Bugun biz Markaziy Osiyo deb atayotgan hududda xorazmshohlar-anushteginlar hukmronligi yillarida ilm-fanning ko‘plab yo‘nalishi, jumladan, falsafa va tabiiy fanlar, madaniyat hamda san’at yuksak darajada taraqqiy etgan va ko‘plab jahonga taniqli olimlar yetishib chiqqan.
“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning ushbu qismida shunday allomalaridan biri bo‘lgan Mahmud ibn Muhammad ibn Umar al-Chag‘miniy haqida fikr yuritamiz. Garchi allomaning ilmiy asarlari Sharqda juda mashhur bo‘lsa ham, uning hayoti va ijodiy faoliyati hozirgacha yaxshi o‘rganilmagan. Ulug‘ bobokalonimiz haqidagi ilk ma’lumotlar nemis olimlaridan V. Rudolf (1816-1893), G. Zuter (1848-1922) va A. Xoxgeym (1840-1898), rus sharqshunosi B.I. Belyaev asarlarida uchraydi. O‘zbek olimlaridan akademik T.N. Qori Niyoziy o‘zining “Ulug‘bekning astronomiya maktabi” va boshqa asarlarida Mahmud al-Chag‘miniy haqida qimmatli ma’lumotlarni keltiradi.
Akademik V.V. Bartoldning ta’kidlashicha, Ulug‘bek madrasasida o‘tilgan astronomiya darslariga Chag‘miniyning astronomiyaga bag‘ishlangan “Mulaxxas fi-l-hay’a” (“Astronomiyaga oid qisqa to‘plam”) asariga Mir Sayyid Sharif Jurjoniy va Qozizoda Rumiylar tomonidan yozilgan sharhlarni o‘rganish ham kiritilgan. Qozizoda Rumiy o‘z sharhining kirish qismida Chag‘min so‘zi haqida quyidagicha tushuntirish bergan: “Chag‘min so‘zi al-Chag‘miniy tug‘ilgan Xorazmdagi joy nomidir”. Uning tug‘ilgan yili ma’lum emas, ammo adabiyotlarda ko‘rsatilishicha, vafoti 1221-yil deb taxmin qilinadi.
Olim boshlang‘ich ma’lumotni Xorazmda olgan va tahsilni davom ettirish uchun Samarqandga kelgan. Mahmud al-Chag‘miniyning “Mulaxxas fi-l-xay’a” asaridan tashqari “Saylanma”, “To‘qqiz sonining riyoziyotdagi o‘rni haqida risola”, “Merosni bo‘lish masalalarida riyoziyot usullariga sharh” va boshqa qator risolalari mavjud. U zamonasining yirik olimlari qatorida ensiklopedik bilimga ega bo‘lib, astronomiya, riyoziyot, tabobat, jug‘rofiya falsafa va boshqa fan sohalarida samarali ish olib bordi. Ko‘plab fanlarga qo‘shgan salmoqli hissasi tufayli olimni Xorazm ilmiy maktabining Abu Rayhon Beruniydan keyingi eng ko‘zga ko‘ringan olimi, deb hisoblash mumkin. Mahmud al-Chag‘miniy o‘z zamonasining barcha fanlari erishgan yutuqlarni jamlab, o‘ziga xos qomus tuzgan allomadir.
Mahmud al-Chag‘miniyning fanga qo‘shgan hissasi, birinchi navbatda, astronomiya sohasida erishgan yutuqlari bilan baholanadi. Chunonchi, alloma qadimgi yunon astronomiya maktabi yutuqlarini Sharq olimlari bilimlari bilan boyitgani holda, yangi kashfiyotlar qildi. Olim o‘z asarida insonni o‘rab turgan koinot-olamning umumiy tuzilishi, samoviy yoritgichlar, sayyoralar holati, quyosh, oyning tutilishi, quyosh yili uzunligi, kecha-kunduzning almashinuvi masalalarini qaytadan tadqiq etgan.
Uning fikricha, “Quyoshni o‘zidan nur tarqatuvchi sayyoralarning markazi deb hisoblash mumkin”. Darhaqiqat, ba’zi bir osmon yoritgichlari, jumladan, oy “o‘z nuriga” ega bo‘lmasdan, uni quyoshdan oladi. Shunga asoslanib, u quyoshni ba’zi osmoniy jismlarning “markazi” deb ataydi. Albatta, bu uning tamoman geliosentrik sistema tarafdori ekanligini bildirmaydi. Nur harakati yo‘nalishlari haqida tushunchaning mashoiyunlar (Arastu maktabi tarafdorlari) nuqtayi nazaridan muhokamaga qo‘yilishining ahamiyatli jihati shundaki, bu haqda Abu Rayhon Beruniy bilan Ibn Sino o‘rtasida ham ilmiy mubohasalar bo‘lib o‘tgan edi.
Mahmud al-Chag‘miniy astronomik tadqiqotlar asnosida riyoziyot (matematika) fani bilan jiddiy shug‘ullangan. Allomaning samarali izlanishlari tufayli doiraviy trigonometriya asoslari ishlab chiqildi va uning asosiy qoidalari “Mulaxxas fi-l-xay’a” asarida o‘z in’ikosini topdi. Unda to‘rt tomonli doiraviy uchburchak va uning xilma-xil turlarining to‘la ta’rifi beriladi. Muallif birinchi marta ufqiy tekislikdagi kuzatish joyining asosi bo‘lgan koordinatalar sistemasini mufassal tadqiq etishga erishdi.
Tabiatshunoslik sohasidagi ilmlarda u tajribaga tayanib, tabiat hodisalarini o‘rganar ekan, har xil fanlar tomonidan to‘plangan ma’lumotlarga tanqidiy yondashib, xolisona xulosalar chiqaradi. “Astronomiyaga oid qisqa to‘plam” kitobining muqaddimasida bu haqda shunday yozadi: “Garchi mengacha ham samoviy jismlar haqida ko‘plab kitoblar yozishgan bo‘lsalar ham, ulardagi asosiy masalalar chuqur yoritilmagan edi”.
Mahmud al-Chag‘miniy o‘zi tahqiq qilgan fanlar sohasida tor doiradagi xulosalar bilangina chegaralanib qolmasdan, ulardan kelib chiqib yirik falsafiy muammolarni muhokamaga qo‘yar edi. Uning tabiatga bergan ta’rifi muhim ahamiyatga egadir: “U (tabiat) har qanday harakat va sokinlikning manbaidir”. Al-Chag‘miniy fikricha, tabiat “tabiiy kuchga” egadirki, ushbu kuch uning faolligini zaruriy shartga aylantiradi. Tabiatga nisbatan o‘z qarashlarini bayon qilib, Chag‘miniy yana shunday yozadi: “Modda va shakl tabiatni shakllantiradi”.
Ma’lumki, mashoiyunlar falsafasida modda bilan shakl qanchalik bir-biriga bog‘liq bo‘lmasin, ularning birini ikkinchisidan ajratish imkoniyati mavjud edi. Bunday qarash ma’lum darajada al-Chag‘miniy kiritgan “bo‘linmas zarracha”, “unsuriy zarracha” – ya’ni atom tushunchasi vositasida bartaraf qilindi. Olimning qarashlarida aksariyat o‘rta asr mutafakkirlari taxmin qilgan ikki xil zarrachaning, ya’ni atomlar va o‘ziga xos molekulalarning mavjudligi haqidagi nazariya o‘zining yorqin ifodasini topdi. U ularni “birlamchi” va “ikkilamchi” kichik zarrachalar deb, so‘ngra — “birlamchi zarrachani” aniqlab, uni “unsur”, “ibtido”, “asosiy ashyo”, “modda” deb ataydi. Ikkilamchi zarrachalar esa u yoki bu ashyoning kichik zarrachalarini tashkil etadi, ammo uning xususiyatini saqlab qoladi. Bu shunday zarrachalardirki, “boshqasiga nisbatan kichikroq bo‘lmog‘i kerak”.
O‘rta asrlarda astronomiya kundalik turmushda muhim ahamiyatga molik, doimiy rivojlanib borishi zarur bo‘lgan fan hisoblangan. Barcha qishloq xo‘jalik ishlari, bepoyon cho‘llarda savdo karvonlarining samoviy yoritgichlar orqali kompassiz yo‘l topishini nazarda tutsak, nima uchun Mahmud al-Chag‘miniyga o‘xshash olimlarimiz bunday tadqiqotlar bilan shug‘ullangani yanada ayon bo‘ladi.
Mahmud al-Chag‘miniy tabobat bilan ham chuqur shug‘ullangan allomalardan biri bo‘lib, uning tabobat ilmiga oid “Qonuncha” nomli asari bizgacha yetib kelgan. Bu asar Sharqning mashhur tabobat allomalaridan Abu Bakr ar-Roziy, Abu Ali ibn Sino va Ismoil Jurjoniy asarlarini chuqur tadqiq etish hamda o‘z tajribalarini ilmiy mujassamlashtirish asosida yaratilgan. Ushbu asarda odam anatomiyasi va fizologiyasi, diagnostika, terapiya, jarrohlik, dorishunoslik hamda kasalliklarning oldini olish choralari xususida fikr yuritiladi. Olim inson salomatligini saqlashda jismoniy tarbiya, sog‘lom ekologik muhit, musaffo havo va toza ichimlik suvi hamda sayohatlarni muhim omillardan, deb ko‘rsatilgan. Bir so‘z bilan aytganda, buyuk alloma jahon fani rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shib, kelgusi avlodlarga noyob xazinani meros qoldirdi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Ozod Masharipov, Alisher Masharipov. Xorazmnoma.– Toshkent: “Istiqlol nuri” nashriyoti, 2014. B. 223-225.
2. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullaev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
3. Buyuk ajdodlarimiz (Mas’ul muharrir: M.Aminov, F. Hasanov). – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2001.
4. www.ziyo.uz
//
Izoh yo‘q