Termiz shahri IX asrda Movarounnahrning eng yirik va obod shaharlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Shaharda ilm-fan va madaniyat yuksak darajada taraqqiy etgan. Islomiy ilmlar bo‘yicha Termiz shahridan yetishib chiqqan ko‘plab allomalar at-Termiziy nisbasi bilan butun dunyoda mashhur bo‘lgan.
“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi sonida Termiz shahridan yetishib chiqqan benazir olim va ulug‘ mutafakkir Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Bashir al-Hakim at-Termiziy haqida fikr yuritamiz.
Bu ulug‘ zotning tarjimayi holiga oid ma’lumotlar o‘rta asr arab mualliflaridan Tojuddin as-Subkiy, al-Xatib al-Bag‘dodiy, Ibn Hajar al-Asqaloniy, as-Sullamiy va boshqalar asarlarida, shuningdek, uning qalamiga mansub “Bad’u sha’ni Abu Abdulloh” (“Abu Abdulloh ishining boshlanishi”) nomli avtobiografik risolasida keltirilgan.
Al-Hakim at-Termiziy tavallud topgan sana xususida ham yozilgan manbalar va adabiyotlarda turli yillar keltirilgan. Odatda, O‘rta asrlarga oid yozma manbalarda aksar hollarda muallifning faqat vafot etgan yili ko‘rsatilib, tavallud etgan sanasi keltirilmaydi. Jumladan, taniqli olim Hoji Xalifa o‘zining “Kashf uz-zunun” nomli mashhur asarining bir necha o‘rinlarida al-Hakim at-Termiziy vafotini hijriy 255 (milodiy 869) yil deb ko‘rsatgan. Shuningdek, allomaning Termiz shahri yaqinida joylashgan maqbarasi ustida o‘rnatilgan qabrtoshdagi bitiklarda ham uning hayoti haqida ba’zi ma’lumotlar keltirilib, vafot etgan sanasi hijriy 255 (milodiy 869) deb yozilgan. Boshqa ba’zi manbalarda ham uning mazkur sanada vafot etganligi qayd etiladi. Al-Hakim at-Termiziyning uzoq – 116 yoinki 120 yil umr ko‘rganligini e’tiborga olsak, alloma VIII asrning o‘rtalarida (taxminan 750–760-yillar oralig‘ida) tavallud topgani ayon bo‘ladi. Ayni vaqtda ba’zi zamonaviy tadqiqotchilar uning tavalludi va vafoti haqida batamom boshqa sanalarni ko‘rsatgan. Jumladan, al-Hakim at-Termiziyning hayoti va uning ta’limotini chuqur o‘rgangan misrlik taniqli olim Abdulfattoh Abdulloh Baraka al-Hakim at-Termiziyni hijriy 205 (milodiy 820) yilda Termiz shahrida tavallud topib, uzoq umr ko‘rib, hijriy 320 (milodiy 932) yilda 112 yoshida vafot etgani haqida yozadi. Uning maqbarasi Termiz shahrining yaqinida Amudaryo bo‘yida joylashgan.
Al-Hakim at-Termiziyning ota-onasi haqidagi ba’zi xabarlardan ma’lum bo‘lishicha, uning otasi Ali ibn al-Hasan o‘z davrida hadis ilmining ko‘zga ko‘ringan olimlaridan biri sifatida mashhur bo‘lgan. Arab tarixchisi al-Xatib al-Bag‘dodiy o‘zining mashhur “Tarixi Bag‘dod” (“Bag‘dod tarixi”) nomli asarida yozishicha, u musulmon olamining eng yirik markazlaridan sanalgan Bag‘dod shahrida bo‘lib, o‘sha davrning mashhur olim-u ulamolari bilan hadis ilmining turli masalalari bo‘yicha qizg‘in bahs va munozaralarda ishtirok etgan.
Al-Hakim at-Termiziy o‘zining avtobiografik risolasi “Bad’u sha’ni Abu Abdulloh” va “Ar-Radd a’lol-muattila” kabi asarlarida yozishicha, uning onasi va bobosi ham o‘z davrida hadis ilmining yetuk bilimdonlaridan bo‘lgan.
Termiziyning ilmiy kamolotida uning otasi Ali ibn al-Hasanning xizmatlari benihoya katta. U o‘z farzandi uchun nafaqat mehribon va g‘amxo‘r ota, balki unga nisbatan talabchan murabbiy va ma’rifatli ustoz maqomida ham bo‘lgan.
Otasi vafotidan keyin al-Hakim at-Termiziy o‘z shahridagi yetuk olimlardan asosan tafsir, hadis va fiqh ilmlaridan saboq oladi. Uning termizlik muhaddislar Abu Muhammad Solih ibn Muhammad ibn Nasr at-Termiziy, Solih ibn Abdulloh at-Termiziydan hadis ilmini o‘rgangani haqida manbalarda aniq ma’lumotlar keltirilgan.
Alloma Farididdin Attorning yozishicha, yoshi yigirma yettiga yetganda al-Hakim at-Termiziy ikki o‘rtog‘i bilan o‘sha paytda butun Sharqda ilm-u ma’rifatning eng yirik markazlaridan biri sanalgan Bag‘dodga borib ilm olishni niyat qilganda birdan onasi betob bo‘lib qoladi va unga: “Ey o‘g‘lim, men bir mushtipar, zaifa ayol bo‘lsam, menga sendan bo‘lak boshpanoh bo‘lib yordam beradigan biror kimsa bo‘lmasa, mening butun borlig‘im faqat sen bilan bog‘liq bo‘lsa. Sen meni kimga tashlab ketmoqchisan?” – deb unga iltijo qiladi. Volidasining bu so‘zlari al-Hakim at-Termiziyga qattiq ta’sir qilib, u ilm talabidagi ushbu safaridan voz kechadi. Ikki o‘rtog‘i esa o‘z safarlariga otlanib yo‘lga tushadi.
Ushbu voqeadan keyin talay vaqt o‘tgach, al-Hakim at-Termiziy Bag‘dodga borolmagani uchun g‘oyatda afsuslanib, maqbaralardan birining yonida xafa bo‘lib turganida, uning yonida yuzidan nur yog‘ilib turgan bir shayx paydo bo‘lib, undan yig‘lashining sababini so‘raydi. U esa yuz bergan voqeani birma-bir aytib beradi. Shunda shayx: “Istasang, men senga har kuni turli ilmlardan saboq berib, seni o‘qitaman, deydi. Al-Hakim uning bu so‘ziga darhol rozi bo‘ladi. Bu hol bir necha yil davom etadi. So‘ngra u bilsa, bu kishi Xizr alayhissalom ekanlar. Uning bu saodatli marhamatga erishishi volidayi mushfiqasining duosi barokotidan bo‘lgan edi. Ayni shu voqea boshqa manbalarda biroz boshqacharoq tarzda hikoya qilinadi.
Bu hikoya haqiqatmi yoki afsonaviy rivoyatmi, qanday bo‘lmasin, uning oilasi haqida muayyan darajada tasavvur beradi. Hikoyadan ma’lum bo‘lishicha, u ota-onasining yakka-yu yagona farzandi bo‘lgan, onasining iltijosiga qaraganda ularning oilasida al-Hakimdan boshqa unga boshpanoh bo‘lib, qaraydigan kimsa bo‘lmagan. O‘z onasiga mehribon, uni boquvchisiz tashlab ketishga jur’at qilmagan – oilaparvar, qanchalik ilm olishga ishtiyoqi kuchli bo‘lgani bilan volidasining so‘ziga quloq solib, uning duosini olgani bois oxir-oqibatda ilm olishda ham o‘z matlabiga erishadi. Shuningdek, manbalarda uning oilaviy ahvoli, rafiqasining soliha, taqvodor, pokiza ayol ekani, oilada oltita farzandi bo‘lgani haqida ham ba’zi ma’lumotlar keltirilgan.
Al-Hakim at-Termiziyning ustozlari
U ulug‘ zotning birinchi ustozlari otalari Ali ibn Hasan Termiziy bo‘lgan. Bu xususda Hakim Termiziy kitoblarining birida shunday hikoya qiladi: “Alloh taolo meni ustozim – otamdan judo qilganda 8 yoshda edim. Ilm olishga shunday berilib ketgan edimki, kitob mutolaa qilish men uchun asosiy mashg‘ulot bo‘lib qolgan edi. Vaholanki, tengqurlarim o‘yinlar bilan band bo‘lardilar. Otamning harakatlari tufayli shu yoshimda “Ilmul-osor” (hadis ilmi) va “Ilmur-ray” (hanafiy mazhabi fiqhi) bilimlarini to‘liq egallab olgan edim...”.
Keyingi ustozlari esa “Sihohi sitta” nomi bilan tanilgan olti mo‘tabar hadis to‘plami mualliflarining barchasiga ustozlik qilgan 9 shayxning biri Qutayba ibn Said Saqafiy Balxiy, so‘ngra Solih ibn Abdulloh Termiziy, Utba Ibn Abdulloh Marvaziy, Yahyo ibn Muso, Sufyon ibn Vaki’, Abbod ibn Ya’qub Ravajniy, Hasan ibn Umar ibn Shafiq Balxiy, Ya’qub ibn Abu Shayba, Jarud ibn Maoz Sulamiy Termiziy, Iso ibn Ahmad Asqaloniy va boshqalar.
Al-Hakim at-Termiziy o‘zining uzoq umri davomida bir qancha bosqichni bosib o‘tgan. Binobarin, yozma manbalarda uning avtobiografik tusdagi “Bad’ shaan Abi Abdulloh” nomli asariga tayangan holda muhaddisning hayotini quyidagi bosqichlarga bo‘lish mumkin:
Birinchi bosqich-al-Hakimning sakkiz yoshgacha bo‘lgan bolalik davri. Afsuski, biz uning mana shu davrdagi hayoti haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lmasak-da, lekin taxmin qilish mumkinki, uning bolalik yillari ko‘pchilik tengqurlariniki kabi odatdagiday har xil o‘yinlaru ko‘ngilochar mashg‘ulotlarga to‘liq bo‘lmagan. Tasavvur qilish mumkinki, agar shu alfozda bo‘lganda uning yaqin kelajakda ilmu irfon bilan jiddiy shug‘ullanishi uchun (bu o‘yinqaroqliklar) imkon bermagan bo‘lardi. U bir lahzada ulardan voz kechib o‘z ustozlarining jiddiy saboqlariga ma’naviy tayyor bo‘lmagan bo‘lardi. Shu bois komil ishonch bilan aytish mumkinki, u o‘zini yoshlikdan ilm-u ma’rifatini chigal so‘qmoqlarni yengib o‘tadigan murakkab imtihonlarga ma’naviy va ruhiy jihatdan har tomonlama tayyorlay boshlagan edi.
Ikkinchi bosqich – al-Hakim at-Termiziyning sakkiz yoshidan to yigirma yetti yoshigacha bo‘lgan umrini qamrab oladi. Bu davrda uning bir ustozi bo‘lib, u bor imkoniyati va mahoratini al-Hakimni turli ilmlardan chuqur bilim olishiga sarflaydi, shunga astoydil rahnomalik qilib, o‘z inoyatini ko‘rsatadi. Ushbu shayx (ustoz) haqida aniq ma’lumotlar bo‘lmasa-da, u o‘z shogirdini faqat ilm yo‘liga, xususan, ilm al-asor (arxeologiya, qadimshunoslik) va ilm ar-ray (diniy masalalarda o‘z fikrini bildirish) kabi ilmlarni chuqur egallashiga qaratadi. Bu vazifa oson vazifalardan emas edi.
Uchinchi bosqichi – Al-Hakim at-Termiziyning Qur’oni karimni yod olish va uni chuqur o‘rganish bilan bevosita bog‘langan. U Ollohning kalomini yod olishga alohida ishtiyoq bilan kirishadi, bu mashg‘ulotdan uning qalbi halovatu zavq-shavqqa to‘ladi. U endi rabboniy ruhdagi asarlarga g‘oyatda berilib, ulardagi ibratli mav’izalar, oxirat ishlariga doir ma’lumotlar, tariqatga boshlovchi piri murshidlarning hikoyatlarini alohida qiziqish bilan o‘rganadi. Mana shu fikr-mulohazalarni jamlab, bu bosqichni al-Hakim at-Termiziy hayotidagi burilish davri (fitrat at-tahavvul) deb atasak, ayni haqiqat bo‘lar edi. Binobarin, shu davrda u ro‘za tutish, namoz o‘qish, Qur’on tilovat qilish kabi ibodatlarga batamom berilib ketadi. Lekin shu bilan birga bu davrda u muayyan bir usul, yoinki biron-bir xos tariqatga ega emasdi. Uning o‘z ta’biri bilan aytganda, toki uning qo‘liga al-Antokiyning kitobi tushgunga qadar shu yo‘sunda hayot kechirgan, keyin esa al-Antokiyning fikrlaridan ta’sirlanib o‘z nafsini riyozat (riyozat an-nafs) chekishiga yo‘l qo‘ygan. Mana shu paytdan e’tiboran uning hayotida uzoq va mashaqqatli boshqa bir davr boshlanadiki, bunda u o‘zini hech bir ayamasdan riyozat chekishga, xilma-xil imtihonu sinovlarga mubtalo qiladi. Uzlat va xilvatni, odamlardan o‘zini chetga olib uzoq tutishni ixtiyor qiladi.
Mana shu jarayonlar oqibatida u o‘z tariqatini yaratdiki, natijada, kechalari uning atrofida ko‘plab izdoshlari va maslakdoshlari to‘planib, bahs-u munozaralar uyushtiradilar, duo va tazarru’lar bilan o‘z shuurlarini izhor qiladilar. Aftidan, mana shu bahsu munozaralar paytida o‘zining chuqur mazmunga ega bo‘lgan so‘fiylik tajribalari haqidagi oshkora bayonotlari tufayli diniy masalalarning ba’zi jihatlari, xususan, ilm ar-ra’y, yoinki ilm al-osor, hatto tasavvuf ilmlariga doir fikrlari bilan o‘z zamonidagi qator olimlarning qahru-g‘azabini qo‘zg‘ab, ularning shiddatli hujumlariga duchor bo‘ladi. Natijada, al-Hakim at-Termiziy ustida gap-so‘zlar ko‘payib, uni havoyi gaplarga berilishda va bid’atda ayblay boshlaydi.
Ahvol shu tariqa davom etmadi. Unga nohaq tuhmatlar qilib, aziyat yetkazganlar o‘z muddaolariga yeta olmadi. Mana shu paytdan e’tiboran al-Hakim at-Termiziyning hayotida yangi bosqich boshlanadi. Bunda u xilvat va uzlatdan chiqib, odamlar tomon yuzlanadi. Uning fazl-u fazilati to‘la namoyon bo‘lib, nomi tillarda zikr qilina boshlaydi. Atrofida to‘planadiganlarning soni kundan-kunga ortadi. Ana shundan keyingina odamlar u haqida tarqatilgan mish-mishlar, tuhmatlar nohaq bo‘htonlardan boshqa narsa emasligini tushunib yetdi va unga nisbatan o‘z hurmatu ehtiromlarini namoyon qildi.
Mazkur bosqichdagi faoliyati davrida ba’zi olimlar tomonidan “al-hakimiyya vat-termiziyya” degan nom bilan atalgan oqimga asos solingan bo‘lsa kerak. Ehtimol, shu bois at-Termiziyning o‘zi ham bu davr haqida to‘xtalib, unda shogirdlari va izdoshlari paydo bo‘lgani haqida ta’kidlaydi. Chunonchi, ushbu davrda uning shogirdlarining soni ko‘payib, mav’izayu ma’ruzalari yuksak kamolotga yetishdi, obro‘-e’tibori oshib, shonu shuhrati chor atrofga tarqaldiki, hatto yaqin o‘tmishda unga qarshi fitna uyushtirgan guruhlar ham unga o‘z hurmatini bildira boshlaydi.
Al-Hakim at-Termiziyning shogirdlari
Abu Muhammad Yahyo ibn Mansur Qoziy Hasan ibn Ali Juzjoniy, Mansur ibn Abdulloh ibn Xolid Hiraviy, Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far ibn Haysam, Abu Bakr Muhammad ibn Umar Varroq Hakim Termiziy, Ahmad ibn Muhammad ibn Iso va boshqalar.
Al-Hakim at-Termiziyning ilmiy merosi
Hakim Termiziyning ijodi juda serqirra bo‘lib, u ko‘plab ilm sohalarini qamrab olgan, jumladan: Tafsir, Hadis, Fiqh, Kalom, Tasavvuf va hokozo...
Ba’zi tadqiqotchilar asarlari sonini 400 ga yaqin deb aytsa, boshqalari 80 ta asar ta’lif etgan deb yozadilar. Abulfattoh Barakaning yozishicha, Hakim Termiziy 400 dan ortiq asar yozgan bo‘lib, ulardan 60 ga yaqini haqida bizgacha aniq ma’lumotlar yetib kelgan. Ba’zi tadqiqotlarda esa allomaning 60 ta kitob va 200 ta risola yaratgani haqida xabar qilinadi.
Al-Hakim at-Termiziyning asarlari
– “Navodir al-usul fiy ma’rifat axbor Rosul” (“Rasullulloh xabarlarini bilishda nodir usullar”) Bu asar, shuningdek, “Salvat al-Orifiyn va bo‘ston al-Muvahhidiyn” (“Oriflar ovunchog‘i va Allohning yagonaligiga ishonuvchilar bo‘stoni”) nomi bilan ham ataladi.
– Al-Amsol minal kitob vas-Sunna”
– “Kitob us-Solat va maqosiduha” (“Namoz va uning maqsadlari”)
– “Kitob ul-Haj va asrorihi” (“Haj va uning sirlari”)
– “Kitob ul-ihtiyotot” (“Ehtiyotkorlik yo‘llari”)
– “Kitob ul-jumal al-lozim ma’rifatiho” (“Bilish lozim bo‘lgan jumlalar”)
– “Kitob al-furuq va man’ ut-taroduf” (“farqlar va taroduf (ketma-ketlik) ni man’ qilish”)
– “Kitob haqiyqat ul-odamiyya” (“Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob”)
– “Kitob Urs ul-muvahhaddin” (“yakka Xudoga e’tiqod qilganlarning zavqi”)
– “Kitob ul-a’zo van nafs va yusammo kazalika g‘avr ul-umur” (“a’zolar va jon yoki ishlarning mohiyati haqida kitob”)
– “Kitob Manozil al-Ibod min al-ibadati” (“Bandalarning bandachilikdagi manzillari yoxud Ollohga intiluvchilarning manzillari haqida kitob”)
– “Kitob ul-aql val havo” (“Aql va havoyilik haqida kitob”)
– “Kitob ul-amsol min al-Kitob vas sunna” (“Qur’on va sunnatdagi masallar kitobi”)
– “Kitob al-manohiy” (“Raddiyalar haqida kitob”)
– “Kitob ul Akyos val mug‘tariyn” (“Ziyraklar va aldanganlar haqida kitob”)
– “Javob Kitob Usmon bin Sa’iyd bin ar-Ray” (“Raylik Usmon bin Sa’iydning maktubiga javob”)
– “Bayon ul-Kasb” (“Kasb hunarning bayoni”)
– “Masoil suila anho” (“Savol berilib so‘ralgan masalalar”)
– “Al-Masoil al-Maknuna” (“Yashirilgan masalalar”)
– “Tahsiyl nazoir al-Qur’an” (“Qur’on ibratlarini o‘rganish”)
– “Kitob radd ‘alal Mu’attila” (“al-Muattiliylarga raddiya kitobi”)
– “Kitob ul-Furuq” (“Farqlar haqida kitob”)
– “Kitob ur-Riyozat” (“Riyozat haqida kitob”)
– “Muxtarot min kitob as-Safo” (“Kitob as-Safo asaridan tanlab olingan qismlar”)
– “Ilal ash-sharia yoki kayfiyyat as-solat va-l-vuzu va-s-sivak”
– “Adab un-Nafs” (“Insonning odobi”)
– “Masalat ul iymon va islom val ihson” (“Iymon, Islom va Ehson masalalari”)
– “Al-farq baynal oyat val karomat” (“Mo‘jiza va karomat orasidagi farq”)
– “Ilal al Ubudiyya” yoki “Ilal ash-Shari’a” (“Shari’at dalillari”) “Kitob us-Solat” ning qisqartirilgan shakli.
– “Ad-Dur al-maknun” (“bekitilgan marvarid”)
– “Odob ul-Muriydiyn” (“Muridlar odobi”)
– “Kitob ut-Tavhiyd” (“Ollohning yagonaligi haqida kitob”)
– “Azob ul-Qabr” (“Qabr azobi”)
– “At-Tafsir” (“Qur’on tafsiri”)
– “Kitob un-Nahj” (“Yo‘l-yo‘riqlar kitobi”)
– “Kitob ul-Mashoyix av at-tabaqot as-sufiyya” (“Mashoyixlar yoki so‘fiylar haqidagi kitob”)
– “Ar-raddu alar-rofiza”
– “Isbot al-ilal fil-amr van-nahy”
– “Bayonul-ilm”
– “Huquq”
– “Nahaj”
– “Anvo al maorif”
– “Ar-risola fil-futuvva”
– “Xatmul-avliyo”
– “Bayonul-farqi baynas-sadr val- qalb val-fuad val-lubb”
Al-Hakim at-Termiziyning bizgacha yetib kelgan asarlari uning ilmiy merosining muhim qismini tashkil qiladi. Payg‘ambar alayhissalomning hadislariga bag‘ishlangan “Navodir al-usul fi ma’rifat axbor Rasul” (“Rasululloh xabarlarini bilishda nodir usullar”) nomli asari ular orasida muhim sanaladi. U “Salvat al-orifiyn va bo‘ston al-muvahhadiyn” (“Oriflar ovunchog‘i va Allohning yagonaligiga ishonuvchilar bo‘stoni”) nomi bilan ham ataladi. Hijriy 1294 (milodiy 1876) yilda Qustantiyniyada chop etilib, o‘zi tanlab olgan 291 hadisdan iborat ushbu kitobda al-Hakim at-Termiziy o‘z mazhabiy qarashlarini mufassal holda sharhlagan. Qo‘lyozma nusxasi O‘zbekiston musulmonlar idorasining kutubxonasida saqlanadi. Yana bir qo‘lyozmasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanadi (№ 10842). Allomaning keyingi yillarda nashr etilgan asarlaridan tasavvufga oid ikki kitobini ko‘rish mumkin. Ulardan biri “Kitob haqiyqat al-odamiyya” (“Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob”) va ikkinchisi “Adab un-nafs”(“Nafs odobi”) nomli asaridir. Allomaning asarlari Parij, Qohira, Damashq, Iskandariya, Stambul va London kabi shaharlardagi qo‘lyozmalar jamg‘armalarida saqlanadi.
Parij Milliy kutubxonasida (arab bo‘limi, 5018 raqamida) al-Hakim at-Termiziyning quyidagi o‘n ikkita asari qo‘lyozmalari saqlanadi:
1. “Kitob us-salot va maqosiduho” (“Namoz va uning maqsadlari”);
2. “Kitob ul-hajj va asrorihi” (“Haj va uning sirlari”);
3. “Kitob ul-ihtiyotot” (“Ehtiyotkorlik yo‘llari”);
4. “Kitob ul-jumal al-lozim ma’rifatiho” (“Bilish lozim bo‘lgan jumlalar”);
5. “Kitob ul-furuq va man’ ut-taroduf”(“Farqlar va taroduf (ketma-ketlik)ni man qilish”);
6. “Kitob Haqiyqat ul-odamiyya” (“Insoniyat haqiqati to‘g‘risida kitob”);
7. “Kitob Urs ul-muvahaddiyn” (“Yakka xudoga e’tiqod qilganlarning zavqi”);
8. “Kitob ul-a’zo van nafs va yusammo kazolika g‘avr ul-umur” (“A’zolar va jon yoki ishlarning mohiyati haqida kitob”);
9. “Kitob Manozil al-ibod min al-ibodati” (“Bandalarning bandachilikdagi manzillari yoxud Alloxga intiluvchilarning manzillari haqida kitob”);
10. “Kitob ul-aql val-havo” (“Aql va havoyilik haqida kitob”);
11. “Kitob ul-Amsol min al-Kitob vas sunnat” (“Qur’on va sunnatdagi masallar kitobi”);
12. “Kitob al-manohiy” (“Raddiyalar haqida kitob”).
Damashq (Az-Zohiriya kutubxonasi, Tasavvuf 104 raqamida) majmuasi ikki kitob va beshta risoladan iborat. Ulardan biri “Kitob ar-Riyazat” yoinki “Kitob Haqiyqat ul-Odamiyya” deb nomlanadi. Uning qo‘lyozmasi, yuqorida zikr qilganimizdek, Parij va Istambul majmuasida ham mavjud. Ammo ikkinchi qo‘lyozma – “Kitob ul-Akyos val-mug‘tariyn” (“Ziyraklar va aldanganlar haqida kitob”) – asarning yagona qo‘lyozmasi hisoblanadi.
Misr Arab Respublikasining yirik shaharlaridan biri Iskandariyya (Maktabat al-Baladiyya) majmuasida al-Hakim at-Termiziyning uchta risolasi saqlanadi:
1.“Al-Masoil al-maknuna” (“Yashirilgan masalalar”);
2.“Tahsiyl nazoir al-Qur’on” (“Qur’on ibratlarini o‘rganish”);
3.“Kitob Radd a’lol-Muattila” (“Al-Muattiliylarga raddiya kitobi”).
Al-Hakim at-Termiziyning London majmuasiga kirgan asarlari quyidagilardan iborat:
– “Kitob ur-riyozati” (“Riyozat haqidagi kitob”). Ushbu asarning boshqa nusxalari Parij, Damashq va Stambul majmualarida ham saqlanadi;
– “Muxtarot min kitob as-Safo” (“Kitob us-Safo asaridan tanlab olingan qismlar”);
– “Adab un-nafs” (“Insonning odobi”);
– “Masalat ul-iymon va islom val ihson” (“Iymon, islom va ehson masalalari”).
Qohiradagi “Dor ul-kutub al-ilmiyya”da saqlanadigan qo‘lyozma al-Hakim at-Termiziyning “Ilal al-Ubudiyya” yoinki “Ilal ash-shariy’a” (“Shariy’at dalillari”) nomli asarining nusxasi bo‘lib, aslida, bu risola allomaning “Kitob us-Salot” (“Namoz haqidagi kitob”) kitobining qisqartirilgan shaklidir.
Leypsig majmuasida saqlanadigan atigi yagona kitob al-Hakim at-Termiziyning “Ad-Dur al-maknun” (“Bekitilgan marvarid”) asari bo‘lib, u hayotda yuz bergan va yuz berishi ehtimoli bo‘lgan voqealarga bog‘liq hadislar majmuasidan iborat.
Uzoq yillar davomida yo‘qolgan kitoblardan hisoblangan “Xatm ul-avliyo” 1965 yili Livanning poytaxti Bayrutda Parij ilmiy tadqiqotlar markazi islomiy madaniyat bo‘limining a’zosi Usmon Ismoil Yahyo tomonidan nashr etildi. Valiylikning haqqoniyligi, shuningdek, uning nubuvvat va risolat bilan bog‘liq bo‘lgan jihatlari “Xatm ul-avliyo” kitobining bosh mavzusi. Muqaddima va 29 faslda murid va shayx o‘rtasida bo‘lib o‘tgan savol-javob tarzida ta’lif etilgan.
Bu kitob valoyat masalasini birinchi marotaba mukammal nazariya va ajoyib maqolalar turkumi shaklida tasavvufga taqdim etishi bilan alohida ahamiyatga molik. U tasavvuf tarixida “hakimiy”lar deb atalmish bir guruh mashhur so‘fiylar, xususan, Termiz va Balx atrofida shakllangan tasavvuf ahli uchun ma’naviy vasiyatnoma yoxud ta’lim dasturi sifatida xizmat qilgan. Bu asarning ovozasi o‘sha davr islom olamiga, Misru Tunisdan, Eronu Movarounnahrgacha, Halabu Shomdan Kichik Osiyogacha yetgan edi.
Yuqoridagi ma’lumotlardan ma’lum bo‘ladiki, Al-Hakim at-Termiziy o‘z zamonalarining diniy ilmlari bilan birga dunyoviy ilmlarda ham chuqur ilmga ega bo‘lgan. U zotning mukammal ilmlariga ko‘pchilik ulamolar yuksak baho bergan. Jumladan; ulug‘ mutafakkir Abdurahmon Jomiy “Nafahot ul-Uns” asarida Alisher Navoiy esa “Nasoyim ul-Muhabbat” asarida eng ulug‘ shayxlar qatorida zikr qilinib, mutasavviflarning ikkinchi bo‘g‘iniga kiritganlar.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2004, 8-jild;
2. Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017, B. 470;
3. Mirzo Kenjabek. Buyuk Termiziylar. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017;
4. U.Uvatov. O, Jo‘֥rayev. Xakim at-Termiziy. – Toshkent: “Tafakkur nashriyoti”, 2019;
5. Ubaydulla Uvatov. Ikki buyuk donishmand – Toshkent: “Sharq” NMAK, 2005;
6. Z. Choriev, T.Annayev, B Murtozoev, J.Annaev. Al-Hakim at-Termiziy. – Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2008.
//
Izoh yo‘q