“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ulug‘ allomalaridan biri ilmi fiqh rivojiga katta hissa qo‘shgan, islom olamida “Shayx-ul islom” unvoniga sazovor bo‘lgan faylasuf, shoir Burhoniddin al-Marg‘inoniy bo‘lib, u zotning to‘liq ismi Abu-l-Hasan Burhoniddin Ali ibn Abu Bakr Abduljamil al-Farg‘oniy ar-Rishtoniy al-Marg‘inoniydir.
Burhoniddin al-Marg‘inoniy 1123-yil 23-sentabrda Farg‘ona viloyati Rishton tumanining Dahbet qishlog‘ida tug‘ilgan. Dastavval, otasi Abu Bakr ibn Abduljamil, so‘ng imom Bahouddin Ali ibn Muhammad Asbijobiy qo‘lida tahsil ko‘rgan. Rishton, Marg‘ilon, Buxoro, Samarqand va Movarounnahrning boshqa shaharlarida islomiy ta’lim olib, hanafiya mazhabining buyuk faqihi sifatida nom qozongan hamda shayxulislom bo‘lib yetishgan.
Dastlabki ta’limni Marg‘ilonda olib, keyinchalik Movarounnahrning o‘sha davrdagi diniy va ma’rifiy markazi bo‘lgan Samarqandga ko‘chib borgan va umrining oxirigacha o‘sha yerda yashagan. Yoshlik chog‘laridanoq Qur’oni karimni yod olib, hadislarni chuqur o‘rgangan.
U balog‘at yoshiga yetganida mukammal ilmga ega bo‘lganiga qaramay, ustozlardan ta’lim olishni davom ettirdi. 1149-yili haj safariga bordi. “Kitob ul-mashoyix” (“Shayxlar haqidagi kitob”) asarida u o‘zi ta’lim olgan 40 dan ortiq shayx va allomani sanab o‘tgan. Bu ro‘yxatda Najmiddin Umar ibn Muhammad an-Nasafiy, Abu al-Asir al-Baydaviy, Abu Yoqub as-Sayariy, Abu Is’hoq an-Navqadiy, Ja’far al-Hinduvoniylarning nomlari bor.
Keyinchalik u fiqhga oid masalalar bilan qiziqib, o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan allomalaridan “Al-Muhit” (“Ilmlar dengizi”) asarining muallifi Umar ibn Maaza, “Al-Fatava va favoid az-Zahira” (“Fatvolar va zohir narsalarning foydalari”) asarining muallifi Zohir ud-din ibn Umar al-Qodiy al-Buxoriy ibn al-Itobiy va boshqalarning nazariga tushgan.
Alloma 1197-yil 29-oktabrda Samarqandda vafot etgan va Samarqand shahridagi Chokardiza qabristoniga dafn etilgan.
Burhoniddin al-Marg‘inoniy islom dinidagi sunniylarning to‘rtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini o‘rganish bilan birga o‘zi ham fiqhga oid bir qator asarlar yaratgan. Bizgacha yetib kelgan asarlaridan “Bidoyat al-muntahiy” (“Boshlovchilar uchun dastlabki ta’lim”), “Kifoyat al-muntahiy” (“Yakunlovchilar uchun tugal ta’lim”), “Nashr ul-mazhab” (“Mazhabning yoyilishi”), “Kitob ul-mazid” (“Ilmni ziyoda qiluvchi kitob”), “Manosik ul-haj” (“Haj marosimlari”), “Majma ul-navozil” (“Nozil bo‘lgan narsalar to‘plami”), “Kitob ul-faroiz” (“Farzlar kitobi”) va boshqalar ma’lum. Butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari esa 1178-yili Samarqandda yozib tugallangan.
Ushbu asar imom Muhammad ash-Shayboniy (“Kichik to‘plam”), Quduriyning “al-Muxtasar al-Quduriy” asarlari asosida tashkil qilingan. “Hidoya”da “Muxtasar”da mavjud xuquqiy asoslar keltirilsa-da, uni alohida asar sifatida e’tirof etish mumkin. Chunki unda ko‘rib chiqilgan masalalar Quduriyning “al-Muxtasar al-Quduriy”dan ko‘ra kengroq yoritilgan.
“Hidoya” to‘rt juzdan iborat bo‘lib, u alohida bob va bo‘limlarga bo‘lingan 57 ta kitobni o‘z ichiga mujassam etadi:
Birinchi juzga ibodat masalalari kiritilgan, bular: tahorat, namoz, ro‘za, zakot va haj kitoblaridir.
Ikkinchi juzga nikoh, emizish, taloq, qullarni ozod qilish, topib olingan bolaning nasabini aniqlash, topib olingan narsa, qochib ketgan qullar, bedarak yo‘qolganlar, sherikchilik va vaqf mulki kabi masalalar kiritilgan.
Uchinchi juzda esa oldi-sotdi, pul muammolari, kafolat, pulni birovga o‘tkazish, qozilarning vazifalari, guvohlik, berilgan guvohlikdan qaytish, vakolat, da’vo, iqror bo‘lish, sulh, bir ishda pul bilan sherik bo‘lish, pulni saqlashga berish, qarz berish, sovg‘a, ijara, muayyan shart asosida cheklangan ozodlik berilgan qullar, voliylik (otaliqqa olish), majbur qilish, homiylik, qisman ozod bo‘lgan qullar va bosqinchilik xususidagi masalalar o‘rin olgan.
To‘rtinchi juzda esa shafoat, meros taqsimlash, dehqonchilik hamda bog‘dorchilik xususida shartnoma, qurbonlikka so‘yiladigan jonzot, umuman qurbonlik qilish haqida, shariatga zid yomon narsalar haqida, tashlandiq yerlarni o‘zlashtirish xususida, taqiqlangan ichimliklar haqida, ovchilik, garovga berish, jinoyatlar xususida, xun haqi to‘lash, vasiyat kabi masalalar yoritilgan.
Asari 1893-yilda rus tilida qisqartirilgan tarjimasi N.P. Grodekov tomonidan nashr etilgan.
O‘zbekistonning mustaqillikka erishuvi tufayli islom yodgorliklari, jumladan, shariat, fiqhga oid asarlarni o‘rganish, bu sohadagi boy merosimizni nashr etish imkoniyati vujudga keldi.
“Hidoya” asarining islom huquqshunosligida mashhurligini nazarga olib N.I. Grodekovning inglizchadan ruschaga qilgan va tor doira uchun mo‘ljallangan “Hidoya”ning 1-kitobi Toshkentda 1994-yilda akademik A. X. Saidovning so‘zboshisi va sharhi bilan qayta nashr etildi.
Asari bir necha asrlar davomida musulmon mamlakatlarida, jumladan, Markaziy Osiyoda ham huquqshunoslik bo‘yicha eng asosiy qo‘llanma hisoblanib, sovet sud tizimi joriy qilinguncha amalda bo‘lib keldi. Hozirgi kunda ham islom shariati asosida ish yuritadigan musulmon mamlakatlar huquqshunosligida bu asardan keng foydalaniladi.
Burhoniddin al-Marg‘inoniyning ilmiy merosi o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. Jahondagi ko‘plab oliy o‘quv yurtlarida musulmon huquqshunosligi fanlari Burhoniddin al-Marg‘inoniyning fiqh ta’limoti asosida o‘rganiladi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgandan so‘ng uning ilmiy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, asarlarini chop etish ishlariga katta e’tibor berila boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan 1997-yilda Burhoniddin al-Marg‘inoniy vafotining 800 yilligi va 2000-yilda tavalludining 910 yilligi keng nishonlandi, Marg‘ilon shahri markazida yodgorlik majmui bunyod etildi.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1.Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2017.
2. Saidov A.X.Burhoniddin Marg‘inoniy buyuk huquqshunos. – Toshkent, 1997.
3. Nodirbek Abdulahatov, Tolibjon G‘oziyev. Burhoniddin Marg‘inoniy: tarixiy haqiqat va asotirlar. – Toshkent: “Yangi asr avlodi”, 2010.
4.Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
5. www.ziyo.uz.
//
Izoh yo‘q