“Ma’naviyatimizning buyuk siymolari” nomli loyihamizning navbatdagi ulug‘ zotlaridan biri, Alisher Navoiiy tavsifi bilan aytganda, islom dunyosining “shayxul mashoyix”i Xoja Ahmad Yassaviydir.
Buyuk mutasavvuf va “karamati zo‘r” valiy haqida gap ketganda yurtdoshlarimiz qalbida Turkiston diyoridan chiqqan mutafakkir nomining va ta’limotining ulug‘vorligidan faxrlanish tuyg‘usi uyg‘onadi. U zotning ulug‘ligini shundan ham ko‘rishimiz mumkinki, nufuzli xalqaro tashkilotlardan biri, YUNESKO tomonidan 1993-yil “Yassaviy yili” deb e’lon qilindi. Darhaqiqat, qariyb sakkiz asrki, Xoja Ahmad Yassaviy ta’limotiga, uning hikmatlariga qiziqish kuchaysa kuchaydiki, susaymadi. Bu esa uning nomi, ta’limoti, asarlari umrboqiyligidan nishonadir.
O‘rta Osiyoda XII asrda paydo bo‘lgan ilk tasavvufiy tariqatning asoschisi Xoja Ahmad Yassaviy ba’zi manbalarda XI asrning ikkinchi yarmida, ba’zi manbalarda 1103 yilda Sayramda (Yassi) dunyoga kelgani aytiladi. Uning vafot etgan vaqti ko‘pgina qo‘lyozma manbalarda 1167-yil deb yozilgan. Ammo ba’zi rivoyatlarda uni 130 yil yashagan, deyishadi.
Ahmad Yassaviyning otasi Ibrohim Turkistonning taniqli shayxlaridan bo‘lgan. Onasi Qorasoch momo nomi bilan mashhur. Ahmad Yassaviy yoshligida onasidan, so‘ng otasidan ajraladi. Yassaviy tarbiyasi bilan opasi Gavhar Shahnoz mashg‘ul bo‘ladi. Opasi bilan Yassiga ko‘chib borgach, birinchi ustozi Arslonbob bilan uchrashadi va undan tahsil oladi (“Yetti yoshda Arslon bobom izlab topdim…”).
Ahmad Yassaviy dastlabki ta’limotini Yassida mashhur olim Shahobiddin Isfijobiydan oladi. So‘ngra bobosi Arslonbob ko‘rsatmasi bilan Buxoroga borib Yusuf Hamadoniydan ta’lim oladi. Ahmad Yassaviyning o‘zi ustoz Yusuf Hamadoniyning huzuriga 23 yoshda borganini va uning tarbiyasiga noil bo‘lganini e’tirof etadi. Buxoroda u arab tili bilan bir qatorda fors tilini ham chuqur o‘rganadi. Forsiyda yaratilgan tasavvufiy adabiyot bilan tanishadi. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Abdulloh Barqiy, Xoja Hasan Andoqiylar bilan hamsuhbat va hammaslak bo‘lib, Yusuf Hamadoniy muridlari qatoridan o‘rin oladi.
Yusuf Hamadoniyning Buxorodagi shogirdlari orasida Hasan Andoqiy, Abdullo Baraqiy, Ahmad Yassaviy va Abduxoliq G‘ijduvoniy alohida ajralib turardi. Keyinroq bu to‘rt iste’dodli shogird Hamadoniy maktabini muvaffaqiyat bilan davom ettirdilar. “Yassaviya”, “Naqshbandiya” tariqatlari Hamadoniy ta’limoti asosida shakllandi.
Ahmad Yassaviy tasavvuf ilmini shu qadar chuqur egallaydiki, xalq orasida “Madinada Muhammad, Turkistonda Xoja Ahmad” degan naql paydo bo‘ladi. Tasavvuf – Yaqin va O‘rta Sharq xalqlarining ma’naviy hayoti tarixidagi eng murakkab, o‘zaro ziddiyatlarga to‘lib-toshgan va muhim hodisalardan biri bo‘lib, uning uchun tarkidunyochilik, bu dunyo boyliklaridan va noz-u ne’matlaridan voz kechish, Alloh vasliga yetmak maqsadida pok, halol, o‘z mehnati ila yashash, ixtiyoriy ravishdagi faqirlik xarakterli xususiyatlardan hisoblangan.
Rivoyatlarga ko‘ra, Yassaviy 63 yoshga yetgach, yer ostida hujra yasatib, “chilla”ga kirgan, qolgan umrini toat-ibodat qilib, qimmatli hikmatlar yozib, riyozatlar chekib, yer ostida o‘tkazgan. Ahmad Yassaviy O‘rta Osiyo madaniyati tarixida ilk turkiyzabon mutasavvuf shoir sifatida ma’lumdir. Uning tasavvufni targ‘ib etuvchi turkiyda yozilgan she’rlari tilining xalqqa yaqinligi, ohangdorligi bilan tezda mashhur bo‘lib ketdi.
Ahmad Yassaviyning “Hikmat” asarida 240 ga yaqin she’rlar jamlangan bo‘lib, asar xalq orasida “Devoni hikmat” nomi bilan mashhur bo‘lgan. Hikmatlarga “Qul Xoja Ahmad”, “Xoja Ahmad Yassaviy”, “Ahmad ibn Ibrohim”, “Sulton Xoja Ahmad Yassaviy”, “Yassaviy miskin Ahmad”, “Miskin Yassaviy”, “Xoja Ahmad”, “Ahmad”, “Ahmadiy”, “Qul Ahmad”, “Miskin Ahmad” kabi taxalluslar qo‘yilgan.
Uning hikmatlarida pand-nasihat asosiy o‘rin tutadi. Ularning barchasida so‘fiylik tariqatining amollari haqiqatni bilish, Haqni sevish, nafs-u dunyodan chekinishga da’vat etuvchi g‘oyalar o‘z aksini topgandir. Inson ruhi va ongini har qanday illat, qabohatdan ozod etish kerak, ana shundagina inson axloqida ko‘zga tashlanuvchi ayrim nuqsonlar yuzaga kelmaydi, degan fikrlar komil insonni shakllantirishning asosiy yo‘llaridan biri sifatida e’tirof etiladi.
Zero, tasavvuf nafs lazzatlaridan voz kechishdir. Nafs-ochko‘zlik, o‘g‘rilik, jaholat, xudbinlikni keltirib chiqaradi. Shuning uchun qanoat Ahmad Yassaviyning hayotiy shiori sanaladi. Oliy ruhiy olam sirlariga yetishgani uchun u nafsidan, kibr-u havodan kechgan edi. Quyidagi baytlarda buni yaqqol ko‘rish mumkin:
Jondan kechgan chin oshiqlar dunyo demas,
Nafsi o‘luk, obu taom g‘amin yemas.
Bu dunyoda sudu ziyon bo‘lsa bilmas,
Dunyo kelib, jilva qilsa boqg‘oni yo‘q.
Ayni vaqtda shoir o‘zini o‘zgalardan ustun qo‘ymaydi, valiyman deb, kibru havoga berilmaydi, aksincha, o‘ziga tanqidiy ruh bilan qaraydi. O‘zini va o‘zgalarni kamtarlikka chaqiradi:
Yo‘ldan chiqib ozganimni bilmadim men,
Haq so‘zini qo‘log‘imga olmadim men,
Bu dunyodan ketarimni bilmadim men,
So‘rar bo‘lsa men qul anda ne qilg‘ayman?
Ahmad Yassaviy nodonlik tufayli hayotda savodsizlik, diyonatsizlik, ota-ona va ustozlarga hurmatsizlik, ma’naviy qashshoqlik, yovuzlik, takabburlik, nodon insonning eng tuban shaxs ekani, nodonlik, razolat hukm surgan joyda, ma’rifat bo‘lmagan o‘lkada mamlakatning inqirozga yuz tutishini alohida qayd etib o‘tadi.
Ahmad Yassaviy hikmatlarida Haqqa yetish yo‘lini targ‘ib qilar ekan, insonni jaholat botqog‘idan xalos qilish lozimligiga urg‘u beradi. U “Shariatda orif-biloh bo‘lishni, tariqatda voqif-asror bo‘lishni, haqiqatda komil-mukammal bo‘lishni, ma’rifatda daryoi ummon bo‘lishni talab qiladi”.
Ahmad Yassaviy – mutasavvuf shoir. Tasavvufdagi to‘rt asosiy bosqich: shariat, tariqat, ma’rifat, haqiqat mohiyatini she’riy misralariga singdirgan Ahmad Yassaviy shu yo‘nalishda katta shuhrat qozondi. Bu bejiz emas. Adib tasavvufni inson ma’naviyatini yuksaltiruvchi muhim omil sifatida biladi. Bundan maqsad insoniyatni to‘g‘ri yo‘lga da’vat etishdir. To‘g‘ri yo‘l haqiqatni anglashga olib kelmoq kerak. Haqiqatni anglash o‘zlikni anglashdir. Bunga erishmoq uchun kishining hidoyat yo‘liga kirmog‘i, butun kuch va vujudini shu yo‘lga qaratmog‘i kerak.
Ahmad Yassaviy she’riyatidagi obrazlar tuzilishi ham tasavvuf ta’limoti bilan, ham og‘zaki ijod an’analari bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Pir, darvish, oshiq, obid, oqil, zohid, ishq, tolib, ummat, rasul, shayton, iymon kabi obrazlar bevosita tasavvuf bilan bog‘lansa, yo‘l, rabot, karvon, o‘q kabilar og‘zaki ijod an’analari bilan aloqador holda yuzaga kelgan.
“Yassaviya” tariqatining barcha aqidalari Ahmad Yassaviyning asosiy asari bo‘lmish “Hikmat”da mufassal bayon etilgan. “Hikmat” asarida “Yassaviya” ta’limotidagi poklik, halollik, to‘g‘rilik, mehr-shafqat, o‘z qo‘l kuchi, peshona teri va halol mehnati bilan kun kechirish, Alloh taolo visoliga yetishish yo‘lida insonni botinan va zohiran har tomonlama takomillashtirish kabi ilg‘or umuminsoniy qadriyatlar ifoda etilgan.
Ayrim manbalarda Ahmad Yassaviy 4400, boshqa manbalarda 9900 hikmat aytgan deyishadi. (Shoirning o‘zi devonida “To‘rt ming to‘rt yuz hikmat aytdim, haqdin farmon”, deydi. Ibrohim Haqqulovning yozishicha, turk olimi Komil Erarslon bu raqamni keyingi shoirlar to‘qigan, degan fikrni aytadi). Bizningcha ham, 4400 raqami ramziy ma’noda ishlatilgan. Aslida gap shoir hikmatlarining sonida emas, mazmunidadir.
Sohibqiron Amir Temur farmoni bilan 1395-1397-yillarda Turkistonda “Yassaviya” tariqatining asoschisi Xo‘ja Ahmad Yassaviyning qabri o‘rnida muhtasham maqbara qurdiriladi. Amir Temur alohida farmon qabul qilib, maqbara yonida masjid va xonaqoh darvishlari va ziyoratchilari uchun 60 chelak suv sig‘adigan katta doshqozon yasatgan. Og‘irligi 2 tonna, chetining aylanasi 2,75 gaz keladigan , yetti xil metall: temir, ruh, qo‘rg‘oshin, qalay, qizil mis, kumush va oltin qorishmasidan yasalgan mazkur qozon tabrizlik ohangar usta Abdul Aziz ibn Sharafiddin va uning shogirdlari qo‘li bilan yasalgan. Bu qozonga o‘xshash nodir ajoyibot dunyoning boshqa hech bir diyorida uchramaydi. Bayram, hayit kunlari Yassaviy masjidiga son-sanoqsiz ibodat qiluvchilardan kelganida, bu qozonga shu maqbara ostidan chiqadigan muqaddas buloq suvidan to‘ldirib, odamlarga ulashilgan. Ziyoratchilar ko‘ngillari poklanib, kasalliklardan forig‘ bo‘lib ketishgan.
“Yassaviya” tariqatining asoschisi va shoir Xoja Ahmad Yassaviy qoldirib ketgan buyuk meros, ma’naviyatimizning rivojida muhim o‘rin egallab kelmoqda.
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi mas’ul xodimi
Bo‘ri QODIROV tayyorladi.
Foydalanilgan adabiyotlar:
1. Nasafiy. Xoja Ahmad Yassaviy. – Toshkent: G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1993.
2. Yassaviy kim edi (To‘plab nashrga tayyorlovchi va so‘z boshi muallifi Boybo‘ta Do‘stqoraev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 1994.
3. Ma’naviyat yulduzlari (To‘plovchi va mas’ul muharrir M. Xayrullaev). – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2001.
4. www.ziyo.uz.
//
1 Izoh
Sherxonbek
22 DAYS AGO
Ajoyib, manashunday tarixiy siymolarni yoshlar ongida jonlantirsh juda ajoyib.