“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ilm ahllaridan yana biri, O‘rta asrlarda yetishib chiqqan ulug‘ olim va zamonasinig eng mashhur tabibi hisoblangan Zayniddin Abul Fazoyil Ismoil ibn Husayn al-Jurjoniy al-Xorazmiy haqida fikr yuritamiz.
Ismoil Jurjoniy 1042-yilda Jurjon shahrida tug‘ilgan bo‘lsa ham umrining ko‘p qismini Xorazmda o‘tkazganidan Zayniddin Abul Fazoyil Ismoil ibn Husayn al-Jurjoniy al-Xorazmiy deb ulug‘lanar edi.
Ismoil Jurjoniy xorazmshoh Qutbiddin Muhammad ibn Anushtagin (1097–1127) va uning o‘g‘li Alouddavla Otsiz (1127–1156) saroyida xizmat qildi. Jurjoniy o‘z davrida qadimgi yunon tabobati vakillari Galen, Gippokrat, shuningdek, o‘zidan oldin o‘tgan Abu Bakr Roziy va ayniqsa, Ibn Sino asarlarini chuqur o‘rgandi.
Mashhur tarixchi Zahiriddin Abul Hasan Bayhaqiy o‘zining “Tatima sifon al-hikma” (“Donolik xazinasiga qo‘shimcha”) asarida Ismoil Jurjoniy haqida shunday yozadi: “Men u kishini 531-hijriy (1136-milodiy) yilda Saraxsda keksalik chog‘larida ko‘rgan edim. Yer yuzining adolatpesha hukmdori xorazmshoh Otsiz ibn Muhammad uni bir necha muddatga Xorazmga taklif etgan edi. Xorazmda bo‘lgan vaqtida U “Al-Xuffayi al-a’loiy” (“Poyalarning yuqori qismi”), “At-tibb al-mulukiy”, “Kitob az-zahi-rae Xorazmshohiy”, “Kitob al-ahrod” (“Hasad tufayli kelib chiqadigan kasalliklar”), “Kitob yodgor” (“Esdalik kitobi”), “Kitob fi rad alal falosafa” (“Faylasuflarga qarshi raddiya kitobi”), qozi Abu Sayd Shori’iyga bag‘ishlab “Kitob tadbir yaum va laylat” (“Kecha bilan kunduzning almashinishi haqida kitob”), “Kitob vasiyatnoma” va boshqa tabobat hamda falsafaga doir asarlar yozdi. Uning yozgan asarlari sevib o‘qilganidan tez orada jahonga mashhur bo‘ldi. Muhtaram kishilardan eshitishimcha, u kishi ochiq chehrali, xushmuomala, tabiatan saxovatli shaxs ekanlar”.
Tabobat ilmidan tashqari boshqa ilm sohalarida mashhur bo‘lganidan unga oyiga ming dinordan maosh tayin qilingan edi. Ismoil Jurjoniy o‘zining tabobatga bag‘ishlangan eng katta yirik asari “Zahiraye Xorazmshohiy”ni 1110-yilda yozib tugalladi va uni Xorazmshoh Qutbiddinga bag‘ishladi. Otsizning buyrug‘iga ko‘ra, bu asarning qisqartirilgan nusxasini 1113-yilda “al-Xuffayi al-A’loiy” nomi bilan yozib tugatdi. Asar hammaga tushunarli fors tilida yozilgan bo‘lib, harbiy yurishlar va sayohatlarda ham har kim etigi qo‘njiga solib yurishiga (etigxuff) qulaylik yaratish maqsadida shunday qilindi.
“Zahiraye Xorazmshohiy” asari o‘n kitobdan iborat bo‘lib, keyinchalik unga “Dorisozlikka oid kitob” (“qorabodin”) qo‘shildi.
Birinchi kitob umumiy nazariy masalalarga bag‘ishlangan bo‘lib, unda tabiat va koinot haqidagi qarashlar bayon etiladi. Inson organizmining birlamchi a’zolarini tashkil etgan unsurlar, mijoz, to‘rt suyuqlik, badanning har bir qismining nimalarga qodirligi haqidagi ta’limot va shu munosabat bilan tabobatning fan sifatidagi vazifalari haqida gapiriladi.
Ikkinchi kitobda sog‘liq va kasalliklar haqidagi ta’limot, ularning turlari, namoyon bo‘lish belgilari, tomir urishiga qarab kasallikni aniqlash to‘g‘risida so‘z yuritiladi.
Uchinchi kitob sog‘liqni saqlash, bunda atrof-muhitning ta’siriga, ya’ni havo, maskan, suv, oziq-ovqat, ichimlik, uyqu, bedorlik, harakat va osoyishtalikka bag‘ishlangan. Bolalar, qariyalar, safardagilar uchun alohida-alohida qoidalar bayon etilgan.
To‘rtinchisida kasallikni qanday kechishi mumkinligini belgilash, qaysi paytlarda eng og‘ir holatlarga tushib qolish, ulardan qutulish muammolari haqida gap boradi.
Beshinchi kitobda bezgak kasalining paydo bo‘lish sabablari, uning belgilari, davolash tarzi bayon etilgan.
Oltinchi kitobda inson a’zoyi badanining har xil joylarida paydo bo‘ladigan kasalliklar, ularni davolash usullari tahlil etilgan.
Yettinchi kitob rak kasalliklariga, yaralar, shishlar, suyak chiqishlari va sinishlariga bag‘ishlangan.
Sakkizinchi kitobda pardoz-andozlar, o‘ziga oro berishlar haqida gap boradi.
To‘qqizinchi kitobda zaharlar va unga qarshi davolash usullari haqida hikoya qilinadi. So‘nggisi esa davosizlikka bag‘ishlangan.
Ismoil Jurjoniyning “Zahiraye Xorazmshohiy” asari o‘z vaqtida omma orasida keng tarqalgan tabobat sohasidagi eng mashhur asar bo‘lganidan jahon kutubxonalarining ko‘pchiligida uning qo‘lyozmalari hamon saqlab kelinmoqda.
Ismoil Jurjoniy “Zahiraye Xorazmshohiy” asarini tugatgandan so‘ng Marv shahriga keladi. Bu paytda Marv shahri Sulton Sanjarning poytaxti hisoblanar edi. Sulton Sanjar unga katta iltifot va izzat-ikrom qo‘rsatgani sababli Jurjoniy umrining oxirigacha shu yerda yashadi. Bu yerda hadis ilmida Abul Qosim Qo‘shayriy bilan muloqotda bo‘ldi, tabobat sohasida esa mashhur tabib ibn Abi Sodiq bilan hamkorlik qildi. Bundan tashqari, Iroq va fors tabiblari bilan, Abu Ali ibn Sinoning bazi shogirdlari bilan hamsuhbat bo‘ldi. U umrining oxirigacha Marv madrasalarida bir necha fanlardan dars berdi.
Ismoil Jurjoniy Marvda 1136-yilda vafot etgan.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Ozod Masharipov, Alisher Masharipov. Xorazmnoma.– Toshkent: “Istiqlol nuri” nashriyoti, 2014.
2. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullaev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
3. Buyuk ajdodlarimiz (Mas’ul muharrir: M.Aminov, F.Xasanov). – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2001.
4. www.ziyo.uz
//
Izoh yo‘q