O‘rta asrlarda ilm-fan va madaniyatning gullab yashnashida ko‘hna Xorazmning ham ulkan ulushi bor. Bu o‘lkadan ko‘plab allomalarning yetishib chiqqani hamda bir necha ilmiy maktab, markaz va akademiyalarning faoliyat yuritgani buning yorqin misolidir.
“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ulug‘ allomalaridan biri Abu Bakr al-Xorazmiy haqida to‘xtalamiz.
Manbalarda uning to‘liq ismi Abu Bakr Muhammad ibn al-Abbos al-Xorazmiy deb keltiriladi. U 935-yilda Xorazmda tug‘ilib, ilk ta’limni shu yerda oladi. 20-25 yoshlarida vatandan chiqib, Iroq va Shomga boradi, yetuk olim va shoirlar bilan tanishib, ulardan ta’lim oladi. Keyin Halabga borib, mashhur Hamdamiylar amiri, shoir va olimlar homiysi Abulhasan Sayfuddavla (944-967) bilan tanishib, uning saroyida xizmat qilib, so‘ng Buxoroga keladi.
Abu Bakr al-Xorazmiy Somoniylar saroyda yashab, vazir Abu Ali al-Bal’amiy bilan do‘stlashadi, lekin u bilan munosabati yomonlashib, Nishopurga yo‘l oladi. Bu yerdagi taniqli shoirlar Abulhasan al-Kazviniy, Abu Mansur al-Bag‘aviy va Abulhasan al-Hakamiylar bilan do‘stlashib, ularning shoirlik mahoratidan bahramand bo‘ladi.
Abu Bakr al-Xorazmiyning umri fojialar va rohatbaxsh etuvchi onlarga to‘la. U turli shaharlarda bo‘lib, qamoqda ham yotib chikadi, amirlarning e’tiboriga tushib boylik ham orttiradi, amaldorlarning g‘azabiga uchraydi.
Abu Bakr al-Xorazmiy Nishopurga kelib, bu yerda muqim yashay boshlaydi. Talabalarga saboq beradi, she’r yozishni o‘rgatadi, nishopurlik mashhur adib, shoir va olimlar, shular qatori as-Saolibiy bilan do‘stlashib, ularning majlislarida ishtirok etadi. Yana Somoniylar vaziri al-Utbiy siquvidan qutulish uchun qochishga majbur bo‘ladi. Shoir bir necha vaqtdan so‘ng yana Nishopurga qaytadi, umrining oxirida yakkalanib qoladi va hayotining keyingi davri og‘ir musibatlar bilan o‘tadi. U hijriy 383 (milodiy 993) yili Nishopurda vafot etadi.
Abu Bakr al-Xorazmiy nafaqat yetuk adib, balki o‘z davrining qomusiy olimi sifatida ham shuhrat qozongan ulug‘ siymolardan biridir. Alloma ilm-fanning turli sohalarida qalam tebratgan va o‘z davrida mashhur bo‘lgan qator asarlar yaratgan. Manbalarda Xorazmiyning “Devon ash-shi’r” (“She’rlar devoni”), “Majmu’a ar-rasoil” (“Maktublar to‘plami”) va “Rasm al-ma’mur min al-Bilad” (“Obod diyorning chizmasi”) kabi asarlar yozgani ta’kidlanadi.
Abu Bakr al-Xorazmiyning “Majmu’a ar-rasoil” (Maktublar to‘plami) asari mashhur bo‘lib, qayd etilishicha, ushbu asar X asr nasriy adabiyotining mashhur yodgorligi hisoblanadi. Unda Xorazmiyning do‘stlari va homiylari, ya’ni shoir zamonasidagi mashhur kishilar, amir, vazir, lashkarboshi, qozi, amaldor, faqihlarga, adib va tilshunos olimlarga yozgan xatlari jamlangan.
Risolalar mazmuni turli bayramlar, yuqori martabalarga ko‘tarilish va biror muvaffaqiyatni qo‘lga kiritish, o‘lim, mansabdan chetlashish, kasallik yoki urush xavfi kabi munosabatlar bilan tabrik yoki qayg‘u izhor etib, tasalli berish, tuhfalar uchun tashakkurga bag‘ishlangan.
Abu Bakr al-Xorazmiyning ilmiy ma’naviy merosida mashhur asari “Mufid al-ulum va mubid al-humum” (“Ilmlarga foydali va tashvishlarni ketkazuvchi” kitob) ning ahamiyati katta. Allomaning mazkur asari ilk marotaba 1903-yilda Said Muhammad Xoshim homiyligida Damashqda chop etilgan. Keyinchalik 1909-yilda Misrda, 1911-yilda takroran Misrda nashr etilgan.
Uning asari o‘z davrining ensiklopedik manbasi nufuziga ega bo‘lgan. Bu haqda muqaddimada muallifning o‘zi: “Ushbu kitobni turli diniy hamda dunyoviy masalalarda kishilarga foydali bo‘lishi uchun yozdim va uni “Mufid al-ulum va mubid al-humum deya nomladim”, deb yozadi.
Abu Bakr al-Xorazmiy asaridagi ma’lumotlar turli mavzularga qaratilgan bo‘lib, ular muallif tomonidan juda aniqlik bilan ifodalangan. Masalan, islom dinining asosiy besh arkoni, tavhid va uning mohiyati, olam va insonning yaratilishi, nubuvvat va uning shartlari, turli diniy-axloqiy qoidalar, esxotologiya masalalari, adashgan diniy firqalarga raddiyalar, insondagi turli salbiy illatlarning oqibatlari va ularni muolaja qilish usullari, shuningdek, geografik ma’lumotlar, o‘lkashunoslik masalalari, davlatni boshqarish sirlari va boshqa shu kabi masalalarni o‘z ichiga oladi. Xorazmiy asardagi mavzularni yoritishda she’riy qofiyalardan ham foydalanadi.
Abu Bakr al-Xorazmiy O‘rta Osiyoda X asr adabiy hayotidagi arab tilida ijod etgan mashhur adib hamda so‘nggi badiiy jarayonga katga ta’sir ko‘rsatgan ijodkor sifatida ham tilga olinadi.
Abu Bakr al-Xorazmiyning asarlarida yoritgan hayotiy-falsafiy, ma’naviy-ma’rifiy fikrlarini o‘rganish va uni zamonaviy ruhda rivojlantirish bugungi kun yosh avlod ma’naviy tarbiyasida beqiyos ahamiyatga ega.
Hikmatlaridan ba’zilarini sizlarga havola qilishni lozim topdik:
***
Qalbaki maqtash haqoratlashdir, poydevorsiz qurilgan bino qulaydi.
* * *
Sababsiz uzr gunohdir, ishonch yo‘qolishi bilan qilingan takalluf haqoratdir.
* * *
Gʻazab hurmatni unutadi, yaxshiliklarni ko‘mib yuboradi va gunohsizlar uchun jinoyatlar vujudga keltiradi.
* * *
Kishilarga ma’lum bo‘lmasa ham, haqiqat haqiqatdir, ko‘r ko‘rmasa ham, kunduzi kunduzidir.
* * *
Ehtiyotsiz (qilingan) dori-darmon kasallikdir, unga hojat tushgandagina shifo bo‘ladi.
* * *
Olijanob (kishi) zafarining karomati (shundaki), agar qo‘lga kiritsa, (boshqalarga) beradi, pastkash zafarining qabihligi shundaki, qo‘lga kiritsa, yana (ko‘proq) kiritishni istaydi.
* * *
Dangasaning hojatida unga hamroh bo‘lma, qancha sodiq kishilar boshqaning fasodi bilan buzilib ketadilar.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Ozod Masharipov, Alisher Masharipov. Xorazmnoma.– Toshkent: “Istiqlol nuri” nashriyoti, 2014.
2. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullayev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
3. Buyuk ajdodlarimiz (mas’ul muharrir: M.Aminov, F.Xasanov). – Toshkent: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2001.
4. www.ziyo.uz.
//
Izoh yo‘q