgaqoviyl fi vujuh it-ta’viyl” (“Kur’on haqiqatlari va uni sharhlash orqali so‘zlar ko‘zlarini ochish”) asari Qur’oni karim tafsiriga bag‘ishlangan. Ma’lumki, o‘rta asrlardan e’tiboran Qur’onni tafsir yoki sharh bilan o‘qish odat tusini olgan, unga bag‘ishlangan tafsirlar, sharhlar yozishga katta ehtiyoj sezilgan. Hayot taqozosi bilan Qur’onga bag‘ishlangan ko‘pdan-ko‘p tafsirlar, sharhlar vujudga kelgan. Mahmud az-Zamaxshariy ham tafsir yozishdan avval o‘zidan oldin Muqaddas kitob tafsiriga bag‘ishlab yaratilgan ko‘plab asarlarni qunt bilan o‘rgangan. “Al-Kashshof” ni Mahmud az-Zamaxshariy Makkada turgan paytida, uch yil davomida (1332–1334) yozgan.
Qohiradagi dunyoga mashhur Al-Azhar diniy dorulfununining talabalari hali ham Mahmud az-Zamaxshariyning “Al-Kashshof” asari asosida Qur’oni karimni o‘rganadilar. Asarning bir qancha qo‘lyozma nusxalari Toshkentda, O‘zbekiston musulmonlari idorasi kutubxonasida saqlanadi.
Mahmud az-Zamaxshariyning chuqur bilimi, zakosi va fanning turli sohalariga oid o‘lmas asarlari hali hayot paytidayoq unga katta shon-shuhrat keltirgan. Allomani chuqur ehtirom bilan “Ustoz ul-arab va-l-ajam” (“Arablar va ajamlar ustozi”), “Faxru Xvarazm” (“Xorazm faxri”) kabi sharafli nomlar bilan ulug‘laganlar. Zamonasining ulamoyu fuzalolari davrasida u doimo peshvolardan biri bo‘lib, qizg‘in ilmiy bahs- munozaralarda fikri inobatga olinardi. Mana shunday ulkan obro‘-e’tibor, ehtimol, daho o‘z asarlaridan birida “va inniy fi Xvarazm kaabat ul-adab” (“Chindan ham men Xorazmda adiblar uchun bir ka’baman” deb yozishiga asos bo‘lgan bo‘lsa kerak!”)
Xulosa qilib aytsak, buyuk vatandoshimiz Mahmud az-Zamaxshariy o‘z ilmiy salohiyati bilan nafaqat Markaziy Osiyo xalqlari, balki butun insoniyatga katta xizmatlar qilib, millatimizning shon-shuhratini olamga taratgan buyuk zotlardan biri hisoblanadi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Mahmud Zamaxshariy. – Toshkent: “Tafakkur” nashriyoti, 2019.
2. Solijon Hasanov. “Xorazm ma’naviyati darg‘alari”. – Toshkent: “Adolat”, 2001. B.123-130.
3. Ozod Masharipov, Alisher Masharipov. “Xorazmnoma”. – Toshkent: “Istiqlol nuri” nashriyoti, 2014. B. 201-218.
4. “Ma’naviyat yulduzlari” (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullaev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
5. “Buyuk ajdodlarimiz”. (Mas’ul muharrir: M.Aminov, F.Hasanov). – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2001.
6. www.ziyo.uz
//
1 Izoh
Dilobar
23 DAYS AGO
Maqola uchun katta rahmat, juda manfaatli boʻldi men uchun