Islom ilmining buyuk namoyandalaridan biri, islom dini sofligini saqlashga qaratilgan ko‘plab ilmiy asarlar muallifi Abul Muin Nasafiyning ilmiy-ma’naviy merosini tadqiq etish, asarlaridagi bugungi kun uchun dolzarb bo‘lgan hikmatlarni yosh avlodga yetkazish dolzarb ahamiyatga ega.
“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ulug‘ zotlaridan biri Abul Muin Nasafiy bo‘lib, to‘liq ismi Abul-Mu’min Maymun ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Mu’tamid ibn Muhammad Makhul Nasafiydir.
Abul Muin Nasafiy tavallud topgan sana haqida yozgan tarixnavislardan biri, arab olimi Xayriddin az-Zirikliy o‘zining “ Al-A’lom” va Umar Rizo Kahhola “Mu’jam al-muallifiyn” nomli asarida uning 1027-yilda Qarshi shahrining yaqinidagi Qovchin degan qishloqda tug‘ilganini zikr etganlar. Uning vafoti haqida esa aksar manbalarda 1114 sana beriladi. Shunga ko‘ra, alloma Abul Muin Nasafiy uzoq umr ko‘rib, 87 yoshida vafot etgan. Uning qabri Qarshi shahri yaqinidagi Qovchin qishlog‘ida joylashgan” deyiladi.
Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida joylashgan Qovchin qishlog‘i qadimiy qishloqlardan biri hisoblanadi. Qishloqning “Qovchin” deb atalishiga sabab, u yerda yashayotgan aholining ko‘pchiligi qovchin urug‘iga mansub kishilar bo‘lganidir. Toponomik olim D. Abdurahmonov o‘zining “Qovchin so‘zining tarixi haqida” deb nomlangan maqolasida: “Haqiqatan ham qovchin so‘zining urug‘ nomi ekani aniq. Bu urug‘ Qashqadaryo vodiysida ham ko‘chib yurgan. Hozir ham bu urug‘ga mansub xalqlar, yuqorida aytilganidek, shu territoriyalarda, jumladan, Beshkent tumani territoriyasida ham yashab kelmoqda. ...“Qovchin” epchil va kuchli (odam) degan ma’noni beradi”, deydi. Qovchin urug‘iga mansub kishilari epchil va kuchli bo‘lgani tufayli Sohibqiron Amir Temur va Bobur qo‘shinlarining asosiy jangchilari edi.
Abul Muin Nasafiyning birinchi ustozi – otasi Muhammad ibn Muhammad bo‘lgan. U zot ham o‘z davrining yetuk ulamolaridan sanalgan. Abul Muin Nasafiyning otalari Abu Sahl Isfaroyiniydan ilm olgani, undan “Axborul Makka” kitobini rivoyat qilgani manbalarda kelgan. Demak, Abul Muin Nasafiy ahli ilmlar sulolasidan sanalgan.
Umar ibn Muhammad Nasafiy o‘zining “al-Qand fi zikri ulamoi Samarqand” (“Samarqand olimlari zikrida qand kitobi”) asarida Abul Muin Nasafiy haqida shunday deyilgan: “Sharqu G‘arbning olimu ulamolari Abu Muin Nasafiy ilmining dengizidan bahra topib, u taratgan ziyo nurlarini ko‘zlariga to‘tiyo qilib surtganlar”.
Islom ilmining yirik namoyandalari Abulhasan Ash’ariy va Abu Mansur Moturidiy asarlaridan ta’lim olgan Abul Muin Nasafiy islom ilmida yetuk alloma sifatida turli masalalarga oid 15 ga yaqin asarlar yozgan. Ulardan quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
1. “Al-Umda fi usulil-fiqh” (“Fiqh usullari tayanchi”);
2. “Tabsiratul-adill afi ilmil-kalom” (“Kalom ilmidagi dalillar ko‘zgusi”);
3. “At-Tamhid li qavoidit-tavhid fiy ilmil-kalom” (“Kalom ilmidagi tavhid qoidalar uchun yagona kitob”);
4. “Olim va mutaallim” (“Olim va ilm o‘rganuvchi”);
5. “Izoh va mahajja li kavnil-aql hujjatan” (“Aql dalilligini izoh va hujjatlar bilan asoslash”);
6. “Manohijul-aimma fil-furu’” (“Imomlarning huquqshunoslik bo‘yicha tutgan yo‘llari”);
7. “Mu’taqidot” (“E’tiqodlar”);
8. “Bahrul-kalom” (“Kalom dengizi”). Bu asar alloma ijodining gultoji, islom falsafasini tashkil qilgan kalom ilmi bo‘yicha eng qimmatli manbadir. Uning qo‘lyozmalari Dubay, Damashq, Iskandariya kutubxonalarida saqlanmoqda. 1886-yili Bag‘dodda, 1908-yili Qohirada nashr etilgan.
Abul Muin Nasafiy “Tabsirat-al-adilla fi usul ad-diyn a’la tariqati Abi Mansur al-Moturiy”, “Qasiydal-qavoid fi ilm al-aqoid”, “Al-Ifsod li had’ al-ilhod”, “Bahr al-kalom”, “Iyzoh al-manhajjati fi kavn al-aqli hujjatan”, “Manohij al-aimmati fil-furu’” kabi kitoblarni va “Sharh al-Jomi’ al-kabir li-sh-Shayboniy fi furu’ al-Hanafiyya” nomli sharhni yozganlar.
Abul Muin Nasafiy “Tabsirat-al-adilla fi usul ad-diyn a’la tariqati Abi Mansur al-Moturiy” asari orqali shuhrat qozongan. Bu asar imom Abu Mansur al-Moturidiy asos solgan moturidiya ta’limotining dunyo bo‘ylab yoyilishida katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Abul Muin Nasafiyning shogirdlari safida ham hanafiy mazhabining ko‘zga ko‘ringan ulamolari bor, ulardan eng mashhurlari “Badoyi’us-sanoe’” asarining muallifi Abu Bakr Alovuddin as-Samarqandiy, Ahmad ibn Muhammad Abu Yusr Hazraviy, Abu Bakr Mas’ud Koshoniy, Najmiddin Umar Nasafiy, Abul Hasan Balxiy hamda Mahmud Sog‘urchi kabi buyuk olimlardir. Mahmud Sog‘urchining ham hanafiy mazhabi borasidagi fiqh kitoblari juda mashhur.
Shu muqaddas zaminimizda yashagan ulug‘ ajdodlarimiz bundan ko‘p asrlar ilgari hozirgi zamonaviy ilm-fanga poydevor qo‘yib, uni rivojlantirishga beqiyos hissa qo‘shgan. Mustaqillik sharofati bilan ko‘plab allomalarimiz qatorida Abul Muin Nasafiyning hayoti va asarlarini ilmiy asosda o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 24-25-fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Qarshi tumanidagi kalom ilmi bo‘yicha taniqli olim “Abul Muin Nasafiy” tarixiy majmuasini qayta ta’mirlash, uning negizida kutubxona, muzey tashkil etish yuzasidan topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.
Yurtboshimizning 2017-yil 15-iyunda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi videoselektorda so‘zlagan nutqida “Qashqadaryoda Abul Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o‘ylaymanki, bu juda foydali bo‘ladi. Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo‘lib xizmat qiladi”, degan edi.
Bugungi kunda Abul Muin Nasafiy ziyoratgohida 500 o‘rinli masjid, kutubxona, muzey, ma’muriy bino, tahoratxona, choyxonalar va aqida ilmi maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.
2019-yil 25-dekabr kuni Qashqadaryo viloyati hokimligida Abul Muin Nasafiyning ma’rifiy faoliyatiga bag‘ishlangan “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashgan buyuk alloma” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Mazkur xalqaro konferensiyada Rossiya, Turkiya, Misr, Bangladesh, Tojikiston va Qirg‘iziston kabi davlatlarning yetuk ulamolari va sohaning ko‘zga ko‘ringan mutaxassislari hamda yurtimizdagi yetakchi olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi. Konferensiya ishtirokchilari Abul Muin Nasafiyning diniy, ilmiy va ma’rifiy faoliyatiga doir o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etdi.
Keyingi yillarda ijtimoiy-diniy va ma’naviy sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlardan ko‘zlangan maqsad — Uchinchi Renessansga munosib bo‘lgan xalqqa asli kim bo‘lganini namoyon qilish, bildirish, anglatish, shunday buyuk xalqni dunyoga yana bir bor tanitish.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2003, 6-jild.
2. Ubaydulla Uvatov, Saidmuxtor Oqilov, Ergash Daminov. Moturidiya ta’limoti va Abu Muin Nasafiy ilmiy merosi. – Toshkent: “Movarounnahr”, 2018.
3. Ma’naviyat yulduzlari(To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullaev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
4. www.ziyo.uz.
//
Izoh yo‘q